Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-sentabrdagi 266-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 9-son, 82-modda) bilan tasdiqlangan Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-yanvar,
66-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-yanvardagi 66-son qaroriga
ILOVA
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 8-band quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish polisi (keyingi oʻrinlarda sugʻurta polisi deb ataladi) tegishli blankada va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasiga kiritilgan transport vositalarining soniga teng nusxalarda rasmiylashtiriladi”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi ommaviy hisoblanadi va tashuvchi hamda sugʻurtalovchi oʻrtasida ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha, ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, bir yil muddatga tuziladi.
Yoʻlovchilarni va ularning mol-mulkini avtomobilda tashishni amalga oshiradigan tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi uch oydan bir yilgacha boʻlgan muddatga tuzilishi mumkin”.
3. 13-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilardagi, 14-bandning birinchi xatboshidagi va 16-banddagi “tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha” soʻzlari chiqarib tashlansin.
4. 30-bandning toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tashish kunida amalda boʻlgan sugʻurta polisining nusxasini tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasiga kiritilgan barcha transport vositalariga va (yoki) oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtirishi”.
5. Qoidaga 4-ilovaning 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Sugʻurta davri: 20__ yil “___” _______ dan 20__ yil “___” ________ gacha.
Transport vositalari (vagonlar) haqida
MAʼLUMOTLAR

Turi

Rusumi va modeli

Raqamli (tanituvchi) belgisi

Ishlab chiqaruvchi zavod pasporti boʻyicha yoʻlovchi

sigʻimi (nafar)

”.

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2019-y., 09/19/66/2555-son)