1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.01.00 Umumiy masalalar. Tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlari]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha toʻlov intizomini mustahkamlashga oid tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 216-sonli “Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq valyuta siyosatini liberallashtirish, yuridik va jismoniy shaxslarning valyuta mablagʻlarini erkin tasarruf qilish huquqini roʻyobga chiqarish hamda tadbirkorlarga valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarga qaramasdan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tashqi savdo shartnomalari boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan toʻlov intizom qoidalariga rioya qilmaslik holatlari ortib bormoqda.
Xususan, eksport shartnomalari boʻyicha xorijga joʻnatilgan mahsulotlar (xizmatlar) uchun valyuta tushumi yoki import shartnomalari yuzasidan amalga oshirilgan toʻlovlar hisobiga mahsulotlar (xizmatlar) respublikaga belgilangan muddatda kirib kelmaganligi tashqi haqdorlik miqdorining oshishiga sabab boʻlmoqda.
Import qilingan mahsulotlar (xizmatlar) uchun xorijiy hamkorlarga toʻlovlar tegishli ravishda rasmiylashtirilmaganligi yoki valyuta mablagʻlari mahsulotlar (xizmatlar) eksporti uchun xorijdan kelgan boʻnak sifatida rasmiylashtirilishi oqibatida eksport-import shartnomalari boʻyicha “qarzdorliklar” yuzaga kelmoqda.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha toʻlov intizomini mustahkamlash, muddati oʻtgan tashqi qarzdorlik holatlarini oʻrganib borish, ularni kamaytirish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, asossiz saqlanib turgan qarzdorliklarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda TSOYEAT deb ataladi) hisobidan chiqarish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tashqi savdo shartnomalari va invoyslar boʻyicha maʼlumotlarni TSOYEATga kiritishni tubdan soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy boʻlinmalariga biriktirilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo shartnomalari yuzasidan debitor va kreditor qarzdorligini kamaytirish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda Respublika ishchi guruhi deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;
Hududiy va xususiy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo shartnomalari yuzasidan debitor va kreditor qarzdorligini kamaytirish boʻyicha hududiy ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda hududiy ishchi guruhlar deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha toʻlov intizomini mustahkamlash sxemasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika Ishchi guruhiga (E. Gʻaniyev) Davlat soliq qoʻmitasining takliflari asosida qarzdorliklarni oʻrganib chiqqan holda, TSOYEATdan chiqarish boʻyicha qaror qabul qilish, Davlat soliq qoʻmitasiga uning ijrosini taʼminlash vakolati berilsin.
3. Respublika ishchi guruhi (E. Gʻaniyev):
bir oy muddatda joriy yilning 1-may holatiga koʻra, eksport shartnomalari boʻyicha valyuta mablagʻlarining qonunchilikda belgilangan muddatlarda respublikaga tushmaganligi hamda toʻlovlar amalga oshirilgan import shartnomalari boʻyicha belgilangan muddatlarda tovarlar respublikaga olib kirilib, “erkin muomala uchun chiqarish” rejimiga rasmiylashtirilmaganligi, ishlar bajarilmaganligi va xizmatlar koʻrsatilmaganligi sababli vujudga kelgan tashqi qarzdorlikni har bir subyekt boʻyicha oʻrgangan holda kamaytirish choralarini koʻrsin;
tegishli tarmoq tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijdan boʻnak toʻlovlari sifatida oʻtkazilgan valyuta mablagʻlari boʻyicha mahsulotlar (xizmatlar) eksporti yoki import qilingan mahsulotlar (xizmatlar) uchun toʻlovlar amalga oshirilmaganligi sababli TSOYEATda joriy yilning 1-may holatiga koʻra, qarzdorlik bilan hisobda turgan shartnomalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin hamda asossiz saqlanib turgan qarzdorliklarni hisobdan chiqarish haqida qaror qabul qilsin;
eksport shartnomalari boʻyicha valyuta mablagʻlarining respublikaga kelib tushishi hamda toʻlovlari amalga oshirilgan import shartnomalari boʻyicha mahsulotlarning yetkazib berilishi (xizmatlar koʻrsatilishi) ustidan doimiy monitoring olib borsin va ular yuzasidan qarzdorlikni soʻndirish, shuningdek, TSOYEATda uzoq davr mobaynida hisobda turgan shartnomalar holatini doimiy tahlil qilib borish va zarur hollarda asossiz saqlanib turgan qarzdorliklarni TSOYEATdan chiqarishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy boʻlinmalariga biriktirilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga hamda hududiy ishchi guruhlarga ijro uchun yuborsin va ularning bajarilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
hududiy ishchi guruhlarning faoliyatini tizimli nazorat qilsin;
har chorakda kamida bir marotaba zimmasiga yuklangan masalalarni muhokama qilib borsin va tegishli qarorlar qabul qilinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va tijorat banklari Hisob palatasi bilan hamkorlikda TSOYEATda joriy yilning 1-may holatiga koʻra muddati oʻtgan debitor va bir yildan ortiq davrdan buyon mavjud boʻlgan kreditor qarzdorlik bilan hisobda turgan shartnomalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin, asossiz saqlanib turgan qarzdorliklarni TSOYEATdan chiqarish haqida Respublika ishchi guruhiga takliflar kiritsin hamda kelgusida bu boradagi ishlarni doimiy ravishda amalga oshirib borsin.
