Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-avgustdagi PF-5139-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qaroriga asosan 2021-yil 2-sentabrdan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi magistraturasi tinglovchilari tomonidan malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali oʻquv kurslarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tinglovchilarga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 6-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslarini 2015/2016 va 2016/2017 oʻquv yillarida yakunlagan bitiruvchilar uchun beriladigan davlat namunasidagi sertifikat 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Akademiya boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslarini 2015/2016 va 2016/2017 oʻquv yillarida muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarga davlat namunasidagi sertifikatlar berilishini taʼminlasin.
3. Akademiyaning boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslariga 2017/2018 oʻquv yilida:
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etiladigan bir yillik kurslarga 60 nafar (shundan 40 foizi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga va 60 foizi toʻlov-kontrakt asosida);
ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan toʻrt oylik kurslarga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga 100 nafar tinglovchi oʻqishga qabul qilinsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Akademiyada magistraturaga va ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan toʻrt oylik kurslarga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining xodimlari qabul qilinadi hamda ushbu kurslarga belgilangan qabul kvotasidan tashqari qoʻshimcha qabul toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
5. Akademiya hamda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi boshqa taʼlim muassasalari oʻquv-metodik va boshqa hujjatlarni Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasida magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti (Asosiy qoidalar)ga bir oy muddatda muvofiqlashtirsinlar.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-sentabr,
745-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qaroriga asosan 2021-yil 2-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qaroriga asosan 2021-yil 2-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qaroriga asosan 2021-yil 2-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 745-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi magistraturasi tinglovchilari tomonidan malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) magistraturasi tinglovchilari tomonidan ularning doimiy yashash joyidan tashqarida boʻlgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarda malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
qabul qiluvchi tashkilot — tinglovchilarning malakaviy amaliyoti va stajirovkasi oʻtkaziladigan mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar;
malakaviy amaliyot (keyingi oʻrinlarda amaliyot deb ataladi) — oʻquv jarayonining bir qismi boʻlib, u nazariy bilimlarni mustahkamlash, boshqaruv faoliyatida malaka va mahoratga ega boʻlish, oʻquv rejalari, fan dasturlari hamda magistrlik dissertatsiyasi mavzusining muayyan (yakuniy) qismi doirasida materiallar yigʻish imkonini yaratadi;
stajirovka — ilgʻor tajriba, shu jumladan, xorijiy tajribani oʻrganish asosida magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻquv reja va dasturlar talablarini maqsadli oʻzlashtirish, muayyan boshqaruv lavozimlarida dublyor (referent) vazifasini bajarish orqali boshqaruv faoliyati sohasidagi nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarni sinovdan (aprobatsiyadan) oʻtkazish, magistratura tinglovchilarining tahliliy, tadqiqot olib borish va ijodiy mahoratini fan va ishlab chiqarishni taʼlim bilan bogʻlash orqali shakllantirish, tinglovchilarni ilmiy-texnikaviy jarayonning eng yangi yutuqlari bilan, iqtisodiyot sohasidagi zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan hamda boshqaruv faoliyatidagi ilgʻor tajriba va metodologiya bilan tanishtirish;
Akademiyadan biriktirilgan amaliyot va stajirovka rahbari — Akademiya rektori tomonidan tayinlangan, tinglovchining amaliyot va stajirovka oʻtashini tashkillashtirish uchun masʼul shaxs;
qabul qiluvchi tashkilotdan amaliyot va stajirovka rahbari — Akademiya tinglovchisining amaliyot va stajirovkasiga rahbarlik qilish uchun qabul qiluvchi tashkilot rahbari tomonidan tayinlanadigan masʼul shaxs;
Amaliyot va stajirovka oʻtash dasturi — oʻquv rejalari asosida Akademiya tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan tegishli dastur.
3. Amaliyot va stajirovka oʻtash muddati, joyi tegishli dastur hamda nazariy tayyorgarlik, tanlangan magistrlik dissertatsiyasi mavzusi hisobga olingan holda oʻquv reja asosida aniqlanadi.
4. Barcha amaliyot va stajirovkalar oʻquv rejada belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahri va viloyat hokimlari, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari Akademiya tinglovchilarining malakaviy amaliyot va stajirovkasi (dublyor sifatida) sifatli va maqsadli oʻtishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
2-bob. Malakaviy amaliyotning tuzilishi va mazmuni
6. Akademiyaning magistratura taʼlimi boʻyicha oʻquv dasturida quyidagi amaliyot turlari nazarda tutiladi:
6 hafta davomida davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi tizimida mikro darajada amaliyot oʻtash;
6 hafta davomida davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi tizimida mezo darajada amaliyot oʻtash;
