O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahalla institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining 14-bandiga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari uchun dam olish maskani tashkil etish hamda davlat mulki obyektlaridan yanada samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “ShARQ” nashriyoti matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvining, “ShARQ” nashriyoti matbaa aksiyadorlik kompaniyasi foydalanishida bo‘lgan Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Baytqo‘rg‘on” QFY hududida joylashgan “Navbahor” sanatoriysi dam olish maskanini tegishli hududi bilan birgalikda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruviga tekin foydalanish huquqi asosida berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. “ShARQ” nashriyoti matbaa aksiyadorlik kompaniyasi mazkur qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan mulkiy majmuani tegishli hududi bilan birgalikda belgilangan tartibda topshirsin, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi qabul qilib olsin va qabul qilingan obyektdan samarali foydalanish choralarini ko‘rsin.
3. O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruviga berilgan mulkiy majmuani ta’mirlash ishlari O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondiga umumxalq xayriya hasharidan tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlarini samarali boshqarishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 17-maydagi 291-son qaroriga 1-ilovaning 81-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-avgust,
620-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 33-son, 854-modda)