1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.02.00 Nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil qilish va roʻyxatga olish tartibi. Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatiga olish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Yuridik shaxslar. Tijorat tashkilotlari. Notijorat tashkilotlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-apreldagi 180-sonli “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibini yanada takomillashtirish hamda soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bir oy muddatda diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun rozilik berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita mazkur qarorning mazmun va mohiyati toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J.K. Akramov va Oʻzbekiston Respublikasining adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 31-may,
409-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 409-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga eʼtiqod qilish, ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzgan koʻngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar), shuningdek diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy taʼlim muassasalari diniy tashkilotlar deb eʼtirof etiladi.
3. Bir diniy tashkilotning aʼzosi bir vaqtning oʻzida boshqa diniy tashkilotning aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
2-bob. Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish
4. Diniy tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa qonun hujjatlariga asosan tashkil etiladi va faoliyat koʻrsatadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etiladigan diniy tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida yoki tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida (keyingi oʻrinlarda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ deb ataladi) davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
6. Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy taʼlim muassasalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, boshqa diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
7. Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun:
diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy taʼlim muassasalari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari;
boshqa diniy tashkilotlar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
(7-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
8. Diniy tashkilotlarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda nazarda tutilgan summaning 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
Diniy tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma va ustavining dublikatini olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida toʻlov undiriladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son)
9. Ushbu Nizomga muvofiq undiriladigan davlat boji va toʻlov qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga hamda budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
10. Diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga diniy tashkilotni tashkil etish boʻyicha taʼsis yigʻilishi oʻtkazilgan kundan boshlab uch oy mobaynida quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari uchun:
taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi)ning raisi va kotibi hamda diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organini tuzish tashabbuskorlari boʻlgan oʻn sakkiz yoshga yetgan yuz nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi imzolagan va notarial tartibda tasdiqlangan mazkur Nizomning 1-ilovasidagi shaklga muvofiq ariza;
ikkita asl nusxada notarial tartibda tasdiqlangan diniy tashkilotni tashkil qilish, ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlgan taʼsis yigʻilishi bayoni va diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organi ustavi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi bank toʻlov hujjati;
diniy tashkilot taʼsischilari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 3-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumotlar;
diniy tashkilotning rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 4-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot (rahbar organlari va ularning soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan holda belgilanadi);
diniy tashkilot rahbarlarining diniy maʼlumoti haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan hujjatlari nusxalari (diniy maʼlumot haqidagi hujjat xorijiy davlatda berilganda uning nostrifikatsiya qilinganligi boʻyicha hujjat nusxasi ham taqdim qilinadi);
diniy tashkilotning yuridik (pochta) manzili toʻgʻrisida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining (Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tegishli boʻlinmalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rozilik xati ilova qilingan holda) kafolat xati;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning rozilik xati;
b) diniy taʼlim muassasalari uchun:
diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organi rahbari hamda diniy taʼlim muassasasi tuzish tashabbuskorlari boʻlgan oʻn sakkiz yoshga yetgan yuz nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi imzolagan va notarial tartibda tasdiqlangan mazkur Nizomning 1-ilovasidagi shaklga muvofiq ariza;
ikkita asl nusxada notarial tartibda tasdiqlangan diniy taʼlim muassasasini tashkil qilish, ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlgan diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organining vakolatli rahbar organi yigʻilishi bayoni va diniy taʼlim muassasasi ustavi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi bank toʻlov hujjati;
diniy taʼlim muassasasi taʼsischisi — diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organi roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma va ustavining nusxasi;
diniy taʼlim muassasasining rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 4-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot (rahbar organlari va ularning soni diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan holda belgilanadi);
diniy taʼlim muassasasi rahbarlarining diniy maʼlumoti haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan hujjatlari nusxalari (diniy maʼlumot haqidagi hujjat xorijiy davlatda berilganda uning nostrifikatsiya qilinganligi boʻyicha hujjat nusxasi ham taqdim qilinadi);
diniy taʼlim muassasasining yuridik (pochta) manzili toʻgʻrisida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining (Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tegishli boʻlinmalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rozilik xati ilova qilingan holda) kafolat xati;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning rozilik xati;
v) boshqa diniy tashkilotlar uchun:
diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari boʻlgan oʻn sakkiz yoshga yetgan yuz nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari imzolagan va notarial tartibda tasdiqlangan mazkur Nizomning 1-ilovasidagi shaklga muvofiq ariza;
ikkita asl nusxada notarial tartibda tasdiqlangan diniy tashkilotni tashkil qilish, ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlgan taʼsis yigʻilishi bayoni va diniy tashkilot ustavi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi bank toʻlov hujjati;
diniy tashkilot tashabbuskorlari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumotlar;
diniy tashkilotning rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 4-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot (rahbar organlari va ularning soni diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi (mavjud boʻlganda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan holda belgilanadi);
diniy tashkilot rahbarlarining diniy maʼlumoti haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan hujjatlari nusxalari (diniy maʼlumot haqidagi hujjat xorijiy davlatda berilganda uning nostrifikatsiya qilinganligi boʻyicha hujjat nusxasi ham taqdim qilinadi);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning rozilik xati;
diniy tashkilotning yuridik (pochta) manzili toʻgʻrisida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining (Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tegishli boʻlinmalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rozilik xati ilova qilingan holda) kafolat xati.
11. Diniy tashkilotlarning ustavida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
diniy tashkilotning nomi, turi, joylashgan manzili, qaysi dinga mansubligi;
maqsadi, vazifalari va faoliyatining asosiy turlari;
qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
tuzilishi va boshqaruv (rahbar) organlarining vakolat doirasi va ularni shakllantirish tartibi, ularning vakolat muddatlari;
pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari, ularni tasarruf qilish borasidagi boshqaruv organlarning vakolatlari;
oʻz ustaviga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi;
ushbu diniy tashkilotga taalluqli boshqa maʼlumotlar.
Markaziy boshqaruv organlariga ega boʻlgan diniy tashkilotlarning ustavlari mazkur markaziy boshqaruv organlari bilan kelishilgan boʻlishi kerak.
12. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan va qayta roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda koʻrib chiqiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha tegishli organlarning ekspertiza xulosasini olishga haqli. Bunday holda qaror roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza berilgan kundan eʼtiboran uch oy muddatda qabul qilinadi.
Diniy tashkilotning ustaviga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar diniy tashkilot qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng yuridik kuchga ega boʻladi.
Diniy tashkilot ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda diniy tashkilotning rahbar organi tomonidan tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch oy mobaynida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga tegishli hujjatlar taqdim etiladi.
Diniy tashkilotni qayta roʻyxatdan oʻtkazish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibida amalga oshiriladi. Bunda, diniy tashkilotni qayta tashkil etishda yuridik shaxsni qayta tashkil etishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya qilinganligi boʻyicha qoʻshimcha hujjatlar taqdim qilinadi.
13. Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rahbarining buyrugʻi shaklida quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida;
davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida.
14. Quyidagi hollarda diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etiladi:
diniy tashkilotning taʼsis hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zoʻrlik bilan oʻzgartirish, mustaqilligi, yaxlitligi va xavfsizligini buzish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini kamsitish, urush, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib etish, fuqarolarning sogʻligʻi, maʼnaviyati va ahloqiga qasd qilish maqsadiga ega boʻlsa;
diniy tashkilot ustavi qoidalari va boshqa hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga yoki boshqa qonun hujjatlariga hamda mazkur Nizom talablariga zid boʻlsa;
diniy tashkilotni tuzishning qonunda belgilangan tartibi buzilgan boʻlsa;
diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlarning toʻliq roʻyxati taqdim etilmaganda yoki ular zarur tartibda rasmiylashtirilmaganda.
15. Diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchilarga qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida yozma shaklda xabar qilinadi.
Ariza beruvchi uch oy muddatda davlat bojini qaytarish masalasi boʻyicha murojaat qilish yoxud mazkur muddatda rad etish sabablari bartaraf etilgandan keyin, davlat boji toʻlamasdan diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza bilan takroran murojaat qilishi mumkin.
Ariza ushbu bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan taqdirda, takroriy murojaat qilishda davlat boji umumiy asoslarda undiriladi, shuningdek mazkur muddatdan keyin davlat bojini qaytarish masalasi boʻyicha murojaat qilingan taqdirda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
16. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
17. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan diniy tashkilotga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasining aniq vaqt rejimida Internet tarmogʻidagi tegishli idoraviy saytlardan foydalangan holda olingan STIR va KTUT kodlari aks etgan mazkur Nizomning 6-ilovasidagi shaklga muvofiq diniy tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
“roʻyxatdan oʻtkazilgan” yozuvi qayd etilgan, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ muhri bilan tasdiqlangan diniy tashkilot ustavi (tilxat orqali beriladi).
18. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan diniy tashkilot toʻgʻrisidagi maʼlumotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan tegishli ravishda ushbu Nizomga 5-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq Diniy tashkilotlar reyestriga hamda axborot tizimlari orqali “Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasi”ga kiritiladi.
Bunda diniy tashkilot bir vaqtning oʻzida joylashgan joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organlari va davlat statistika organlarida hisobga qoʻyiladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-sentabrdagi 539-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2020-y., 09/20/539/1257-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
19. Diniy tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoxud taʼsis hujjatlari yoʻqolganda yoki ular yaroqsiz holga kelganda diniy tashkilotning arizasiga binoan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan ularning dublikatlari beriladi.