4 hafta davomida davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi tizimida makro darajada amaliyot oʻtash;
7. 16 haftaga moʻljallangan amaliyotning umumiy dasturi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
amaliy mahorat va koʻnikma;
magistrlik dissertatsiyasi mavzusi boʻyicha maʼlumotlar yigʻish;
amaliyot natijalari boʻyicha hisobot yozish;
malakaviy hisobot mazmuni (konsepsiyasi) boʻyicha himoya;
tashkilot rahbarining dublyori sifatida ishlash;
“ustoz — shogird” modeli asosidagi taʼlim.
8. Davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi tizimida mikro darajadagi amaliyot qabul qiluvchi tashkilotlarning amaliy faoliyati haqidagi tasavvurni shakllantiradi hamda birlamchi kasbiy mahorat va koʻnikmalarni egallashni nazarda tutadi. Amaliyotning mazkur shakli auditoriyalardagi taʼlim yakunlangandan soʻng oʻtkaziladi.
Mazkur amaliyotning maqsadi oʻquv dasturidagi fanlarni oʻzlashtirish jarayonida olingan nazariy bilimlarni mustahkamlashdan iborat.
9. Mikro darajadagi amaliyotning vazifalari quyidagilardan iborat:
individual topshiriqqa muvofiq tashkilot faoliyati bilan bogʻliq vazifalarga doir maʼlumotlar (materiallar)ni yigʻish, tahlil qilish va umumlashtirish boʻyicha dastlabki malakaga ega boʻlish;
tashkilotning sohaviy faoliyati xususiyatlarini aniqlash;
individual topshiriqqa koʻra kasbga oid tushunchalarni muayyan tashkilotga bogʻlagan holda ishlata olish;
davlat, jamiyat va xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlar bilan oʻzaro aloqalarini tahlil qilish;
tashkilotning tizim sifatidagi tavsifi yuzasidan tasavvurga ega boʻlish;
individual topshiriqqa muvofiq tashkilot boshqaruvi tizimi haqida tushunchaga ega boʻlish.
10. Davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi tizimida mezo darajadagi amaliyot mikro darajadagi amaliyotdan keyin oʻtkaziladi va tinglovchilarga soha boʻyicha mahoratni oshirish va boshqaruv prinsiplarini amaliyotda qoʻllab koʻrish imkonini beradi.
Ushbu amaliyotning maqsadi vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalarida ishlash uchun zarur boʻladigan mutaxassis ish usuli va uslublarini oʻrganish, kasbiy malaka va bilimlarga ega boʻlishdan iborat.
11. Mezo darajadagi amaliyotning vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatiga oid talablar bilan tanishish;
tashkilotning boshqaruv va ish yuritish tizimini oʻrganish;
boʻlinmalar (boʻlimlar) funksiya (vazifa)larini belgilash va ularning ishlarini muvofiqlashtirish tizimini oʻrganish;
mutaxassislar orasida vazifalar hamda ish hajmi taqsimotini tahlil qilish;
tashkilotda ilgʻor boshqaruv usullari va qarorlarni qoʻllash tajribasini oʻrganish va tahlil qilish;
boshqaruv va nazorat tizimini tahlil qilish;
davlat, jamiyat va xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlar bilan oʻzaro aloqalarini tahlil qilish;
barcha turdagi hujjatlar mazmuni va hisobini yuritishni oʻrganish;
oʻquv jarayonida oʻzlashtirilgan (egallangan) malakani amaliyotda qoʻllay olish.
12. Davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi tizimida makro darajadagi amaliyot mezo darajadagi amaliyotdan keyin oʻtkaziladi va tinglovchilarga magistrlik dissertatsiyalarini yozishda zarur boʻladigan materiallarni yigʻishlari uchun kasbiy faoliyatni oʻzlashtirishning uzluksiz va tadrijiy jarayonini taʼminlab berishni nazarda tutadi.
Mazkur amaliyotning maqsadi boshqaruv va innovatsion faoliyatni rejalashtirish, tashkil etish hamda bajarish, shuningdek, natijalar yuzasidan hisobot tayyorlash boʻyicha malaka, mahorat va bilimlarga ega boʻlishdan iborat.
13 Makro darajadagi amaliyotning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
amaliyot boʻyicha hisobot tayyorlash va uni himoya qilish uchun materiallar yigʻish va ularni qayta ishlash;
mutaxassislikka oid nazariy va amaliy bilimlarni tizimlashtirish, mustahkamlash va kengaytirish hamda ularni muayyan masalalar va muammoli vaziyatlarni hal qilish uchun boshqaruv qarorlarini qabul qilishda qoʻllash;
ishni mustaqil ravishda olib borishni rivojlantirish va oʻrganilayotgan muammo hamda masalalarni yechishda tadqiqot va tajriba oʻtkazish usullari (metodlari)ni oʻzlashtirish;
tinglovchilarning zamonaviy talablarga muvofiq ravishda mustaqil ishlay olishlariga boʻlgan tayyorgarliklarini aniqlash.
14. Malakaviy hisobot mazmuni (konsepsiyasi) boʻyicha himoya yakuniy bosqich boʻlib, unda tinglovchilarning amaliyot davrida bajargan ishlari natijalari tahlil etiladi va baholanadi. Amaliyot hisoboti himoyasi Akademiya professor-oʻqituvchilari tarkibidan hamda qabul qiluvchi tashkilotning mutaxassis-amaliyotchilaridan iborat ekspert guruh oldida keys-stadi usulida taqdimot shaklida oʻtkaziladi. Ekspert guruhining tarkibi Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.
15. Amaliyot hisoboti himoyasi har yili sentyabr oyida 2 hafta davomida quyidagi mezonlarga muvofiq oʻtkaziladi:
amaliyotda nazariy bilimlarni qoʻllash darajasi;
amaliyot oʻtash davrida tinglovchilar tomonidan yigʻilgan materiallar, oʻrganilgan va yechilgan masalalarning mazmuni, darajasi va sifati.
16. Boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining amaliyoti alohida maxsus dastur hamda 12 kunga moʻljallangan oʻquv reja asosida tashkil etiladi. Mazkur malakaviy amaliyotning maqsadi bitiruv malakaviy ishini tayyorlash uchun materiallar yigʻish hisoblanadi.
3-bob. Stajirovkaning tuzilishi va mazmuni
17. Akademiyaning taʼlim dasturi boʻyicha 2-kursda oʻqiyotgan tinglovchilar uchun stajirovka, shu jumladan xorijiy stajirovka tashkil etish nazarda tutiladi.
