Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Davlat xaridlari toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 25-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 29-martda maʼqullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi OʻRQ-684-sonli “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2021-yil 24-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
rivojlantirish davlat dasturlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni, shuningdek davlat buyurtmachilarining xoʻjalik faoliyatini roʻyobga chiqarishda amalga oshiriladigan davlat xaridlariga;
Oʻzbekiston Respublikasining budjet tizimi budjetlari va boshqa davlat maqsadli jamgʻarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan donor mamlakatlar, xalqaro, hukumatga qarashli boʻlgan va hukumatga qarashli boʻlmagan chet el tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar doirasida taqdim etiladigan chet el grantlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq davlat xaridlari strategik subyektlari amalga oshiradigan davlat xaridlariga, rivojlantirish davlat dasturlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni roʻyobga chiqarishda amalga oshiriladigan davlat xaridlari bundan mustasno;
davlat tomonidan himoya qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni taʼminlash va ichki tartibni saqlash uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlariga, shuningdek davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan davlat xaridlariga;
favqulodda vaziyatlar yuz bergan hollarda Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlariga;
agar donor mamlakatlarning, tegishli xalqaro, hukumatga qarashli boʻlgan va hukumatga qarashli boʻlmagan chet el tashkilotlarining tartib-taomillarida yoki Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida chet el kreditlarini va chet el grantlarini taqdim etish shartlarida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning boshqacha tartibi belgilangan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining referendumlariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlariga;
sud muhokamalarida ishtirok etish uchun advokat (vakil) tayinlanishi bilan bogʻliq davlat xaridlariga;
narxlari qonunchilikka muvofiq qatʼiy belgilangan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(1-modda uchinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-modda. Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat buyurtmachisi — davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
davlat xaridi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat buyurtmachilari tomonidan pulli asosda olish;
davlat xaridlarining subyektlari — davlat buyurtmachisi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, maxsus axborot portali operatori va ekspert;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnoma — davlat xaridlari boʻyicha huquqlar va majburiyatlarni belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida davlat buyurtmachisi va davlat xaridlarining ijrochisi oʻrtasida tuziladigan bitim;
maxsus axborot portali — operatorning davlat xaridlari oʻtkazilishini, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlar, davlat xaridlari yakunlari, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflari haqidagi axborotning va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborotning elektron shaklda joylashtirilishini va koʻrilishini, shuningdek elektron davlat xaridlari oʻtkazilishini taʼminlovchi veb-sayti va maxsus elektron platformasi;
(3-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
maxsus axborot portali operatori — davlat xaridlarining subyektlariga xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish, maxsus axborot portaliga eʼlonlarni, buyurtmanomalarni hamda davlat xaridlari va ularning yakunlari toʻgʻrisidagi boshqa axborotni joylashtirish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatuvchi maxsus vakolatli yuridik shaxs;
xarid qilish tartib-taomili — davlat xaridi boʻyicha xatti-harakatlar majmui;
ekspert — xulosa berish uchun maxsus bilimlarga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
elektron davlat xaridlari — elektron doʻkon va boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion kabi maxsus axborot portalining dasturiy-texnik kompleksi orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida davlat xaridlarini amalga oshirish usullari;
eʼlon — davlat xaridlarini amalga oshirish usuli, ushbu xaridlarning talablari va shartlari, takliflarni taqdim etish muddatlari hamda tartibi koʻrsatilgan, davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladigan boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot.
4-modda. Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari
Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati;
asoslanganlik;
moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
tortishuv va xolislik;
mutanosiblik;
davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi;
korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik.
Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qoʻllanilishi kerak.
5-modda. Davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati prinsipi
Davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati tegishli boʻlinmalar xodimlariga nisbatan soha boʻyicha maʼlumoti boʻlishi, malakasini muntazam ravishda oshirishi hamda bosqichma-bosqich amaliy tajribaga ega boʻlib borishi toʻgʻrisida talablar belgilash yoʻli bilan taʼminlanadi.
Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish uchun javobgar boʻlgan shaxsni belgilashi shart.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish uchun javobgar boʻlgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
6-modda. Asoslanganlik prinsipi
Davlat xaridlari davlat buyurtmachisining oʻz oldida turgan vazifalarni hal etishni taʼminlaydigan haqiqiy talablari va ehtiyojlarini samarali qanoatlantirish uchun davlat xaridlarini oʻtkazishning maqsadga muvofiqligi va zarurligi, tovarni (ishni, xizmatni) tanlashning, uning isteʼmol xususiyatlarining (tavsifining), sifat koʻrsatkichlari va qiymatining asoslanganligi hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
7-modda. Moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi prinsipi
Davlat xaridlari:
davlat buyurtmachisining davlat xaridlarini oʻtkazish xarajatlarini va tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymatini hisobga olish;
davlat xaridlari uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish, shu jumladan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) olishdan koʻrilgan naf, ularning sifati va qiymati oʻrtasidagi maqbul nisbatni (foydalanish davri xarajatlarini hisobga olgan holda) taʼminlash;
davlat xaridlarini maqbul muddatlarda oʻtkazish imkonini beradigan oqilona va tejamkor usulda amalga oshirilishi kerak.
8-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligi:
tegishli davlat organlariga, davlat xaridlari subyektlariga va jamoatchilikka davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq, oʻz vaqtida, erkin va bepul foydalanish imkoniyatini taʼminlagan holda uni maxsus axborot portaliga joylashtirish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
(8-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
xarid qilish tartib-taomillariga doir hujjatlarni va hisobotlarni tuzish hamda but saqlashni taʼminlash orqali amalga oshiriladi.
9-modda. Tortishuv va xolislik prinsipi
Davlat xaridlaridagi tortishuv xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari oʻrtasida tortishuv, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqishda hamda xolis va asosli mezonlar asosida eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishda begʻarazlik va shaffoflik mexanizmlaridan foydalanish hisobidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Davlat xaridlarining xolisligi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqishdagi va eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishdagi begʻarazlikni nazarda tutadi.
Davlat xaridlarining xolisligi:
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni taʼminlashga;
davlat xaridlari subyektlari oʻrtasida raqobatni va ularga nisbatan begʻarazlikni taʼminlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga;
davlat xaridlari jarayonida shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishning hamda tegishli chora-tadbirlar koʻrishning ochiq, oshkora va tortishuv mexanizmlariga asoslanadi.
10-modda. Mutanosiblik prinsipi
Davlat xaridlarida mutanosiblik:
davlat xaridlarini amalga oshirish usulining tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xavf-xatariga, qiymatiga, xususiyatiga va murakkabligiga;
talablarning xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari malakasiga oid maʼlumotlarga, takliflarni baholash mezonlari va usullarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga);
davlat xaridlari subyektlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ularning oʻz vazifalariga mosligi bilan taʼminlanadi.
11-modda. Davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi prinsipi
Davlat xaridlari maqsadlar, prinsiplar va yondashuvlarning yagonaligiga, davlat xaridlari jarayoni barcha bosqichlarining yaxlitligi va oʻzaro aloqadorligiga hamda davlat xaridlari barcha subyektlarining hamkorligiga asoslanadi.
Davlat xaridlarining yagonaligi va yaxlitligi:
davlat xaridlarini tartibga soluvchi yagona va yaxlit normativ-huquqiy baza hamda uni bir xilda qoʻllash;
davlat xaridlarining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi barcha axborotni toʻplash, unga ishlov berish va uni tahlil qilishni hamda barcha manfaatdor shaxslarga undan foydalanishni taʼminlaydigan yagona, yaxlit va kompleks axborot tizimi mavjudligi;
davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlari, tartib-taomillari va usullarini birxillashtirish;
davlat xaridlariga oid hujjatlarni birxillashtirish;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yagona milliy klassifikatorini joriy etish;
davlat xaridlarini rejalashtirish va amalga oshirishni, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnomalarni (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzish va ijro etishni, monitoringni va nazoratni amalga oshirishni, nizolar hamda kelishmovchiliklar ustidan shikoyat qilish va ularni koʻrib chiqishni, davlat xaridlari subyektlarining kasbiy mahorati darajasini va masʼuliyatini oshirishni tashkil etish imkonini beradigan yagona infratuzilmaning mavjudligi bilan taʼminlanadi.
12-modda. Korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik prinsipi
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazishga doir talablar davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymasligi kerak. Bunda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor boʻladi.
2-bob. Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solish
13-modda. Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari
Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari:
davlatning strategik maqsadlari va vazifalariga erishish;
rivojlantirish davlat dasturlarini ijro etish;
davlatning ijtimoiy vazifalarini bajarish;
davlat xizmatlari koʻrsatish;
budjet tashkilotlarining, budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash uchun davlat xaridlari subyektlariga qulay muhitni shakllantirishdan, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaga va qonunchilikning boshqacha buzilishlariga qarshi kurashishdan iborat.
(13-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat xaridlarini amalga oshirishda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat ustuvorliklari, shu jumladan yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarning yaratilishi, qulay ekologik vaziyatning saqlanishi hisobga olinadi.
14-modda. Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organdir.
Vakolatli organ davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiradi.
Vakolatli organ:
davlat xaridlari sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish tizimini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishning samaradorligi va shaffofligini oshirish boʻyicha choralar koʻradi;
maxsus axborot portalining operatorini va uning davlat xaridlarini tashkil etish hamda oʻtkazish borasidagi faoliyati qoidalarini belgilaydi;
taklifni baholash va taqqoslash usullarini hamda mezonlarini, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirish usulini tanlash tartibini va ularning tartib-taomilini belgilaydi;
iqtisodiy jihatdan eng foydali taklifni baholash usulini qoʻllash tartibini (baholashning narxga asoslanmagan mezonlarini) belgilaydi;
davlat xaridlari boʻyicha axborotni joylashtirish, oshkor qilish va undan foydalanish tartibini hamda hajmlarini, shuningdek tovarga (ishga, xizmatga) hamda davlat xaridlarini amalga oshirish usuliga qarab eʼlon qilishga doir qoʻshimcha talablarni belgilaydi;
xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonlarning, xabarning, xarid qilish hujjatlarining, xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi taklifining, xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish uchun buyurtmanomalarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasining namunaviy nusxalarini tasdiqlaydi;
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibini belgilaydi;
davlat xaridlaridagi shartnoma majburiyatlarini bajarish masalalariga doir nizolar va kelishmovchiliklarni, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga kelib tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
Vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(14-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat xaridlari sohasida budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xarid qilish tartib-taomillari turlarini takomillashtirish va ularning qoʻllanilishini kengaytirish boʻyicha kichik tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini nazarda tutuvchi takliflar tayyorlanishini muvofiqlashtiradi;
vakolatli organ bilan birgalikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining davlat xaridlari sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi hamda ularga yoʻnalish beradi, ularning faoliyati ustidan nazoratni taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Davlat xaridlarining subyektlari
16-modda. Davlat buyurtmachilari
Ushbu Qonun maqsadlari uchun davlat buyurtmachilari deganda quyidagilar tushuniladi:
1) budjet buyurtmachilari:
davlat organlari;
budjet tashkilotlari;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan budjet mablagʻlarini oluvchilar;
davlat maqsadli jamgʻarmalari;
2) korporativ buyurtmachilar:
davlat korxonalari;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar;
ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar.
