|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.09.2006
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIMMATBAHO METALLAR VA TOShLARDAN ZARGARLIK BUYuMLARI TAYYORLASh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 27-sentabrdagi 205-son “Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasining qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
2. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizom 2004-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi ikki hafta muddatda Komissiya to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 12-noyabr,
503-son
Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasida qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Litsenziyalar berish va ularni bekor qilish, ularning amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi
Komissiya faoliyati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi qimmatbaho metallar agentligi Komissiyaning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda ishchi organ deb ataladi) funksiyasini bajaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ishchi organ tegishli hujjatlar bilan litsenziya berish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qiladi, ular yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlaydi, litsenziyalarni rasmiylashtiradi va qayta rasmiylashtiradi, litsenziya bitimlari tuzadi, litsenziyalar reyestrini yuritadi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi, litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turadi va tiklaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
4. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
5. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirishga litsenziya amal qilish muddati cheklanmasdan beriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
7. Quyidagilar qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamg‘alash sohasidagi qonun hujjatlariga, qimmatbaho metallar va toshlarning, tarkibida qimmatbaho metallar va toshlar bo‘lgan buyumlarning muomalada bo‘lishiga oid normativ-texnik va boshqa talablarga majburiy tarzda rioya qilish;
qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlashni tartibga solishga doir normativ-texnik hujjatlarning mavjud bo‘lishi;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur va belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarning mavjud bo‘lishi;
belgilangan talablarga muvofiq xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni, qimmatbaho metallar va toshlar chiqindilari hamda parchalarini hisobga olish va ularni saqlashning ta’minlanishi;
yuridik shaxs shtatida qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash sohasida maxsus ma’lumotga yoki ushbu sohada kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lgan kamida bir nafar xodim bo‘lishi;
jismoniy shaxsning qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash sohasida maxsus ma’lumotga yoki ushbu sohada kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lishi;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining qimmatbaho metallar va toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasining mavjud bo‘lishi.
8. Litsenziya bitimida mazkur Nizomning 7-bandda ko‘rsatib o‘tilgan litsenziya talablari va shartlaridan aniq talablar va shartlar nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar
9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya berish to‘g‘risida ariza, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami;
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatga oid ma’lumotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziyalanadigan faoliyat turi
(9-bandning “a” kichik bandi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
b) quyidagilar:
yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
jismoniy shaxs uchun — yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
v) litsenziya talabgori tomonidan ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
g) litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
d) litsenziyalanadigan faoliyat amalga oshiriladigan binolar va xonalarga mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjat;
e) mavjud bino va xonalarning yong‘in xavfsizligi qoidalari, sanitariya-gigiyena va ekologiya normalariga muvofiqligi to‘g‘risida yong‘indan saqlash va sanitariya-epidemiologiya organlari va tabiatni muhofaza qilish organlarining xulosalari.
10. Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi organ mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ro‘yxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
Noto‘g‘ri yoki buzilgan ma’lumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani ko‘rib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish
12. Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgoridan qonun hujjatlarida to‘lov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi ishchi organ hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
13. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi.
Ishchi organ yigirma kundan ortiq bo‘lmagan muddatda hujjatlarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda uni ko‘rib chiqadi hamda qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi protokolni tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli Komissiya raisi (uning o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi. Zarur hollarda Komissiya qarorlari so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.
14. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror to‘g‘risida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish to‘g‘risida qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ va litsenziatning o‘zaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi ishchi organ va litsenziat o‘rtasida tuziladi, unda quyidagilar bo‘lishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, egallab turgan lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va ishchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
15. Litsenziyalar blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi. Litsenziyalar blankalari namunalari ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi, Komissiya tomonidan tasdiqlanadi hamda ishchi organ buyurtmanomasiga ko‘ra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalar blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun ishchi organ rahbari belgilangan tartibda shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar ishchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va Komissiya raisi (uning o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi.
16. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda beriladi.
17. Agar litsenziat litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida ishchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, Komissiya litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.
18. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
19. Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni qayta ko‘rib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
20. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi organ hujjatlar qayta taqdim etilgandan keyin olti kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ular bo‘yicha ekspert xulosasi tayyorlaydi, litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin to‘rt kundan ortiq bo‘lmagan muddatda uni ko‘rib chiqadi va qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi potokolni tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli Komissiya raisi (uning o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, dublikat berish
(V bo‘limning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
21. Litsenziat-yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir hafta muddatda ishchi organga ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
Litsenziat-jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi o‘zgargan taqdirda litsenziat qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir hafta muddatda ishchi organga ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
22. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
23. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi ishchi organ hisob raqamiga o‘tkaziladi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
25. Yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya o‘rniga litsenziatning arizasiga ko‘ra uning dublikati berilishi mumkin.
(25-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi ishchi organ hisob raqamiga o‘tkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
26. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi organ o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chog‘ida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni so‘rash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini ko‘rsatgan holda dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risida Komissiyaga ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan faoliyat litsenziyasiz amalga oshirilishining aniqlangan holatlari to‘g‘risidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rish uchun soliq organlariga belgilangan tartibda yuborish.
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda ishchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi ishchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish, litsenziyani bekor qilish
29. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi organning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilishi asossiz ekanligi sud tomonidan e’tirof etilgan taqdirda, ishchi organ litsenziat oldida litsenziat ko‘rgan zarar miqdorida javob beradi.
30. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishi to‘xtatilishi asossiz ekanligi sud tomonidan e’tirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat ko‘rgan zarar miqdorida javob beradi.
31. Litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning bekor qilinishi asossiz ekanligi sud tomonidan e’tirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat ko‘rgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
32. Ishchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Reyestrda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefon raqami;
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, telefon raqami;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
Oldingi tahrirga qarang.
(32-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini to‘xtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
(32-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
litsenziyaning amal qilishini to‘xtatish asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi.
33. Turizm faoliyati litsenziyalar reyestridagi ma’lumotlar ular bilan yuridik va jismoniy shaxslarning tanishishi uchun ochiq hisoblanadi, ular to‘lov asosida ishchi organdan aniq litsenziatlar to‘g‘risida litsenziyalar reyestridan ko‘chirma sifatida ma’lumot olishga haqlidir.
Litsenziyalar reyestridan ma’lumot berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida to‘lov ishchi organ hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Litsenziyalar reyestridan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ma’lumotlar tekin beriladi.
34. Litsenziyalar reyestridan ma’lumot berish muddati tegishli ariza berilgan kundan boshlab uch kundan oshmasligi kerak (ma’lumot berilganligi uchun to‘lov to‘langanligi to‘g‘risida hujjat taqdim etilgan taqdirda).
IX. Davlat bojini to‘lash tartibi
35. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berilganligi uchun qonun hujjatlarida to‘lov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining yetti baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji mablag‘lari respublika budjeti daromadiga o‘tkaziladi.
Qimmatbaho metallar va toshlardan
zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini
litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini
litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash
sxemasi
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 21-son, 214-modda; 2004-y., 30-son, 344-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda)