|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.09.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ShAKAR XOM AShYoSI XARID QILIShNI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-sentabrdagi 407-son “Shakar xomashyosi xarid qilish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan
Shakar xomashyosi barqaror olib kelinishini ta’minlash va shu asosda Hazorasp shakar zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini yanada to‘laroq o‘zlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi hamda “Oziqovqatsanoat” uyushmasining shakar xomashyosini xarid qilishga oid takliflarni tanlab olish bo‘yicha maxsus guruh tuzish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
shakar xomashyosini xarid qilishga oid takliflarni tanlab olish bo‘yicha maxsus guruh tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova berilmaydi.
shakar xomashyosini import qilishda takliflarni mahsulot yetkazib berish shartlari bo‘yicha tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 1-fevral,
44-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 1-fevraldagi 44-son qaroriga
2-ILOVA
2002-yil 1-fevraldagi 44-son qaroriga
2-ILOVA
Shakar xomashyosini import qilishda takliflarni mahsulot yetkazib berish shartlari bo‘yicha tanlab olish tartibi to‘g‘risida
N I Z O M
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom shakar xomashyosini import qilishda takliflarni mahsulot narxi, sifati va yetkazib berishning boshqa shartlari bo‘yicha tanlab olish (keyingi o‘rinlarda — tanlov deb ataladi) mexanizmini belgilab beradi.
2. Quyidagilar tanlov o‘tkazishning maqsadi hisoblanadi:
yuqori sifatli shakar xomashyosini jahon narxlari kon’yunkturasi, xomashyo sifati, yetkazib berish shartlaridan kelib chiqib eng maqbul narxlar bo‘yicha xarid qilish;
shakar xomashyosini xarid qilishga yo‘naltirilayotgan markazlashtirilgan valyuta mablag‘laridan foydalanish samarasini oshirish.
3. Tanlovning barcha ishtirokchilari uchun bir xil raqobat shartlarining yaratilishi, oshkoralik, baholashning xolisligi va talablarning yagonaligi tanlov o‘tkazishni tashkil etishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.
4. Tanlov faqat ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va taqsimlashning tasdiqlangan balanslarida belgilangan import bo‘yicha xarid qilish hamda xarid qilishni mablag‘ bilan ta’minlashning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan manbalari mavjud bo‘lgan hajmlari doirasida o‘tkazilishi mumkin.
II. TAKLIFLAR TANLOVINI O‘TKAZIShNI TAShKIL ETISh
5. Tanlov mazkur qaror bilan tasdiqlangan Maxsus guruh (keyingi o‘rinlarda — Maxsus guruh) tomonidan o‘tkaziladi.
6. Maxsus guruh rahbari guruh ishini tashkil etadi, zarurat bo‘lganda tushgan takliflarni baholash uchun ekspert va maslahatchi tashkilotlarning vakillari (Tovar bozorlari kon’yunkturasini o‘rganish respublika markazi, konsalting firmalarining mutaxassislari)ni jalb etish yuzasidan qaror qabul qiladi. Jalb etilgan mutaxassislarning tavsiyalari Maxsus guruhning protokolida aks ettiriladi.
7. Maxsus guruh tanlov o‘tkazishni amaliy jihatdan (tanlovni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va mahsulot yetkazib beruvchilarga taklifnomalarni jo‘natish, tushayotgan takliflarni ekspert baholash, hujjatlarni rasmiylashtirish) tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar, ekspert va maslahatchi tashkilotlar, shuningdek shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassislarning xizmatlariga haq, shu jumladan shakar xomashyosini tanlab olish bilan bog‘liq safar xarajatlari O‘zbekiston Respublikasidagi shakar xomashyosini import qiluvchi tomonidan tanlov g‘olibidan olingan vositachilik mukofoti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
(7-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori tahririda)
8. Tanlovni o‘tkazishda Maxsus guruh:
tanlov o‘tkaziladigan sana to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
tanlov o‘tkaziladigan sanagacha tanlovda ishtirok etish uchun jo‘natilgan barcha taklifnomalarga va xorijiy mahsulot yetkazib beruvchilardan tushgan barcha takliflarga oid ma’lumotlarni, shuningdek mazkur mahsulot yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘adi;
tanlov mezonlari ko‘rsatilgan hujjatlar ishlab chiqilishini tashkil etadi;
taklifnomalarning aniq da’vogarlar nomiga pochta, telefaks orqali yoki boshqa rasmiy taklifnomalar shaklida jo‘natilishini tashkil etadi;
jalb etiladigan ekspertlar va konsultantlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
da’vogarlarni tanlov mezonlari bilan tanishtiradi;
da’vogarlardan tijorat takliflarini qabul qilib oladi hamda ularning hisobga olinishini, saqlanishini, shuningdek tanlov g‘olibi e’lon qilingunga qadar sir tutilishini ta’minlaydi;
olingan tijorat takliflarini tizimlashtiradi;
o‘z buyurtmalarini yo‘llagan da’vogarlar, xususan da’vogar-firmalar nufuzi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tayyorlaydi.