Davlat buyurtmachisi:
mustaqil ravishda yoki ixtisoslashgan tashkilotni jalb etgan holda tovarning (ishning, xizmatning) boshlangʻich narxini belgilash, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;
(16-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligining “Davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi.
davlat xaridlarini amalga oshirishda oʻz rasmiy veb-saytiga yoki oʻzining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga eʼlon joylashtirish;
xarid qilish tartib-taomillarining barcha ishtirokchilariga tatbiq etiladigan takliflarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari takliflarining amal qilish muddatini muayyan davrga uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif bilan ularga murojaat qilish;
(16-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
ikkinchi bosqich yakunlari boʻyicha tender tarzida xarid qilish tartib-taomilini oʻtkazishda gʻolib bilan narxni pasaytirish toʻgʻrisida muzokaralarga kirishish huquqiga ega.
Davlat buyurtmachisi qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat buyurtmachisi:
ushbu Qonunga muvofiq xarid qilish tartib-taomili turini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi;
qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xaridlarini amalga oshirishi;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda maxsus axborot portaliga joylashtirishi;
(16-modda toʻrtinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) va davlat xaridlarining tartib-taomillari bilan bogʻliq soʻrovlari boʻyicha ularga qonunchilikka muvofiq tushuntirishlar berishi;
(16-modda toʻrtinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
xarid qilish tartib-taomillarining gʻolib deb topilgan ishtirokchilari bilan shartnomalar tuzishi, shuningdek ularning ijro etilishini taʼminlashi;
boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlarni faqat moliyalashtirish manbalari va miqdorlari mavjudligi tasdiqlangan taqdirdagina maxsus axborot portaliga va boshqa ommaviy axborot vositalariga joylashtirishi shart.
Davlat buyurtmachisining zimmasida qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(16-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi
Qonunchilikda belgilangan tartibda xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini ijro etish uchun talabgorlar sifatida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) boʻlishi mumkin.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ishtirokchi:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan qonunchilikda nazarda tutilgan hajmda foydalanish;
(17-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
muayyan davlat xaridlari tartib-taomillari, ularni oʻtkazish talablari va shartlari boʻyicha soʻrovlar berish va tushuntirishlar olish;
xarid komissiyasi tomonidan takliflar ochilayotganda belgilangan tartibda ishtirok etish;
xarid qilish tartib-taomillari buzilgan taqdirda davlat xaridlari natijalari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat xaridlari tartib-taomillarida koʻrsatilgan hollarda qonunchilikka muvofiq takliflarga oʻzgartishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish huquqiga ega.
(17-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ishtirokchi:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
(17-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi hujjatlar talablariga muvofiq boʻlgan takliflar va hujjatlarni taqdim etishi hamda taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar boʻlishi;
gʻolib deb topilgan taqdirda davlat buyurtmachisi bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shartnoma tuzishi shart.
(17-modda uchinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ishtirokchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(17-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Davlat xaridlari ijrochisi
Xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha gʻolib deb topilgan va u bilan shartnoma tuzilgan ishtirokchi davlat xaridlari ijrochisidir (bundan buyon matnda ijrochi deb yuritiladi).
Ijrochi:
davlat buyurtmachisi bilan tuzilgan shartnomani ijro etish jarayonida tushuntirishlar olish uchun unga murojaat qilish;
yetkazib berilgan tovar (ish, xizmat) uchun haq olish;
shartnoma shartlariga muvofiq va (yoki) qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda shartnomani bekor qilish huquqiga ega.
(18-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ijrochi:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
(18-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
shartnomani uning shartlariga muvofiq ijro etishi;
shartnomani ijro etish jarayonida davlat buyurtmachisiga yoki vakolatli davlat organiga uning soʻrovi boʻyicha tushuntirishlar va axborot berishi shart.
Ijrochi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(18-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Xarid komissiyasi
Xarid komissiyasi xarid qilish tartib-taomillari gʻolibini tanlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan kollegial organdir.
Xarid komissiyasi ishining asosiy maqsadi ishtirokchilarning takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi boʻyicha xolis baholashdan va tartibga solishdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda gʻolibni (gʻoliblarni) tanlashdan iborat.
Xarid komissiyasi davlat buyurtmachisi huzurida doimiy faoliyat koʻrsatadigan, davlat buyurtmachisining tegishli qarorlari bilan shakllantiriladigan va tarqatib yuboriladigan organdir.
Xarid komissiyasi toq sonli aʼzolardan iborat boʻladi, uning aʼzolari tarkibi va soni xarid qilish tartib-taomilining turiga bogʻliq boʻladi hamda olinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) xususiyatlari inobatga olingan holda oʻzgartirilishi mumkin.
Xarid komissiyasi aʼzolari xolis boʻlishi va xarid qilish tartib-taomili gʻolibini tanlashdan shaxsan manfaatdor boʻlmasligi kerak.
Xarid komissiyasining ishiga rais rahbarlik qiladi, u xarid komissiyasi majlislarini chaqiradi va olib boradi, ovozga qoʻyishni va xarid komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni eʼlon qiladi, shuningdek xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalarini imzolaydi. Xarid komissiyasi raisi yoʻqligida uning vazifalarini oʻrinbosari bajaradi.
Xarid komissiyasining tezkor faoliyatini uning masʼul kotibi tashkil etadi.
Xarid komissiyasining har bir aʼzosi ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Xarid komissiyasining raisi ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas.
Xarid komissiyasining majlislari yuzma-yuz yoki sirtdan (soʻrov orqali, barchaning ishtirokisiz) oʻtkazilishi mumkin. Yuzma-yuz majlislar konferensiyalar (videokonferensiyalar va hokazo) shaklida oʻtkazilishi mumkin.
Majlis oʻtkazilgan sanada bir davlat xaridi boʻyicha qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan kam miqdordagi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi boʻyicha xarid komissiyasining qarorlari xarid komissiyasining sirtdan oʻtkaziladigan majlisida, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan ortiq miqdordagi davlat xaridi boʻyicha xarid komissiyasining qarorlari esa xarid komissiyasining faqat yuzma-yuz majlisida qabul qilinishi mumkin.
(19-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan ortiq miqdordagi davlat xaridlari oʻtkazilganda xarid komissiyasi tarkibiga davlat buyurtmachisining vakillaridan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzinjiniring” respublika loyihalashtirish institutining vakillari kiritiladi.
(19-moddaning oʻn birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Vakolatli organ xarid komissiyasining majlisiga oʻz vakilini kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun yuborishga haqlidir.
Xarid komissiyasining yuzma-yuz majlisi oʻtkazilishi uchun xarid komissiyasi aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi ishtirok etishi zarur.
Qaror xarid komissiyasi aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Xarid komissiyalari aʼzolarida ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud boʻlgan taqdirda, xarid komissiyasining bunday aʼzosi bu masala koʻtarilgan majlisda oʻzini oʻzi rad etishi va mazkur masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.
Agar xarid komissiyasiga mazkur komissiya aʼzosining affillanganligi mavjudligi tegishli masala yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar maʼlum boʻlib qolgan boʻlsa, uning oʻzi esa oʻzini oʻzi rad etmagan boʻlsa, bunday aʼzoning mazkur masala boʻyicha ovoz berishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar xarid komissiyasiga tegishli masala boʻyicha ovoz bergan mazkur komissiya aʼzosining affillanganligi mavjudligi qaror qabul qilinganidan keyin maʼlum boʻlib qolgan boʻlsa, bunday aʼzoning ovozi mazkur masala boʻyicha ovoz berish natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Xarid komissiyasi quyidagi vazifalarni bajaradi:
tanlov (tender) hujjatlarini kelishadi;
takliflar qabul qilinadigan muddatlarni belgilaydi;
takliflarni ochish tartib-taomillarini belgilaydi;
takliflarni baholash mezonlarini belgilaydi;
taklif kiritish tartibini, hajmini va uni taʼminlash shaklini belgilaydi;
xarid qilish tartib-taomili ishtirokchilarining takliflarini ochishni amalga oshiradi;
malaka tanlovini oʻtkazadi, agar tanlov (tender) hujjatlari shartlarida bu nazarda tutilgan boʻlsa;
xarid qilish tartib-taomillarini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi;
(19-modda oʻn sakkizinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
xarid qilish tartib-taomillarining raqobatlashuv turlari ijrochisini va zaxira ijrochisini belgilaydi yoki savdoni amalga oshmagan deb topadi.
Xarid komissiyasi ijrochini aniqlash tartib-taomillari davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi, oʻzi qabul qilayotgan qarorlarning asosliligi va begʻarazligi uchun javobgar boʻladi.
(19-moddaning oʻn toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xarid komissiyasi davlat xaridlarining boshqa subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar uchun javobgar boʻlmaydi.
Xarid komissiyasi tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilinadigan qarorlar barcha ishtirokchilar uchun majburiydir.
