O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining
buyrug‘i
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 23-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3129]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi № PQ-3930-sonli “Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan buyuraman:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Direktorning birinchi o‘rinbosari D. LI
Toshkent sh.,
2019-yil 7-yanvar,
4-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 7-yanvardagi 4-son buyrug‘iga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
(ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3930-son “Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (bundan buyon matnda Oliy maktab deb yuritiladi) professor-o‘qituvchilari (bundan buyon matnda pedagog xodimlar deb yuritiladi) tarkibini tanlab olish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Chuqur kasbiy bilimlarga va ilmiy yutuqlarga, ijodiy, ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyat va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari darajasida mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanishga munosib bo‘lgan eng malakali pedagog xodimlarni tanlash uchun raqobat muhitini yaratish va ta’minlash tanlovning maqsadi hisoblanadi.
2. Oliy maktabning pedagog xodimlari toifasiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi lavozimini egallab turgan shaxslar kiradi.
3. Oliy maktabning pedagog xodimlar tarkibini tanlab olish besh yil muddatga tanlov asosida amalga oshiriladi.
4. Besh yillik muddat tamom bo‘lgandan keyin ko‘rsatib o‘tilgan lavozimlar mazkur Nizomga muvofiq tanlov asosida egallanadi.
Bir tarkibiy bo‘linmaning ikki va undan ortiq teng lavozimlariga bir vaqtda tanlov o‘tkazilmaydi.
5. Pedagog xodimlar lavozimlarini egallashning besh yillik muddati davrida Oliy maktabning ilmiy kengashi (bundan buyon matnda Ilmiy kengash deb yuritiladi) tomonidan har bir o‘quv yili yakunlari bo‘yicha pedagog xodimlar faoliyati har tomonlama o‘rganib chiqiladi.
Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish tartibi va mezonlari Ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi. Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish natijalari Ilmiy kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra Ilmiy kengash pedagog xodimlarni rag‘batlantirish, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini uzaytirish yoki uni bekor qilish, birlashtirilgan kafedra mudiri lavozimiga tayinlash hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa qarorlar qabul qilishi mumkin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
2-bob. Lavozimlari tanlov bo‘yicha egallanadigan pedagog xodimlar va tanlov ishtirokchilariga qo‘yiladigan malaka talablari
6. Kafedra mudiri lavozimini egallash uchun tanlovda professor yoki dotsent ilmiy unvoniga, fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D), fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lgan shaxs ishtirok etishi mumkin.
Dotsent (fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalari) kafedra mudiri lavozimini egallashga bir besh yillik muddatga qo‘yiladi.
Bir muddat tamom bo‘lgandan keyin kafedra mudiri lavozimini egallab turgan va fan doktori ilmiy darajasini olmagan dotsent (fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalari) tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan aynan bir shaxsning kafedra mudiri lavozimiga tanlovda uchinchi muddatga ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Chet tillari kafedrasi mudiri lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etishga dotsent ilmiy unvoniga (fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ega bo‘lmagan, biroq kamida besh yil metodik, ilmiy-pedagogik va tashkiliy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan shaxs qo‘yilishi mumkin.
7. Professor lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga ko‘ra, professor ilmiy unvoniga yoki fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lgan shaxs ishtirok etishi mumkin.
Professor lavozimini egallash uchun tanlovda shuningdek fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) ilmiy darajasiga yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan, shaxs kamida besh yil ilmiy-pedagogik ish stajiga ega bo‘lish, ushbu kafedraning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari muallifi bo‘lish sharti bilan bir muddatga ishtirok etishi mumkin.
8. Dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda dotsent ilmiy unvoniga, katta ilmiy xodim yoki fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D), fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lgan shaxs ishtirok etishi mumkin.
Bir muddatga dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, shuningdek tegishli ilmiy unvonga va ilmiy darajaga ega bo‘lmagan, biroq ushbu mutaxassislik bo‘yicha kamida besh yillik amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis ishtirok etishi mumkin.
9. Katta o‘qituvchi lavozimini egallash uchun tanlovda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs (magistr, diplomli mutaxassis), shu jumladan xorijiy mamlakatlarda olingan oliy ma’lumotga ega, ilmiy daraja (shu jumladan, falsafa doktori (Ph.D) darajasiga yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) va ilmiy unvonga ega bo‘lgan hamda bunday daraja va unvonga ega bo‘lmagan, biroq kamida besh yillik o‘qituvchilik, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish ishlari tajribasiga ega bo‘lgan shaxslar ham qatnashishi mumkin.