18. Stajirovka oʻquv jarayonida tinglovchilar tomonidan egallangan boshqaruv faoliyatiga bogʻliq nazariy bilimlar va kasbiy malaka hamda mahoratni mustahkamlash, muayyan ish joyida boshqaruv faoliyatiga tayyorlanish va magistrlik dissertatsiyasining amaliy qismiga materiallar yigʻish uchun yoʻnaltirilgan.
19. Stajirovka 16 hafta davomida tinglovchilarning doimiy yashash joyidan tashqarida boʻlgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tarkibiy boʻlinmalari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarda boʻlib oʻtadi.
20. Stajirovkaning maqsadi:
tinglovchilarning malakaviy amaliyot dasturlarini oʻzlashtirishda olingan nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlash;
oʻzlarining xizmat vazifalarini ijro etishda amaliy malaka va mahoratdan samarali foydalana olish koʻnikmasini oshirish hisoblanadi.
21. Stajirovkaning asosiy vazifalari:
ish joyida amaliy malaka va mahoratni qoʻllash;
magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash.
22. Stajirovka dasturi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
rahbarning dublyori yoki referent-maslahatchisi sifatidagi vazifani bajarish;
lavozimga kelish, ish joyiga muvofiq ravishda lavozim funksiyalari va vazifalarini dublyor sifatida ijro etish;
mazkur ish oʻrniga oid tartib va faoliyat yoʻnalishlarini oʻzlashtirish, ushbu lavozimga layoqati bor yoki yoʻqligini, bor boʻlsa uning darajasini tekshirish;
bajarilgan ishlar, ularning natijalari yuzasidan berilgan topshiriqlarni tushunish;
bajarilgan ishlar va ularning natijalari yuzasidan berilgan topshiriqlar tushunilganligini rasmiylashtirish, stajirovka hisobotida ushbu bajarilgan vazifalarga tayyorgarlikni baholash;
taqdimot va stajirovka hisoboti himoyasi.
23. Himoya yakuniy bosqich sifatida 1 hafta davomida stajirovka davrida tinglovchilar tomonidan bajarilgan ishlar natijalarini baholash asosida oʻtkaziladi.
Stajirovka hisoboti himoyasi Akademiya professor-oʻqituvchilari tarkibidan hamda qabul qiluvchi tashkilotning mutaxassis-amaliyotchilaridan iborat ekspert guruh oldida taqdimot shaklida oʻtkaziladi. Ekspert guruhining tarkibi Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.
24. Akademiya tinglovchilarining xorijdagi stajirovkalari chet eldagi hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalar (bitimlar) asosida tashkil etiladi. Ilgʻor xorijiy tajribalarni sohaviy tashkilotlar va markazlarda oʻrgatish maqsadida Akademiya xodimlari rahbarligida tinglovchilarni 1 oylik muddat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xorijga yuboriladi.
25. Xorijdagi stajirovka dasturi quyidagi talablarni oʻzi ichiga oladi:
taʼlim ixtisosligiga muvofiq keluvchi bir xil yoki aynan oʻxshash (identiv yoki analog) idoralarning faoliyatini tashkil etish va yuritish tartibi, shakllari hamda muammolari tahlili;
kasbiy layoqat, tatbiq etish va implementatsiya qilish maqsadida xorijiy tashkilotda qoʻllaniladigan metod va metodologiyalar tahlili;
asosiy ish joyi boʻyicha stajirovka oʻtayotgan tashkilot (muassasa) yoki uning tarkibiy boʻlinmalarida amalga oshirish mumkin boʻlgan oʻzgarishlar hamda ularning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
26. Xorijdagi stajirovka hisoboti himoyasi 1 hafta davomida taqdimot shaklida oʻtkaziladi. Xorijdagi stajirovka hisoboti himoyasi boʻyicha Komissiya tarkibi Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Amaliyot va stajirovka oʻtash davrida tinglovchiga qoʻyiladigan talablar
27. Tinglovchi:
metodik va instruktiv materiallar bilan tanishishi, Akademiya tomonidan tayinlangan amaliyot va stajirovka rahbaridan yoʻl-yoʻriq olishi;
amaliyot va stajirovka oʻtash choralarini koʻrish va nazorat qilish boʻyicha tashkil etiladigan tadbirlarda qatnashishi;
amaliyot va stajirovka oʻtash dasturlarida nazarda tutilgan barcha topshiriqlarni belgilangan muddatlarda toʻliq hamda sifatli bajarishi;
Akademiya platformasidagi onlayn va offlayn tizimi vositasida professor-oʻqituvchilar va ilmiy rahbarlardan olingan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishi;
har kuni tartibli ravishda kundalik yuritishi;
talabga koʻra yuritayotgan kundaligini Akademiya tomonidan tayinlangan amaliyot va stajirovka rahbariga koʻrib chiqish uchun taqdim etishi;
kelgusi oʻquv va amaliy faoliyatda foydalanishi mumkin boʻlgan materiallarni yigʻib borishi;
qabul qiluvchi tashkilotning ichki mehnat qoidalari va talablariga rioya etishi shart.
28. Tinglovchi Akademiya tomonidan tayinlangan rahbariga amaliyot va stajirovka yakuni boʻyicha quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
amaliyot va stajirovka kundaligi;
kelajakda oʻquv va amaliy faoliyatda foydalanish uchun tinglovchiga yakuniy xulosalardan soʻng qaytarib beriladigan amaliyot va stajirovka oʻtash davrida yigʻilgan materiallar jildi (ularning roʻyxati kundalikda oʻz ifodasini topishi zarur).
29. Uzrli sabablarsiz amaliyot va stajirovkani oʻtashdan ozod etilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Amaliyot va stajirovkani tashkil etish talablari
30. Amaliyot va stajirovka oʻtashni tashkil etish jarayoniga qoʻyiladigan talablar maxsus dasturlar asosida aniqlanadi. Barcha bosqichlarda tinglovchilarning uzluksiz va tizimli ravishda kasbiy boshqaruv faoliyatini oʻzlashtirishlari taʼminlanishi tashkil etilishi talab etiladi.
Xorijdagi stajirovka mavzusi va mazmuni Akademiyaning taʼlim va ilmiy tadqiqot faoliyatidagi bugungi va istiqboldagi ravnaqi masalalariga muvofiq kelishi va stajirovka dasturlari talablariga javob berishi zarur.
