1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.10.00 Tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik, musiqa;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.16.00 Tanlovlar. Koʻriklar. Festivallar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida
Milliy qoʻshiqchilik sanʼatining durdonasi boʻlgan folklor sanʼatini keng targʻib etish, turli xalqlarning qoʻshiq, raqs, musiqa va sahna koʻrinishlari kabi janrlarini oʻzida mujassam etgan, ularning turmush tarzi, urf-odatlari va qadriyatlarini hamda maʼnaviy dunyosini boyitib kelayotgan folklor sanʼati ijodkorlari oʻrtasida ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzbek folklor sanʼatini yanada taraqqiy ettirish, xalq ijodiyoti anʼanalarini jahonga tarannum qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining “Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini (keyingi oʻrinlarda Festival deb ataladi) 2018-yildan boshlab har ikki yilda bir marta tashkil etish, yakuniy bosqichini Navoiy viloyatining Nurota tumanida oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
“Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi (keyingi oʻrinlarda Tashkiliy qoʻmita deb ataladi) 1-ilovaga;
“Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmitaga:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va homiylik xayriyalarini jalb etish choralarini koʻrish;
Festival sovrindorlariga topshiriladigan diplom, sertifikat, haykalcha namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi Festivalni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha masʼul etib belgilansin.
5. Navoiy viloyati hokimligi Nurota tumanidagi Festival oʻtadigan joylarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Festival oʻtkaziladigan sahna maydonlari talab darajasida tayyorlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Festivalga tashrif buyuruvchi ishtirokchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining viza buyurtmanomalariga binoan Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari hamda konsullik muassasalarida, zarur hollarda, I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Navoiy viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:
Festivalga bagʻishlangan esdalik buyumlari loyihalari ishlab chiqilishini va Festival doirasida turli koʻrgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkil etilishini;
Festival tadbirlari dasturi ishlab chiqilishini va uning Festivaldan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishini, Internet jahon axborot tarmogʻida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini taʼminlasin.
8. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Tashkiliy qoʻmita tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi manbalar hisobiga moliyalashtiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining xarajatlar smetasida madaniy tadbirlarni oʻtkazish uchun har yili nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
Navoiy viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Bunda, Festivalga xorijdan tashrif buyuradigan hayʼat aʼzolari va ishtirok etuvchi delegatsiyalarning yashash, ovqatlanish va ichki transport xarajatlari, shuningdek, sovrindorlarni taqdirlash bilan bogʻliq pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yilda ushbu qaror talablaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablagʻlarni ajratsin, 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev, Navoiy viloyati hokimi K.B. Tursunov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-iyun,
486-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-iyundagi 486-son qaroriga 1-ILOVA
“Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
B. Sayfullayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi
K. Tursunov
—
Navoiy viloyati hokimi, Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari
O. Nazarbekov
—
Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari
B. Yusupaliyev
—
Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari
D. Nazarmuxammedov
—
Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari
O. Kasimov
—
Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari
A. Nuridinov
—
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi
A. Xodjayev
—
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b.
A. Kuchimov
—
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori
U. Abdullayev
—
“Hunarmand” uyushmasi raisi
A. Haydarov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-iyundagi 486-son qaroriga 2-ILOVA
“Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida
NIZOMI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini (keyingi oʻrinlarda Festival deb ataladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Festival quyidagilarni nazarda tutgan holda oʻtkaziladi:
folklor sanʼatini keng targʻib etish, turli xalqlarning qoʻshiq, raqs, musiqa va sahna koʻrinishlari kabi janrlarini oʻzida mujassam etgan, ularning turmush tarzi, urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarini hamda maʼnaviy dunyosini boyitib kelayotgan folklor sanʼati ijodkorlari oʻrtasida ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
xorijiy davlatlar bilan milliy madaniyatlar uygʻunligi va turfa xilligini saqlash va rivojlantirish, nomoddiy madaniy merosning eng yaxshi namunalarini keng targʻib qilish, muhofaza qilish va rivojlantirish;
anʼanaviy badiiy sanʼatni ommalashtirish va zamonaviy hayot tarziga singdirish, yurtimiz va qoʻshni mamlakatlardagi eng yaxshi folklor jamoalari oʻrtasida tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, goʻzallik, vatanparvarlik, bagʻrikenglik, doʻstlik va boshqa chin insoniy qadriyatlarni tarannum etish;
milliy anʼanalarni asrab-avaylash, yoshlarda sanʼatga boʻlgan muhabbat tuygʻularini kamol toptirish, xalqaro miqyosida ijodiy aloqalar doirasini kengaytirish, tinchlik va birdamlik gʻoyalarini ulugʻlash, oʻzaro madaniy-maʼnaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash;
turli millat vakillarini maʼnaviy muloqotga jalb etish, milliy anʼanalar va estetik ideallar umumiyligi asosida xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash, madaniy turizmni rivojlantirish.
3. Festival 2018-yildan boshlab har ikki yilda bir marta ushbu Nizomga muvofiq uch bosqichda oʻtkaziladi.
Festivalni oʻtkazishning aniq sanasi va muddati “Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda Tashkiliy qoʻmita deb ataladi) tomonidan belgilanadi.
4. Festivalning asosiy tashkilotchilari — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi, Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hisoblanadi.
2-bob. Festivalni oʻtkazish tartibi va shartlari
5. Festivalda quyidagi nominatsiyalar boʻyicha tanlovlar oʻtkaziladi:
6. Festivalda Oʻzbekiston Respublikasidan ishtirok etuvchilar uchun quyidagi tartiblar belgilanadi:
Festivalining I bosqichi joylarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlarida va Toshkent shahrida oʻtkaziladi;
I bosqich natijalariga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi Festivalning keyingi bosqichlarida qatnashishga tavsiya etilganlarga oid ariza, ijodiy tavsifnoma, tadbir haqida bayonnoma, fotosuratlar hamda videotasvirlardan iborat hujjatlar va materiallarni Festival oʻtkaziladigan yilning 25-martiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etadilar;
Festivalning II bosqichi Toshkent shahrida Festival oʻtkaziladigan yilning aprel oyining birinchi yarmida Festivalning I bosqich natijalariga koʻra keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etilganlarning hujjatlari va materiallari asosida alohida nominatsiyalar boʻyicha sirtdan tanlov shaklida oʻtkaziladi va uning natijalariga koʻra Festival final bosqichi afishasi shakllantiriladi.
Festivalning yakuniy bosqichi Navoiy viloyatining Nurota tumanida oʻtkaziladi.
7. Festivalga xorijiy davlatlardan keladigan ishtirokchilar uchun quyidagi tartiblar belgilanadi:
Festivalning xorijiy davlatlardan keladigan ishtirokchilari hujjatlari va materiallari tegishli davlatlardagi mutasaddi tashkilotlar va muassasalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari orqali taqdim etiladi;
xorijiy davlatlardan keladigan ishtirokchilar Festivalning II bosqichidan boshlab ishtirok etadilar.
8. Festivalning yakuniy bosqichi, gʻoliblarning gala konserti hamda taqdirlash marosimi Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadigan muddatlarda oʻtkaziladi.
9. Festival doirasida ilmiy-ijodiy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, sayillar, konsertlar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.
10. Festivalda idoraviy mansubligidan qatʼi nazar turli havaskor folklor jamoalari, ashula, musiqa va raqs ansambllari, yakkaxon ijrochilar ishtirok etishlari mumkin.
11. Festival ishtirokchilarining soni folklor sanʼati boʻyicha — 12 nafardan, qoʻgʻirchoqbozlik-tomosha sanʼati yoʻnalishida — 4 nafardan oshmasligi lozim.
12. Nominatsiya boʻyicha har bir ishtirokchining chiqish dasturlari ijrosi 15 daqiqadan oshmasligi kerak.
13. Festivalda ishtirok etishda fonogrammadan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Festival ishtirokchilarini baholash shartlari va xalqaro hayʼat faoliyatini tashkil etish
14. Festivalning I va II bosqichlarida hududlarda faoliyat koʻrsatib kelayotgan taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, folklorshunos olimlar ishtirokida yetti kishidan iborat hakamlar hayʼati aʼzolari roʻyxati shaklantiriladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
15. Festivalning yakuniy bosqichi ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun Tashkiliy qoʻmita tomonidan yetti kishidan iborat xalqaro hayʼat tuziladi.
Xalqaro hayʼat tarkibiga yuqori malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tegishli sohalar namoyandalari kiritiladi.
16. Baholash jarayonida:
repertuarning badiiy qiymati (etnografik aniqlik va asar qayta ishlanishi yoki stilizatsiyasidagi afzalliklar), materialda hududiy oʻziga xosliklarining aks etishi;
mahorat va artistizm saviyasi, xalq ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi;
ogʻzaki, musiqiy, ashulachilik va raqs milliy anʼanalari ijrosi uslublari va yoʻllarining mutanosibligi;
bezakning badiiy saviyasi (kiyimlar, rekvizit) va uning milliy anʼanalarga mosligi, anʼanaviy musiqa asboblaridan foydalanish;
dekorativ-amaliy ijod asarlari badiiy saviyasi asosiy mezon hisoblanadi.
17. Festival xalqaro hayʼati kollegiallik, erkin fikrlilik va professionalizm normalaridan kelib chiqib yakuniy bosqich barcha ishtirokchilarining dasturlari, asarlari va ishlari bilan tanishib chiqadi, ular boʻyicha alohida nominatsiyalar boʻyicha mustahkam asosli, har tomonlama mulohazali, mutlaqo xolis baho beradi.
18. Yakuniy bosqich Festival ishtirokchilarini bir necha guruhga boʻlgan holda Festival oʻtkaziladigan hududdagi turli joylarda tashkil etiladi. Xalqaro hayʼat koʻrigidan oʻtgan yoki oʻz navbatini kutayotgan guruhlardagi ishtirokchilar Tashkiliy qoʻmita tomonidan tuziladigan maxsus jadval boʻyicha joylarda tashkil etiladigan konsert dasturlari va koʻrgazmalarda qatnashadilar.
4-bob. Mukofotlash tartibi
19. Festival gʻoliblari quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar:
1-oʻrin (har bir nominatsiya) — 3 500 AQSh dollari;
2-oʻrin (har bir nominatsiya) — 2 500 AQSh dollari;
3-oʻrin (har bir nominatsiya) — 1 500 AQSh dollari.
20. Festivalning yakuniy bosqichi gʻoliblariga Tashkiliy qoʻmita tomonidan diplomlar, sovrinlar va Festival ramzlari tushirilgan esdalik sovgʻalari topshiriladi.
Xalqaro hayʼat qarori bilan eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar har bir nominatsiya boʻyicha bittadan Laureat diplomlari bilan taqdirlanadilar.
Bundan tashqari, har bir nominatsiyada bittadan I, II va III darajali diplomlar, Festival ishtirokchisi diplomlari hamda har bir qatnashchiga maxsus diplom beriladi.
21. Xalqaro hayʼatning qarorlari qatʼiy va qayta koʻrib chiqilmaydi.
22. Festival muassislari, davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, korxonalar, muassasalar, jamgʻarmalar, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar ishtirokchilar uchun maxsus mukofotlar, sovrinlar, esdalik sovgʻalari va maxsus mukofotlar taʼsis etishlari mumkin.
5-bob. Tashkiliy-moliyaviy shartlar
23. Festivalning yakuniy bosqichi ishtirokchilari va mehmonlari, shuningdek, xalqaro hayʼat aʼzolari Tashkiliy qoʻmita tomonidan Festival oʻtkaziladigan davr va hududda yotoqxona, ovqatlanish va belgilangan yoʻnalish boʻyicha transport bilan taʼminlanadilar.
24. Festivalning I bosqichida ishtirok etish hamda yakuniy bosqich oʻtkaziladigan hududga joylardan kelib-ketish bilan bogʻliq xarajatlar ishtirokchilarni yuboruvchi tashkilot va muassasalar yoki ishtirokchilar hamda homiylar tomonidan qoplanishi mumkin.
25. Xorijiy mehmonlarning Oʻzbekiston hududidagi alohida mehmonxona va transport xarajatlari ularni taklif etgan mezbon tashkilot va muassasalar yoki mehmonlarning oʻzlari tomonidan qoplanadi.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida Festivalning barcha xorijiy ishtirokchilari va mehmonlari uchun ichki qatnovlar boʻyicha avia va temir yoʻl chiptalari belgilangan tartibda sotiladi, mehmonxona haqi soʻmda qabul qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq madaniyat va koʻrik-tanlov gʻoliblariga beriladigan bir martalik pul mukofotlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinmaydi, shuningdek, yagona ijtimoiy toʻlov va sugʻurta badallari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat bosh boshqarmasi Festivalni tashkil etish va oʻtkazish uchun ajratilgan budjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi va toʻgʻri toʻlanishini nazorat qiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2018-y., 09/18/486/1414-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)