1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filialini (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Filial Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanishi tendensiyalarini hisobga olgan holda Germaniya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning yetakchi universitetlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatib, “Raqamli iqtisodiyot”, “Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti”, “Oziq-ovqat va resurslar iqtisodiyoti”, “Agrobiznes va marketing”, “Buxgalteriya hisobi va audit”, shuningdek, viloyatda ehtiyoj yuqori boʻlgan boshqa mutaxassisliklar boʻyicha nazariy-amaliy koʻnikmalarni egallagan malakali iqtisodchi kadrlarni tayyorlash;
Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribani tatbiq etish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish, qayta ishlash va xizmat koʻrsatish sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish;
pedagog kadrlarning ilmiy salohiyati, kasbiy va malakaviy bilim darajasini uzluksiz rivojlantirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning pedagogik mahoratini rivojlantirishda xorijiy oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasidan keng foydalanish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash;
chet tillarida dars beruvchi yosh pedagog xodimlar qatlamini kengaytirish, ularning mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarda istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturada oʻqitish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
masofaviy taʼlim elementlarini, shu jumladan, vebinar texnologiyalarini oʻquv jarayoniga joriy etish.
3. Belgilansinki, Filialda oʻquv jarayoni 2019/2020 oʻquv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
4. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining Vasiylik kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Vasiylik kengashi quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda Filialni rivojlantirishga koʻmaklashadi:
Filialning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va samarali faoliyatini taʼminlash uchun moliyaviy yordam tashkil etish, budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish;
tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar soha tashkilotlari obyektlarida talabalarning malakaviy amaliyotini tashkil etish;
bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha davlat, jamiyat va biznes tuzilmalari bilan samarali hamkorlik qilish;
oliy taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan yangi shakllar, dasturlarni qoʻllab-quvvatlash va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish;
hamkorlik shartnomalarini tuzish amaliyotini rivojlantirish, taʼlim va ilm-fan sohasida xalqaro bitimlar tuzish va amalga oshirish;
Filial binolarining qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlar safarbar etilishini, zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini taʼminlash.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda:
Filialning tuzilmasini oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlasin;
Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Filialda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Filial axborot-resurs markazini tayanch oliy taʼlim muassasasi tomonidan qoʻshimcha oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Belgilab qoʻyilsinki, Filialning dastlabki faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq xarajatlar, shu jumladan:
Filialning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va Filialni joriy taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar — Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining budjetdan tashqari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlari hisobidan;
Filialning bino va inshootlarini joriy taʼmirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari) bilan bogʻliq xarajatlar — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 682-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/682/3585-son)
9. Filialga 2 ta, shu jumladan, 1 ta yengil va 1 ta maxsus avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlarining 2020-yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda Filial bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash yuzasidan loyihalar ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining murojaatiga asosan onlayn maʼruza va masofaviy taʼlim bilan taʼminlash maqsadida Filialni yuqori tezlikdagi Internet hamda elektron taʼlim milliy tarmogʻiga 2019-yil 25-dekabrgacha belgilangan tartibda ulash choralarini koʻrsin.
12. Samarqand viloyati hokimligi tayanch oliy taʼlim muassasasi va xorijiy hamkorlardan faoliyat koʻrsatish uchun Filialga xizmat safariga yuboriladigan professor-oʻqituvchilarga yashash sharoitini yaratish maqsadida Filialni 2 ta xizmat uyi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻlar qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov hamda Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-may,
438-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-maydagi 438-son qaroriga ILOVA
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining Vasiylik kengashi
TARKIBI
1.
E.O. Turdimov
―
Samarqand viloyati hokimi, Vasiylik kengashi raisi
2.
U.Sh. Begimkulov
―
oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari
3.
B.Y. Xodiyev
―
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari
4.
Q.X. Sobirov
―
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi
5.
S.A. Abraxmatov
―
Samarqand viloyati statistika boshqarmasi boshligʻi
6.
B.T. Mirzayev
―
Samarqand viloyati moliya boshqarmasi boshligʻi
7.
K.T. Abdullayev
―
“Sam Antep Gilam” kompaniyasi direktori
8.
F.I. Fuzaylov
―
“Afrosiyob parranda” MChJ boshqaruvi raisi
9.
Q. Shomurodov
―
“Jomboy don mahsulotlari” AJ boshqaruvi raisi
10.
B.M. Marupov
―
“TONI-GRIN” MChJ boshqaruvi raisi
11.
Sh.A. Jalolov
―
“Agromir-Samarqand” MChJ boshqaruvi raisi
12.
A.R. Sharopov
―
“Sam Ros Xolod” MChJ boshqaruvi raisi
13.
J.T. Xaydarov
―
“Ur-gaz karpet” korxonasi direktori
14.
M.M. Mavlonov
―
“Oʻzbegim Agro” qoʻshma korxonasi direktori
15.
Gʻ. Muxammadiyev
―
“Sam Plast Servis” xususiy korxonasi direktori
16.
lavozimi boʻyicha
―
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filiali direktori, Vasiylik kengashi kotibi
Izoh. Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga, ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vasiylik kengashi raisi zarur hollarda Kengash tarkibini kengaytirish va oʻzgartirish huquqiga ega.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2019-y., 09/19/438/3222-son, 17.08.2019-y., 09/19/682/3585-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)