31. Oʻqituvchilarning amaliyot va stajirovkadagi yuklamalari oʻquv rejasi hamda amaliyot va stajirovka turlarida belgilangan oʻquv pedagogik soatlar (haftalar) miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
32. Amaliyot va stajirovka Akademiya rektorining buyrugʻi asosida tashkil etiladi. Unda amaliyot yoki stajirovka turlari, muddati va joylari, moddiy taʼminot, yashash joyini taqdim etish, javobgar shaxslar va yuboriladigan tinglovchilar roʻyxati tarkibi, amaliyot va stajirovka rahbari belgilab beriladi.
33. Qabul qiluvchi tashkilotdan tayinlangan amaliyot va stajirovka rahbarlari amaliyot va stajirovka oʻtash joylarida mehnat muhofazasi talablari hamda tinglovchilar hayotining xavfsizligi boʻyicha tegishli choralarni koʻradi.
34. Akademiya tinglovchilarining chet eldagi stajirovkalari xorijiy hamkorlik boʻyicha tuzilgan shartnomalar (bitimlar) asosida tashkil etiladi.
35. Amaliyot va stajirovkani tashkil etish va oʻtkazishni muvofiqlashtirish Akademiyaning tegishli tarkibiy boʻlimida amalga oshiriladi.
36. Amaliyot va stajirovkani tashkil etishga oid savollar yuzasidan tinglovchilarni xabardor qilish (hujjatlarni rasmiylashtirish, hisobotlar himoyasi bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etish) Akademiyaning tegishli tarkibiy boʻlimi tomonidan korporativ pochta manzillariga yuborish orqali amalga oshiriladi. Tinglovchilar elektron shakldagi xabarlarni muntazam ravishda kuzatib borishlari zarur.
37. Akademiya tomonidan tayinlangan amaliyot va stajirovka rahbari:
amaliyot va stajirovkaga ketayotgan tinglovchilarga Akademiyaning tegishli tarkibiy boʻlimlari bilan birgalikda yoʻriqnoma oʻtkazadi;
tinglovchilarning amaliyot va stajirovka oʻtash joyiga yetib kelishini nazorat qiladi;
qabul qiluvchi tashkilot rahbari hamda u erdan tayinlangan amaliyot va stajirovka rahbari bilan aloqa oʻrnatadi;
amaliyot va stajirovka oʻtash dasturlarida belgilangan vazifalarni bajarishda tinglovchilarga metodik yordam koʻrsatadi;
amaliyot va stajirovkaning barcha davri uchun shaxsiy reja tuzadi, qabul qiluvchi tashkilot tomonidan tayinlangan amaliyot va stajirovka rahbari bilan hamkorlikda ish hajmi hamda mazmunini aniqlaydi;
tinglovchilarni amaliyot va stajirovka oʻtash obyektlari boʻyicha taqsimlashda ishtirok etadi;
amaliyot va stajirovka muddatlari, mazmuni maxsus dasturlarning ijrosi yuzasidan nazoratni tashkil etadi, shuningdek, amaliyot va stajirovka oʻtash joylariga borib tinglovchilarning yoʻqlamalarini yuritadi;
malakaviy amaliyot va stajirovka hisoboti himoyasida ishtirok etadi;
amaliyot va stajirovka oʻtash hamda ushbu yoʻnalishni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritilgan hisobotni tayyorlaydi, uni Akademiyaga taqdim etadi.
38. Qabul qiluvchi tashkilot rahbari:
amaliyot va stajirovka oʻtash boʻyicha Akademiya bilan shartnoma tuzadi;
tinglovchilarni amaliyot va stajirovka oʻtashga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqaradi;
qabul qiluvchi tashkilotning malakali va tajribali mutaxassislari orasidan tinglovchining amaliyot va stajirovkasini oʻtashi boʻyicha masʼullarni tayinlaydi, shuningdek, nazorat yurituvchi ishchi guruhni tuzadi;
malakaviy amaliyot va stajirovkaning sifati hamda uning maqsadli oʻtishiga shaxsan masʼul hisoblanadi;
amaliyot va stajirovkaning qoniqarsiz tashkil etilishiga shaxsan javobgar boʻladi;
dasturga muvofiq amaliyot va stajirovkani tashkil etish uchun tegishli sharoitlar yaratadi.
39. Amaliyot va stajirovka qabul qiluvchi tashkilot hamda Akademiya oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq tashkil etiladi. Mazkur shartnomada ushbu tashkilot zimmasiga amaliyotchi (stajor) uchun joy taqdim qilish majburiyati yuklatiladi.
Amaliyot va stajirovka oʻtkazish boʻyicha tuzilgan shartnomada Akademiya va qabul qiluvchi tashkilot hujjatning predmeti, tomonlar huquq va majburiyatlari, amaliyot va stajirovkani tashkil etish tartibi, shartnomaning amal qilish muddati, uni bekor qilish asoslari, shuningdek, tomonlarning javobgarligi kabi masalalarni kelishib oladilar.
40. Amaliyot va stajirovka boshlanishi bilan tinglovchilarga Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, mehnatni muhofaza qilish qoidalari, ichki tartib qoidalari va ular tanishishi zarur boʻlgan hujjatlar tanishish uchun taqdim qilinadi.
41. Amaliyot va stajirovka boʻyicha qoʻyiladigan baholar taʼlim jarayonidagi baholarga tenglashtiriladi va tinglovchilarning oʻzlashtirish darajasi boʻyicha umumiy reytingining yakuniy natijalarida hisobga olinadi.
42. Akademiya ustavi va mazkur Nizomga muvofiq amaliyot va stajirovka natijalari boʻyicha qoniqarsiz baho olgan, shuningdek uzrsiz sabablarga koʻra dasturlarda belgilangan vazifalarning bajarilmasligi tinglovchini akademik qarzdor sifatida belgilangan tartibda oʻqishdan chetlashtirish uchun asos boʻladi.
6-bob. Moddiy taʼminot
43. Amaliyot va stajirovka oʻtash davrida tinglovchining asosiy ish joyida oʻrtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi.
44. Amaliyot va stajirovka oʻtash davri uchun xizmat safari, yoʻl haqi va yashash xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Akademiya tinglovchilariga amaliyot yoki stajirovka oʻtash joyiga yetib olish va nazarda tutilgan oʻquv dasturiga muvofiq qaytib kelish uchun bir martalik yoʻl haqi toʻlab beriladi.
45. Amaliyot va stajirovka oʻtash davrida tinglovchilarga yashash joyini ijaraga olish uchun quyidagi miqdorlarda oylik kompensatsiya toʻlanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida yashash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa shaharlari, tuman markazlari va aholi punktlarida yashash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida.