Xarid qilish tartib-taomillari:
xoʻjalik faoliyati doirasida oʻtkazilganda xarid komissiyasi davlat buyurtmachisining vakillari orasidan, zarur boʻlgan taqdirda ovoz berish huquqiga ega ekspertlar jalb etilgan holda shakllantiriladi;
loyiha faoliyati doirasida oʻtkazilganda xarid komissiyasi vazifalarini belgilangan tartibda tashkil etiladigan loyihani amalga oshiruvchi guruh bajaradi, u xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
20-modda. Maxsus axborot portali operatori
Maxsus axborot portali operatori:
maxsus axborot portalining uzluksiz ishlashini, unga joylashtirilgan axborotning but saqlanishini va bir butunligini, mazkur portalning tegishli davlat boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari va axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda uygʻun ishlashini taʼminlaydi;
qonunchilikka muvofiq axborotning elektron shaklda saqlanishini, shu jumladan elektron hujjatlar va elektron xabarlar saqlanishini taʼminlaydi;
(20-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
maxsus axborot portalida davlat boshqaruvi organlari oʻrtasida axborot almashinuvini tashkil etadi;
maxsus axborot portalini Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi apparat-texnika vositalariga joylashtiradi;
vakolatli organ, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzinjiniring” respublika loyihalashtirish instituti bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus axborot portali operatori qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Maxsus axborot portali operatori:
ishtirokchi, ijrochi sifatida davlat xaridlarida ishtirok etishga, ularning affillangan shaxsi boʻlishga;
davlat xaridlarini amalga oshirish va narx belgilash jarayoniga aralashishga, kontragentlarni tanlashda va shartnomalar tuzishda davlat xaridlari subyektlarining erkinligini cheklashga, shuningdek davlat xaridlari subyektlarining huquqlarini boshqacha tarzda cheklashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
(20-modda uchinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
oʻtkazib beriladigan, olinadigan va saqlanadigan elektron hujjatlar hamda elektron xabarlarning ishonchliligini, shuningdek agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ularning qonunchilikka muvofiqligini nazorat qilishga yoki tekshirishga;
(20-modda uchinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat xaridlari subyektlari tomonidan joylashtiriladigan elektron hujjatlar va elektron xabarlarning mazmunini oʻzgartirishga haqli emas.
Maxsus axborot portali operatori davlat xaridlari subyektlarining ushbu operatorga beriladigan elektron hujjatlari va elektron xabarlarining, shu jumladan boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisida maxsus axborot portalida joylashtiriladigan axborotning mazmuni bilan bogʻliq huquqiy oqibatlar uchun javobgar boʻlmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 15-maydagi 186-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Maxsus axborot portali operatorining davlat xaridlarini tashkil etish hamda oʻtkazish borasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi nizom”.
4-bob. Davlat xaridlari jarayoniga doir umumiy talablar
21-modda. Davlat xaridlari jarayoni
Davlat xaridlari jarayoni quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
davlat xaridlarini rejalashtirish;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
shartnomani tuzish va bajarish;
davlat xaridlari monitoringi.
22-modda. Davlat xaridlarini rejalashtirish
Davlat xaridlarini rejalashtirish davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi va xaridlarni tizimlashtirishdan, davlat xaridlarini rejalashtirish hamda budjet va investitsiya jarayonlaridagi rejalashtirish oʻrtasida oʻzaro aloqani taʼminlashdan iborat boʻladi.
23-modda. Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari
Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari quyidagilardan iborat:
elektron doʻkon;
boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion;
tanlov;
tender;
yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari.
Davlat xaridlari elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (26.05.2018-y.,, roʻyxat raqami 3016).
24-modda. Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot jumlasiga quyidagilar kiradi:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik;
(24-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat xaridlarining reja-jadvallari;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlar;
hujjatlarning shakllari;
xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish uchun zarur boʻlgan namunaviy shartnomalar;
davlat xaridlarining yakunlari toʻgʻrisidagi axborot;
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri;
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning qarorlari;
davlat xaridlari boʻyicha statistik axborot.
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot maxsus axborot portalida eʼlon qilinadi.
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq, xolis va ishonchli boʻlishi kerak.
25-modda. Baholash mezonlari va tartib-taomillariga taalluqli qoidalar
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlariga taalluqli baholash mezonlari:
narx;
yetkazib berish bazisi;
yetkazib berish muddatlari;
tavsifnomalar va sifat koʻrsatkichlari;
toʻlov va kafolatlar shartlari;
muayyan davrda foydalanish, ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash xarajatlarini nazarda tutadi.
Davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan davlat xaridi shartlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan barcha baholash mezonlari;
barcha baholash mezonlarining nisbiy qimmati;
baholash tartib-taomillari doirasida baholash mezonlarini qoʻllash tartibi.
Gʻolib boʻlgan taklifni baholash va aniqlashda davlat buyurtmachisi faqat xarid qilish hujjatlarida koʻrsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillaridan foydalanadi hamda bu mezonlar va tartib-taomillarni ushbu hujjatlarda bayon etilgan tartibda qoʻllaydi.
26-modda. Davlat xaridlari qiymatini baholashga taalluqli qoidalar
Davlat xaridlari qiymatining bozor narxlariga muvofiqligini baholash uchun davlat buyurtmachisi ochiq axborot manbalaridagi maʼlumotlardan foydalanadi.
27-modda. Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifiga va shartnoma shartlariga taalluqli qoidalar
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifi xolis, funksional va umumiy xususiyatga ega boʻladi. Tavsifda tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridining tegishli texnik, sifat va ekspluatatsiya qilinish xususiyatlari koʻrsatiladi.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifi tasniflarni, rejalarni, chizmalarni, eskizlarni, talablarni hamda sinovlar va sinov usullari, qadoqlash, tamgʻalash haqidagi yoki muvofiqlik sertifikati, shuningdek shartli belgilar va atamalar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olishi mumkin.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifiga aniq tovar belgisiga yoki nomiga, patentga, konstruksiyaga yoki modelga, u mansub boʻlgan muayyan manbaga yoki ishlab chiqaruvchiga doir talablar yoki havolalar kiritilmasligi kerak, bundan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi xususiyatlarini taʼriflashning boshqa yetarlicha aniq usuli mavjud boʻlmagan hollar mustasno va bunda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) boshqa bir ishlab chiqaruvchining ekvivalent tovarlari (ishlari, xizmatlari) bilan almashtirish imkoniyati toʻgʻrisidagi eslatma kiritilishi kerak.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifida quyidagilar boʻlishi kerak:
tovarlarning soni;
bajarilishi (koʻrsatilishi) kerak boʻlgan ishlar (xizmatlar);
tovarlar yetkazib berilishi lozim boʻlgan yoxud ishlar bajarilishi yoki xizmatlar koʻrsatilishi kerak boʻlgan joy;
tovarlarni yetkazib berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatishning maqbul yoki talab etilgan muddatlari, agar ular mavjud boʻlsa.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridiga doir hujjatlarda xarid qilinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat buyurtmachisi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash imkonini beradigan koʻrsatkichlar boʻlishi kerak. Bunda shunday koʻrsatkichlarning eng koʻp va (yoki) eng kam qiymatlari, shuningdek oʻzgartirilishi mumkin boʻlmagan koʻrsatkichlarning qiymatlari koʻrsatiladi.
Zarur boʻlgan hollarda davlat buyurtmachisi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) kafolat muddatiga va (yoki) ularning sifatiga beriladigan kafolat hajmiga, tovarga kafolat xizmati koʻrsatishga, tovardan foydalanish xarajatlariga, tovarni montaj qilish va sozlashning majburiyligiga, tovardan foydalanuvchi va unga xizmat koʻrsatuvchi shaxslarni oʻqitishga doir talablarni belgilaydi.
Mashinalar va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchi ijrochi aniqlangan taqdirda davlat buyurtmachisi davlat xaridiga doir hujjatlarda tovarning kafolat muddatiga va (yoki) uning sifatiga beriladigan kafolat hajmiga, tovarga kafolat xizmati koʻrsatishga, tovarga kafolat muddati mobaynida xizmat koʻrsatish xarajatlariga, shuningdek tovarni montaj qilish va sozlashga, agar bu tovarning texnik hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlsa, talablar belgilaydi. Yangi mashinalar va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchi ijrochi aniqlangan taqdirda davlat buyurtmachisi davlat xaridi toʻgʻrisidagi hujjatlarda ushbu tovarni ishlab chiqaruvchining va (yoki) yetkazib beruvchining kafolatini taqdim etishga hamda bunday kafolatning amal qilish muddatiga nisbatan qoʻshimcha ravishda talablar belgilaydi. Bunday kafolatni berish ushbu tovar bilan birga amalga oshiriladi.
Agar tovarlarning davlat xaridi tavsifida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yetkazib berilayotgan tovar yangi boʻlishi kerak.
Tovarni ishlab chiqaruvchiga, ishtirokchiga doir talablarni, shu jumladan ishtirokchining malakasiga qoʻyilgan talabni tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi toʻgʻrisidagi hujjatlarga (shu jumladan tovarning, ishning yoki xizmatning sifatiga, texnik xususiyatlariga doir talablar, tovarning funksional xususiyatlariga (isteʼmol qilish xususiyatlariga) doir talablar shaklida) kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28-modda. Davlat xaridlarining tili
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot davlat tilida, shuningdek davlat buyurtmachisining ixtiyoriga koʻra boshqa tillarda eʼlon qilinadi va tarqatiladi.
29-modda. Ishtirokchilarga qoʻyiladigan talablar
Ishtirokchilar quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlishi kerak:
shartnomani bajarish uchun zarur texnikaviy, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslarining hamda boshqa resurslarning mavjudligi;
shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa egalik;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha qarzdorlikning mavjud emasligi;
oʻziga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd etilmaganligi.
30-modda. Ishtirokchilarga qoʻshimcha talablar qoʻyiladigan davlat xaridi
Davlat buyurtmachisi zarur boʻlganda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) oʻziga xos xossalaridan yoki xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ishtirokchilarga qoʻshimcha talablar belgilashga haqli.
Ishtirokchilarga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar ushbu Qonunda belgilangan prinsiplarga zid boʻlmasligi kerak.
Ishtirokchilarga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar davlat xaridi toʻgʻrisidagi axborotda u eʼlon qilingan paytda koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Ishtirokchilarga qoʻshimcha talablar qoʻyiladigan davlat xaridida ishtirok etish uchun ishtirokchilar akkreditatsiya tartib-taomilidan oʻtadi.
Ishtirokchilarni akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
31-modda. Birgalikdagi davlat xaridlari
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) birgalikdagi davlat xaridlarini shakllantirish ikki va undan ortiq davlat buyurtmachisining davlat xaridlari boʻyicha rejalariga koʻra amalga oshiriladi.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) birgalikdagi davlat xaridlarini shakllantirish bir davlat dasturida yoki loyihalar portfelida ishtirok etayotgan davlat buyurtmachilarida amalga oshirilishi kerak.
32-modda. Takliflarni taʼminlash
Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning garov, kafolat, zakalat tarzida yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa usulda taʼminlanishi zarurligi toʻgʻrisida talab belgilashga haqli.