III. TAKLIFLAR TANLOVINI TAShKIL ETISh VA O‘TKAZISh BOSQIChLARI
9. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
tanlov mezonlarini belgilovchi tanlov hujjatlarini (zarurat bo‘lganda ixtisoslashtirilgan texnik va tijorat konsultantlarini jalb etgan holda) tayyorlash;
tanlov o‘tkazilishini e’lon qilish, tanlovda ishtirok etish ehtimoli bo‘lgan da’vogarlarga tanlovga taklifnomalar yuborish;
tanlov ishtirokchilaridan tijorat takliflarini qabul qilib olish;
olingan tijorat takliflarini baholash va tanlov g‘olibini aniqlash.
IV. TAKLIFLAR TANLOVI TO‘G‘RISIDAGI E’LONLARNI TAYYoRLASh VA TARQATISh
Oldingi tahrirga qarang.
10. Maxsus guruh takliflar tanlovi o‘tkazilishidan kamida 15 kun oldin da’vogarlarga uning o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarni pochta, telefaks orqali yoki boshqa rasmiy taklifnomalar shaklida da’vogarlarning aniq manzillari bo‘yicha jo‘natadi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori tahririda)
11. Tanlov to‘g‘risidagi xabar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
tanlov predmeti — shakar xomashyosi;
shakar xomashyosini yetkazib berish hajmi;
xarid qilinadigan shakar xomashyosining asosiy sifat ko‘rsatkichlari;
yetkazib berish shartlari va muddatlari, to‘lov shartlari;
Oldingi tahrirga qarang.
(11-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori bilan chiqarib tashlangan)
takliflar qabul qilinadigan manzil, muloqot telefoni va telefaks;
takliflar qabul qilinadigan oxirgi muddat (kuni va mahalliy vaqt bo‘yicha soati ko‘rsatilgan holda).
V. TAKLIFLAR TANLOVINI O‘TKAZIShGA OID HUJJATLARGA QO‘YILADIGAN ASOSIY ShARTLAR
12. Tanlovni o‘tkazishga oid hujjatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
tanlov ishtirokchisi uchun yo‘riqnoma;
texnik qism;
tijorat qismi;
rasmiy kontrakt namunasi.
kelishilgan davr ichida tanlov ishtirokchisining taklifi chaqirib olinmasligini kafolatlovchi pul zakalatining miqdori, uni kiritish va qaytarish tartibi;
buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra tanlov natijalariga muvofiq tuzilgan kontraktni zarur darajada bajarish bo‘yicha pulli kafolatning (garov sifatida) miqdori, uni kiritish va qaytarish tartibi.
Takliflar ikki bo‘limdan iborat bo‘ladi, ulardan biri tijorat qismini va kontrakt proformasini o‘z ichiga olgan bo‘lim taklifning chaqirib olinmasligi kafolatlanishi shart.
(12-bandning oltinchi—sakkizinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori bilan to‘ldirilgan)
13. Tanlov ishtirokchisi uchun yo‘riqnoma quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Tanlov o‘tkazilishiga doir tegishli tushuntirishlarni olish mumkin bo‘lgan Maxsus guruhning a’zolari bilan bog‘lanish uchun manzil va muloqot telefonlari;
tijorat taklifini rasmiylashtirish tartibi;
ishtirokchi tomonidan taklif taqdim etilganidan keyin tijorat taklifiga o‘zgartirishlar kiritish va ularni rasmiylashtirish tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori bilan chiqarib tashlangan)
taklifni Maxsus guruhga berish tartibotiga oid talablar;
tanlov ishtirokchilarining tanlovni o‘tkazishga oid hujjatlarga asoslangan taklif bilan bir qatorda qo‘shimcha takliflar kiritish mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
tanlov g‘olibi tanlab olinganligi tasdiqlangan vaqtdan e’tiboran kontraktni tuzish muddati.
14. Tanlovning texnik qismi xarid qilinadigan tovarga qo‘yiladigan zarur texnologiya va sifat talablari (GOST, NSO va h. k.)ni o‘z ichiga oladi.