(45-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
46. Akademiya magistraturasi tinglovchilarini xorijdagi boshqaruv kadrlarni tayyorlash boʻyicha yetakchi ilmiy-maʼrifiy muassasalar va markazlarga, shuningdek chet mamlakatlarning davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, jamoat tashkilotlariga majburiy tartibda bir oylik muddatga yuborish Akademiyaning, Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining budjet mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga tashkil etiladi.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
7-bob. Yakuniy qoida
47. Amaliyot va stajirovka oʻtashni tashkil etish bilan bogʻliq barcha hujjatlarni yuritish (hujjatlar aylanishini tashkil etish) Akademiyaning tegishli tarkibiy boʻlimi tomonidan zarur boʻlimlar va qabul qiluvchi tashkilotlarni jalb etgan holda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 745-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali oʻquv kurslarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali oʻquv kurslarini tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Masofadan oʻqitish usullari orqali qayta tayyorlash va malakani oshirish kurslari (keyingi oʻrinlarda masofaviy kurslar deb ataladi) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbar kadrlarini asosiy ish joyidan ajralmagan holda oʻquv dasturlarini mustaqil oʻzlashtirishi asosida amalga oshiriladi.
3. Masofaviy kurslar onlayn (masofadan turib real vaqt rejimida videomaʼruzalarni, maslahatlarni, nazorat turlarini olib borish) va offlayn (masofaviy taʼlim tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) rejimlarda tashkil etiladi. Mazkur kurslarning sifati va samaradorligining doimiy nazorati Akademiya Oʻquv-uslubiy boʻlimi elektron monitoring tizimida qayd etiladi hamda belgilangan talablarga muvofiqligi taʼminlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbar kadrlarining masofaviy kurslarda oʻqishi davlat granti va shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
2-bob. Masofaviy kurslarning asosiy maqsad va vazifalari
5. Masofaviy kurslarni tashkil etishning asosiy maqsadi tinglovchilarning oʻqituvchi rahbarligidagi mustaqil oʻqishi va izlanishini zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida ragʻbatlantirishdir.
6. Masofaviy oʻqitish shaklining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlariga zamonaviy taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbar kadrlariga asosiy ish joyidan ajralmagan holda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha qayta tayyorlash va malakani oshirish oʻquv dasturlarini masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali oʻzlashtirish imkoniyatini yaratish, mustaqil taʼlimni ragʻbatlantirish.
3-bob. Masofaviy kurslarga tinglovchilarni qabul qilish va taʼlim jarayonini tashkil etish
7. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbar kadrlarini masofaviy kurslarga qabul qilish davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining buyurtmasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Masofaviy kurslar boshlanishidan 3 kun oldin tinglovchilarga Akademiya Oʻquv-uslubiy boʻlimi tomonidan elektron portfolio logini va paroli beriladi. Tinglovchilar oʻziga berilgan login va parol yordamida “Masofaviy kurslar” boʻlimiga kiradi va tizimda oʻzining shaxsiy kabinetiga ega boʻladi.
Tinglovchiga berilgan login va parolni hamda shaxsiy kabinetidan boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish taqiqlanadi.
Tinglovchining shaxsiy kabinetidan boshqa shaxslar foydalanishini oldini olish maqsadida himoya usullaridan foydalaniladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
9. Masofaviy kurs davomida tinglovchi kurslarni tashkil etish va oʻtkazish rejasiga, oʻqish davomiyligi (kelishuv asosida)ga amal qilishi, shuningdek onlayn va offlayn rejimidagi taʼlim jarayonida shaxsan oʻzi ishtirok etishi talab etiladi.
10. Masofaviy kurslarda tinglovchining faoliyati tasdiqlangan grafik asosida quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
onlayn kirish test sinovi — kurs boshida tinglovchilarning tegishli qayta tayyorlash va malakani oshirish yoʻnalishi boʻyicha dastlabki bilim, koʻnikma va malakalarining shakllanganlik darajasini aniqlash uchun tashkil etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
tinglovchilarga “Masofaviy kurslar” tizimidagi resurslar (mustaqil taʼlim uchun taqdimotlar, oʻquv, audio va video materiallar)dan foydalanishga ruxsat beriladi.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Yoʻnalish oʻquv rejasidagi fanlarni oʻzlashtirish ketma-ketligi Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan belgilanadi. Bunda tinglovchi oʻquv fanlari mazmunini elektron taʼlim resurslaridan foydalangan holda mustaqil oʻzlashtiradi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Masofaviy kurslarda qayta tayyorlash va malaka oshirish oʻquv rejasidagi oʻquv fanlari boʻyicha onlayn maʼruzalar (vebinar) tashkil etiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Onlayn maʼruzalar (vebinarlar) oʻtkazilishidan 3 kun oldin tizimda Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan onlayn maʼruza oʻtkaziladigan sana, vaqt, maʼruza mavzusi hamda maʼruzachining familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilgan eʼlon beriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Tinglovchining oʻquv dasturini oʻzlashtirish darajasini aniqlash uchun kurs davomida tinglovchi oʻquv rejasidagi har bir fan mavzulari boʻyicha assesment (joriy nazorat) topshiriqlarini bajaradi.
Assesment topshiriqlari har bir fan mavzulari toʻliq oʻzlashtirsagina (56 % dan oshsa) navbatdagi mavzuga oʻtadi va ularni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga navbatdagi fanlarni oʻzlashtirishga ruxsat beriladi.
Assesment topshiriqlari test yoki professor-oʻqituvchi tomonidan tekshirib baholanadigan vazifa tarzida berilishi mumkin.
Oʻquv rejasidagi barcha fanlar boʻyicha tinglovchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari ularning elektron reyting daftarchasida qayd etilib boriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
15. Kurs davomida tinglovchilarga buyurtmachilar ehtiyojlardan kelib chiqqan holda oʻquv rejalaridagi fanlar boʻyicha maʼruzalar, maslahatlar onlayn yoki offlayn shaklda, maxsus reja asosida tashkil etiladi.
16. Bitiruv ishi mavzusi tinglovchi tomonidan tizimdagi mavjud mavzular doirasida ixtiyoriy tanlanadi va Akademiyaning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi prorektori buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Bitiruv ishini tayyorlash va himoyaga taqdim etish belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Masofaviy kurslarda tinglovchilarning amaliyoti (stajirovka) tinglovchi faoliyat koʻrsatayotgan tashkilotning tegishli yoʻnalish tuzilmalari bazasida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Rahbar kadrlarning malakaviy amaliyoti Akademiyaning amaliyot, stajirovka va joylardagi mashgʻulotlarni tashkil etish boʻlimi orqali shakllantiriladi va nazorat qilinadi.
Amaliyot yakunlari boʻyicha tinglovchining hisoboti va natijalari qayd etilgan bayonnoma koʻchirmasi tasdiqlangan holda tizimning tegishli qismiga ilova qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Oraliq (chiqish) onlayn test sinovlari masofaviy kurs dasturi doirasida tayyorlangan savollar asosida, belgilangan reja boʻyicha tashkil etiladi.
Tinglovchiga test topshiriqlarini bajarish uchun 100 ta test savoli beriladi. Test sinovlarining natijalari shu vaqtning oʻzida eʼlon qilinadi.
Bunda tinglovchilarga oraliq (chiqish) onlayn test sinovlarini asosiy ish joyidan ajralmagan holda tegishli markazlarda, belgilangan vaqtda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining yakunida oʻtkaziladigan test sinovlarida qatnashayotgan boshqa tinglovchilar bilan birgalikda topshirishga ruxsat beriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
Oldingi tahrirga qarang.
19. Masofaviy kurs davomida tinglovchining joriy (assesment ballari, elektron portfolio koʻrsatkichlari va amaliyot natijalari) va oraliq nazorat (chiqish testi) turlari boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichlari Akademiya Boshqaruv kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash fakulteti tizimida qayd etib boriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
20. Masofaviy kurslarda oʻqish davomiyligi belgilangan reja asosida amalga oshiriladi. Bunda kurslarning oʻquv dasturlarini toʻliq oʻzlashtirgan, joriy va oraliq nazorat topshiriqlariga ajratilgan maksimal ballning 56 foizidan yuqori ball toʻplagan tinglovchilarga yakuniy attestatsiyaga kirishga ruxsat beriladi.
21. Agar tinglovchi uzrli sabablarga koʻra yakuniy attestatsiyaga kela olmasa, unga takroriy attestatsiyadan oʻtish muddatidan kelib chiqqan holda keyingi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida yakuniy nazoratga kirishga ruxsat beriladi.
Belgilangan muddat davomida kurslarning oʻquv dasturlarini oʻzlashtirmagan tinglovchilar masofaviy kurslardan oʻtmagan hisoblanadi.
4-bob. Masofaviy kurslar tinglovchilari bilimini yakuniy baholash
22. Masofaviy kurslar tinglovchilarini yakuniy baholash tegishli yoʻnalishlar boʻyicha Akademiyada tashkil etiladigan imtihon komissiyalari tomonidan oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob. Yakuniy qoida
23. Masofaviy oʻqitish jarayonida yuzaga keladigan nizolar Akademiya Kengashi tomonidan hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 745-son qaroriga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tinglovchilarga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim xizmatlari (keyingi oʻrinlarda taʼlim xizmatlari deb ataladi) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar:
buyurtmachi — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va jismoniy shaxslar;
taʼlim oluvchi — oʻrnatilgan tartibda Akademiyada taʼlim dasturlari asosida bilim oluvchi jismoniy shaxs;
taʼlim xizmati — Akademiya va buyurtmachi oʻrtasida tuzilgan pullik xizmat koʻrsatish shartnomasiga binoan buyurtmachining hisobidan va talabi asosida taʼlim berish faoliyati;
asosiy taʼlim dasturi — buyurtmachi talabi asosida Akademiya tomonidan shakllantirilgan taʼlim dasturi;
qoʻshimcha taʼlim dasturi — Akademiya tomonidan ishlab chiqilgan hamda buyurtmachiga taklif etilgan taʼlim dasturi.
3. Taʼlim xizmatlarini koʻrsatish Akademiya ustaviga muvofiq amalga oshiriladi, undan kelib tushadigan mablagʻlar Akademiya ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
4. Taʼlim xizmatlarini koʻrsatish narxi oʻquv dasturlaridan kelib chiqqan holda har yili Akademiya kengashi tomonidan belgilanadi. Tegishli oʻquv dasturlari boʻyicha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq maʼlumotlar Akademiya rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
5. Akademiya oʻquv dasturi va shartnoma shartlarida belgilangan taʼlim xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlashi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Shartnoma shartlariga koʻra, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining boshqaruv kadrlari malakasini oshirish Akademiyaning hududiy filiallari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
6. Akademiya va buyurtmachi oʻrtasida shartnoma tuzilganidan soʻng taʼlim xizmatlari koʻrsatish narxini oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, ikki tomonning roziligi bilan shartnoma predmeti kengaytirilgan hollar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Akademiya va buyurtmachi oʻrtasida tuziladigan shartnomalar tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy boʻladi. Bir shartnoma doirasida ikki va undan ortiq guruh tinglovchilariga taʼlim xizmatlari bir vaqtda yoki turli vaqtda koʻrsatilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
7. Akademiya tomonidan quyidagi taʼlim xizmatlari koʻrsatilishi mumkin:
Akademiya oʻquv jarayoni dasturlari asosida taʼlim oluvchilarning malakasini oshirish;
buyurtmachi talabiga asosan taʼlim oluvchilarning malakasini oshirish;
Akademiyaning magistratura mutaxassisligiga oʻqishga kirish istagini bildirgan nomzodlarni tayyorlash.
2-bob. Taʼlim xizmatlari koʻrsatish va shartnoma tuzish tartibi
8. Akademiya buyurtmachi bilan shartnoma tuzishga qadar taʼlim xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisida aniq maʼlumotlarni buyurtmachiga taqdim etishi lozim.
9. Buyurtmachiga taqdim etiladigan maʼlumotlarda quyidagilar oʻz ifodasini topgan boʻlishi kerak:
Akademiyaning joylashgan manzili;
asosiy va qoʻshimcha taʼlim dasturlarini amalga oshirish yoʻnalishlari;
taʼlim xizmatlari roʻyxati va ularni koʻrsatish tartibi;
taʼlim xizmatlari narxi;
taʼlimni tugatgandan keyin beriladigan hujjat shakli;
Akademiyaning ichki tartib-qoidalari.
10. Buyurtmachining soʻroviga binoan Akademiya quyidagi hujjatlar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi kerak:
Akademiya ustavi hamda oʻquv jarayonini tashkil etish bilan bogʻliq hujjatlar;
shartnoma namunalari;
asosiy va qoʻshimcha taʼlim dasturlari;
taʼlim xizmati koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlar.
11. Maʼlumotlar buyurtmachiga quyidagi usullarda yetkaziladi:
Akademiya rasmiy veb-sayti;
bukletlar;
prospektlar.
12. Maʼlumotlar oʻzbek tilida yoki buyurtmachining soʻroviga koʻra rus tilida taqdim etiladi.
13. Taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun tomonlar oʻrtasida tuzilgan taʼlim xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma (keyingi oʻrinlarda shartnoma deb ataladi) asos boʻlib hisoblanadi.
14. Shartnoma tuzishda bir buyurtmachiga boshqasiga nisbatan ustuvorlik berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Shartnoma oddiy yozma shaklda tuziladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Akademiya toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumot;
buyurtmachi — yuridik shaxsning toʻliq nomi, pochta manzili, uning nomidan harakat qiluvchi mansabdor shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili;
taʼlim oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili, telefon raqami;
ijrochi, buyurtmachi va taʼlim oluvchining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
taʼlim xizmati narxi va uni toʻlash tartibi;
taʼlim dasturining turi va yoʻnalishi;
taʼlim muddati;
taʼlim dasturini egallagan taʼlim oluvchiga beriladigan hujjat shakli;
shartnomani talablarini oʻzgartirish, qoʻshimcha kiritish va bekor qilish asoslari;
taʼlim xizmati xususiyatlaridan kelib chiqadigan boshqa maʼlumotlar.
16. Shartnomaga taʼlim oluvchining huquqlarini cheklashga qaratilgan shartlarning kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
17. Shartnoma uch nusxada rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi Akademiyada saqlanadi, ikkinchi nusxasi buyurtmachiga, uchinchi nusxasi taʼlim oluvchiga taqdim etiladi.
18. Shartnoma Akademiya nomidan Rektor tomonidan imzolanadi.
19. Buyurtmachi shartnomada koʻrsatilgan tartibda va muddatda taʼlim xizmati uchun toʻlovlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Akademiya taʼlim xizmatini koʻrsatish davomida oʻquv jarayoni uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi va malakali professor-oʻqituvchilarni jalb etadi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 857-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son)
3-bob. Akademiya va buyurtmachining javobgarligi
20. Tomonlar shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun shartnomada va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javobgar boʻladi.
21. Oʻquv dasturlarida nazarda tutilgan taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda aniqlangan kamchiliklar uchun buyurtmachi quyidagilarni talab qilishga haqli:
pul toʻlash shartisiz taʼlim xizmatini koʻrsatish;
taʼlim xizmati koʻrsatish narxini mos ravishda pasaytirishni;
kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan xarajatlarni qoplashni.
Agar buyurtmachini yuqorida qayd etilgan holatlar qanoatlantirmasa, u holda buyurtmachi shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishi mumkin.
22. Quyidagi hollarda shartnoma Akademiya tomonidan bir tomonlama tartibda bekor qilinishi mumkin:
taʼlim oluvchining oʻquv dasturida belgilangan majburiyatlarni bajarmaganligi;
taʼlim xizmati koʻrsatish uchun toʻlovning shartnomada belgilangan muddatda toʻlanmaganligi;
Akademiya ichki tartib-qoidalariga rioya qilinmaganligi.
4-bob. Yakuniy qoida
23. Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 745-son qaroriga
7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasining
‎ Davlat gerbi ‎‎

