|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.07.2026
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialini tashkil etish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikamiz mintaqalarida jahon tajribasini hisobga olgan holda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidovga mazkur qaror loyihasi vazirlik tomonidan Vazirlar Mahkamasiga belgilangan muddatdan kechikib kiritilgani ko‘rsatib o‘tilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimligining Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialini (keyingi o‘rinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, muhandislik ishi hamda ishlab chiqarish texnologiyalari sohalari uchun, xususan, elektronika va asbobsozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, texnologik mashinalar va jihozlar, elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni sinab ko‘rish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;
kadrlar buyurtmachilari takliflari hamda xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
4. Quyidagilar:
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filialining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
2018/2019 o‘quv yilida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialida bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Filialning tuzilmasiga oliy ta’lim muassasasi uchun o‘rnatilgan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilansinki, Filial Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Filialga 2018/2019 o‘quv yili uchun talabalar kontingentini Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida doimiy yashayotgan (doimiy propiska qilingan) respublika oliy ta’lim muassasalariga mazkur qarorning 2-ilovasida belgilangan ta’lim yo‘nalishlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘qishga kira olmagan, biroq to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan abituriyentlar hisobidan to‘lov-kontrakt asosida shakllantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi ballar ketma-ketligiga rioya etgan holda tegishli ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi test natijalari qaydnomalarini chop etsin va belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun Filialga yetkazsin.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda:
Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Filialni yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
Filialda o‘quv-metodik jarayonining tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv adabiyotlari, zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Filial axborot-resurs markazini tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin.
8. Farg‘ona viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Qo‘qon shahar, Usmon Nosir ko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan Qo‘qon qurilish va iqtisodiyot kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Filialga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Qo‘qon qurilish va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Filial binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil va keyingi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Filial bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash loyihalarini ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
10. Belgilansinki, Filialning boshlang‘ich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida uning bino va inshootlarini joriy ta’mirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari) bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Filialni belgilangan tartibda onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan ta’minlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmog‘i hamda elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. Quyidagilar Filialning faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Filialni saqlash xarajatlari 2018-yilda “Maorif” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2019-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutsin;
Filialga 2 ta, shu jumladan, 1 ta shaxsiy va 1 ta navbatchi avtotransport vositalarini saqlashga limit ajratilishini ta’minlasin.
14. Farg‘ona viloyati hokimligi respublika oliy ta’lim muassasalaridan Filialga faoliyat yuritish uchun taklif etilgan professor-o‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlash, uzoq muddatli, imtiyozli ipoteka kreditlarini ajratish choralarini ko‘rsin.
15. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini Farg‘ona viloyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov hamda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-sentabr,
754-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-sentabrdagi 754-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filialining
TUZILMASI
Izoh. Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy bo‘linmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-sentabrdagi 754-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
2018/2019 o‘quv yilida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialida bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha
QABUL KVOTALARI
|
Shifr |
Ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) nomi |
2018/2019 o‘quv yili qabul rejasi* |
|
Jami: |
125 | |
|
5310700 |
Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari (tarmoqlar bo‘yicha) |
25 |
|
5310800 |
Elektronika va asbobsozlik (tarmoqlar bo‘yicha) |
25 |
|
5320100 |
Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi (tarmoqlar bo‘yicha) |
25 |
|
5320300 |
Texnologik mashinalar va jihozlar (tarmoqlar bo‘yicha) |
25 |
|
5321900 |
Elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyasi |
25 |
Izoh. * 2018/2019 o‘quv yilida Filialga talabalar to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2018-y., 09/18/754/2022-son)