10. Homilador ayollar, shuningdek uch yoshgacha bolalari bo‘lgan ayollar egallab turgan lavozimlarga tanlov e’lon qilinmaydi.
11. Oliy maktabga o‘qituvchi lavozimiga soatbay haq to‘lash shartlarida ishga kirayotgan shaxslar tanlovsiz direktorning buyrug‘i bilan belgilangan tartibda mansab yo‘riqnomasi talablari asosida qabul qilinadi.
3-bob. Tanlovlarni o‘tkazish tartibi
12. Oliy maktab saylash muddati ushbu o‘quv yilida tamom bo‘ladigan, shuningdek bo‘sh lavozimlarga kafedra mudirlari, professorlar, dotsentlar, katta o‘qituvchilar lavozimlarini egallashga tanlov e’lon qiladi.
13. Tanlov bo‘yicha saylov Ilmiy kengashda o‘tkaziladi.
Ilmiy kengashda saylanadigan lavozimlarning ro‘yxatini direktor belgilaydi.
14. Tanlovlar matbuotda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida hamda Oliy maktabning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun arizalar e’lon chiqqan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay berilishi kerak.
15. Tanlovda qatnashishni xohlovchilar direktor nomiga Oliy maktabning rasmiy veb-sayti orqali quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradilar:
Oliy maktabning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan namunada tuzilgan rezyume (anketa);
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlarning nusxalari.
Tanlovda qatnashishni xohlovchi shaxsda ilmiy daraja (shu jumladan, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning darajasiga unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalari), ilmiy unvon, hamda ilmiy ishlar va ixtirolar mavjud bo‘lgan taqdirda tegishli diplomlar, attestatlar, ilmiy ishlar ro‘yxati, malaka oshirish to‘g‘risidagi guvohnomalar ham ilova qilinishi lozim.
Noto‘g‘ri ma’lumotlarning taqdim etilishi tanlovda qatnashishni rad etishga asos bo‘ladi.
16. Ilmiy kengash kotibi tomonidan tanlovda qatnashish uchun kelib tushgan arizalar va barcha zarur hujjatlar ilova qilinganligi, shu jumladan ularning mazkur Nizom talablariga muvofiqligi o‘rganib chiqilganidan so‘ng, Ilmiy kengashga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
17. Hujjatlarni ko‘rib chiqishdan oldin:
ilgari Oliy maktabda ishlamagan, shuningdek, Oliy maktabning boshqa kafedralarida ishlagan shaxslar tomonidan sinov leksiyalari o‘tkaziladi;
tanlov o‘tkazilayotgan kafedrada ishlab kelayotgan shaxslar tomonidan ochiq mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Sinov leksiyalari va ochiq mashg‘ulotlar mavzulari kafedra predmetlari bo‘yicha o‘quv dasturi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
18. Ilmiy kengash yig‘ilishida har bir nomzodning arizasi hamda unga ilova qilingan hujjatlar o‘rganiladi, shuningdek, nomzodning mazkur Nizom bilan o‘rnatilgan talablarga muvofiqligi, ilgari egallab turgan lavozim bo‘yicha tanlovda qatnashayotgan shaxslar bo‘yicha esa ularning o‘tgan davrdagi pedagogik faoliyati natijalari ko‘rib chiqiladi.
19. Ilmiy kengash qarori ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi hamda yig‘ilishda ishtirok etgan Ilmiy kengash a’zolarining imzolari bilan tasdiqlanadigan bayonnoma ko‘rinishida rasmiylashtiriladi. Ovoz berish natijalari bayonnomada Ilmiy kengashning har bir a’zosi kesimida ko‘rsatiladi.
Har bir Ilmiy kengash a’zosi bitta ovoz huquqiga ega.
Egallash uchun tanlov e’lon qilingan lavozimni egallab turgan shaxs materiallarni ko‘rib chiqish chog‘ida ovoz berishda qatnashmaydi.
20. Tanlovni o‘tkazishda Ilmiy kengash qarori, agar ovoz berishda ilmiy kengashning tarkibidagi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan bo‘lsa vakolatli hisoblanadi. Ilmiy kengashning ovoz berishda qatnashgan a’zolarining ko‘pchilik ovozini, biroq 50 foizdan kam bo‘lmagan ovozini olgan nomzod tanlovdan o‘tgan hisoblanadi.
Birortasi ham talab qilingan miqdorda ovoz ololmagan ikki nafardan ko‘p nomzodlar qatnashgan taqdirda Ilmiy kengashning aynan shu majlisida dastlabki ikki talabgor o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi. Agar ikki nomzod qatnashgan tanlovni o‘tkazishda ovozlar soni teng bo‘lib qolsa raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Ilmiy kengash qarori direktorning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Tanlovda qatnashish uchun arizalar mavjud bo‘lmagan taqdirda, tanlov o‘tkazilmagan hisoblanadi.
