Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tibbiyot kadrlarini tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-martdagi PQ-2857-son va “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy taʼlim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 5-maydagi PQ-2956-son qarorlari ijrosini taʼminlash hamda tibbiyot xodimlarining uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, sogʻliqni saqlash tizimi organlari va muassasalarining malakali tibbiyot kadrlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish va koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Bakalavriatning alohida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga yoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
oliy tibbiyot va farmatsevtika (“Sogʻliqni saqlash” taʼlim sohasi) bakalavriat yoʻnalishlari, magistratura, klinik ordinatura (rezidentura) va birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari tuzilmalari tegishlicha 2, 2a, 26 va 2v-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning ikkinchi-uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda quyidagilarni:
faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot shifokorlaridan tor mutaxassisliklar boʻyicha tibbiyot kadrlarini bir yildan kam boʻlmagan muddat davomida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
oliy tibbiy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan xolda, ularning professor va oʻqituvchilariga pedagogik yuklamaning vaqt meʼyorlarini;
oʻquv jarayonida oliy tibbiy taʼlim muassasalari klinikalari, ixtisoslashtirilgan, ilmiy-amaliy, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy markazlar va ularning filiallari, respublika va viloyat klinikalarining quvvatlari hamda resurslaridan maksimal darajada foydalanish inobatga olingan holda oliy tibbiy taʼlim muassasalarining klinikalari, klinik va oʻquv bazalari toʻgʻrisidagi nizomni;
oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy tibbiy taʼlim muassasalariga qabul qilishga toʻsqinlik qiluvchi tibbiy koʻrsatmalar roʻyxatini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2017-2018 oʻquv yilidan boshlab, Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filiali faoliyatini bosqichma-bosqich tugatish va talabalarga filialda taʼlim olayotgan yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishini yakunlash imkonini berish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.Q. Shadmanov zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, jismoniy madaniyat va sport masalalari boʻyicha axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-sentabr,
769-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-sentabrdagi 769-son qaroriga
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Bakalavriatning alohida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga yoʻllash tartibi toʻgʻrisida
nizom
(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom bakalavriatning alohida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini (keyingi oʻrinlarda bitiruvchilar deb ataladi) oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga (keyingi oʻrinlarda OSHP va OP deb ataladi) ishga yoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Bitiruvchilar 2017/2018 oʻquv yilda bitirganlardan boshlab, keyinchalik doimiy yashash joyida majburiy tartibda ishlab berish uchun OSHP va OPlarga taqsimlanadi.
Tibbiyot oliy taʼlim muassasalari “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy taʼlim (davolash ishi)” yoʻnalishlari bitiruvchilari yashash boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida koʻrsatilgan tuman (shahar)da majburiy tartibda ishlab berish uchun OSHP va OPlarga taqsimlanadi.
3. Oliy tibbiy taʼlim muassasalarining OSHP va OPda majburiy ishlab berish uchun bitiruvchilar taqsimlanadigan bakalavriat yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar)larida bitiruvchining majburiy ishlab berish muddati 3 yilni (36 oy) tashkil etadi.
2020-2021 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot oliy taʼlim muassasalari “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy taʼlim (davolash ishi)” yoʻnalishlari bitiruvchilarining majburiy ishlab berish muddati, yashash boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida koʻrsatilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar)larida kamida 5 yilni (60 oy) tashkil etadi.
(1 — 4-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
2-bob. Bitiruvchilarni majburiy ishlab berishga taqsimlash
5. Bitiruvchilarni majburiy ishlab berish uchun taqsimlash, shuningdek majburiy ishlab berish jarayonini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida vazirlik xodimlari, sogʻliqni saqlash boshqarmasining hududiy organlari rahbarlari, oliy tibbiy taʼlim muassasalari va tibbiyot tashkilotlarining masʼuliyatli xodimlaridan iborat Komissiya (keyin oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
Komissiya tarkibi, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Bitiruvchilar majburiy ishlab berishi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari taqdim etgan shifokor kadrlarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisida buyurtmanomalar va mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotlar asosida Komissiya tomonidan har yili taqsimlanadi.
Komissiya bitiruvchilarni OSHP va OPdagi mavjud boʻsh oʻrinlariga majburiy ishlab berish uchun taqsimlaydi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
7. Bitiruvchilarning majburiy ishlab berishining aniq muddatlari, joyi va sharoitlari, shuningdek ularning majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, oliy tibbiy taʼlim muassasasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda bitiruvchi oʻrtasida 4 nusxada tuziladigan shartnomada (keyingi oʻrinlarda shartnoma deb ataladi) belgilanadi.
Shartnoma namunasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oliy tibbiy taʼlim muassasalari bitiruvchilar uchun yoʻllanmalarni tuzilgan shartnoma asosida respublika hududi va OSHP yoki OPni aniq koʻrsatgan holda rasmiylashtiradi.
9. Oʻqishni tugatgandan soʻng magistratura yoki klinik ordinatura (rezidentura)ga oʻqishni davom ettirish uchun kirgan bitiruvchilar taʼlim shaklidan qatʼi nazar (davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida), majburiy ishlab berish uchun magistratura va klinik ordinatura (rezidentura)ni tamomlaganidan soʻng taqsimlanadi.
(8-9-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
10. Oliy tibbiy taʼlim muassasalarining bakalavriat yoʻnalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari Komissiya tomonidan oliy tibbiy taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa sogʻliqni saqlash muassasalarining ushbu mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda taqsimlanadi.
Bunda Komissiya birinchi navbatda, magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilarini majburiy ishlab berish uchun OP va markaziy tuman (shahar) koʻp tarmoqli poliklinikalardagi mavjud boʻsh oʻrinlarga taqsimlaydi.
3-bob. Bitiruvchilarni majburiy ishlab berishga qabul qilish
11. Bitiruvchilar oʻqishni tamomlaganidan soʻng ushbu Nizomga muvofiq shartnomada koʻrsatilgan ish joyiga kelishi va 3 oy ichida mehnat faoliyatini boshlashi shart.
12. Oliy tibbiy taʼlim muassasalarining bakalavriat yoʻnalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari oʻqishni tamomlagach, shartnomada koʻrsatilgan ish joyiga kelishi va 3 oy ichida mehnat faoliyatini boshlashi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Ish beruvchi shartnomaga muvofiq va ishga yoʻllanma asosida bitiruvchi bilan qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzadi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Ish beruvchi bitiruvchi tomonidan taqdim etilgan ishga kelgani va joylashgani haqidagi hujjatni toʻldiradi va keyinchalik uni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va tegishli oliy tibbiy taʼlim muassasasiga taqdim etish uchun oʻn kun muddat ichida sogʻliqni saqlash boshqarmasining hududiy organiga yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va oliy tibbiy taʼlim muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda har bir bitiruvchi hisobini yuritib borishi shart.
Bunda tanlov asosida qabul qilinadigan lavozimlarga majburiy ishlab berish uchun yuborilgan bitiruvchilar tanlovsiz qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Majburiy ishlab berish muddati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
Oldingi tahrirga qarang.
OSHP va OPda shartnomada koʻrsatilgan ishlash muddati — oliy tibbiy taʼlim muassasalarining bakalavriat yoʻnalishida davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilari uchun;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
shartnomada koʻrsatilgan tibbiyot muassasalarida ishlash muddati — oliy tibbiy taʼlim muassasalarining bakalavriat yoʻnalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari uchun;
mehnat taʼtilida boʻlish muddati.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy mehnat taʼtili muddati majburiy ishlab berish muddatiga kiritilmaydi.
(15-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
16. Bitiruvchining majburiy ishlab berish joyida belgilangan muddat tugagandan soʻng ishni davom ettirish haqidagi masala mehnat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchi va ishchi oʻrtasida oʻzaro kelishuvga asosan hal etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Ish beruvchi qonunchilikda belgilangan tartibda mutaxassislar mehnatini ragʻbatlantirish va ularning lavozimga koʻtarish, ilmiy faoliyatini olib borishi uchun sharoitlar yaratish choralarini koʻradi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Bitiruvchilarning majburiy ishlab berish joyini oʻzgartirishi yoki ishlab berishdan bosh tortishi
18. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlangan bitiruvchining ishlab berish joyini oʻzgartirishi uchun jiddiy sabablar yuzaga kelsa, turmush qursa, doimiy yashash uchun boshqa hududga koʻchib oʻtsa, bitiruvchi majburiy ishlab berish joyini oʻzgartirish uchun Komissiyaga murojaat qilish huquqiga ega buni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
Komissiya oʻn besh kun ichida bitiruvchining murojaati va taqdim etilgan tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha bitiruvchi uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq boshqa majburiy ishlab berish joyini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oliy tibbiy taʼlim muassasasi tomonidan talaba oʻqishni bitirgani haqida tegishli buyruqni chiqargan vaqtda amalda qoʻllanilgan bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz barobari miqdorida kompensatsiya toʻlaydi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
20. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlangan bitiruvchi ishlab berish muddati davomida shartnomada koʻrsatilgan joyda majburiy ishlab berishni oʻz xohishiga koʻra rad etsa, u Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan va ishlab berilgan muddatga mos ravishda kamaytirilgan miqdorda kompensatsiya toʻlaydi.
Kompensatsiya miqdorini hisob-kitob qilishda majburiy ishlab berish muddatlarining faqat toʻliq oylari hisobga olinadi.
21. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortishni rasmiylashtirishi uchun Komissiyaga tegishli ariza bilan murojaat qilishi kerak. Bunda bitiruvchi Komissiyaga ariza taqdim etgan sana ushbu Nizomning 20-bandiga muvofiq majburiy ishlab berishdan bosh tortish sanasi deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Majburiy ishlab berishdan bosh tortgan bitiruvchi bilan mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 155 –– 174-moddalari.
23. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga toʻlaydigan kompensatsiya miqdorini u davlat granti boʻyicha tahsil olgan oliy tibbiy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari gʻaznachilik shaxsiy hisob-raqamiga toʻliq hajmda toʻlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Oliy tibbiy taʼlim muassasasi kompensatsiyalar summasi hisobini budjetdan tashqari alohida gʻaznachilik shaxsiy hisob-raqamida yuritadi va shaxsiy hisobraqamga kompensatsiya tushgandan soʻng uch ish kunidan kechiktirmasdan kompensatsiya summasining Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadiga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazilishini taʼminlaydi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
25. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlanadigan bitiruvchi mehnatga layoqatsizligi tufayli majburiy ishlab berolmagan holatlarda uning keyingi mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi qaror Komissiya tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Mehnat layoqatini qisman yoki toʻliq yoʻqotgani sababli (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda) majburiy ishlab berish imkoniyatiga ega boʻlmagan bitiruvchilar Komissiya qarori asosida kompensatsiya toʻlashdan ozod etiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Oliy tibbiy taʼlim muassasasi bitiruvchiga diplomning asl nusxasini u majburiy ishlab berish muddatini tamomlaganidan soʻng bir hafta muddatda mehnat daftarchasidagi yozuv va bitiruvchi majburiy ishlab bergan muassasaning yozma tasdigʻi asosida beradi.
27. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlanadigan va majburiy ishlab berishdan bosh tortadigan bitiruvchilarga oliy tibbiy taʼlim muassasasi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning asl nusxasini mazkur Nizom talablariga muvofiq ular kompensatsiyani toʻliq miqdorda toʻlagandan soʻng beradi.
28. Oliy tibbiy taʼlim muassasasiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan, lekin oʻqish davrida (talabalar safidan chiqarilgandan soʻng qayta tiklangan, oʻz xohishiga koʻra boshqa oliy tibbiy taʼlim muassasasiga koʻchirilgan) taʼlimning toʻlov-kontrakt shakliga oʻtkazilgan talabalar oʻqishni tamomlagach, majburiy ishlab berish uchun ushbu Nizomga talablariga muvofiq taqsimlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-sentabrdagi 769-son qaroriga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy tibbiy taʼlimning (“Sogʻliqni saqlash” taʼlim sohasi) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalari
TUZILMASI
1. Davolash faoliyati bilan bogʻliq taʼlim yoʻnalishlari uchun*:

T/r

Bloklar nomi

Soatlar (kreditlar) hajmi (%)

1.

Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy modullar

2,5 — 3,5%

2.

Klinika oldi modullar

20 — 25%

3.

Klinik modullar

65,5 — 75,5%

4.

Elektiv modullar

(1,2, 3-blok modullari uchun hududiy komponent)

3 — 7%

Jami:

100%

* Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari: 5510100 — Davolash ishi, 5111000 — Kasb taʼlimi (davolash ishi), 5510800 — Harbiy tibbiyot (davolash ishi), 5510200 — Pediatriya ishi, 5510400 — Stomatologiya, 5510700 — Oliy hamshiralik ishi, Klinik psixologiya.
Bakalavriatning davolash faoliyati bilan bogʻliq taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga birinchi kursdan klinik modullar boʻyicha 50% nazariy va 50 % amaliy oʻqitish tizimi hamda klinik amaliy koʻnikmalarni egallash boʻyicha modullarni kiritish nazarda tutiladi.
2. Davolash faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlari uchun**:

T/r

Bloklar nomi

Soatlar (kreditlar) hajmi (%)

1.

Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy modullar

2,5 — 3,5%

2.

Umumkasbiy modullar

65 — 75%

3.

Maxsus modullar

15,5 — 21,5%

4.

Elektiv modullar

(1,2, 3-blok modullari uchun hududiy komponent)

3 — 7%

Jami:

100%

** Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari: 5510300 — Tibbiy-profilaktika ishi, 510900 — Tibbiy-biologik ish, 5510500 — Farmatsiya, 5111000 — Kasb taʼlimi (farmatsiya), 5510600 — Sanoat farmatsiyasi, Biotibbiyot muhandisligi, Farmatsevtik biotexnologiya, Dori vositalarini standartlashtirish, sertifikatsiyalash va sifat menejmenti.
(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-sentabrdagi 769-son qaroriga
2a-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy tibbiyot va farmatsevtika taʼlim (“Sogʻliqni saqlash” taʼlim sohasi)ning magistratura mutaxassisliklari oʻquv rejalari
TUZILMASI

T/r

Bloklar nomi

*Davolash faoliyati bilan bogʻliq magistratura mutaxassisliklarining soatlar hajmi (%)

**Davolash faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan magistratura mutaxassisliklarining soatlar hajmi (%)

1.

Umummetodologik modullar

5 — 10%

10 — 20%

2.

Mutaxassislik modullari

70 — 80%

60 — 70%

3.

Tanlov modullari

10 — 15%

10 — 15%

Jami:

100%

100%

* Davolash faoliyati bilan bogʻliq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi magistratura mutaxassisliklari uchun.
** Davolash faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi magistratura mutaxassisliklari uchun.
Davolash faoliyati bilan bogʻliq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi magistratura mutaxassisliklari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
(2a-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-sentabrdagi 769-son qaroriga
2b-ILOVA
Tibbiyot va farmatsevtika taʼlim (“Sogʻliqni saqlash” taʼlim sohasi)ning klinik ordinatura (rezidentura) oʻquv rejalari
TUZILMASI

T/r

Bloklar nomi

*Davolash faoliyati bilan bogʻliq klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklarining soatlar hajmi (%)

**Davolash faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklarining soatlar hajmi (%)

1.

Umummetodologik va nomutaxassis yondosh modullar

3,5% gacha

3,5% gacha

2.

Mutaxassislik modullari

91% dan kam emas

85% dan kam emas

3.

Yondosh mutaxassislik modullari

4,5% gacha

10% gacha

4.

Qoʻshimcha modullar

Mustaqil taʼlim

Mustaqil taʼlim

5.

Attestatsiya

1%

1%

Jami:

100%

100%

* Davolash faoliyati bilan bogʻliq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklari uchun.
** Davolash faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi klinik ordinatura (rezidetrura) mutaxassisliklari uchun.
Davolash faoliyati bilan bogʻliq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
(2b-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-sentabrdagi 769-son qaroriga
2v-ILOVA
Tibbiyot va farmatsevtika taʼlim (“Sogʻliqni saqlash” taʼlim sohasi)ning birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari oʻquv rejalari
TUZILMASI

T/r

Bloklar nomi

Soatlar (kreditlar) hajmi (%)

1.

Asosiy mutaxassislik

99%

shu jumladan,

1.1.

Mutaxassislik modullari

90%

1.2.

Yondosh (klinik) mutaxassisliklar va modullar

9%

2.

Attestatsiya

1%

Jami:

100%

(2v-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2017-y., 09/17/769/0049-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)