(32-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning taʼminlanishi zarurligi tarzidagi talab barcha ishtirokchilarga taalluqli boʻladi va davlat xaridlarining shartlarida koʻrsatiladi.
Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning taʼminlanishi zarurligi tarzida talab belgilagan taqdirda, takliflar yuborilguniga qadar ishtirokchi taʼminotning maqbulligini tasdiqlash toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli. Davlat buyurtmachisi bunday soʻrovga darhol javob beradi.
Davlat buyurtmachisi taklifni taʼminlash summasi toʻlanishini talab qilmaydi va taʼminlash toʻgʻrisidagi hujjatni darhol qaytaradi yoki quyidagi voqealardan biri yuz berganidan keyin uning qaytarilishini taʼminlaydi:
taklifni taʼminlashning amal qilish muddati tugashi;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnomaning kuchga kirishi va ushbu shartnomaning bajarilishi taʼminlanishi, agar bunday taʼminlash davlat xaridi shartlarida talab etilsa;
davlat xaridlarining bekor qilinishi;
takliflarni yuborishning oxirgi muddati tugaguniga qadar taklifning chaqirib olinishi, agar davlat xaridi shartlarida bunday qaytarib olishga yoʻl qoʻyilmasligi aytib oʻtilmagan boʻlsa.
33-modda. Muzokaralar olib borishni taqiqlash
Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisining maxsus axborot portali operatori bilan va maxsus axborot portali operatorining ishtirokchi bilan muzokaralar olib borishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
34-modda. Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari
Davlat buyurtmachisi yoki maxsus axborot portali operatori quyidagi hollarda ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatadi, agar:
ishtirokchi davlat xaridlari jarayonida davlat buyurtmachisi tomonidan biror-bir xatti-harakatning bajarilishiga, qaror qabul qilinishiga yoki biror-bir xarid qilish tartib-taomilining qoʻllanilishiga taʼsir oʻtkazish maqsadida davlat buyurtmachisining yoki boshqa davlat organining istalgan hozirgi yoki sobiq mansabdor shaxsiga yoki xodimiga har qanday shakldagi haqni, ishga yollash toʻgʻrisidagi taklifni yoxud istalgan boshqa qimmatbaho ashyoni yoki xizmatni bevosita yoxud bilvosita taklif qilsa, bersa yoki berishga rozilik bildirsa;
ishtirokchi raqobatlashuvda adolatsiz ustunlikka ega boʻlsa yoki qonunchilikni buzgan holda manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarsa.
(34-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat buyurtmachisining yoki maxsus axborot portali operatorining ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish toʻgʻrisidagi qarori va buning sabablari xarid qilish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi hisobotga kiritiladi hamda ular haqida tegishli ishtirokchiga darhol xabar beriladi.
35-modda. Gʻolib boʻlgan taklifning aksepti hamda aksept uchun asoslar
Davlat buyurtmachisi oʻtkazilgan xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha gʻolib boʻlgan taklifning aksepti toʻgʻrisida bir ish kuni ichida qaror qabul qiladi.
Gʻolib boʻlgan taklifning aksepti quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin, agar:
davlat xaridlari bekor qilinmagan boʻlsa;
gʻolib boʻlgan taklifni yuborgan ishtirokchi chetlatilmagan boʻlsa;
xarid qilish tartib-taomili buzilmagan boʻlsa.
36-modda. Davlat xaridini bekor qilish
Davlat buyurtmachisi gʻolib boʻlgan taklif akseptiga qadar istalgan vaqtda davlat xaridini bekor qilish huquqiga ega. Davlat xaridi bekor qilingan taqdirda davlat buyurtmachisi maxsus axborot portalida mazkur qarorning asoslantirilgan sabablarini eʼlon qiladi.
Davlat buyurtmachisi davlat xaridi bekor qilinganligi uchun javobgar boʻlmaydi, bundan davlat xaridi davlat buyurtmachisining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) oqibatida bekor qilingan hollar mustasno.
37-modda. Maxfiylik
Davlat buyurtmachisining yoki maxsus axborot portali operatorining xodimi oʻzining ijrochilar yoki istalgan shaxs bilan munosabatlarida, agar axborotni oshkor etmaslik davlat xavfsizligi manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʻlsa yoki bunday axborotning oshkor etilishi qonunga zid boʻlsa, qonunchilikka rioya etilishini taʼminlashga toʻsqinlik qilsa, ijrochilarning qonuniy tijorat manfaatlariga zarar yetkazsa yoxud insofli raqobatga toʻsqinlik qilsa, vakolatli organ bu axborotni oshkor etish toʻgʻrisida qaror qabul qilmasa, hech bir axborotni fosh etmaydi. Vakolatli organ bunday axborotni oshkor etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda ushbu qaror shartlariga rioya etiladi.
(37-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ishtirokchi xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etib, taklifda oʻzi koʻrsatgan barcha maʼlumotlarning, takliflarini qabul qilish muddati tugaganidan keyin eʼlon qilinishiga rozilik bildiradi.
38-modda. Odob-axloq qoidalari
Davlat buyurtmachilari va maxsus axborot portali operatori davlat xaridlarini oʻtkazish uchun Odob-axloq qoidalarini qabul qilishi kerak, unda quyidagilar nazarda tutiladi:
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish chora-tadbirlari;
kasbiy tayyorgarlikni tekshirish tartib-taomillari va unga doir talablar.
Davlat buyurtmachilari, maxsus axborot portali operatori xodimlarining, xarid komissiyasi aʼzolarining odob-axloqi qoidalarida kasbga doir va xizmatdan tashqari faoliyatda odob-axloqning yagona prinsiplari va qoidalari, kasbiy tayyorgarlikka doir yagona talablar belgilanadi.
Davlat buyurtmachisining va maxsus axborot portali operatorining masʼul shaxslari, xarid komissiyasi aʼzolari tomonidan ishtirokchilar hamda ijrochilardan moddiy va nomoddiy boyliklarni olish taqiqlanadi.
Odob-axloq qoidalari davlat buyurtmachilarining yoki ularning yuqori turuvchi organlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi lozim.
39-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi
Davlat buyurtmachisining, maxsus axborot portali operatorining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining aʼzolari xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda oʻz ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi boʻlishi mumkin boʻlgan istalgan shaxsiy nafni bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar:
shaxsiy manfaatdor emasligini, shuningdek oʻz oila aʼzolarining manfaatdor emasligini kafolatlashi kerak, aks holda shaxsiy manfaatdorlik hamda boshqa ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida ziddiyat yuzaga keladi yoki kelishi mumkin;
manfaatlarning istalgan potensial, taxmin qilinayotgan yoki mavjud toʻqnashuvi haqidagi axborotning oshkor etilishini kafolatlashi kerak.
Mavjud yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar topgan, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar bu haqda bevosita rahbarga xabar qilib, bir vaqtning oʻzida vakolatli organni xabardor etishi shart. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar uning oldini olish yoki uni bartaraf etish boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart.
40-modda. Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar
Davlat xaridlari jarayonida quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
ishtirokchilarni kamsitishga, boshqa ishtirokchilarga zarar yetkazgan holda bir ishtirokchiga imtiyozlar yoki preferensiyalar berishga;
manfaatlar toʻqnashuviga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari subyektlariga taʼsir oʻtkazishga, davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishga, ularning sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qoʻyilgan talablarni oshirishga, raqobatga yoʻl qoʻymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;
(40-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib koʻrsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga;
ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan axborotni taqdim etish yoki tarqatishga, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab oʻtish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga boʻlib tashlashga;
ishtirokchilarning sunʼiy tarzda pasaytirilgan narxlar boʻyicha takliflar berishiga, keyinchalik shartnomani imzolashni yoki uni tegishli tarzda ijro etishni rad etishiga;
davlat xaridi tarkibiga texnologik va funksional jihatdan oʻzaro bir-biri bilan bogʻliq boʻlmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritishga;
firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiyaning namoyon boʻlishiga;
moliyalashtirish manbalari va hajmlari mavjudligi toʻgʻrisida tasdiqlarga ega boʻlmagan yoki ajratilgan mablagʻlar hajmidan ortiq miqdordagi davlat xaridlarini amalga oshirishga.
41-modda. Davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestri
Maxsus axborot portali operatori maxsus axborot portalidan foydalanish vositasida davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestrini (bundan buyon matnda shartnomalar reyestri deb yuritiladi) yuritadi.
Shartnomalar reyestriga quyidagi hujjatlar va axborot kiritiladi:
davlat buyurtmachisining nomi;
moliyalashtirish manbasi;
ijrochini aniqlash usuli;
xarid qilish tartib-taomilining natijalari sarhisob qilinadigan sana va shartnoma tuzish asoslarini tasdiqlovchi hujjatning rekvizitlari;
shartnoma tuzilgan sana;
tovar (ish, xizmat), shartnoma bahosi va uni ijro etish muddati, tovar (ish, xizmat) birligining narxi, u kelib chiqqan mamlakatning nomi hamda ijro etilgan shartnomaga doir tovarni ishlab chiqaruvchi toʻgʻrisidagi axborot;
ijrochi soliq toʻlovchining nomi, firma nomi (agar mavjud boʻlsa), joylashgan yeri (yuridik shaxs uchun — pochta manzili), familiyasi, ismi, otasining ismi (agar mavjud boʻlsa), yashash joyi (jismoniy shaxs uchun), identifikatsiya raqami yoki chet ellik shaxs uchun tegishli chet davlatning qonunchiligiga muvofiq ijrochi soliq toʻlovchining oʻxshash identifikatsiya raqami, bundan tarixiy, badiiy yoki boshqa madaniy ahamiyatga ega boʻlgan va davlatning muzey, axborot-kutubxona, arxiv fondlarini, kino fondlarini, fotosuratlar fondlarini va shunga oʻxshash fondlarni toʻldirish uchun moʻljallangan madaniy qimmatliklarni, shu jumladan muzey ashyolarini va muzey kolleksiyalarini, shuningdek noyob va qimmatbaho nashrlarni, qoʻlyozmalarni, arxiv hujjatlarini (shu jumladan ularning koʻchirma nusxalarini) yetkazib beradigan jismoniy shaxs toʻgʻrisidagi axborot mustasno;
(41-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
shartnomani oʻzgartirish toʻgʻrisidagi axborot, shartnomaning oʻzgartirilgan shartlari koʻrsatilgan holda;
shartnomani ijro etish toʻgʻrisidagi axborot, shu jumladan shartnoma uchun haq toʻlash, shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni tegishli tarzda bajarmaganlik munosabati bilan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar, penyalar) hisoblanishi toʻgʻrisidagi axborot;
shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi axborot, bekor qilish sabablari va asoslari koʻrsatilgan holda.
