Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.03.2002
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FAN VA TEXNIKA DAVLAT QO‘MITASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-martdagi 77-sonli “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 18-fevraldagi Farmoniga muvofiq hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda respublikaning ilmiy-texnika va axborot imkoniyatidan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi (O‘zbekiston Respublikasi FTDQ) davlat ilmiy-texnika siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, ixtirochilik faoliyatini, patent xizmatini va ilmiy-texnika axboroti tizimini rivojlantirish bo‘yicha vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, ilmiy tashkilotlar faoliyatini, ularning qaysi idoraga bo‘ysunishlari va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
2. Yuklatilgan vazifalarga va faoliyatining yo‘nalishiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasiga quyidagi huquqlar berilsin:
prognozlarni, tarmoqlararo yirik ilmiy-texnik dasturlarining loyihalarini ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini, tarmoq fanlar akademiyalarini, O‘zbekiston ixtirochilari va ratsionalizatorlari jamiyatini, ilmiy-texnika jamiyatlarini, ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik va texnologiya tashkilotlarini, oliy o‘quv yurtlarini va boshqa muassasalar, birlashmalar va korxonalarni, shuningdek, alohida olimlar va mutaxassislarni jalb qilish;
fan va texnikaning respublika uchun ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha idoralararo ilmiy, muvofiqlashtirish kengashlari, shuningdek, ilmiy-texnika komissiyalari, ekspert va ishchi guruhlari tashkil etish;
tarmoqlararo yirik ilmiy-texnika muammolarini hal etish, xalq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, yangi texnika, texnologiya va materiallar ishlab chiqish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish;
zarur hollarda fan va texnika taraqqiyotining respublika uchun ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-texnika loyihalari va dasturlarining davlat ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish;
muzokaralarda qatnashish va respublika Hukumatining topshiriqlariga muvofiq davlatlararo ilmiy-texnika hamkorligi masalalari bo‘yicha shartnomalar va bitimlarni imzolash, ilmiy kadrlarni o‘qitish, stajirovka va ishlash uchun chet elga yuborish to‘g‘risida takliflar kiritish;
respublika va davlatlararo ilmiy-texnika konferensiyalari, simpoziumlar, seminarlar va kengashlarni tashkil etish, O‘zbekiston vakillarini respublikadan tashqarida o‘tkaziladigan shunga o‘xshash tadbirlarda qatnashish uchun yuborish;
ixtiro uchun talabnomalarni ko‘rib chiqishga qabul qilish, ular yuzasidan ekspertiza o‘tkazish, kashfiyotlar, ixtirolar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa sanoat mulki obyektlari uchun qo‘riqlash hujjatlari berish, xalq xo‘jaligiga fan-texnika yutuqlari qanday joriy qilinayotganligini nazorat qilishni amalga oshirish;
vazirliklardan, idoralardan, Fanlar akademiyasidan va tarmoq akademiyalaridan, konsernlardan, uyushmalardan, korxonalardan, tashkilotlar va muassasalardan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan qo‘mitaga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan materiallarni olish;
patent-litsenziya ishlarini tashkil qilish va o‘tkazish, ilmiy-texnika axboroti tizimini shakllantirish va samarali foydalanish bo‘yicha umumiy metodologik rahbarlikni amalga oshirish;
o‘z huquq doirasida me’yoriy hujjatlar qabul qilish, ilmiy-texnik va maslahat tashkilotlari, qo‘shma ilmiy-qidirish va tadqiqot jamoalarini va korxonalarini ta’sis etish, noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qo‘mita raisiga zarur bo‘lganda markaziy apparat tuzilmasiga tasdiqlangan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qo‘mitasi va unga qarashli ilmiy tashkilotlar xodimlari soni va cheklangan mablag‘lar hisobidan 50 nafar qilib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasiga Raisning 2 nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari va shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 7 kishidan iborat hay’atga ega bo‘lishiga ruxsat berilsin.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-dekabrdagi 570-sonli qarori tahririda)
5. Tugatilgan SSSR Davlat ixtirolar qo‘mitasi patent xizmati ko‘rsatish Butunittifoq markazining Toshkent filiali qayta tashkil etilsin. Uning funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi FTDQning respublika fan-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi (O‘zFTPA)ga berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi:
bir oy muddat ichida respublika fan-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi (O‘zFTPA) faoliyatini tashkil etishga doir qaror loyihasini, Qo‘mita va O‘zFTPA to‘g‘risidagi nizomlar loyihalarini;
joriy yilning ikkinchi choragida ixtirochilik, patent-litsenziya faoliyati, sanoat mulki obyektlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik aktlari loyihalarini tayyorlasin va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Toshkent shahar hokimi:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi X. Sulaymonova ko‘chasi, 2-uyga O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini beligilash qo‘mitasining Hisoblash markazi bo‘lgan sobiq Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot instituti binosiga joylashtirilsin;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 419-sonli qarori tahririda)
bir hafta muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi O‘zFTPA bilan birgalikda Respublika fan-texnika va patent-litsenziya axboroti markazini joylashtirish masalasini ko‘rib chiqsin va hal qilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Davkoopta’minot”, Avtomobil transporti vazirligi va Aloqa vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasining hisob-kitoblariga muvofiq zarur mablag‘lar, moddiy-texnika resurslari, transport va aloqa vositalarini ajratsinlar.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari o‘rtoq M. Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 19-fevral,
71-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 19-fevraldagi 71-son qaroriga
ILOVA
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FAN VA TEXNIKA DAVLAT QO‘MITASI MARKAZIY APPARATINING
TUZILIShI
Rahbariyat
Fan va texnikaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yirik fan-texnika dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘limi
Ilmiy tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi
Fan-texnika kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘limi
Ma’naviy potensialni rivojlantirish va mualliflik huquqlarini himoya qilish, kashfiyotlar va ixtirolar bo‘limi
Umumiy bo‘lim
Kadrlar bo‘limi
Moliya-iqtisodiyot bo‘limi
Ma’muriy-xo‘jalik bo‘limi
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi huzuridagi tashkilotlar
Respublika fan-texnika kutubxonasi bo‘lgan Respublika fan-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi (O‘zFTPA).