O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish to‘g‘risida
Umume’tirof etilgan xalqaro talab va standartlarga, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda oliy ma’lumotli malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va Adju universitetining (Koreya Respublikasi) Toshkent shahrida Adju universitetini (keyingi o‘rinlarda — Universitet) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbollariga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va fan uzviyligi va uzluksizligi tamoyili, shuningdek, jahon ta’lim hamda ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalash asosida rivojlantirish;
mehnat bozorida mavjud muammo va ehtiyojni hisobga olgan holda qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;
pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitishning pedagogik uslublari va texnologiyalarini faol takomillashtirish;
ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlar, avvalo, Koreya Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.
3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Adju universiteti (Koreya Respublikasi):
Universitetning o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;
Universitetning mutaxassislari va professor-o‘qituvchilari tarkibining, shu jumladan chet elda malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
Universitet kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy-texnikaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish, shuningdek, Adju universiteti (Koreya Respublikasi) resurslar bazasidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgan holda zamonaviy axborot-resurs markazini tashkil etishga ko‘maklashadi.
4. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Universitet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda o‘qitishning O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda Adju universiteti (Koreya Respublikasi) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Universitet ta’lim faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi qonun hujjatlarini inobatga olgan holda Adju universitetining (Koreya Respublikasi) o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi;
Universitetda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Adju universitetining (Koreya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
Universitetni moliyalashtirish talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlar), shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Universitetga 2020/2021 o‘quv yili uchun qabulni tashkil etish, shu jumladan bino va inshootlarni o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha ta’mirlash-qurilish ishlari, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va moslashtirish, o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni xarid qilish, o‘qitish bo‘yicha zarur axborot-kommunikatsiya tizimlarini yaratish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibini tanlab olish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
(4-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
2020/2021 va 2021/2022 o‘quv yillarida o‘qishga qabul qilingan talabalar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ular Universitetni tamomlaguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan kontrakt summasining respublikadagi boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida tegishli ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitish qiymati miqdoridan ortiq qismini to‘lab berish ko‘rinishida davlat ko‘magi (keyingi o‘rinlarda — davlat ko‘magi) taqdim etiladi, kontrakt yuridik shaxslar — salohiyatli ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi hollari bundan mustasno;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)
davlat ko‘magi taqdim etilgan Universitet bitiruvchilari respublikaning davlat tashkilotlarida kamida uch yil ixtisosligi bo‘yicha ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.
6. Toshkent shahridagi Adju universiteti Vasiylik kengashining (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Universitet faoliyatining tashkil etilishini ta’minlash, uning to‘laqonli faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy, moliyaviy, yuridik, iqtisodiy, o‘quv-metodik, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etish;
Universitet faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha Adju universiteti (Koreya Respublikasi) rahbariyati bilan muzokaralar olib borish va o‘zaro hamkorlik qilish;
zarur loyiha, qurilish-montaj va ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, Universitetni jihozlash, infratuzilmasini yaratish, moddiy-texnik ta’minlashga doir grafiklarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Universitet faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tasdiqlangan grafiklarda belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan muntazam nazorat va monitoring olib borish;
ta’lim jarayonini, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, bakalavr va magistrlar tayyorlash sifatini tizimli ravishda oshirish, Universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish, mehnat bozorining keyingi rivojini hisobga olgan holda mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashda ko‘maklashish;
Oldingi tahrirga qarang.
Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy sohaning yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2020/2021 o‘quv yilida va keyingi yillarda Universitetga qabul qilish kvotalarini va o‘qish uchun kontrakt summasini belgilash;
(6-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)
Universitet faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash uchun xayriya mablag‘lari, texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlarni) va boshqa budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish;
Universitetning moddiy-texnik, o‘quv-metodik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash, Universitetning ijtimoiy va maishiy infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashish;
talabalarni, eng avvalo, yetim bolalardan va ota-ona vasiyligisiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlash, iqtidorli talabalarni o‘qitish uchun stipendiyalar ajratish, talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va ularning yashash joylarida bo‘sh vaqtlarini foydali tashkil etish, shuningdek, talabalarning dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish;
maxsus stipendiyalar berish orqali Adju universitetiga (Koreya Respublikasi) va sohaga ixtisoslashgan xorijdagi boshqa yetakchi ta’lim muassasalariga stajirovka o‘tashga yuborish uchun eng istiqbolli talabalarni tanlov asosida tanlab olishni tashkil etish.
7. Vasiylik kengashi Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda:
a) bir oy muddatda:
Universitet Ustavini tasdiqlasin, shuningdek, uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Universitetning tuzilmasi va shtat jadvalini tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2020/2021 o‘quv yili boshlanguniga qadar Universitetni O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatuvchi oliy ta’lim muassasalarida foydalaniladigan zarur o‘quv-metodik majmualar bilan ta’minlasin.
(7-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Adju universitetining (Koreya Respublikasi):
Oldingi tahrirga qarang.
Universitetda 2020/2021 o‘quv yilida bakalavriatning “Arxitektura”, “Elektrotexnika” va “Qurilish injiniringi” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida Adju universitetining (Koreya Respublikasi) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Iqtisodiyot va biznes oliy maktabini ochish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Universitetga:
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda bakalavriat va magistraturaning yangi istiqbolli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini, shu jumladan Adju universiteti (Koreya Respublikasi) standartlari asosida ko‘p tarmoqli klinika, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va diagnostika markaziga ega tibbiyot fakultetini belgilangan tartibda ochish;
Universitetga o‘qituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professorlar va o‘qituvchilarning yashashi hamda transport xarajatlariga tuziladigan shartnomalar asosida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha haq to‘lashga ruxsat berilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda Toshkent shahrida joylashgan kasb-hunar kollejlaridan birining bino va inshootlarini Universitetga bepul foydalanish uchun berilishini ta’minlasin.
11. Universitet 2021-yil 1-dekabrga qadar muddatga Universitetni jihozlash va faoliyatini ta’minlash, shuningdek, uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, kompyuter va orgtexnikalar, o‘qitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, inventar va boshqa moddiy-texnika resurslari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga binoan Universitetning xorijiy professor-o‘qituvchilari va ma’muriy xodimlariga hamda ularning oila a’zolariga davlat bojlari to‘lashdan ozod etgan holda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.A. Abduhakimov va J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-noyabr,
PQ-4041-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4041-son qaroriga
ILOVA
Toshkent shahridagi Adju universitetining Vasiylik kengashi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

A.A. Abduxakimov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Vasiylik kengashi raisi

I.U. Majidov

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari

Jey Ik Lim

Adju universiteti (Koreya Respublikasi) vitse-prezidenti (kelishilgan holda) Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari

Djung-xun Cho

Adju universiteti (Koreya Respublikasi) Xalqaro tadqiqotlar oliy maktabi professori (kelishilgan holda)

A.X. To‘xtayev

O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri

B.A. Xodjayev

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri

A.K. Shadmanov

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri

Sh.M. Sadikov

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

A.Ya. Xaydarov

O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari

J.A. Artikxodjayev

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi

U.M. Mustafoyev

“O‘zbekenergo” AJ boshqaruvi raisi

M.R. Yunusov

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi

lavozimi bo‘yicha

Toshkent shahridagi Adju universiteti rektori, Vasiylik kengashi kotibi

Izoh: Vasiylik kengashi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PF-5846-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2018-y., 07/18/4041/2247-son; 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)