Shartnomalar reyestridagi axborot toʻlov undirilmagan holda tanishib chiqish uchun ochiq boʻlishi kerak.
Shartnomalar reyestrini yuritish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Qaysi shartnomalar toʻgʻrisidagi axborot shartnomalar reyestriga kiritilmagan boʻlsa, oʻsha shartnomalar uchun haq toʻlanmaydi.
42-modda. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri vakolatli organ tomonidan shakllantiriladigan roʻyxatdan iborat boʻlib, unga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha belgilangan shartlarda davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda boʻyin tovlagan xarid qilish tartib-taomillari gʻoliblari toʻgʻrisidagi;
majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda belgilangan tartibda aybdor deb topilgan ijrochilar haqidagi, bundan majburiyatlar bartaraf etib boʻlmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan yoki tegishli tarzda bajarilmagan hollar mustasno;
sudning qaroriga koʻra firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar toʻgʻrisidagi.
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan ijrochi uch yil davomida davlat xaridlarida ishtirok eta olmaydi, bu muddat tamom boʻlgach ijrochi Insofsiz ijrochilarning yagona reyestridan chiqarib yuborilgan hisoblanadi.
Ijrochilar Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
5-bob. Elektron doʻkon
43-modda. Elektron doʻkon tushunchasi
Elektron doʻkon maxsus talablar tatbiq etilmaydigan isteʼmol tovarlarining va boshqa tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarini amalga oshirish uchun moʻljallangan maxsus axborot portalidagi maxsus maydonchadir.
Elektron doʻkonda quyidagi davlat xaridlari amalga oshirilishi mumkin:
bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan) oshmaydigan, biroq bir yilda bir davlat buyurtmachisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming besh yuz baravari miqdordagi summadan koʻp boʻlmagan tovarlar;
(43-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
bir davlat buyurtmachisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan oshmaydigan miqdordagi ishlar, xizmatlar.
(43-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
44-modda. Elektron doʻkonning ishlash va undan foydalanish tartibi
Elektron doʻkon ishtirokchilarning takliflaridan shakllantiriladi. Ishtirokchining elektron doʻkonga qoʻyilgan taklifi davlat buyurtmachilariga yuborilgan ommaviy ofertadir.
Ishtirokchi elektron doʻkonga joylashtirilgan oʻz taklifida quyidagilarni koʻrsatadi:
taklif etilayotgan tovarning nomi;
sotish narxi;
tovarning eng koʻp va eng kam toʻpi;
tovarning rusumi va texnik parametrlari (texnik pasport yoki boshqa hujjat asosida);
tovarning fotosurati;
tovar yetkazib beriladigan (ish bajariladigan, xizmat koʻrsatiladigan) hudud;
tovarni ishlab chiqaruvchi va tovar kelib chiqqan mamlakat toʻgʻrisidagi axborot;
kafolat shartlari va muddati toʻgʻrisidagi axborot;
tovar ishlab chiqarilgan yil;
tovarning yaroqlilik muddati;
ishni bajarish, xizmatni koʻrsatish muddati;
zarur boʻlganda, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoki sertifikat mavjudligi toʻgʻrisidagi axborot.
Davlat buyurtmachisi elektron doʻkonda ishtirokchilarning ofertalarini oʻrganish yoʻli bilan oʻzi uchun zarur boʻlgan tovarni (ishni, xizmatni) tanlaydi va tovar (ish, xizmat) tanlangach, narxlar soʻrovi mexanizmidan foydalanadi.
Maxsus axborot portali avtomatik rejimda, narxlar soʻrovi mexanizmini amalga oshirgan holda elektron doʻkonda oʻxshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan barcha ishtirokchilarga xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish toʻgʻrisida takliflar yuborilishini taʼminlaydi.
Ishtirokchilar narxlar soʻrovida ishtirok etish toʻgʻrisidagi taklif maxsus axborot portali tomonidan yuborilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat ichida oʻz takliflarini berishga haqli.
Ishtirokchilarning manziliga yuborilayotgan narxlar soʻrovida ishtirok etish toʻgʻrisidagi taklif davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasiga havolani oʻz ichiga oladi.
Xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish taklifini olgan ishtirokchi davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan oferta narxidan pastroq narx boʻyicha taklif kiritishga haqli.
Ishtirokchilar tomonidan berilgan narx boʻyicha takliflarni taqqoslash maxsus axborot portali tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.
Maxsus axborot portali davlat buyurtmachisi va eng past narxni taklif qilgan ijrochi oʻrtasida tuzilgan bitimni roʻyxatdan oʻtkazadi.
Ishtirokchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan davlat buyurtmachisi yoki ishtirokchilar yakunlar sarhisob qilinguniga qadar foydalana olmaydi. Ijrochining nomi gʻolib aniqlangan paytda maxsus axborot portalida aks ettiriladi.
Maxsus axborot portali shartnomani davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasida bayon etilgan shartlarga muvofiq hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narxda shakllantiradi.
Agar maxsus axborot portalida roʻyxatdan oʻtkazilgan ishtirokchilarning hech biri dastlabki taklifdan pastroq narxni taklif qilmasa, maxsus axborot portali davlat buyurtmachisi va ijrochi oʻrtasidagi bitimni roʻyxatdan oʻtkazadi.
Agar xarid qilish tartib-taomili yakuniga koʻra elektron doʻkonda tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan boʻlsa, davlat buyurtmachisi mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri xaridni amalga oshirishga haqli. Bunda ushbu Qonunning 43-moddasida belgilangan davlat xaridlarining summalarga oid mezonlari amal qiladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xarid natijasida tuzilgan shartnoma u tuzilgan sanadan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay maxsus axborot portaliga joylashtirilishi lozim. Toʻgʻridan-toʻgʻri xarid uchun javobgarlik davlat buyurtmachisining zimmasida boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati”.
6-bob. Boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion
45-modda. Boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion tushunchasi
Boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion (bundan buyon matnda auksion deb yuritiladi) davlat xaridlarining raqobatli usuli boʻlib, uni tashkil etishda narx ishtirokchini tanlashning yagona mezoni boʻladi va bunda mazkur norma tovarlarni belgilangan sifat standartlariga muvofiq holda yetkazib berish talabini bekor qilmaydi.
Tovarni eʼlonda bayon etilgan shartlar asosida eng past narx boʻyicha yetkazib berishni taklif qilgan ishtirokchi auksionning gʻolibi boʻladi.
46-modda. Auksionni oʻtkazish mezonlari
Auksion vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
tovarning standart xususiyatlarga ega boʻlishi;
tovarning texnik, ekspluatatsiya qilinish xususiyatlarini va boshqa xususiyatlarini baholash hamda taqqoslash zaruratining mavjud emasligi;
xizmatlarning, ishlarning davlat xaridi obyekti boʻlmasligi;
tovarning qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan kam boʻlishi. Budjet buyurtmachilari uchun auksiondagi davlat xaridlari bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming besh yuz baravaridan ortiq boʻlmasligi kerak.
(46-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
47-modda. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon
Auksion faqat elektron shaklda oʻtkaziladi.
Auksionda ishtirok etish uchun davlat buyurtmachisi maxsus axborot portaliga eʼlon joylashtiradi.
Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon auksion amalga oshirilishidan kamida oʻn kun avval joylashtirilishi kerak.
Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
davlat buyurtmachisining nomi va manzili;
auksionning birinchi va oxirgi kuni (auksion oʻtkaziladigan davr);
auksion predmetining boshlangʻich narxi;
auksion predmetining xususiyatlari (auksion predmetining tasnifi);
auksion predmetini lotlar boʻyicha boʻlib chiqish va har bir lotning hajmi;
tovarlarni yetkazib berish muddatlari va shartlari;
tovarlar yetkazib beriladigan joy (manzil);
litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning mavjudligi haqida talab (zarur boʻlganda);
tovarning oʻziga xos xususiy parametrlarini ifodalovchi alohida shartlar.
Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonning va davlat buyurtmachisi buyurtmanomasining matniga auksion predmetiga taalluqli boʻlmagan va ishtirokchilar oʻrtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritish taqiqlanadi.
Maxsus axborot portaliga joylashtirilgan auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon avtomatik ravishda buyurtmachining buyurtmanomasi etib oʻzgartiriladi.
48-modda. Auksionni oʻtkazish tartibi
Auksion maxsus axborot portalida boshlangʻich narxni qadam-baqadam pasaytirish yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Auksionni oʻtkazish, kiritilgan taʼminot summasiga muvofiq har bir lot boʻyicha auksiondan foydalanish, auksion gʻoliblarini aniqlash, bitimni roʻyxatdan oʻtkazish va shartnomani shakllantirish maxsus axborot portali tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.
Auksionni oʻtkazish chogʻida ishtirokchilar auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon chop etilgan kundan eʼtiboran va u tamom boʻladigan paytga qadar butun muddat ichida narx boʻyicha takliflarni cheklanmagan miqdorda berishga haqli.
Ishtirokchilarning nomi va ular bilan bogʻlanishga doir maʼlumotlar auksion gʻolibi aniqlanmaguniga qadar maxsus axborot portalida aks ettirilmaydi.
Auksion chogʻida maxsus axborot portali ishtirokchilar tomonidan berilgan takliflar orasidan eng past narx koʻrsatilgan taklifni avtomatik ravishda tanlab oladi, bu narx maxsus axborot portalida aks ettiriladi va auksionning barcha ishtirokchilari — davlat buyurtmachilari va ijrochilar uchun ochiq boʻladi.
Auksion tugaydigan vaqt kelganda maxsus axborot portali auksion oʻtkazilgan vaqt davomida berilgan takliflar orasida eng past narxni taklif qilgan taklifni avtomatik ravishda aniqlab oladi. Eng past narx koʻrsatilgan taklifni bergan ishtirokchi auksion gʻolibi sifatida maxsus axborot portali tomonidan saralab olinadi. Ijrochining nomi maxsus axborot portalida aks ettirilib, ushbu tizim tuzilgan bitimni avtomatik ravishda qayd etadi va davlat buyurtmachisining buyurtmanomasida bayon etilgan shartlarga muvofiq shartnomani shakllantiradi.
