Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.06.2004
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BUTUNITTIFOQ MUALLIFLIK HUQUQINI HIMOYa QILISh VAKILLIGINING O‘ZBEKISTON BO‘LIMINI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUALLIFLIK HUQUQINI HIMOYa QILISh VAKILLIGI (AGENTLIGI)GA AYLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika Agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2004-yil 16-iyundagi 286-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi, shuningdek, mualliflar huquqini himoya qilishga taalluqli amaldagi qonunlarga binoan, Mualliflik huquqlari bo‘yicha Butunjahon (Jeneva) konvensiyasi qoidalari va inson huquqlari Deklaratsiyasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasida mualliflik huquqini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining xalqaro faoliyatini ta’minlash hamda yetuk milliy adabiyot, fan va san’at asarlarini targ‘ib qilish maqsadida 1992-yil yanvardan boshlab Butunittifoq Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining O‘zbekiston bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligiga aylantirilsin. Uning xodimlari soni 11 nafardan iborat etib belgilansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-avgustdagi 413-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining ilova qilingan Nizomi tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining o‘z vakolati doirasida qabul qilgan tegishli qarorlari va boshqa hujjatlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, noshirlik, teatrlashgan konsert tashkil etish bilan shug‘ullanadigan va o‘z faoliyatida turli san’at namunalaridan foydalanadigan tashkilot va muassasalar, korxonalar, shirkatlar, xususiy firmalar, shuningdek fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-avgustdagi 413-sonli qarori tahririda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi idorasi xodimlariga 1992-yil uchun Vakillik o‘z daromadi bilan qoplay ololmaydigan sarf-xarajatlariga mablag‘ ajratishni nazarda tutsin hamda 1,5 smena ishlaydigan yengil avtomashina saqlash uchun limit ajratsin.
Belgilab qo‘yilsinki, vakillikning xarajatlari daromadlaridan oshib ketganda kamomad davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-avgustdagi 413-sonli qarori tahririda)
4. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi bir oy mobaynida o‘z faoliyatini belgilovchi me’yoriy hujjatlarni tayyorlab Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 30-yanvar,
38-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 30-yanvardagi 38-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUALLIFLIK HUQUQINI HIMOYa QILISh VAKILLIGINING
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda amaldagi qonunlar va ushbu Nizom asosida ish yurituvchi, O‘zbekiston Respublikasida mualliflik huquqini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika davlat tashkilotidir.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-avgustdagi 413-sonli qarori tahririda)
2. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflar va ularning merosxo‘rlari haq-huquqini himoya qiluvchi yagona tashkilotidir.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi Butunittifoq Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi O‘zbekiston Respublikasi bo‘limining vorisidir.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligini qayta tashkil qilish yoki tarqatib yuborish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-avgustdagi 413-sonli qarori tahririda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi:
o‘z nomi bitilgan, davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga;
vakillik nomi va idora manzilgohi ko‘rsatilgan to‘rtburchakli shtampga;
ish qog‘oziga;
ramziga ega bo‘ladi.
6. Vakillikda ish yuritish O‘zbekiston Respublikasi davlat tilida, xalqaro aloqalarda rus va ingliz tillarida olib boriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi o‘z ish faoliyatini boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzish asosiga ko‘radi.
8. Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi, respublikadan tashqarida istiqomat qiluvchi huquqiy shaxslar bilan, komission ajratmalar olish nazarda tutilgan ikki tomonlama shartnomalar, bitimlar va kelishuvlar asosida o‘z munosabatlarini o‘rnatadi.
Respublika hududida istiqomat qiluvchi mualliflar bilan tuzilgan shartnomalar, bitim va kelishuvlar asosida mualliflik qalam haqidan komission ajratmalar olinadi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi Toshkent shahrida joylashgan.