21. Tanlov ishtirokchilariga ularning nomzodlari muhokama qilinayotgan Ilmiy kengash yig‘ilishida qatnashish yoki ularning xohishlariga ko‘ra Ilmiy kengash qarori bilan tanishish huquqi beriladi.
22. Ilmiy kengash kotibi tanlov natijalari to‘g‘risida o‘n kun muddatda unda qatnashgan shaxslarni yozma ravishda xabardor qiladi.
4-bob. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ni tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish
23. Oliy maktabda ishlaydigan va tanlovdan o‘tgan shaxslarning mehnat shartnomalariga quyidagilar kiritiladi:
a) ular ilgari egallab kelgan lavozim uchun — mehnat munosabatlarini yangi muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoziladi va tegishli buyruq chiqariladi;
b) boshqa lavozimlar uchun — tanlovdan o‘tganlik to‘g‘risida Ilmiy kengash qaroriga xavola qilgan holda tegishli o‘zgartirishlar va boshqa lavozimga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat boshqaruvi organi qaroriga ko‘ra pedagog xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilgan taqdirda attestatsiya yakunlariga ko‘ra ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlari masalalari, shaxsning tanlov bo‘yicha egallanadigan lavozimda bo‘lish muddatidan qat’i nazar, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
(23-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
24. Ilgari egallab kelgan lavozimi uchun tanlovdan o‘tmagan, shuningdek tanlovda qatnashish uchun ariza bermagan shaxslar bilan mehnat shartnomasi yangi muddatga tanlovdan o‘tmaganligi yoxud tanlovda qatnashishni rad etganligi sababli direktor tomonidan belgilangan muddatlarda (qoidaga ko‘ra, o‘quv semestri, yili tamom bo‘lgandan keyin) mehnat qonunchiligiga muvofiq bekor qilinadi.
25. Kafedralar birlashtirilganda yoki kafedra bo‘linganda pedagog xodimlar bo‘yicha muddatidan ilgari tanlovlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kafedralar birlashtirilgan taqdirda yangidan tashkil etilgan kafedra mudiri lavozimini vaqtincha egallash masalasini Ilmiy kengash oldindan tanlov e’lon qilmasdan, ushbu Nizomning 5-bandiga asosan, birlashtirilgan kafedralar pedagog xodimlari faoliyatini o‘rganish natijalarini inobatga olgan holda hal qiladi.
Kafedra bo‘lingan taqdirda uning mudiri saylangan muddati o‘tgungacha, direktorning buyrug‘i bilan yangidan tashkil etilgan kafedralardan birining mudiri lavozimiga tayinlanadi. Boshqa kafedraning mudiri lavozimiga tanlov bo‘yicha mudir tayinlanadi.
26. Direktorga tanlov o‘tkazilgunga qadar kafedraning o‘qituvchilaridan bittasiga bo‘sh kafedra mudiri lavozimi bo‘yicha vazifalarni bajarishni yuklashga ruxsat etiladi.
Vakillik organlarida saylab qo‘yiladigan lavozimga saylangani munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan o‘qituvchi saylab qo‘yiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin tanlov natijalariga ko‘ra saylangan muddati tugagungacha Oliy maktabda ilgari egallab kelgan yoki unga teng bo‘lgan pedagog xodimi lavozimiga tayinlanadi.
27. Direktor pedagog xodimlarning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani Ilmiy kengashda ko‘rib chiqish uchun kiritish huquqiga ega.
Ilmiy kengashda pedagog xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan oldin uning faoliyati o‘rganib chiqilishi kerak.
Ilmiy kengash qarori asosida pedagog xodimni egallab turgan lavozimiga nomuvofiqligi bo‘yicha vazifasidan ozod qilishga uning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli ilmiy-metodik va tashkiliy ishlar, shuningdek leksiya va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazish darajasi past bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar Ilmiy kengash qaroriga ko‘ra kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi egallab turgan lavozimiga nomuvofiq deb topilsa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
(27-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Kafedra mudiri bilan tuzilgan mehnat shartnomasi u tomonidan kafedraga rahbarlik qilish bo‘yicha o‘z funksional vazifalarini bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi sababli ham Ilmiy kengash qaroriga muvofiq bekor qilinishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
28. Pedagog xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish masalalariga doir mehnat nizolari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Oldingi tahrirga qarang.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2019-y., 10/19/3129/2526-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)