5. Hududiy ishchi guruhlar:
bir oy muddatda joriy yilning 1-may holatiga koʻra, eksport shartnomalari boʻyicha valyuta mablagʻlarining qonunchilikda belgilangan muddatlarda respublikaga tushmaganligi hamda toʻlovlar amalga oshirilgan import shartnomalari boʻyicha belgilangan muddatlarda tovarlar respublikaga olib kirilib, “erkin muomala uchun chiqarish” rejimiga rasmiylashtirilmaganligi, ishlar bajarilmaganligi va xizmatlar koʻrsatilmaganligi sababli vujudga kelgan tashqi qarzdorlikni har bir subyekt boʻyicha oʻrgangan holda kamaytirish choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda xorijdan kelgan boʻnak toʻlovlari uchun mahsulotlar (xizmatlar) eksporti amalga oshirilmaganligi yoki import qilingan mahsulotlar (xizmatlar) uchun toʻlovlar amalga oshirilmaganligi sababli TSOYEATda joriy yilning 1-may holatiga hisobda turgan shartnomalarni hududiy xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan alohida-alohida xatlovdan oʻtkazsin hamda asossiz saqlanib turgan qarzdorliklarni hisobdan chiqarish boʻyicha takliflarni Respublika ishchi guruhiga kiritsin;
eksport shartnomalariga koʻra, valyuta mablagʻlarining respublikaga tushishi hamda toʻlovlar amalga oshirilgan import shartnomalari yuzasidan mahsulotlarning yetkazib berilmaganligi (xizmatlarning koʻrsatilmaganligi) sababli vujudga kelgan qarzdorlikni soʻndirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar ijrosini soʻzsiz taʼminlasin;
xorijdan kelgan boʻnak toʻlovlari uchun mahsulotlar (xizmatlar) eksporti yoki import qilingan mahsulotlar (xizmatlar) uchun toʻlovlar amalga oshirilmaganligi sababli TSOYEATda uzoq davr mobaynida saqlanib turgan qarzdorliklarni hisobdan chiqarish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar ijrosini soʻzsiz taʼminlasin;
tashqi savdo shartnomalari boʻyicha vujudga kelgan tashqi qarzdorlikni soʻndirish yuzasidan aniq takliflarni Respublika ishchi guruhiga muntazam ravishda kiritib borsin;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlarni har oyda Respublika ishchi guruhiga kiritib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi TSOYEAT faoliyatiga masʼul davlat organi ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki har oy yakuni bilan Respublika va hududiy ishchi guruhlarga tashqi savdo shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor va kreditor qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib borsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
bir oy muddatda valyuta nazorati idoralari bilan birgalikda muddati oʻtgan qarzdorlikka yoʻl qoʻygan xoʻjalik subyektlarining muammolarini oʻrganish va ularni bartaraf etish boʻyicha amaliy koʻmaklashish hamda qarzdorlikni soʻndirish intizomini mustahkamlash masalasini xorij tajribasidan kelib chiqqan holda takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
ikki oy muddatda tashqi iqtisodiy faoliyatning nohalol ishtirokchilari roʻyxatini yuritish va ularning oldiga eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda faqat kafolatlangan toʻlov turlaridan foydalanish talabini qoʻyish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqini vaqtincha cheklashgacha boʻlgan choralarni koʻrishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan muvofiqlashtirgan holda, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank, va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda TSOYEATga mazkur qarordan kelib chiqadigan tegishli dasturiy-texnik oʻzgartirishlar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan hamkorlikda mazkur qaror talablarini hisobga olgan holda, tashqi savdo kelishuvlariga identifikatsiya raqamlarini berish tartibini nazarda tutuvchi Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi toʻgʻrisidagi yangi tahrirdagi nizom loyihasini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-iyun,
464-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-iyundagi 464-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy boʻlinmalariga biriktirilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarining tashqi savdo shartnomalari yuzasidan debitor va kreditor qarzdorligini kamaytirish boʻyicha respublika ishchi guruhi
TARKIBI
E. Gʻaniyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari
B. Musayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari
B. Xodjayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri
S. Umurzoqov
—
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri
M. Azimov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi
A. Ikramov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi
A. Samadov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yetakchi inspektori (kelishuvga koʻra)
T. Ishmetov
—
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari
M. Abdullayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining oʻrinbosari (kelishuvga koʻra)
B. Abubakirov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank raisining oʻrinbosari (kelishuvga koʻra)
lavozimi boʻyicha
—
tijorat banklari rahbarlari
N. Qoʻshnazarov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kotibiyat mudiri, ishchi guruh kotibi
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-iyundagi 464-son qaroriga 2-ILOVA
Hududiy va xususiy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo shartnomalari yuzasidan debitor va kreditor qarzdorligini kamaytirish boʻyicha hududiy ishchi guruhlarning
NAMUNAVIY TARKIBI
lavozimi boʻyicha
—
Viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari
lavozimi boʻyicha
—
hududiy davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari
lavozimi boʻyicha
—
viloyat hokimining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi
lavozimi boʻyicha
—
hududiy iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi boshligʻi
lavozimi boʻyicha
—
hududiy davlat bojxona boshqarmasi boshligʻi
lavozimi boʻyicha
—
hududiy moliya bosh boshqarmasi boshligʻi
lavozimi boʻyicha
—
Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmasi boshligʻi
lavozimi boʻyicha
—
Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi boshligʻi
lavozimi boʻyicha
—
hududiy tijorat banklari rahbarlari
lavozimi boʻyicha
—
Viloyat hokimi birinchi oʻrinbosarining kotibiyati mudiri, ishchi guruh kotibi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-iyundagi 464-son qaroriga 3-ILOVA
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha toʻlov intizomini mustahkamlash
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2019-y., 09/19/464/3244)