Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.11.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 4-sentabrdagi PQ-3928-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PF-5868-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2019-yil 13-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mulkdor — jismoniy shaxslarning ularga tegishli boʻlgan faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishi uchun javobgarligini belgilash, shuningdek, ilgari xususiylashtirilgan obyektlarni, mulk huquqining vujudga kelish asoslaridan qatʼi nazar, qurilishi tugallanmagan obyektlar, boʻsh turgan binolar, noturar inshootlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xoʻjalik faoliyatiga jadal tarzda jalb etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 4-sentabrdagi PQ-3928-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-dekabr,
PQ-4064-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi PQ-4064-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir koʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 4-sentabrdagi PQ-3928-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) davlat mulki boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlar oʻrnatilgan tartibda sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida, shu jumladan ijaraga beriladi;
b) foydalanilmayotgan obyektlarning xususiy mulkdorlariga quyidagi taʼsir choralari qoʻllaniladi:
yuridik shaxslarga — soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni umumbelgilangan tartibda toʻlashga oʻtkazish;
yuridik va jismoniy shaxslarga — mol-mulk va yer soliqlarini ikki karra mikdorda toʻlash, 6 oy oʻtgandan soʻng — besh karra, 12 oy oʻtgandan soʻng va keyinchalik — oʻrnatilgan stavkaga nisbatan oʻn karra miqdorda toʻlashga oʻtkazish;
qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishini toʻxtatish”.
2. 4-ilovadagi “Tadbirlar” grafasida:
a) 2-bosqichning toʻrtinchi xatboshisi “boʻlgan yuridik” soʻzlaridan keyin “va jismoniy” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 5-bosqichning uchinchi xatboshisi “yuridik” soʻzidan keyin “va jismoniy” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 14-bosqich matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toʻlovlar boʻyicha majburiyatlarning:
yuridik shaxslar uchun — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni umumbelgilangan tartibda (agar yuridik shaxsga soliqqa tortishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllanilgan boʻlsa);
yuridik va jismoniy shaxslar uchun — mol-mulk va yer soliqlarini ikki karra, 6 oy oʻtgandan soʻng — besh karra, 12 oy oʻtgandan soʻng va keyinchalik — oʻn karra miqdorida vujudga kelishi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2018-y., 07/18/4064/2343-son)