O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘zbekkino” Milliy agentligining Badiiy kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-iyuldagi PQ-3880-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatda kino sanoatini yanada rivojlantirish, “O‘zbekkino” Milliy agentligi Badiiy kengashining faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekkino” Milliy agentligining Badiiy kengashi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “O‘zbekkino” Milliy agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori F.Sh. Zokirov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-noyabr,
947-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi 947-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“O‘zbekkino” Milliy agentligining Badiiy kengashi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “O‘zbekkino” Milliy agentligi Badiiy kengashining (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) maqomi, maqsadi va vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Kengash kinoloyihalarni ko‘rib chiqish, saralash va davlat ijtimoiy granti asosida filmlar yaratish masalalari bo‘yicha xulosa va tavsiya berish vakolatiga ega bo‘lgan doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi kollegial organ hisoblanadi.
Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi.
3. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
adabiy ssenariy — film epizodlaridagi ko‘rish va ovozli tasvirlar matnda ifoda etiladigan, film ishlab chiqarish talablariga muvofiq bo‘lgan o‘ziga xos tugal badiiy asar;
davlat ijtimoiy granti — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan filmlar yaratish uchun yo‘naltiriladigan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan olinadigan mablag‘lar hisobiga tanlovlar asosida milliy filmlar ishlab chiqarishga maqsadli ajratiladigan mablag‘lar;
kinoloyiha — filmning adabiy ssenariysi, sinopsisi, rejissyor ssenariysi, film uchun yaratilgan matnli yoki matnsiz musiqa asari, tasvirga olish joyi va obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tasvirga olish guruhi, aktyorlar tarkibi, sarf-xarajatlar smetasi, filmning ishchi materiallari va filmni yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa jarayonlarni qamrab oluvchi materiallar majmui;
rejissyor ssenariysi — filmni tasvirga olish uchun zarur bo‘lgan barcha detallar aks ettirilgan, rejissyorning tasvirga olish maydonchasida qulay ishlashiga moslashtirilgan ssenariy;
sinopsis — adabiy ssenariyning qisqacha bayoni va syujeti mazmun-mohiyati;
talabgor — tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxs;
film — badiiy, badiiy-publitsistik, xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, o‘quv, animatsion yoki boshqa shakllarda ijodiy g‘oya asosida yaratilgan, bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan tasvirlarning ovoz jo‘rligida yoki ovoz jo‘rligisiz yozib olingan turkumdan iborat bo‘lgan, tegishli texnika vositalari yordamida qayd etilgan, ko‘rib va eshitib idrok etish uchun mo‘ljallangan audiovizual asar.
2-bob. Kengashning maqsadi va vazifalari
5. Milliy kinematografiyaning jamiyat ijtimoiy-madaniy hayotidagi rolini oshirish, o‘zbek kino san’ati qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, davlat ijtimoiy granti uchun e’lon qilingan tanlovning shaffofligi va xolisligini ta’minlash, taqdim etilgan kinoloyihalarni badiiy-ijodiy mezonlar asosida baholashning sog‘lom muhitini yaratish Kengashning maqsadi hisoblanadi.
6. Quyidagilar Kengashning vazifalari hisoblanadi:
fuqarolar, ayniqsa yosh avlodni jasorat va qat’iyatlilik ruhida tarbiyalash, yot ommaviy madaniyatga qarshi immunitetni shakllantirishga xizmat qiladigan milliy filmlar yaratish, g‘oyaviy-badiiy darajasi yuksak bo‘lgan, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik mahorati yetarli darajada sifatli bo‘lgan kino mahsulotlarini ishlab chiqish uchun tanlov asosida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirish;
mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy filmlarning g‘oyaviy, ma’naviy va badiiy saviyasini oshirish choralarini ko‘rish, kinostudiyalarga zarur tavsiyalar berish va ularning vakillari uchun seminarlar o‘tkazish;
bolalar va o‘smir yoshlarga mo‘ljallangan yuqori saviyadagi badiiy va multiplikatsion va qisqa metrajli filmlar va yumoristik kinojurnallar ishlab chiqarilishini kengaytirish, kinoijodkorlarning mazkur yo‘nalishdagi faoliyatiga ijodiy ko‘maklashish;
davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar bo‘yicha kvotalarni belgilash;
davlat ijtimoiy grantiga muvofiq yaratiladigan filmlar uchun taqdim etilgan kinoloyihalarni o‘rganib chiqish va malakali baholash natijasida eng yaxshilarini saralash va ularni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan “O‘zbekkino” Milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) tomonidan to‘liq yoki qisman moliyalashtirish bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlash;
milliy kinematografiya tizimida shakllangan eng yaxshi ijodiy an’analarni izchil davom ettirish, yozuvchilar, kinodramaturglar, rejissyorlar, operatorlar, aktyorlar va boshqa ijodkorlar faoliyati samaradorligini oshirishda ularning xizmatlaridan unumli foydalanish;
kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning ijodiy faoliyatiga ko‘maklashish;
tomoshabinlarning talab va istaklarini o‘rganish asosida filmlarning mavzu va janrlarini shakllantirib borish va ularni kinoijodkorlarga tavsiya etish;
har yili keyingi kalendar yili boshlanguniga qadar iqtisodiyot, siyosat, madaniyat, san’at, fan, ta’lim hamda ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqqan holda davlat ijtimoiy granti asosida milliy filmlar ishlab chiqarish uchun ustuvor mavzular ro‘yxatini shakllantirish va ularni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish.
3-bob. Kengashning huquqlari va majburiyatlari
7. Kengash o‘z vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega:
Agentlikning yillik ijodiy rejasini belgilash, uni dolzarb ijtimoiy mavzular va davlat buyurtmalari asosida boyitib borish;
Kengash muhokamasiga qo‘yilgan har bir kinoloyiha yuzasidan fikr va mulohazalar bildirish, loyihalarni rad etish, ularni qayta ishlashga yoki ishlab chiqarishga tavsiya berish;
davlat ijtimoiy granti asosida ishlab chiqishga tushirilgan filmlarni tasvirga olish bosqichlari va jarayonlarini, shartnomada belgilangan har bir bosqichi yakunida tayyor mahsulotning Kengash tasdig‘idan o‘tgan rejissyor ssenariysiga, sarf-xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligini hamda boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholash hamda ishlab chiqarish ishlari yakunlangan filmlarni qabul qilish;
filmlarni ishlab chiqarish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish yuzasidan kino ishlab chiqaruvchilarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berish;
filmni tasvirga olish jarayonida tasvirga olinayotgan materialning haqiqiy mazmuni bilan rejissyor ssenariysi o‘rtasida tafovutlar aniqlangan hollarda Agentlik rahbariyatiga tegishli choralar ko‘rish masalasida bildirishnoma kiritish;
muayyan mavzu bo‘yicha ikki yoki undan ortiq talabgorlar tomonidan kinoloyiha taqdim etilganida, Kengash tomonidan eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilish;
zamonaviy, tarixiy va turli ijtimoiy dolzarb mavzularda filmlar ishlab chiqarish bo‘yicha davlat grantlarini ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
turli mavzularda ssenariylarni va kinoloyihalarni ko‘rib chiqish va ular yuzasidan tavsiyalar berish.
Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
8. Kengash:
kinematografiya sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomda belgilangan talablarga rioya etishi;
o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borishi lozim.
Kengash o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi va natijadorligi uchun javob beradi.
4-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
9. Kengash a’zolari tarkibi o‘n bir kishidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Agentlik bosh direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Kengash tarkibiga prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislar bilan birga Agentlik tomonidan e’lon qilinadigan tanlovning ishchi guruhi rahbari kiritiladi. Zarur hollarda, Kengash ishiga boshqa mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.
Kengash tarkibiga Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlardan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi
10. Kengash tarkibi har yili kamida 15 foiz rotatsiya qilish yo‘li bilan yangilanib boriladi. Kengash yig‘ilishlarida uzrli sabablarsiz ikki yoki undan ortiq marotaba ishtirok etmagan, shuningdek, o‘zining harakatlari yoki harakatsizligi bilan Kengashning normal ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan a’zolar Kengash a’zoligidan chiqarilishi mumkin. Kengash a’zoligidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror Kengash raisining bildirishnomasiga asosan Agentlik bosh direktori tomonidan qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Kengash yig‘ilishiga Agentlik bosh direktori raislik qiladi. Kengash raisi uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etolmagan holatlarda yig‘ilishni u vakolat bergan Kengash a’zolaridan biri boshqaradi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-dekabrdagi 813-sonli qarori tahririda)
12. Kengash kinoloyihalarni ko‘rib chiqish va baholash uchun kamida bir oyda bir marta chaqiriladi. Kengash a’zolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda Kengash vakolatli hisoblanadi.
13. Kengash a’zosi ko‘riladigan har bir masala bo‘yicha muhokamada qatnashish, zarurat tug‘ilganda ekspert sifatida xulosalarini taqdim etish, qaror qabul qilish jarayonida ovoz berish huquqiga ega.
14. Tanlovda qatnashgan ijodiy guruhning tarkibida Kengash a’zosi ham qatnashgan hollarda, u faqat o‘zi taqdim qilgan kinoloyiha taqdimotida qatnashadi, biroq kinoloyiha muhokamasida va qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishi mumkin emas.
15. Kengash va uning a’zolari tomonidan quyidagi holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
Kengashga taqdim qilingan kinoloyihalarning muhokamasida ijodkorlarning shaxsiyatini kamsitish;
kinoloyihalarning qiymatini sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish;
davlat ijtimoiy grantiga talabgor bo‘lgan kinostudiyalarga bosim o‘tkazish, ularni noqonuniy ravishda tanlovdan chetlatish;
Kengash tomonidan tasdiqlanmagan va rasmiy tus olmagan noto‘g‘ri axborotlarni tarqatish.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Kengash a’zolari har oyda Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
5-bob. Kengash tomonidan kinoloyihalarni ko‘rib chiqish
17. Kengash a’zolari Kengashning navbatdagi yig‘ilishidan kamida besh kun oldin xabardor qilinadi hamda ko‘rib chiqiladigan ssenariylar nusxasi bilan ta’minlanadi. Biror uzrli sabab bilan yig‘ilishda qatnasha olmaydigan a’zolar yig‘ilish o‘tkazilishi to‘g‘risida xabardor qilinganidan so‘ng darhol bu haqda Kengash raisini xabardor qilishlari shart.
18. Kengash ssenariylar va kinoloyihalarni ko‘rib chiqishda quyidagilarni o‘rganib chiqadi:
ssenariy yoki kinoloyihalarda zo‘ravonlik va pornografiyaning targ‘ib qilinishi holatlarining mavjudligi yoki mavjud emasligi;
mamlakatda xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka tahdid qiluvchi, fuqarolar tinchligi, millatlararo va dinlararo totuvlikka raxna soluvchi holatlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi;
O‘zbekiston Respublikasi haqida noto‘g‘ri axborot tarqatilishini hamda uning tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlari, adabiy til me’yorlari buzib ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan hamda taqiqlangan leksikadan foydalanilganligi;
o‘ziga xos yangi ijodiy g‘oya va fikrlardan foydalanilganligi,
mavzuning dolzarbligi;
badiiy sifati va syujetning qiziqarliligi;
kino tilining o‘ziga xos uslubi;
rejissyorlik topilmalari;
ijtimoiy ahamiyati, tarbiyaviy yo‘nalishi, ma’naviy va umuminsoniy qadriyatlarning targ‘ib qilinganligi;
O‘zbekiston Respublikasi xalqlarining tarixi, madaniyati, an’analari va urf-odatlarining haqiqatga muvofiqligi;
O‘zbekistonning o‘ziga xos ijobiy nufuzi ko‘rsatib berilganligi;
mamlakatda erkin demokratik jamiyat qurish yo‘lida yuz berayotgan o‘zgarishlar va real yutuqlar, milliy mustaqillik g‘oyasining mohiyati aks ettirilganligi;
nomzod sifatida ko‘rsatilgan aktyorlarning bosh rol va asosiy personajlarga mosligi;
film ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mablag‘ning asoslantirilganligi (film ishlab chiqarishning taxminiy xarajatlari);
ariza beruvchilarning sheriklikda (hamkorlikda) film ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan shaxsiy mablag‘lari va (yoki) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar ulushi;
filmni ishlab chiqarishga boshqa film yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (prodyuserlar) jalb qilinganligi.
19. Ko‘rib chiqilgan materiallar qaytarib berilmaydi.
20. Kengash qarori yig‘ilishda ishtirok etayotganlarning ochiq ovoz berishi yo‘li bilan qabul qilinadi. Har bir Kengash a’zosi bitta ovoz huquqiga ega.
Ovoz berish jarayonida tarafdorlar va qarshilar soni teng bo‘lgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
21. Ko‘rib chiqilgan ssenariy va kinoloyihalar Kengash bayoni bilan tasdiqlanadi.
Kengash bayonida ko‘rib chiqilgan ssenariy va kinoloyihalar yuzasidan tegishli tavsiyalar umumlashtiriladi.
Kengash qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Kengash a’zolari tomonidan imzolanganidan keyin Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
22. Kengash qaroriga asosan ishlab chiqarishga tushirilgan kinoloyihalar Agentlikning bosh direktori buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
23. Agentlik bosh direktori buyrug‘i hamda Kengash bayonidan ko‘chirma tavsiyalar ilova qilingan holda kinoloyihani taqdim etgan studiyaga yuboriladi.
24. Agentlik kinoloyihalarni tanlash to‘g‘risida Kengash qaror qabul qilganidan keyin o‘n kundan kechiktirmasdan ariza beruvchilarga tanlov natijasi haqida xabar beradi va bu haqidagi axborotlarni belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
25. Kengash tomonidan davlat buyurtmasi bo‘yicha kinomahsulotni ishlab chiqarish yuzasidan shartnomada belgilangan kinomahsulotlar ishlab chiqarishning har bir bosqichi yakunida tayyor mahsulot rejissyor ssenariysiga, xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligi hamda boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholangandan so‘ng ushbu kinomahsulot (uning qismlari) qabul qilinadi.
26. Talabgorlar Kengash qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, Agentlikning bosh direktoriga murojaat qilishlari yoki qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunining 63-moddasi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi 947-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekkino” Milliy agentligi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish
1. 46-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Agentlikda tarkibi prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislardan iborat Badiiy kengash tuziladi.
Badiiy kengash tarkibi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Agentlik tomonidan tasdiqlanadi. Uning tarkibiga Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlardan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Badiiy kengash o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiradi”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/947/2212-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)