Agar auksionda bir nafar ishtirokchi ishtirok etgan boʻlsa yoki hech kim ishtirok etmagan boʻlsa, auksion oʻtkazilmagan deb hisoblanadi va gʻolib aniqlanmaydi, davlat buyurtmachisi auksionni besh kunga uzaytiradi. Auksionni uzaytirish avvalgi auksion tamom boʻlgan paytdan eʼtiboran uch kun ichida davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday holda, agar xarid qilish tartib-taomili yakunlariga koʻra auksion oʻtkazilmagan deb topilgan boʻlsa, davlat buyurtmachisi auksionni uzaytirmay, ushbu Qonunning 52 — 57-moddalarida nazarda tutilgan tartib-taomil boʻyicha tanlovni quyidagi xususiyatlarni inobatga olgan holda oʻtkazishga haqli:
ushbu Qonunning 46-moddasida belgilangan davlat xaridlarining summalariga oid mezonlar amal qiladi;
tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon ishtirokchilarning takliflari qabul qilinadigan muddatning tamom boʻlish sanasidan kamida oʻn kun oldin davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladi;
davlat xaridini amalga oshirish uchun kamida besh kishidan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi.
7-bob. Tanlov
49-modda. Tanlov tushunchasi
Tanlov deganda shartnomani bajarish boʻyicha eng yaxshi shartlarni taklif qilgan ishtirokchi gʻolib deb topiladigan xarid qilish tartib-taomilini amalga oshirishning turi tushuniladi.
Davlat xaridi toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonni va tanlov hujjatlarini joylashtirish orqali cheklanmagan doiradagi shaxslarga maʼlum qilinadi.
50-modda. Tanlov oʻtkazish mezonlari
Tanlov vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
tovarning (ishning, xizmatning) batafsil va aniq taʼrifini taʼriflash imkoniyati mavjud;
gʻolibni aniqlash mezonlari tovar (ish, xizmat) davlat xaridining nafaqat pul ifodasiga, balki miqdoriy va sifat bahosiga ham ega boʻladi;
tovar qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan yigirma besh ming baravarigacha boʻlgan miqdorni tashkil etadi;
(50-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
xizmatlarning, ishlarning qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan yigirma besh ming baravarigacha boʻlgan miqdorni tashkil etadi.
(50-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Budjet buyurtmachilari uchun tanlovdagi davlat xaridlari:
tovarning qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming besh yuz baravaridan olti ming baravarigacha boʻlgan miqdorni tashkil etishi kerak;
(50-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
ishlarning, xizmatlarning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan olti ming baravarigacha boʻlgan miqdorni tashkil etishi kerak.
(50-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Agar investitsiya loyihalari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari bilan davlat buyurtmachilariga tenderni oʻtkazmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish huquqi berilgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomili davlat xaridining summasidan qatʼi nazar tanlov oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
51-modda. Tanlov oʻtkazishda xarid komissiyasi
Davlat xaridini tanlov oʻtkazish orqali amalga oshirish uchun kamida besh nafar aʼzodan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi.
Shartnomani bajarish boʻyicha eng yaxshi shartlar tanlov ishtirokchilarining takliflarini baholash boʻyicha eʼlon qilingan mezonlar asosida xarid komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
52-modda. Tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon
Tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon tanlov ishtirokchilarining takliflarini qabul qilish muddati tugashidan kamida oʻttiz kun avval davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.
Tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tovarning (ishning, xizmatning) batafsil tavsifi va narxi;
tanlov oʻtkaziladigan joy manzili;
tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar;
davlat buyurtmachisining ishtirokchilar bilan aloqada boʻlish uchun bogʻlovchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir nechta mansabdor shaxsining yoki boshqa xodimlarining nomi, lavozimi va manzili;
tanlov hujjatlari qoidalarini izohlash uchun soʻrov berish shakli;
takliflarni berish muddati tugaydigan sana va vaqt;
tanlov takliflarini rasmiylashtirishga doir talablar.
Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa axborot ham boʻlishi mumkin.
(52-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
53-modda. Tanlov hujjatlari
Tanlov hujjatlari davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon bilan bir vaqtda joylashtiriladi.
Tanlov hujjatlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan axborot;
shartnoma bahosini va ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta hamda toʻlov tartibi haqidagi axborot;
tanlovda ishtirok etish uchun taklif qaysi tilda tayyorlanishi kerakligi boʻyicha talab;
tanlov ishtirokchilariga tanlov hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
agar tovarning (ishning, xizmatning) muqobil variantlariga yoʻl qoʻyilsa, lotni almashtirish boʻyicha muqobil takliflarni baholash tartibining tavsifi;
texnik topshiriq;
ushbu Qonunga muvofiq ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari va koʻrib chiqish tartibi.
Tanlov hujjatlarida davlat buyurtmachisi har bir tovar (ish, xizmat) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida koʻrib chiqilishini eʼlon qilishi mumkin. Bunday holda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilining turli obyektlari tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) yetkazib berish uchun tanlovning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir obyekt uchun faqat bitta gʻolib aniqlanishi mumkin. Har bir tovar (ish, xizmat) uchun gʻolib xarid qilish tartib-taomili shartlariga koʻra alohida-alohida aniqlanadi.
Tanlov hujjatlariga ularning ajralmas qismi boʻlgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
Davlat buyurtmachisi tanlov hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida tanlovda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin qaror qabul qilishga haqli. Tovarni (ishni, xizmatni) oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda ushbu tanlovda takliflar berish tugaydigan muddat tanlov hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilgan sanadan eʼtiboran kamida oʻn kunga uzaytirilishi kerak. Shu bilan bir vaqtda, agar eʼlonda koʻrsatilgan axborot oʻzgartirilgan boʻlsa, tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonga oʻzgartishlar kiritiladi.
Tanlov ishtirokchisi tanlov hujjatlari qoidalarini tanlov oʻtkazish uchun eʼlonda belgilangan shaklda tushuntirish talabi bilan davlat buyurtmachisiga soʻrov yuborishga haqli. Soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki ish kuni ichida davlat buyurtmachisi, agar mazkur soʻrov davlat buyurtmachisiga takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki kun oldin kelib tushgan boʻlsa, ushbu soʻrovga belgilangan shaklda javob yuborishi shart. Tanlov hujjatlarining qoidalariga doir tushuntirishlar ularning mazmun-mohiyatini oʻzgartirmasligi kerak.
Tanlov hujjatlarida davlat buyurtmachisi tanlov ishtirokchilarining takliflarida barcha tovarlar (ishlar, xizmatlar) (lotlar) boʻyicha taklif boʻlishi kerakligini belgilab qoʻyishi mumkin. Bunday holda faqat bitta ijrochi tanlov gʻolibi boʻlishi mumkin, agar taklifda tanlovning barcha lotlari boʻyicha axborot boʻlmasa, taklif tegishli emas deb topiladi.
Tovarning (ishning, xizmatning) qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan oshgan hollarda tanlov boʻyicha texnik topshiriq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi bilan kelishib olinishi lozim.
(53-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
54-modda. Tanlov ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi
Maxsus axborot portalida eʼlon qilingan tanlov ishtirokchilarining takliflari eʼlonda belgilangan tartibda tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan manzil boʻyicha muhrlangan konvertlarda taqdim etiladi.
Taklifda davlat xaridi obyekti boʻlgan tovarning eskizi, rasmi, chizmasi, fotosurati va boshqa tasviri, nusxasi, namunasi boʻlishi mumkin.
Tanlov ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
Tanlov ishtirokchisi faqat bitta taklif berishga haqli.
Tanlovga takliflarni qabul qilish maxsus axborot portalida chop etilgan eʼlonda koʻrsatilgan muddat kelishi bilan tugatiladi.
Agar takliflar berish muddati tugagan paytda xarid komissiyasi tomonidan tanlov ishtirokchilaridan tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan talablarga mos keladigan kamida ikkita taklif olingan boʻlsa, tanlov oʻtkazilgan deb topiladi.
Tanlovda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki bironta ishtirokchi ishtirok etmagan taqdirda tanlov oʻtkazilmagan deb topiladi. Bunday holatda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilini ayni oʻsha shartlarda hamda tovarga (ishga, xizmatga) doir ayni oʻsha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart. Tovarga (ishga, xizmatga) nisbatan baholash shartlari, mezonlari va talablarni oʻzgartirish zarurati paydo boʻlganda xarid komissiyasi asoslarni keltirgan holda tegishli qarorni qabul qiladi.
Tanlov ishtirokchisi bunday takliflarni berish muddati tugaguniga qadar berilgan taklifni qaytarib olishga yoki unga oʻzgartishlar kiritishga haqli.
55-modda. Tanlov ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash
Tanlov ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddati takliflar berish tugagan paytdan eʼtiboran oʻn kundan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Agar taklif ushbu Qonunning va tanlov hujjatlarining talablariga muvofiq boʻlsa, u tegishli tarzda rasmiylashtirilgan deb topiladi.
Agar taklifni kiritgan tanlov ishtirokchisi ushbu Qonunda belgilangan talablarga mos kelmasa yoxud tanlov ishtirokchisining taklifi tanlov hujjatlari talablariga mos kelmasa, xarid komissiyasi taklifni rad etadi.
Tanlov ishtirokchisi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi axborot ishonchsiz ekanligi aniqlangan taqdirda, xarid komissiyasi bunday ishtirokchini xarid qilish tartib-taomilining istalgan bosqichida tanlovda ishtirok etishdan chetlatishga haqli.
Tanlov gʻolibini tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan mezonlar asosida aniqlash uchun xarid komissiyasi rad etilmagan takliflarni baholashni amalga oshiradi.
Eʼlonda tanlovni oʻtkazish vaqti sifatida koʻrsatilgan vaqtda xarid komissiyasi tanlov ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar solingan konvertlarni takliflarni baholash uchun ochadi. Tanlov ishtirokchisining vakolatli vakili konvertlarni ochish tartib-taomili chogʻida hozir boʻlishga haqli.
Tanlov hujjatlarida va taklifda koʻrsatilgan mezonlar asosida shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlarini taklif qilgan tanlov ishtirokchisi gʻolib deb topiladi.
Agar tanlov hujjatlarida tanlovning har bir tovari (ishi, xizmati) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan boʻlsa, xarid komissiyasi gʻolibni tanlovning har bir predmeti boʻyicha aniqlaydi.
Takliflarni koʻrib chiqish hamda baholash natijalari takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasida qayd etiladi.
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasida quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tanlov takliflari koʻrib chiqiladigan hamda baholanadigan sana va vaqt toʻgʻrisidagi;
hozir boʻlgan xarid komissiyasi aʼzolarining va tanlov ishtirokchilari vakolatli vakillarining tarkibi haqidagi;
takliflari koʻrib chiqilgan tanlov ishtirokchilari toʻgʻrisidagi;
takliflari ularni rad etishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda rad etilgan tanlov ishtirokchilari haqidagi;
tanlov gʻolibi toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqidagi;
tanlov gʻolibining nomi (yuridik shaxslar uchun), familiyasi, ismi, otasining ismi (jismoniy shaxslar uchun), turgan joyi (pochta manzili).
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasi xarid komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda undan olingan koʻchirma u imzolangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portalida eʼlon qilinadi.
Tanlovning istalgan ishtirokchisi takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasi eʼlon qilinganidan soʻng davlat buyurtmachisiga tanlov natijalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli. Davlat buyurtmachisi bunday soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida tanlov ishtirokchisiga tegishli tushuntirishlarni taqdim etishi shart.
Davlat buyurtmachisi berilgan takliflarni qabul qilish tugaydigan paytga qadar ularni muhokama qilishga haqli emas.
56-modda. Tender oʻrnida tanlov oʻtkazish xususiyatlari
Ushbu Qonun 50-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tanlov quyidagi xususiyatlar hisobga olingan holda oʻtkaziladi:
tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon ishtirokchilardan takliflar qabul qilinadigan muddat tugaydigan sanadan kamida oʻn kun oldin davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladi;
davlat xaridini amalga oshirish uchun ushbu Qonunning 60-moddasida nazarda tutilgan tartibda xarid komissiyasi tuziladi.
57-modda. Tanlov natijalari boʻyicha shartnoma tuzish
Tanlov natijalari boʻyicha shartnoma tanlov hujjatlarida va oʻzi bilan shartnoma tuzilayotgan tanlov ishtirokchisi tomonidan berilgan taklifda koʻrsatilgan shartlar asosida tuziladi.
8-bob. Tender
58-modda. Tender tushunchasi
Tender deganda davlat xaridini ikki bosqichda amalga oshirishning raqobatli tartib-taomili orqali ijrochini aniqlash usuli tushuniladi. Bunda shartnomani bajarish boʻyicha eng yaxshi shartlarni taklif qilgan tender ishtirokchisi ushbu tartib-taomil natijalari boʻyicha gʻolib deb topiladi.
Davlat xaridi haqidagi axborotni davlat buyurtmachisi tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonni va tender hujjatlarini maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali shaxslarning cheklanmagan doirasiga maʼlum qiladi.
Shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlari tender ishtirokchilarining takliflarini baholash boʻyicha eʼlon qilingan mezonlar asosida xarid komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
59-modda. Tender oʻtkazish mezonlari
Tender vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
gʻolibni aniqlash mezonlari tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) nafaqat pul bilan baholanishini, balki miqdoriy va sifat jihatidan baholanishini ham oʻz ichiga oladi;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravaridan ortiq miqdorni tashkil etadi.
(59-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Budjet buyurtmachilari uchun tenderdagi davlat xaridlari bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan ortiq summani tashkil etishi kerak.
(59-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
60-modda. Tenderni oʻtkazishda xarid komissiyasi
Shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlari tender ishtirokchilarining takliflarini baholash boʻyicha eʼlon qilingan mezonlar asosida xarid komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
Davlat xaridini tender oʻtkazish orqali amalga oshirish uchun kamida yetti nafar aʼzodan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi, komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzinjiniring” respublika loyihalashtirish institutining vakillari kiritilishi shart.
61-modda. Tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon
Tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon tender ishtirokchilaridan takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida oʻttiz kun oldin va koʻpi bilan qirq besh kun oldin maxsus axborot portaliga davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi.
Tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tovarning (ishning, xizmatning) batafsil tavsifi va narxi;
tender oʻtkaziladigan joy manzili;
tender ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar;
davlat buyurtmachisining ishtirokchilar bilan aloqada boʻlish uchun bogʻlovchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir nechta mansabdor shaxsining yoki boshqa xodimlarining nomi, lavozimi va manzili;
tender hujjatlari qoidalarini tushuntirish uchun soʻrov berish shakli;
takliflar berish muddati tugaydigan sana va vaqt;
tender takliflarini rasmiylashtirishga doir talablar.
Tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa axborot ham boʻlishi mumkin.
(61-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
62-modda. Tender hujjatlari
Tender hujjatlari maxsus axborot portaliga tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon bilan bir vaqtda davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi.
Tender hujjatlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan axborot;
shartnoma bahosini va ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta hamda toʻlov tartibi haqidagi axborot;
tenderda ishtirok etish uchun taklif qaysi tilda taqdim etilishi kerakligi boʻyicha talab;
tender ishtirokchisi taklifining texnik va narxga oid qismi, ularni baholash tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
tender ishtirokchilariga tender hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
texnik topshiriq;
ushbu Qonunga muvofiq tender ishtirokchilarining takliflarini baholash mezonlari va koʻrib chiqish tartibi.
Tender hujjatlarida davlat buyurtmachisi har bir tovar (ish, xizmat) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida koʻrib chiqilishini eʼlon qilishi mumkin. Bunday holda davlat buyurtmachisi turli tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun tenderning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir tovar (ish, xizmat) uchun faqat bitta gʻolib aniqlanishi mumkin. Har bir tovar (ish, xizmat) uchun gʻolib xarid qilish tartib-taomili shartlariga koʻra alohida-alohida aniqlanadi.
Tender hujjatlariga uning ajralmas qismi boʻlgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
Davlat buyurtmachisi tenderda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin tender hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli. Tovarni (ishni, xizmatni) oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda ushbu tenderda takliflar berish tugaydigan muddat tender hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilgan sanadan eʼtiboran kamida oʻn kunga uzaytirilishi kerak. Shu bilan bir vaqtda, agar eʼlonda koʻrsatilgan axborot oʻzgartirilgan boʻlsa, tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonga oʻzgartishlar kiritiladi.
Tender ishtirokchisi tender oʻtkazish uchun eʼlonda belgilangan shaklda davlat buyurtmachisiga tender hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlar berish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli. Mazkur soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki ish kuni ichida davlat buyurtmachisi, agar mazkur soʻrov davlat buyurtmachisiga takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki kun oldin kelib tushgan boʻlsa, tender hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni belgilangan shaklda yuborishi shart. Tender hujjatlarining qoidalariga doir tushuntirishlar ularning mazmun-mohiyatini oʻzgartirmasligi kerak.
Tender hujjatlarida davlat buyurtmachisi tender ishtirokchilarining takliflarida xarid qilish tartib-taomillarining barcha obyektlari boʻyicha taklif boʻlishi kerakligini nazarda tutishi mumkin. Bunday holda faqat bitta ijrochi tender gʻolibi boʻlishi mumkin, agar taklifda tenderning barcha tovarlari (ishlari, xizmatlari) boʻyicha axborot boʻlmasa, taklif tegishli emas deb topiladi.
Tender hujjatlarining ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
63-modda. Tender ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi
Maxsus axborot portalida eʼlon qilingan tender ishtirokchilarining takliflari eʼlonda belgilangan tartibda, tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan manzil boʻyicha muhrlangan konvertlarda taqdim etiladi.
Taklifda davlat xaridi obyekti boʻlgan tovarning eskizi, rasmi, chizmasi, fotosurati va boshqa tasviri, nusxasi, namunasi boʻlishi mumkin.
Tender ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
Tender ishtirokchisi faqat bitta taklif berishga haqli.
Tenderga takliflarni qabul qilish maxsus axborot portalida chop etilgan eʼlonda koʻrsatilgan muddat kelishi bilan tugatiladi.
Agar takliflar berish muddati tugagan vaqtda xarid komissiyasi tender ishtirokchilaridan tender hujjatlarida koʻrsatilgan talablarga mos keladigan kamida ikkita taklif olgan boʻlsa, tender oʻtkazilgan deb topiladi.
Tenderda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki bironta ishtirokchi ishtirok etmagan taqdirda tender oʻtkazilmagan deb topiladi. Bunday holatda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilini ayni oʻsha shartlarda hamda tovarga (ishga, xizmatga) doir ayni oʻsha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart. Tovarga (ishga, xizmatga) nisbatan baholash shartlari, mezonlari va talablarni oʻzgartirish zarurati paydo boʻlganda xarid komissiyasi asoslarni keltirgan holda tegishli qarorni qabul qiladi.
Tender ishtirokchisi bunday takliflarni berish muddati tugaguniga qadar berilgan taklifni qaytarib olishga yoki unga oʻzgartishlar kiritishga haqli.
64-modda. Tender ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash
Tender ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddati takliflar berish tugagan paytdan eʼtiboran oltmish kundan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Agar taklif ushbu Qonunning va tender hujjatlarining talablariga muvofiq kelsa, u tegishli tarzda rasmiylashtirilgan deb topiladi.
Agar taklifni kiritgan tender ishtirokchisi ushbu Qonunda belgilangan talablarga mos kelmasa yoki tender ishtirokchisining taklifi tanlov hujjatlari talablariga mos kelmasa, xarid komissiyasi taklifni rad etadi.
Tender ishtirokchisi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi axborotning ishonchsiz ekanligi aniqlangan taqdirda, xarid komissiyasi bunday ishtirokchini xarid qilish tartib-taomilining istalgan bosqichida tenderda ishtirok etishdan chetlatishga haqli.
Tender hujjatlarida koʻrsatilgan mezonlar asosida tender gʻolibini aniqlash uchun xarid komissiyasi rad etilmagan takliflarni baholashni amalga oshiradi.
Eʼlonda tenderni oʻtkazish vaqti sifatida koʻrsatilgan vaqtda xarid komissiyasi tender ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar solingan konvertlarni takliflarni baholash uchun navbatma-navbat ochadi.
Birinchi bosqichda tender ishtirokchisi taklifining texnik qismi baholanadi. Xarid komissiyasining tender taklifining texnik qismini baholash boʻyicha qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bayonnomada tenderning birinchi bosqichi gʻoliblari aniqlanadi. Tender ishtirokchisining vakolatli vakili takliflar solingan konvertlarni ochish tartib-taomilida hozir boʻlishga haqli.