II. Maqsad va vazifalari
10. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
respublika va chet el mualliflarining adabiyot, fan va san’atga taalluqli asarlaridan O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilganda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi mualliflar asarlaridan respublikadan tashqarida foydalanilganda mualliflar yoki ularning merosxo‘rlari qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish;
adabiyot, fan va san’at asarlari mualliflari haq-huquqlarini himoya qilishga yordam beruvchi huquqiy, ma’naviy va moddiy shart-sharoitlar yaratib berishda faol ishtirok etish;
respublika hududida istiqomat qiluvchi mualliflar ijodini boshqa xalqlar o‘rtasida targ‘ib qilish, madaniyat va mualliflik huquqi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
fan va madaniyat sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
11. Yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish uchun vakillik quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
respublika va chet el mualliflari hamda ularning merosxo‘rlarining huquqlarini himoya qilishga vakolat berish, qoida buzishlarning oldini olish va buzilgan haq-huquqlarni tiklash uchun barcha choralarni ko‘rish;
mualliflarning mualliflik huquqlari bilan qo‘riqlanadigan asarlaridan foydalanish uchun huquqiy va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishda vositachilik qilish va shartnomalar tuzish (huquq beruvchidan vakolat olgan holda);
mualliflik huquqini himoya qilish bo‘yicha Hukumat tasarrufidan tashqaridagi xalqaro tashkilotlarning faoliyatida ishtirok etish;
mualliflik huquqini o‘zaro himoya qilish bo‘yicha xalqaro bitim va shartnomalarni tayyorlash va tuzishda, Mualliflik huquqlari bo‘yicha Butunjahon (Jeneva) konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lgan mamlakatlarning tegishli tashkilotlari bilan bitimlar tuzishda qatnashish;
tegishli xorijiy tashkilotlar bilan tuzilgan o‘zaro shartnomalarga ko‘ra mualliflar va ularning asarlarini hisobga olishga taalluqli axborotlar, mualliflik huquqini himoya qilishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va boshqa materiallarni almashish;
hamkorlik to‘g‘risida xorijiy sheriklar bilan muzokaralar olib borish, xorijiy huquqiy va jismoniy shaxslar bilan tegishli bitimlar tuzish;
xorijiy firmalar va tashkilotlar bilan birgalikda respublikada va undan tashqarida mualliflik huquqini himoya qilish masalalariga hamda madaniyat yutuqlarini ayirboshlashga taalluqli xalqaro anjumanlar, kitob yarmarkalari, ko‘rgazmalar, festivallar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va ularda ishtirok etish;
manfaatdor vazirliklar, idoralar, ijodiy uyushmalar va birlashmalar bilan birgalikda milliy adabiyot, fan va san’at asarlarini xorijda targ‘ib etish va reklama qilish, O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, iqtisodiy va madaniy manfaatlarini ko‘zlagan holda respublikada chet el mualliflarining asarlaridan foydalanishga ko‘maklashish;
mualliflik huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi respublika qonunlarini hayotga tatbiq etish tajribasini, shuningdek, mualliflik huquqini himoya qilish bo‘yicha xorijiy qonunlarni va tajribani o‘rganish, mualliflik huquqiga taalluqli takliflarni ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqini himoya qiluvchi turli tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasining joriy qonunlari asosida va o‘sha qonunlarni bajarish uchun mualliflik huquqini himoya qilish masalalari bo‘yicha o‘z vakolati doirasida tegishli yo‘riqnomalar va tushuntirishlar ishlab chiqish;
kino-, tele-, videofilmlar, gramplastinkalar, lazer disklari, magnit yozuvlarida nusxa ko‘chirganligi hamda san’at asarlaridan o‘z mahsulotlarida foydalanganlik uchun belgilangan tartibda, amaldagi qonun asosida qo‘shimcha haq (tirajiga qarab) undirib olish hamda respublikada va xorijda yashovchi mualliflarga yoki ularning merosxo‘rlariga to‘lash;
O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilgan mualliflar asarlaridan respublikada va undan chetda foydalanganlik uchun qalam haqini belgilangan tartibda olish va ularning merosxo‘rlariga to‘lash;
respublikada yashovchi va xorijiy mualliflar asarlaridan magnit, audiovizual va boshqa yozuvlarda foydalanganlik uchun mualliflik qalam haqini yig‘ish va to‘lash;
shartnomalar va bitimlarga muvofiq musiqa, adabiyot, jurnalistika va boshqa jamg‘armalarga, shuningdek, tashkilotlarga ajratmalar yig‘ish va to‘lash;
mualliflik qalam haqi O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi orqali to‘lanadigan asarlardan tashqari, respublika hududida ommaviy ijro etilgan asarlar va ularning mualliflarini ro‘yxatga olish;
vakillikning maxsus ishlab chiqilgan yo‘riqnomasi asosida adabiyot, fan va san’at asarlari muallifini ro‘yxatga olish;
noshirlik, teatrlashgan konsert tashkil etish bilan shug‘ullanadigan va o‘z faoliyatlarida turli san’at namunalaridan foydalanadigan kichik va boshqa turdagi korxonalar, kooperativlar, xususiy firmalar, tashkilot va muassasalar, shuningdek, fuqarolarni hisobga olish.
12. O‘z ish faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi quyidagi huquqlarga ega:
mualliflarga qalam haqi to‘lovchilar, turli jamg‘armalarga mablag‘ o‘tkazuvchilarning tegishli hujjat va materiallarini tanishish va solishtirish uchun talab qilib olish;
asar ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish.
III. Vakillikning tuzilishi
Oldingi tahrirga qarang.
13. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining raisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va bo‘shatiladi.
(13-band birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-avgustdagi 413-sonli qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining raisi:
vakillik ish faoliyatiga rahbarlik qiladi;
chet el va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, huquqiy shaxslar bilan o‘zaro munosabatda, vakillikning vazifalarini bajarishda vakillik nomidan ish ko‘radi;
vakillik mablag‘larini taqsimlaydi, moliyaviy rejalarning bajarilishini, shuningdek, kirim va chiqimlar smetasini nazorat qilib boradi;
vakillik shtat jadvalini tasdiqlaydi;
vakillik vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi;
vakillik vakolati doirasida vakillikning barcha xodimlari uchun bajarish majburiy bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi
14. Vakillik raisining o‘rinbosari, vakillik bo‘linmalarining rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi raisining buyrug‘i bilan ishga tayinlanadi va bo‘shatiladi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining rais o‘rinbosari, struktura bo‘linmalari boshliqlari vakillik faoliyatining tegishli bo‘limlardagi ishning ahvoli uchun to‘la javob beradilar.
IV. Huquqiy holati va mablag‘lari
16. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi huquqiy shaxs hisoblanadi, asosiy va oborot mablag‘lariga ega bo‘ladi, o‘z nomidan huquq va majburiyat olishi, o‘z vazifalaridan kelib chiqqan holda turli kelishuvlar va shartnomalar tuzishi, sudda, hakamlikda va hakamlik sudida da’vogar, javobgar bo‘lishi, hisob-kitob schyotlari, shuningdek, valyuta schyoti ochishi, vakillik manfaatlarini nazarga olgan holda kredit olishi va vakillik vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan boshqa xo‘jalik ishlarini yuritishi mumkin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi xo‘jalik mustaqilligi asosida ishlovchi xo‘jalik hisobidagi tashkilotdir.
Uning daromadlari adabiyotchilar, musiqachilar, jurnalistlar va respublikaning boshqa ijodiy uyushmalaridan kelib tushadigan hamda vakillik yig‘adigan boshqa komission yig‘imlardan tashkil topadi.
Xarajatlar daromaddan oshib ketganda kamomad davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
18. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining xo‘jalik yili kalendar yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha qilib belgilanadi. Vakillikning hisob-kitobi hisobot to‘g‘risidagi respublika yo‘riqnoma va nizomlari asosida olib boriladi.
19. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining shtat jadvali vakillik raisi tomonidan tasdiqlanadi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining moliyaviy faoliyatini taftish qilish va tekshirish respublika moliya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.