Oʼzbekiston Respublikasi ‎‎

Qayta tayyorlash
‎ haqida

‎‎

‎‎SERTIFIKAT

‎‎QT № 000000

‎‎____________________________________________________________________________

‎‎(Tinglovchining familiyasi, ismi, otasining ismi)

20 ___ yil ___________________________ dan 20 ___ yil ________________________ gacha

‎‎

__________________________________________________________________________‎da

‎‎(Qayta tayyorlash taʼlim muassasasining nomi)

‎‎

___________________________________________________________ soatga moʼljallangan

(Qayta tayyorlash kursining nomi) ‎‎

‎‎

qayta tayyorlash kursida taʼlim olib, ________________________________________________

___________________________________________ mavzusida bitiruv ishini Davlat attestatsiya‎‎

komissiyasida ______________________________________________ bahoga himoya qildi va
‎qayta tayyorlash oʼquv kursini muvaffaqiyatli tamomladi ‎‎

Muhr oʼrni‎‎

Rektor ‎ ___________

Sana ‎____________ ‎

‎‎Qayd raqami __________

Qayta tayyorlash haqida davlat namunasidagi sertifikatning
TAVSIFI
Qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi sertifikat A4 formatli oq qogʻozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och pushti rangda bosib chiqariladi.
Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Davlat gerbi, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” va “Qayta tayyorlash haqida SERTIFIKAT” soʻzlari bosiladi. Sertifikat ikki lotin harfi — QT va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och pushti rang fonda bosib chiqariladi.
Sertifikat:
bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
naqshli rastr;
har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;
maxsus qogʻozlar;
oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 38-son, 1054-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/857/2094-son, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)