Tenderning birinchi bosqichi gʻoliblari tenderning ikkinchi bosqichiga qoʻyiladi.
Tenderning ikkinchi bosqichida taklifning narxga oid qismi ochiladi va baholanadi. Xarid komissiyasining tender taklifining narxga oid qismini baholash boʻyicha qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bayonnomada tenderning ikkinchi bosqichi gʻolibi aniqlanadi. Tender ishtirokchisining vakolatli vakili takliflar solingan konvertlarni ochish tartib-taomilida ishtirok etishga haqli.
Agar takliflarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xarid komissiyasi barcha takliflarni rad etgan boʻlsa yoki faqat bitta taklif tender hujjatlari talablariga muvofiq kelsa, tender oʻtkazilmagan deb topiladi.
Tender hujjatlarida va taklifda koʻrsatilgan mezonlar asosida shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlarini taklif qilgan tender ishtirokchisi gʻolib deb topiladi.
Agar tender hujjatlarida tenderning har bir tovari (ishi, xizmati) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan boʻlsa, xarid komissiyasi gʻolibni tenderning har bir predmeti boʻyicha aniqlaydi.
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash natijalari takliflarni koʻrib chiqish hamda baholash bayonnomasida qayd etiladi.
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasida quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tender takliflari koʻrib chiqiladigan hamda baholanadigan sana va vaqt toʻgʻrisidagi;
hozir boʻlgan xarid komissiyasi aʼzolarining va tender ishtirokchilari vakolatli vakillarining tarkibi haqidagi;
takliflari koʻrib chiqilgan tender ishtirokchilari toʻgʻrisidagi;
takliflari ularni rad etishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda rad etilgan tender ishtirokchilari haqidagi;
tender gʻolibi toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqidagi;
tender gʻolibining nomi (yuridik shaxs uchun), familiyasi, ismi, otasining ismi (jismoniy shaxs uchun), turgan joyi (pochta manzili).
Takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasi xarid komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda undan olingan koʻchirma u imzolangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portalida eʼlon qilinadi.
Tenderning istalgan ishtirokchisi takliflarni koʻrib chiqish va baholash bayonnomasi eʼlon qilinganidan soʻng davlat buyurtmachisiga tender natijalari boʻyicha tushuntirishlarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli. Davlat buyurtmachisi bunday soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida tender ishtirokchisiga tegishli tushuntirishlarni taqdim etishi shart.
Davlat buyurtmachisi berilgan takliflarni qabul qilish tugaydigan paytga qadar ularni muhokama qilishga haqli emas.
65-modda. Tender natijalari boʻyicha shartnoma tuzish
Tender natijalari boʻyicha shartnoma tender hujjatlarida va shartnoma tuzilayotgan tender ishtirokchisi tomonidan berilgan taklifda koʻrsatilgan shartlar asosida tuziladi.
9-bob. Yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari
66-modda. Yagona yetkazib beruvchi tushunchasi
Tabiiy monopoliya subyekti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining alohida farmonlarida, qarorlarida va farmoyishlarida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan subyektlar, shuningdek davlat tomonidan xarid qilinayotgan, bozorda muqobillari mavjud boʻlmagan noyob tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi yagona yetkazib beruvchidir.
67-modda. Yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridi
Yagona yetkazib beruvchidan tovar (ish, xizmat) olish zarur boʻlgan taqdirda, u va davlat buyurtmachisi oʻrtasida maxsus axborot portalida roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuziladi.
Yagona yetkazib beruvchi bilan davlat xaridlari quyidagi alohida hollarda amalga oshiriladi:
bozorda muqobillari boʻlmagan va faqat yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish mumkin boʻlgan texnik jihatdan murakkab tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
madaniy qimmatliklarni olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosidagi davlat xaridlari;
tabiiy monopoliya subyekti tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) davlat xaridi;
oʻz vakolatlariga muvofiq faqat davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari yoki ularning tasarrufidagi davlat muassasalari va tashkilotlari tomonidan bajarilishi mumkin boʻlgan ishlarga yoki koʻrsatilishi mumkin boʻlgan xizmatlarga ehtiyoj paydo boʻlishi;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan tariflar boʻyicha davlat xaridi.
Vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda yagona yetkazib beruvchi bilan davlat xaridlarini amalga oshirishning boshqa hollari ham belgilanishi mumkin.
68-modda. Yagona yetkazib beruvchilar reyestri
Yagona yetkazib beruvchilar reyestri vakolatli organ bilan kelishilgan holda maxsus axborot portali operatori tomonidan yuritiladigan axborot resursidir.
Yagona yetkazib beruvchilar reyestri yagona yetkazib beruvchi bilan davlat xaridini amalga oshirish uchun ruxsat etilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatidan va yagona yetkazib beruvchilar roʻyxatidan iborat boʻladi.
10-bob. Xarid qilish tartib-taomillarini monitoring va nazorat qilish
69-modda. Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat
Davlat xaridlari sohasidagi monitoring davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini, davlat xaridlarining ushbu Qonunda belgilangan maqsadlari, prinsiplari va cheklovlari amalga oshirilishini davlat xaridlarining oʻtkazilishi haqidagi axborotni toʻplash, umumlashtirish, tizimlashtirish va baholash vositasida doimiy asosda amalga oshiriladigan kuzatish tizimidan iborat boʻladi.
Davlat xaridlari sohasidagi nazorat mazkur sohada qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidan iborat boʻladi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda statistik va boshqa axborotni taqqoslash va tahlil qilish orqali amalga oshiriladigan tekshiruvlar davlat organlarining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi ustidan nazorat qilishning asosiy shaklidir.
Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish chogʻida qonunchilikda nazarda tutilmagan tekshiruvlar oʻtkazilishiga va hisobot berish shakllarini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi
(69-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
70-modda. Xarid qilish tartib-taomillarining davlat nazorati
Ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini quyidagilar oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi.
Ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatli davlat organlari ham oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
(70-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
71-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati
Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati, davlat xaridlarini rivojlantirish va takomillashtirishga koʻmaklashish, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilishlarining oldini olish va ularni aniqlash hamda davlat buyurtmachilarini, vakolatli davlat organlarini aniqlangan qoidabuzarliklar haqida xabardor qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini roʻyobga chiqarish vositasida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli.
Jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlashga;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish va shartnomalarni bajarishning borishi toʻgʻrisida axborot taqdim etish haqidagi soʻrovlarni davlat buyurtmachilariga yuborishga;
xarid qilish tartib-taomillari yuzasidan mustaqil monitoringni va davlat xaridlari samaradorligini baholashni, shu jumladan ularning ushbu Qonun talablariga muvofiqligini baholashni amalga oshirishga;
tekshiruv tadbirlarini oʻtkazish tashabbusi bilan davlat organlariga murojaat qilishga;
davlat buyurtmachisi, vakolatli organ, xarid komissiyalari va ularning aʼzolari harakatlarida (harakatsizligida) qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga;
qonunchilikka muvofiq sudga murojaat qilishga haqli.
Jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(71-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 12-apreldagi 474-son “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
72-modda. Loyihaga doir faoliyat boʻyicha davlat xaridlarining samaradorligi va natijadorligi tahlili
Loyihaga doir faoliyat boʻyicha amalga oshirilgan davlat xaridlari samaradorligi va natijadorligi tahlili vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladi.
Oʻtkazilgan tahlil natijalari bilan davlat buyurtmachisining rahbari yoki loyihani boshqarish boʻyicha davlat buyurtmachisi tomonidan tayinlangan vakil imzo qoʻygan holda tanishib chiqadi.
Davlat xaridlari samaradorligi va natijadorligi yuzasidan loyihadan keyingi monitoring loyiha boʻyicha davlat xaridi tugallanganidan keyin uch yil ichida vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
11-bob. Shikoyatlarni koʻrib chiqish
73-modda. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya
Maxsus axborot portali operatori tomonidan shikoyatlarni adolatli, tezkor va samarali koʻrib chiqish maqsadida doimiy ravishda faoliyat koʻrsatadigan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tuzilib, uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolatli organ bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Har bir ishtirokchi, shuningdek nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar davlat buyurtmachisining, vakolatli organning, xarid komissiyasining, uning aʼzolarining, maxsus axborot portali operatorining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar bunday harakatlar (harakatsizlik) ishtirokchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan boʻlsa, sud tartibida yoki ushbu bobda belgilangan tartibda Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga shikoyat qilish huquqiga ega.
74-modda. Shikoyatlarni berish va koʻrib chiqish tartibi
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya shikoyatni qabul qilib olganda shikoyat kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida u haqda davlat buyurtmachisini xabardor qiladi hamda xarid qilish tartib-taomilini oʻn kungacha boʻlgan umumiy muddatga toʻxtatib turadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya shikoyatni davlat buyurtmachisi va ishtirokchining ishtirokida koʻrib chiqadi. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya shikoyat olinganidan keyin yetti ish kuni ichida qaror chiqarishi va axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirishi kerak.
Qabul qilingan qarorda oshkor etilishi ishtirokchining (ijrochining) tijorat manfaati buzilishiga olib keladigan yoki insofli raqobatga xavf soladigan axborot boʻlmasligi kerak, bundan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya ushbu axborotni eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror chiqargan hollar mustasno.
Ishtirokchining shikoyati asosli deb topilgan taqdirda, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya quyidagi choralarni koʻradi:
davlat buyurtmachisining qonunga xilof harakatlariga, qarorlariga yoki u tomonidan qonunga xilof tartib-taomillar bajarilishiga doir taqiq belgilaydi;
davlat buyurtmachisining qonunga xilof qarorlarini, shu jumladan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi hujjatlar shartlarini buzadigan qarorlarini qisman yoki toʻliq bekor qiladi;
xarid qilish tartib-taomillarini tugatish haqida qaror chiqaradi;
ijrochini Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya shartnoma tuzilganidan keyin shartnomaning davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun shikoyatlarni koʻrib chiqishi mumkin. Bunday holda Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya uning ijro etilishini yetti ish kunigacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turadi.
(74-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning qarorlari davlat xaridlarining barcha subyektlari tomonidan ijro etilishi shart.
Ijrochi Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 1-maydagi 180-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
75-modda. Nizolarni hal etish
Davlat xaridlari sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(75-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
76-modda. Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(76-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
77-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
78-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(78-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
79-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-aprel,
OʻRQ-472-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2018-y., 03/18/472/1050-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )