Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida
Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-yanvardagi 24-son qaroriga muvofiq, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalari rahbarlariga ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abduraxmonov va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-mart,
195-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 195-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida
Namunaviy nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-yanvardagi 24-son qaroriga muvofiq xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish, boshqarish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalarida (keyingi oʻrinlarda xoʻjalik yurituvchi subyekt deb ataladi) ilmiy amaliy tadqiqotlarni, innovatsion ishlanmalarni, tajriba-konstruktorlik ishlanmalarni moliyalashtirish va ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil etiladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
3. Jamgʻarma xoʻjalik yurituvchi subyektning innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarini jamgʻarib boradi.
4. Qoʻyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
xoʻjalik yurituvchi subyekt sof foydasidan 10 foiz miqdoridagi ajratmalar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Mazkur Namunaviy nizomning 4-bandida koʻrsatilgan Jamgʻarma mablagʻlari xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan unga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklaridan birida ochiladigan maxsus hisob raqamida jamlanadi.
3-bob. Jamgʻarmani boshqarish va Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish
6. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish uchun taqdim etilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va tajriba-konstruktorlik ishlari loyihalari (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) xoʻjalik yurituvchi subyektning Ilmiy-texnik kengashi (keyingi oʻrinlarda Ilmiy-texnik kengash deb ataladi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
7. Ilmiy-texnik kengashga koʻrib chiqish uchun loyihalar xoʻjalik yurituvchi subyektning innovatsiyalarga buyurtmalar portfelini shakllantirish va yaratilgan texnologiyalarning tajriba-sanoat sinovini oʻtkazish ishlarini muvofiqlashtirish, mahsulotning tajriba partiyalarini ishlab chiqarish va seriyalab ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni tashkil qilishga masʼul boʻlimi tomonidan kiritiladi.
8. Ilmiy-texnik kengash Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan loyihalarning ilmiy-texnik ekspertizasini oʻtkazadi va quyidagilar boʻyicha qaror qabul qiladi:
loyihani Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga qabul qilish yoki loyihani moliyalashtirishni rad etish;
loyihani qayta ishlashga yoki qoʻshimcha ekspertizaga yuborish.
Zarur hollarda tegishli sohada yetarli darajadagi bilim va malakaga ega boʻlgan olim va mutaxassislar ekspert sifatida jalb etiladi.
Muhokamada ishtirok etish uchun loyiha rahbari va ijrochilari taklif etilishi mumkin.
Ilmiy-texnik kengash qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va uning raisi imzosi bilan bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi.
9. Jamgʻarma mablagʻlari Ilmiy-texnik kengashning ijobiy xulosasi olingandan soʻng, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari qarori asosida Jamgʻarmaning tasdiqlangan daromadlari va xarajatlari smetasi doirasida maxsus hisob raqamidan sarflanadi.
10. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari tomonidan amalga oshiriladi, uning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasini tasdiqlash;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishini nazorat qilish;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
11. Xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari:
a) Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanishni tashkil etadi va uni tashkil etish maqsadlariga erishish uchun masʼuldir;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish choralarini koʻradi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining ijro etilishi boʻyicha hisob va hisobotlarning yuritilishini, shuningdek, ularning ishonchliligini taʼminlaydi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda har yili quyidagilarni shakllantiradi:
ilmiy-texnik, innovatsion loyihalar va ishlab chiqilgan texnologiyalarning tajriba-sanoat sinovlarini oʻtkazish ishlarini, mahsulotning tajriba partiyalarini ishlab chiqarishni va seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish uchun buyurtmalar portfeli;
mos yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish boʻyicha tuzilgan shartnomalar roʻyxati;
moddiy-texnik, ilmiy-laboratoriya bazasini mustahkamlash, tajriba tadqiqotlarini oʻtkazish, ilmiy ishlanmalarni joriy etish, ilmiy-texnik kadrlarni moddiy ragʻbatlantirish hamda ularning malakasini oshirishni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun mos yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining roʻyxati.
v) ajratilgan mablagʻlardan foydalanish va kelgusi hisobot davrida kutilayotgan xarajatlar toʻgʻrisida xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariga har chorakda maʼlumot kiritadi.
12. Ilmiy-texnik, innovatsion loyihalar uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish va ishlab chiqilgan texnologiyalar boʻyicha tajriba-sanoat sinovlarini oʻtkazish, mahsulotning sinov partiyalarini chiqarishni va seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun shartnomalar roʻyxatini shakllantirish meʼyorlari quyidagilar hisoblanadi:
loyihalarning xoʻjalik yurituvchi subyekt ehtiyojlariga muvofiqligi;
iqtisodiy va ekologik samaradorlik;
mehnat sarfi va resurslarni maqbullashtirish;
mahsulotning energiya samaradorligi va raqobatbardoshligi;
ilmiy hajmdorlik, import oʻrnini qoplash va eksportga yoʻnaltirilganlik;
mahalliy xomashyo asosida texnologiyalarni ishlab chiqish.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
13. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
yangi texnika va texnologiyalarni ishlab chiqish, zarur tajriba-sanoat sinovlarini oʻtkazish, mahsulotlarning tajriba partiyalarini ishlab chiqarish va seriyalab ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish;
mos yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish boʻyicha tuzilgan shartnomalarni moliyalashtirish;
mos yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik va ilmiy-laboratoriya bazasini mustahkamlash, ularni eskperimental tadqiqotlar oʻtkazish, ilmiy ishlanmalarni joriy etish, ilmiy-texnik xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va malakasini oshirishda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash.
14. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari qaytarib olinmaydi va mazkur Nizomda belgilangan tartibda kelgusida foydalanish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektning maxsus hisob raqamida saqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
15. Jamgʻarma mablagʻlarini toʻgʻri shakllantirish va ulardan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari va uning ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari zimmasiga yuklanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/195/0891-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)