15. Takliflar tanlovini o‘tkazish bo‘yicha hujjatlarning tijorat qismi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
tovarning bahosi va uni aniqlash tartibi;
tovarning miqdori;
yetkazib berish shartlari;
to‘lov shartlari va jadvali.
16. Rasmiy kontrakt namunasi kontraktlarga qo‘yiladigan talablarga javob berishi shart, shu jumladan:
kontraktning amaldagi xalqaro savdo huquqi normalariga muvofiqligi;
kontraktning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligi.
Rasmiy kontrakt namunasini tuzishda Maxsus guruh maslahat olish uchun shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan konsalting firmalariga murojaat qilish huquqiga ega.
VI. TANLOV IShTIROKChILARI
17. Tanlovda shakar ishlab chiqaruvchi xorijiy firmalar va kompaniyalar hamda mulkchilikning har qanday shaklidagi shakar xomashyosi yetkazib berish tajribasiga ega bo‘lgan tijorat firmalari ishtirok etishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori bilan chiqarib tashlangan)
VII. DA’VOGARLARNI TANLAB OLISh
18. Maxsus guruh tomonidan o‘z takliflarini yo‘llagan da’vogarlar o‘rtasida malakaviy tanlov o‘tkaziladi.
19. Da’vogarlarning malakaviy tanloviga:
qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik jarayonida bo‘lgan, ishi sud yoki arbitraj tartibida ko‘rilayotgan, agar bu to‘g‘rida ishonchli ma’lumot mavjud bo‘lsa;
belgilangan muddatda malakaviy tanlov o‘tkazilishi uchun barcha zarur hujjatlarni taqdim etmagan;
ilgari o‘tkazilgan tanlovlarda o‘zini salbiy jihatdan ko‘rsatgan;
ilgari tuzilgan kontraktlar bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini talab darajasida bajarmagan;
tanlovda ishtirok etish huquqini boshqa yuridik shaxsga bergan tashkilotlar va firmalar keyinchalik ko‘rib chiqish uchun qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
VIII. TAKLIFLAR TANLOVINI O‘TKAZISh REGLAMENTI
21. Tanlovda ishtirok etishga da’vogarlarga pochta (sana pochta tamg‘asiga muvofiq aniqlanadi), telefaks orqali yoki boshqa shaklda rasmiy taklifnomalar jo‘natilgan sana tanlov boshlangan sana hisoblanadi.
22. Maxsus guruh tijorat takliflari qabul qilinadigan muddatni va oxirgi sana hamda soatini, shuningdek tanlovga qo‘yilgan barcha takliflar ayni bir vaqtda ko‘rib chiqiladigan yig‘ilish sanasini belgilaydi. Belgilangan muddatdan keyin kelgan takliflar ko‘rib chiqilmaydi. Tanlov ishtirokchisi o‘z taklifini tijorat takliflari qabul qilinadigan oxirgi sanadan kamida 24 soat oldin chaqirib olish huquqiga ega.
23. Malakaviy tanlovni o‘tkazish davrida jahon bozoridagi narxlar kon’yunkturasi nomaqbul bo‘lgan taqdirda Maxsus guruh tijorat takliflari qabul qilinadigan muddatni uzaytirish yuzasidan qaror qabul qilishi yoki malakaviy tanlovdan o‘tib bo‘lgan ishtirokchilarga qo‘shimcha taklif yo‘llashi mumkin.
24. Barcha takliflar qabul sanasi va vaqti ro‘yxatga olish daftarida qayd etilgan holda qabul qilinadi. Ro‘yxatga olish daftari tikilgan, tartib raqamlari qo‘yilgan va Maxsus guruh rahbarining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart.
25. Tijorat takliflarini maxfiylik choralariga rioya etgan holda ko‘rib chiqish va saqlash tartibi Maxsus guruh tomonidan belgilanadi.
26. Maxsus guruh o‘z ish reglamentini mustaqil ravishda belgilaydi. Mazkur masala yuzasidan qaror Maxsus guruh a’zolari umumiy sonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
27. Maxsus guruh yig‘ilishini o‘tkazish uchun kvorum guruh tarkibining kamida 75 foizidan iborat. Maxsus guruhning barcha majlislari va barcha qarorlari protokollar bilan rasmiylashtirilishi shart.
28. Taqdim etilgan tijorat takliflari ko‘rib chiqish muddati Maxsus guruh tomonidan olingan tijorat takliflari to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumot kelgan vaqtdan boshlab belgilanadi. Biroq ushbu muddat taklifnomalarda ko‘rsatilgan muddatdan kech bo‘lmasligi lozim.
29. Tanlov quyidagi hollarda o‘tkazilmagan deb e’lon qilinadi:
buyurtmalar Maxsus guruh tomonidan ko‘rib chiqiladigan muddatning oxirigacha bironta ham tijorat taklifi olinmagan bo‘lsa;
tanlovga faqat bitta ishtirokchining taklifi taqdim etilgan bo‘lsa;
hamma taqdim etilgan tijorat takliflari qo‘yilgan talablarga javob bermasa.
IX. TAQDIM ETILGAN TAKLIFLARNI BAHOLASh TARTIBI
30. Kelgan takliflarni baholash va tanlov g‘olibini aniqlash Maxsus guruh tomonidan quyidagilarga asosan amalga oshiriladi:
tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi taklifnomalarda bayon qilingan mezonlar;
taklif qilingan narxlarning oxirgi narxlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tavsiyasiga ko‘ra tovarni yetkazib berish xarajatlarini izchil kamaytirish zaruratini hisobga olib, jahon bozoridagi o‘rtacha narxlarga va vujudga kelgan bozor kon’yunkturasiga (tanlov sanasida) muvofiq kelishi.
Oldingi tahrirga qarang.
(30-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori bilan chiqarib tashlangan)
Taqdim etilgan takliflarning qo‘shimcha texnikaviy, tashkiliy va tijorat nuqtai nazaridan afzalliklari hamda tanlov ishtirokchisining nufuzi ham e’tiborga olinishi mumkin.
31. Takliflarni baholash Maxsus guruh tomonidan belgilangan muddat mobaynida amalga oshiriladi.
Tanlov ishtirokchilari yoki ularning vakillari kelgan takliflarni muhokama qilishda bevosita qatnashish huquqiga ega emas.
32. Tanlov ishtirokchilari taqdim etgan takliflar bilan tanishib chiqqandan keyin Maxsus guruhning har bir a’zosi, tanlov muddati yakunlangunga qadar, asosli yozma xulosanoma tuzish huquqiga ega.
Maxsus guruh a’zolarining yozma xulosanomalari (agar shundaylari mavjud bo‘lsa) umumlashtirish va protokolga kiritish uchun guruh rahbariga beriladi.
33. Maxsus guruhning takliflar tanlovi g‘olibi to‘g‘risidagi protokolida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
Maxsus guruh tarkibi;
ovoz berish natijalari;
tanlov qatnashchilaridan tushgan takliflarning yig‘ma jadvali;
tanlov g‘olibining nomi;
Oldingi tahrirga qarang.
tanlov g‘olibi bilan kontraktni imzolash muddatlari.
(33-bandning oltinchi xatboshisidan ikkinchi jumla O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori bilan chiqarib tashlangan)
34. Tushgan tijorat takliflarining ko‘rib chiqilishi va baholanishi to‘g‘risidagi axborot Maxsus guruh a’zolari tomonidan baholash tartibotiga rasmiy daxldor bo‘lmagan shaxslarga xabar qilinmaydi. Maxsus guruh a’zolari va jalb etilgan ekspertlar mazkur axborotning oshkor qilinishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Maxsus guruhning tanlov g‘olibi to‘g‘risidagi protokoli yig‘ilishda qatnashayotgan Maxsus guruh a’zolarining hammasi tomonidan imzolanadi hamda shakar xomashyosi yetkazib berishga da’vogarlar tanlovi o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumot bilan birga Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksining rahbariga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori tahrirda)
36. Maxsus guruh tanlov g‘olibi tomonidan kontrakt kelishilgan miqdorlarda zarur darajada bajarilishi yuzasidan kafolat berilishini ta’minlaydi.
Tanlov g‘olibi kontrakt tuzishni rad etgan yoki tanlov bo‘lib o‘tmagan taqdirda belgilangan tartibda takliflarning qayta tanlovi o‘tkaziladi.
37. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq nizolar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
38. Tanlov natijalari Maxsus guruh tomonidan 1 kun mobaynida pochta, telefaks yoki boshqa yozma shaklda tanlov g‘olibi e’tiboriga yetkazadi.
X. TANLOV NATIJALARIGA KO‘RA TUZILGAN KONTRAKTLARNI RO‘YXATDAN O‘TKAZISh VA ULARNING BAJARILIShI MONITORINGI
39. Tanlov natijalariga ko‘ra tuzilgan kontraktlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
40. Kontraktlarning bajarilishi monitoringi ular to‘liq bajarilgungacha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksiga hamda tegishli vakolatli bankka majburiy tartibda axborot taqdim etilgan holda, Maxsus guruh tomonidan amalga oshiriladi.