O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarini moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 1-iyundagi PF-5066-son Farmoni talablarini bajarish hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha budjetdan tashqari maxsus jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda Budjetdan tashqari maxsus jamg‘arma deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Budjetdan tashqari maxsus jamg‘arma daromadlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
kemalarni, shu jumladan kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish, kichik hajmli kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, kemalarni qurishda, foydalanishda, qayta jihozlashda va ta’mirlashda ko‘rikdan o‘tkazishdan tushgan mablag‘larning 60 foizi miqdoridagi ajratmalar;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-dekabrdagi 1002-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2018-y., 09/18/1002/2295-son)
aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaslik, kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini, shuningdek, bunday kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalarini buzganlik, kema haydovchilarining kichik hajmli kemalarni mast holda boshqargani uchun belgilangan tartibda solinadigan jarimalar summasining 60 foizi miqdoridagi ajratmalar;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 132-moddasi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari, tarkibiy tuzilmalari va idoraviy mansub tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armalar foydasining 15 foizi miqdoridagi ajratmalar;
O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimidan reklama-marketing ma’lumotlarni translyatsiya qilish uchun foydalanishdan tushadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablag‘lari;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha Budjetdan tashqari maxsus jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari, tarkibiy tuzilmalari va idoraviy mansub tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-dekabr,
968-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 968-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha Budjetdan tashqari maxsus jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha Budjetdan tashqari maxsus jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) yuridik shaxsni tashkil etmagan holda tuziladi.
4. Jamg‘arma mablag‘lari Vazirlikning budjetdan tashqari maxsus hisob raqamida jamlanadi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
5. Jamg‘arma mablag‘lari:
Oldingi tahrirga qarang.
kemalarni, shu jumladan kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish, kichik hajmli kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, kemalarni qurishda, foydalanishda, qayta jihozlashda va ta’mirlashda ko‘rikdan o‘tkazishdan tushgan mablag‘larning 60 foizi miqdoridagi ajratmalar;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-dekabrdagi 1002-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2018-y., 09/18/1002/2295-son)
aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek fuqaro muhofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaslik, kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini, shuningdek, bunday kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalarini buzganlik, kema haydovchilarining kichik hajmli kemalarni mast holda boshqargani uchun belgilangan tartibda solinadigan jarimalar summasining 60 foizi miqdordagi ajratmalar;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari, tarkibiy tuzilmalari va idoraviy mansub tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armalari foydasining 15 foizi miqdoridagi ajratmalar;
O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimidan reklama-marketing ma’lumotlarni translyatsiya qilish uchun foydalanishdan tushadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablag‘lari;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar hisobiga shakllantiriladi.
6. Jamg‘arma mablag‘lari:
Vazirlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlarini, bunda Jamg‘arma mablag‘larining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdori ushbu maqsadlarga sarflanadi;
vakillik tadbirlarini (xorijiy delegatsiyalarni kutib olish, transport xizmati, tarjimonlarni jalb qilish, sovg‘a va suvenirlar sotib olish, ovqatlantirish);
sport musobaqalari va madaniy tadbirlar o‘tkazishni;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilish tadbirlarini;
Vazirlik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tadbirlarini;
Vazirlikning favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida o‘z xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish choralarini, shu jumladan:
sanatoriy-kurort va tibbiy xizmat ko‘rsatishni;
yuqori kasb mahorati, murabbiylik uchun hamda alohida o‘rnak ko‘rsatgan Vazirlik xodimlarini asosiy tarif stavkalariga har oylik ustamalar belgilagan holda moddiy rag‘batlantirishni;
bir yo‘la mukofotlash va moddiy yordam ko‘rsatishni (alohida hollarda) moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
3-bob. Jamg‘armani boshqarish
7. Jamg‘arma tarkibi va faoliyat tartibi Vazirlikning hay’ati tomonidan belgilanadigan va tasdiqlanadigan Jamg‘armani boshqarish kengashi tomonidan boshqariladi.
8. Quyidagilar Jamg‘armani boshqarish kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish;
har yili 25-dekabrgacha Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetalarini tasdiqlash;
Jamg‘armaning chorak yakuni bo‘yicha daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Jamg‘armaga xorijiy kredit va grantlar jalb etilishiga ko‘maklashish;
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
9. Jamg‘armani boshqarish kengashining majlisi unda a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi qaror Jamg‘armani boshqarish kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va Jamg‘armani boshqarish kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Vazirlikning moliya-iqtisodiyot boshqarmasi Jamg‘armaning Ishchi organi hisoblanadi.
11. Ishchi organ quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritadi;
Jamg‘arma tushumlarini ko‘paytirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
so‘rovnomalarni umumlashtiradi va Jamg‘armani boshqarish kengashiga ko‘rib chiqish uchun materiallar tayyorlaydi;
Jamg‘armaning tushumlar manbalari hamda asosiy xarajatlar yo‘nalishlari bo‘yicha daromadlari hisobini yuritadi;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanish yuzasidan texnik va moliyaviy nazoratni olib boradi;
har chorakda kamida bir marta Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi va Jamg‘armani boshqarish kengashiga taqdim etadi.
4-bob. Hisob, hisobot va nazorat
12. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobotlar Vazirlikning budjetdan tashqari boshqa mablag‘laridan alohida yuritiladi.
13. Jamg‘armaning tushumlari va xarajatlari smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi (choraklar, tushumlar manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlari kesimida) va Jamg‘armani boshqarish kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Jamg‘armani boshqarish kengashi raisi Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetalariga zarurat bo‘lganda o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.
15. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetalarining bajarilishi bo‘yicha yillik hisobot Vazirlik hay’ati majlisida ko‘rib chiqiladi va har yili 15-martgacha Jamg‘armani boshqarish kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
17. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 09/17/968/0370-son, 11.12.2018-y., 09/18/1002/2295-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son )