Dublikat olish uchun arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
davlat xizmatlari markazidan maʼlumotnoma (davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoxud taʼsis hujjatlar yoʻqolganda);
(19-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2022-y., 09/22/28/0041-son)
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning yoxud taʼsis hujjatlarining asl nusxasi (davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki taʼsis hujjatlari yaroqsiz holga kelganda);
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoxud taʼsis hujjatlarning haqiqiy emasligi toʻgʻrisida davriy matbuot nashrida berilgan eʼlon (davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqida guvohnoma yoxud taʼsis hujjatlar yoʻqolganda);
guvohnoma yoki taʼsis hujjatlarning dublikati berilganligi uchun belgilangan miqdorda toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisida bankning toʻlov hujjati.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning yoxud taʼsis hujjatlarning dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza oʻn ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
20. Diniy tashkilotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga:
har yili 1-fevralgacha rahbar organi tomonidan qabul qilingan qarorlar nusxasini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha oʻtgan yildagi oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni, shu jumladan faoliyatni moliyalashtirish manbalari va mablagʻlarning sarflanishi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani, eʼtiqod qiluvchilarning soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qilishi;
rahbar organining yangi tarkibi saylanganda yoki rahbar organi tarkibida oʻzgarishlar boʻlganda bir oy mobaynida bu toʻgʻrisidagi rahbar organi qarorining nusxasini taqdim qilishi;
rejalashtirilayotgan tadbirlar (konferensiyalar, seminarlar, treninglar, yigʻilishlar, aksiyalar va boshqalar) haqida oldindan xabar berishi shart.
3-bob. Diniy tashkilotni tugatish
21. Diniy tashkilotni tugatish Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda diniy tashkilotning taʼsis hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Diniy tashkilot oʻz tashabbusiga koʻra uning yuqori organi qaroriga binoan yoki “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari va ushbu Nizom talablariga diniy tashkilot tomonidan rioya qilinmagan taqdirda sud tartibida tugatilishi mumkin.
22. Diniy tashkilotlar qonun hujjatlari va oʻz ustavi talablarini buzganda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan unga taqdimnoma yuboradi.
Taqdimnomada koʻrsatilgan kamchiliklar bir oy muddatda bartaraf etilmasa yoki taqdimnomada qayd qilingan holatlar diniy tashkilot tomonidan takroran sodir etilsa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ diniy tashkilotni tugatish yuzasidan sudga murojaat qilish huquqiga egadir.
23. Diniy tashkilotni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan diniy tashkilotning vakolatli rahbar organi yoki sud tugatuvchini — tugatish komissiyasini yoki jismoniy shaxsni tayinlaydi hamda tugatish muddatini belgilaydi.
Diniy tashkilotning vakolatli rahbar organi tomonidan diniy tashkilot tugatilishi haqida qaror qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi haqidagi maʼlumotlar, shuningdek diniy tashkilotni tugatish haqida uning yuqori organi tomonidan qabul qilingan qaror ilova qilingan holda uch ish kuni mobaynida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etiladi.
Diniy tashkilot sud tomonidan tugatilgan taqdirda, tugatuvchi sudning qarorini olgandan keyin uch ish kuni mobaynida uning nusxasini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etadi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning tugatuvchiga nisbatan eʼtirozi boʻlmasa, u tugatuvchi haqidagi maʼlumotlar hamda diniy tashkilotni tugatish toʻgʻrisidagi qarorni olgandan soʻng ikki ish kuni mobaynida davlat reyestriga, shuningdek, axborot tizimlari orqali “Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasi”ga diniy tashkilotning tugatish jarayonida ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi hamda bu toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining diniy tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi tegishli boʻlimini xabardor qiladi.
(23-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-sentabrdagi 539-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2020-y., 09/20/539/1257-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Shundan soʻng, tugatuvchi tomonidan diniy tashkilotni tugatish ishlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24. Tugatuvchi tomonidan diniy tashkilot tugatilganligi toʻgʻrisida davlat reyestriga yozuv kiritish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
diniy tashkilotni tugatish toʻgʻrisidagi yozuvni davlat reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi ariza;
davriy bosma nashrda chiqqan diniy tashkilotning tugatilganligi toʻgʻrisidagi eʼlon;
diniy tashkilotning ustavi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning asl nusxasi;
belgilangan tartibda tasdiqlangan tugatish balansi;
diniy tashkilotning barcha hisobvaraqlari yopilganligi toʻgʻrisida xizmat koʻrsatuvchi banklarning maʼlumotnomalari;
kreditorlarning talablari toʻliq qondirilgandan keyin ortib qolgan mol-mulkning tasarruf etilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar;
muhr va shtamplar yoʻq qilinganligi haqida ichki ishlar organining maʼlumotnomasi;
barcha litsenziyalar va ruxsatnomalarning asl nusxalari (agar mavjud boʻlsa);
davlat soliq xizmati organining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarz yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi;
tugatilayotgan diniy tashkilot qarzdor sifatida ishtirok etgan va ijro etilmagan ijro hujjati mavjud emasligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tegishli boʻlimining yozma javobi;
diniy tashkilot hujjatlarining davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.
25. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ diniy tashkilot tugatilganligi toʻgʻrisida davlat reyestriga yozuv kiritish uchun nazarda tutilgan barcha hujjatlar olingandan keyin besh ish kuni mobaynida davlat reyestriga diniy tashkilot tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritadi.
Agar hujjatlarning toʻliq roʻyxati taqdim etilmasa yoki ular zarur tartibda rasmiylashtirilmagan boʻlsa, shuningdek taqdim etilgan hujjatlarda atayin notoʻgʻri maʼlumot keltirilganligi yoxud diniy tashkilotni tugatishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi buzilganligi aniqlansa davlat reyestriga yozuvlar kiritilishi rad etilishi mumkin.
26. Diniy tashkilot tugatilganligi toʻgʻrisida davlat reyestriga yozuv kiritish rad etilgan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rad etish sabablari aniq koʻrsatilgan xatni tugatish komissiyasiga yuboradi.
Davlat reyestriga yozuv kiritish haqidagi qaror roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rahbarining buyrugʻi shaklida rasmiylashtiriladi.
27. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ davlat reyestriga hamda axborot tizimlari orqali “Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasi”ga diniy tashkilot tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar kiritilgandan keyin ikki ish kuni mobaynida:
diniy tashkilot tugatilganligi toʻgʻrisida tugatish komissiyasini belgilangan tartibda xabardor qiladi;
diniy tashkilotga berilgan litsenziya va ruxsatnomalarni (ular mavjud boʻlgan taqdirda) ularni bergan organlarga topshiradi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-sentabrdagi 539-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2020-y., 09/20/539/1257-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
28. Diniy tashkilot tugatilganligi toʻgʻrisida davlat reyestriga yozuv kiritilgandan eʼtiboran diniy tashkilot tugatilgan deb hisoblanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Davlat organlari bilan diniy tashkilotlarning oʻzaro munosabatlarini muvofiqlashtirish hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman va shahar hokimliklari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tegishli hududlarda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi uchun qonun boʻyicha javobgardirlar.
Diniy tashkilotlarning faoliyati qonun hujjatlari va oʻz ustaviga muvofiqligini nazorat qilish roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning joylardagi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
30. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
____________________________________________________________________________tomonidan qabul qilingan
(Ustavni qabul qilgan organning nomi)
Diniy tashkilotning turi, uning qaysi dinga mansubligi __________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________
Diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqida muzokaralar olib borishga vakil qilingan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili, telefoni
Diniy tashkilotning manzili _________________________________________________________________________
Arizachilarning F.I.O.
Arizachilarning yashash manzili
sana
Imzolar
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilova
Diniy tashkilot tashabbuskorlari
ROʻYXATI
T/r
F.I.O
Tugʻilgan yili,
oy, kun
Turar joyi
Ish joyi va lavozimi
Telefon raqami
Diniy tashkilotning rahbari_________________________________________________________________________________________________________________________________________________
(F.I.O. va imzosi)
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Diniy tashkilot taʼsischilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organi uchun)
ROʻYXATI
T/r
Tashabbuskor diniy tashkilot nomi
Diniy tashkilot roʻyxatdan oʻtgan sanasi va raqami
Diniy tashkilot manzili
Diniy tashkilot rahbarning F.I.O
Tashabbuskor diniy tashkilot rahbarining imzosi va diniy tashkilot muhri
Diniy tashkilotlarning
markaziy boshqaruv organi rahbari_______________________________________________________________________________________________________________________
(F.I.O. va imzosi)
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Diniy tashkilotning rahbar organi aʼzolari
ROʻYXATI
T/r
F.I.O
Tugʻilgan yili,
oy, kun
Turar joyi
Ish joyi va lavozimi
Telefon raqami
Diniy tashkilotning rahbari_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
(F.I.O. va imzosi)
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Reyestrga kiritilgan kun va kiritgan mansabdor shaxsning F.I.O
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Turi, qaysi dinga mansubligi_________________________________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________
Boshqaruv organi_________________________________________________________________________
(nomi, manzili)
Faoliyatining asosiy maqsadi:________________________________________________________________________
_______________________________(roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rahbarining F.I.O.) imzo va muhr oʻrni
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 409-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 1998-yil 20-iyundagi 263-son qarori;
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2003-yil 30-apreldagi 197-son qaroriga ilovaning 10-bandi;
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son qaroriga ilovaning 5-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 09/18/409/1296-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 04.09.2020-y., 09/20/539/1257-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son; 19.01.2022-y., 09/22/28/0041-son)