Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2018
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi yangilangan Nizomni tasdiqlash va geologiya sohasi xodimlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-apreldagi 315-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida yagona geologiya xizmatini tashkil qilish to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi PQ-3004-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat geologiya qo‘mitasi deb ataladi) to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlari uzluksiz ish stajlari uchun (uzoq muddat ishlaganlik) har oylik ustama olish huquqiga ega;
mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini (keyingi o‘rinlarda dasturlar deb ataladi) amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarining uzluksiz ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun ustamalarni to‘lashga mo‘ljallangan budjet mablag‘lari hamda “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJning ajratmalari miqdorlari Davlat geologiya qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha har yili dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan belgilanadi;
mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarining uzluksiz ish staji (uzoq muddatli ishlaganlik) uchun ustamalarni to‘lash har yilgi dasturlarda nazarda tutilgan tog‘-kon burg‘ulash ishlarining fizik hajmlarini bajarish va foydali qazilmalar zaxiralarini o‘stirish chorak prognoz parametrlarining bajarilishiga ko‘ra har oyda amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki, 2017-yilning ikkinchi yarim yilligida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarining uzluksiz ish staji (uzoq muddatli ishlaganlik) uchun ustamalar to‘lashni moliyalashtirish 2017-yilgi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturida tasdiqlangan mablag‘lar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda:
uzluksiz ish staji (uzoq muddatli ishlaganlik) uchun har oylik ustamalarni to‘lash ehtiyojining 15 foiz ulushi — budjet mablag‘lari;
ehtiyojning 67 foizi va 18 foizini tashkil etgan ulushlar — tegishli ravishda “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi, ushbu mablag‘lar Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Xarajatlar tarkibi (ishlar, xizmatlar) va moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1.1.4-bandiga muvofiq ishlab chiqarishga oid moddiy xarajatlar tarkibiga kiritiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-iyul,
494-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-iyuldagi 494-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Davlat geologiya qo‘mitasi deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
2. Davlat geologiya qo‘mitasi yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek kon munosabatlarini boshqarish sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
3. Davlat geologiya qo‘mitasining markaziy apparati va unga idoraviy mansub tashkilotlar Davlat geologiya qo‘mitasining yagona tizimini tashkil etadi.
4. Davlat geologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. Davlat geologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatini boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Davlat geologiya qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
7. Davlat geologiya qo‘mitasi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlariga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq ochiladigan bank hisob raqamlariga egadir.
8. Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparatini saqlab turish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, idoraviy mansub tashkilotlarning ajratmalari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
9. Davlat geologiya qo‘mitasining markaziy apparati Toshkent shahri, T.Shevchenko ko‘chasi, 11-uy manzili bo‘yicha joylashtiriladi.
2-bob. Davlat geologiya qo‘mitasining vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Davlat geologiya qo‘mitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish borasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
respublikaning mineral-xomashyo bazasini, birinchi navbatda yer osti suvlari, qimmatbaho, rangli, nodir, kamyob metallar va uranning mineral xomashyo bazasini jadal rivojlantirish, mineral xomashyoning yangi turlarini va ularning konlarini tezkor izlash;
geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish, foydali qazilmalar zaxirasini o‘sishini ta’minlash va joylarda sanoatning yangi quvvatlari yaratilishini inobatga olib iqtisodiyot tarmoqlarining mineral-xomashyo bazasini qayta to‘ldirish;
foydali qazilmalar konlari sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirish uchun berilishini tezlashtirish hisobiga faol investitsiya siyosatini yuritish, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun birinchi navbatda respublika hududlarida sanoatda faoliyat ko‘rsatayotgan tarmoqlarining xomashyo manbalarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning uzoq muddatli, o‘rtacha muddatli va yillik davlat dasturlari monitoringi olib borilishini va nazorat qilinishini ta’minlash, yer qa’rini geologik o‘rganish metodikasini o‘rganish natijalari hajmi, sifati va ishonchliligini xolisona baholash;
zamonaviy yuqori samarali geologiya-qidiruv va laboratoriya asbob-uskunalarini jadal joriy etish hisobiga geologiya tarmog‘ini modernizatsiya qilish choralarini samarali amalga oshirish, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalar bilan ta’minlash;
kadrlarning kasb mahoratini oshirish bo‘yicha tizimli choralarni amalga oshirish, mehnatni rag‘batlantirishning samarali mexanizmini joriy qilish.
11. Yuklangan vazifalarga muvofiq Davlat geologiya qo‘mitasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish borasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
respublika hududlarining geologik o‘rganilganligi va iqtisodiyot tarmoqlarining foydali qazilmalar bilan ta’minlanganligini tahlil qiladi va uning asosida vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda mineral-xomashyo bazasidan foydalanish strategiyasi, qayta to‘ldirish sur’atlari, ularni yanada kengaytirish, mustahkamlash va sifat jihatidan yaxshilash, oqilona va kompleks tarzda foydalanish hamda buning uchun zarur bo‘lgan davlat investitsiyalari va boshqa investitsiyalar hajmlari to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqadi;
o‘z vakolatlari doirasida respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini, yer qa’rini geologik o‘rganish va muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini davlat hisobiga olishni, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini va yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarining davlat hisobi yuritilishini amalga oshiradi;
mulk egasining mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida olingan yer qa’ri to‘g‘risidagi geologik va boshqa ma’lumotlarga huquqi va majburiyatlarini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va yer qa’ridan foydalanuvchilarning o‘z mablag‘lari hisobiga o‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida aniqlangan foydali qazilmalarning barcha turlari bo‘yicha yer qa’ri haqidagi barcha geologik va boshqa ma’lumotlarni hisobga oladi, saqlaydi va tizimlashtiradi;
yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarini bajarishga loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etadi va ta’minlaydi:
yer osti boyliklari to‘g‘risidagi geologik va boshqa ma’lumotlarning davlat fondini, toshlarga oid geologik materiallarning davlat fondini yuritadi;
konlar va foydali qazilmalar konlarini aniqlash uchun istiqbolli bo‘lgan yer qa’ri uchastkalari davlat reyestrini (o‘z vakolati doirasida), foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansini, konlar, foydali qazilmalar namoyon bo‘lishi va texnogen mineral hosilalar davlat kadastrini, davlat suv kadastrini (yer osti suvlari), tabiiy xavf yuqori bo‘lgan zonalar (xavfli geologik jarayonlar namoyon bo‘lgan zonalar) davlat kadastrini yuritadi, shuningdek qo‘riqlanayotgan tabiiy hududlarning davlat kadastri bo‘yicha chuchuk yer osti suvlari konlarining shakllanishi zonalari bo‘yicha ma’lumotlarni tuzadi va taqdim etadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan o‘zaro hamkorlikda yer osti suvlari monitoringini ham o‘z ichiga olgan yer qa’ri davlat monitoringini ta’minlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida yer osti suvlaridan oqilona foydalanish zarur tarzda nazorat qilinishini va hisobga olinishini ta’minlaydi;
qo‘shni davlatlarning geologik xizmatlari bilan birgalikda transchegaraviy hududlar doirasida radioaktiv va zaharli elementlar bilan ifloslanish o‘choqlarini aniqlash va o‘rganishni amalga oshiradi, qo‘shni hududlarning ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘ta xavfli zonalarni va uchastkalarni aks ettirgan holda geologik xarita va atlaslar tuzadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, manfaatdor vazirliklar va idoralarga taqdim etadi;
vazirliklar va idoralar bilan birgalikda suv resurslaridan (yer osti suvlaridan) foydalanish va hududlarni texnogen va xavfli geologik jarayonlar ta’siri tarqalishidan himoya qilish sxemasini ishlab chiqadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda geologik va mineralogik obyektlar muhofazasi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
sanoat va xo‘jalik qurilishlari obyektlarini istiqbolli joylashtirish uchun muhandislik-geologik, gidrogeologik va ekologik-geologik asoslarni tayyorlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi obyektlarining atrof muhitga ta’sirini baholash ishlarida ishtirok etadi;
qurilayotgan bino va inshootlar ostida foydali qazilmalar mavjud emasligi haqida xulosalar berilishini ta’minlaydi;
sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishga jalb qilinmagan konlar (keng tarqalgan foydali qazilma konlaridan tashqari) joylashgan maydonlarda imoratlar qurish, shuningdek ular joylashgan yerlarda foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini joylashtirish imkoniyatlarini kelishadi;
vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish sohasida tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish strategiyasi haqida takliflar ishlab chiqadi;
idoraviy mansub tashkilotlarda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
respublika mineral-xomashyo bazasining holati haqidagi axborot tizimi mavjud bo‘lishi va uning rivojlanishini ta’minlaydi, yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish sohasida belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshiradi;
b) respublika mineral-xomashyo bazasini, birinchi navbatda yer osti suvlari, qimmatbaho, rangli, nodir, kamyob metallar va uranning mineral-xomashyo bazasini jadal rivojlantirish, mineral-xomashyoning yangi turlarini va ularning konlarini jadal izlash sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi, “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ bilan kelishgan holda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning uzoq muddatli (5 yil va undan ortiq davrga) va o‘rtacha muddatli (5 yilgacha davrga) davlat dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning uzoq muddatli va o‘rtacha muddatli davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish yillik davlat dasturlarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi, “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ bilan kelishgan holda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
vakolatli organlar va manfaatdor tashkilotlar bilan kelishgan holda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning uzoq muddatli, o‘rtacha muddatli va yillik davlat dasturlarini ishlab chiqishda foydali qazilmalar zaxiralari o‘sishi bo‘yicha (uglevodorodlardan tashqari) davlat buyurtmasi loyihalari shakllantirilishini ta’minlaydi;
idoraviy mansub tashkilotlar o‘rtasida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning yillik dasturi doirasida geologiya-qidiruv, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish uchun davlat buyurtmalarini joylashtiradi, ularning bajarilishini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJning mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiradi;
mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning yillik dasturi doirasida yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan yer qa’rini geologik o‘rganish bo‘yicha ishlarni loyihalash va olib borish sohasida o‘z vakolatlari doirasida me’yorlar va qoidalarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning yillik dasturi doirasida idoraviy mansub tashkilotlarning geologik o‘rganish uchun yer qa’ridan foydalanish huquqining yuzaga kelishiga asos bo‘lib hisoblanuvchi yer qa’rini geologik o‘rganishga oid loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlaydi;
xavfli geologik jarayonlar (ko‘chkilar, qulashlar, cho‘kishlar, suffoziya, karst)ni o‘rganish, shuningdek ularning tog‘li tumanlarda hosil bo‘lishi va rivojlanishini kuzatish ishlarini olib boradi;
respublika hududlarining sho‘rlanishiga va cho‘llanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi mintaqaviy ekzogen geologik jarayonlarni o‘rganish ishlarini o‘tkazadi.
v) geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini va natijadorligini oshirish, foydali qazilmalar zaxirasi o‘sishni ta’minlash va joylarda yangi sanoat quvvatlari yaratilishini inobatga olib iqtisodiyot tarmoqlarining mineral-xomashyo bazasini qayta to‘ldirish sohasida:
yer osti suvlari, qimmatbaho, rangli, noyob, kamyob metallar va uran konlarini, shuningdek boshqa turdagi foydali qazilma konlarini aniqlashga istiqbolli bo‘lgan hududlarni belgilaydi va joylarda sanoatni rivojlantirish uchun ushbu hududlarda geologiya-qidiruv ishlarining ustuvor rivojlanishini ta’minlaydi;
mavzuli va tajriba-konstruktorlik ishlarini, ma’dan va tog‘ jinslarini texnologik tadqiq qilish, shuningdek yer qa’rini geologik o‘rganish sohasidagi boshqa ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini hamda fundamental va amaliy fanlarning ilg‘or yutuqlari asosida mineral-xomashyodan foydalanishni asoslab beradi;
g) foydali qazilmalar konlari sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirish uchun berilishini tezlashtirish hisobiga faol investitsiya siyosatini yuritish, ulardan shu jumladan xorijiy sarmoyalarni jalb etgan holda samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish sohasida:
xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishlarini olib boradi, xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib boradi va ularga yer qa’ridan foydalanish huquqini berish bo‘yicha (o‘z vakolatlari doirasida) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar o‘tkazadi, Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlar, boshqa mamlakatlarning geologik xizmatlari bilan munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlarda a’zoligidan kelib chiquvchi majburiyatlari bajarilishini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi hamda yer qa’rini geologik o‘rganish va foydalanish, konchilik munosabatlarini boshqarish, mineral-xomashyo salohiyatini rivojlantirish va qayta to‘ldirish sohasidagi xalqaro shartnomalarda qatnashadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda geologiya-qidiruv ishlariga (mineral-xomashyo bazasini qayta to‘ldirish) xarajatlar o‘rnini to‘ldirish stavkalari miqdorlarini, geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish va kreditlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
tadbirkorlik tavakkalchiligi shartlarida geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni qazib olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish, foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanish (noma’dan foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar, shuningdek chiqindilarni saqlash va ko‘mish maqsadidagi yer osti inshootlaridan foydalanish bundan mustasno), qo‘riqlanadigan geologik obyektlarni barpo qilish va yarqiramatosh xomashyo namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni to‘plash huquqini beruvchi litsenziyalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beradi;
idoraviy mansub gidrogeologik tashkilotlar tomonidan yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ulash uchun gidrogeologik xulosalar o‘z vaqtida berilishi yuzasidan nazoratni ta’minlaydi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma beradi va suvdan (yer osti suvlari) maxsus foydalanishi uchun ruxsatnoma idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘z vaqtida kelishilishi nazorat qilinishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofazasi qilish davlat qo‘mitasi va “Sanoatgeokontexnazorat” DI bilan birgalikda keng tarqalgan foydali qazilmalar ro‘yxatini belgilaydi va uni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
vazirliklar va idoralar bilan birgalikda materiallarni tayyorlaydi, yer qa’ridan foydalanish huquqini berish yuzasidan ommaviy savdolarni tashkil qilish va o‘tkazishda qatnashadi, yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
o‘z vakolatlari doirasida yerdan foydalanuvchilar tomonidan yer qa’ridan foydalanish huquqiga oid litsenziyalarda belgilangan shartlarga, yer qa’rini geologik o‘rganishlarga doir ishlarni loyihalashtirish sohasidagi me’yorlar va qoidalarga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
d) raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun birinchi navbatda respublika hududlarida sanoatda faoliyat ko‘rsatayotgan tarmoqlarining xomashyo manbalarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar tayyorlash sohasida:
tizimli asosda mineral-xomashyodan foydalanishning umumjahon tendensiyalarini va ular asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar nomenklaturasini o‘rganadi;
respublikaning qayta ishlab chiqarish quvvatlari uzoq muddatli istiqbolda foydali qazilmalar zaxiralari va resurslari bilan ta’minlanganligini tahlil qiladi va yangi turdagi mineral-xomashyolarni o‘zlashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xorijiy mamlakatlarda yangi turdagi mineral-xomashyodan foydalanishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlaydi va ularni respublikada mahalliy xomashyo negizida ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
iqtisodiyotning qayta ishlovchi tarmoqlari xomashyo manbalarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kiritadi;
e) mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning uzoq muddatli, o‘rtacha muddatli va yillik davlat dasturlari monitoringi olib borilishini va nazorat qilinishini ta’minlash, yer qa’rini geologik o‘rganish metodikasini o‘rganish natijalari hajmi, sifati va ishonchliligini xolisona baholash sohasida:
mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning tasdiqlangan davlat dasturlariga muvofiq yer qa’rini geologik o‘rganishga doir ishlar olib borilishini muvofiqlashtiradi;
idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan asosiy turdagi foydali qazilmalar zaxiralari o‘sishi bo‘yicha davlat buyurtmalari va respublika mineral-xomashyo bazasini (uglevodorodlardan tashqari) shakllantirish, mustahkamlash va kengaytirishga doir geologik vazifalar va respublika hududini geologik o‘rganish sohasidagi boshqa ishlar o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;
idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning davlat dasturlari amalga oshirilishi, foydali qazilmalar zaxiralari o‘sishi bo‘yicha davlat buyurtmasi bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi va nazoratni amalga oshiradi;
respublika hududida geologiya-ekologiya va gidrogeologiya-meliorativ tadqiqotlar dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etadi;
idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan yer qa’rini geologik o‘rganishga doir olib boriladigan ishlarga ajratiladigan moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;
j) zamonaviy yuqori samarali geologiya-qidiruv va laboratoriya asbob-uskunalarini jadal joriy etish hisobiga geologiya tarmog‘ini modernizatsiya qilish choralarini samarali amalga oshirish, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalar bilan ta’minlash sohasida:
geologiya-qidiruv ishlariga zamonaviy usullar, ilmtalab texnologiyalar va uskunalar tatbiq etilishini tizimli asosda amalga oshiradi;
Davlat geologiya qo‘mitasiga idoraviy mansub tashkilotlarni asosiy vositalarni, ularning balansiga topshirish yo‘li bilan modernizatsiyalash va texnik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘radi;
zamonaviy kon-burg‘ulash, geologik-geofizik va laboratoriya-tahliliy uskunalardan foydalanish samaradorligini tahlil qiladi va ularni samarali qo‘llash bo‘yicha idoraviy mansub tashkilotlarga metodik yordam beradi;
z) kadrlarning kasb mahoratini oshirish bo‘yicha tizimli choralarni amalga oshirish, mehnatni rag‘batlantirishning samarali mexanizmini joriy qilish sohasida:
ekstremal sharoitlarda (suvsizlik, yuqori tog‘li, yer osti va boshqalar) ish olib borish uchun qo‘shimcha to‘lovlar miqdorining belgilanishini asoslab beradi va takliflar kiritadi;
geologiya tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlashni va ularning malakasini oshirish ishlarini tizimli ravishda olib boradi;
Davlat geologiya qo‘mitasining markaziy apparati va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarining mehnatini rag‘batlantirishning samarali mexanizmini joriy qiladi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni bajaradi.
12. Davlat geologiya qo‘mitasi unga yuklangan vazifalarni hal etadi va o‘zining funksiyalarini bevosita va idoraviy mansub tashkilotlar orqali bajaradi.
3-bob. Davlat geologiya qo‘mitasining huquqlari va javobgarligi
13. Davlat geologiya qo‘mitasi unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur materiallar va ma’lumotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan va boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
o‘z vakolatlari doirasida yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini berish;
yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ulash uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma berish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va tashkilotlar bilan kelishgan holda ularning mutaxassislarini geologik materiallarni ekspertizadan o‘tkazish uchun jalb qilish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, boshqa tashkilotlarga va fuqarolarga yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish doirasidagi qoida buzilishlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar yo‘llash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yer qa’ridan foydalanish huquqini chegaralash, to‘xtatib turish va to‘xtatish haqida qaror chiqarish;
yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish sohasida qonun hujjatlari talablari bajarilmaganligi yoki yetarlicha bajarilmaganligi uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarini belgilangan tartibda javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritish;
yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish masalalari bo‘yicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda imzolash;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparati va idoraviy mansub tashkilotlar mutaxassislarini tajriba orttirish, malaka oshirish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish, biznes-forumlar va boshqalarda ishtirok etish uchun belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlarga yuborish;
yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish sohasida chet ellik yetakchi mutaxassislarni Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparatida va idoraviy mansub tashkilotlarda ishlash uchun shartnoma asosida jalb qilish;
Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlarning vazirliklari (idoralari), xalqaro moliya va iqtisodiyot tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, chet el firmalari va kompaniyalari bilan, shuningdek xorijiy davlatlarning elchixonalari va missiyalari, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa bo‘yicha kengashlar va videokonferensiyalar o‘tkazish;
Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda xalqaro darajada ifodalash;
yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish sohasida hukumatlararo qo‘mitalar, xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik qilish bo‘yicha kengashlar va komissiyalar ishida qatnashish;
zarurat bo‘lganda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun geologiya sohasi olimlari va mutaxassislaridan iborat vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish, boshqa vazirliklar va idoralardan mutaxassislar va ekspertlarni ushbu ishga shartnomalar asosida jalb qilish;
o‘z vakolatlari doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek boshqa tashkilotlar, shu jumladan xorijiy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan shu kabi tadbirlarda ishtirok etish;
davlat budjeti mablag‘lari va boshqa manbalar hisobiga olingan yer qa’ri to‘g‘risidagi geologik va boshqa axborotlarni shartnomalar asosida belgilangan tartibda realizatsiya qilish (berish, ayirboshlash, sotish).
Davlat geologiya qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega.
14. Davlat geologiya qo‘mitasi o‘z vakolati doirasida vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqiga ega.
Davlat geologiya qo‘mitasi zarur hollarda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlarni qabul qilish huquqiga ega.
15. Davlat geologiya qo‘mitasi va uning mansabdor shaxslari ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
4-bob. Davlat geologiya qo‘mitasi faoliyatini tashkil qilish
16. Davlat geologiya qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tavsiyanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais boshchilik qiladi.
Rais O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan o‘rinbosarlarga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
Davlat geologiya qo‘mitasi raisi moddiy, maishiy, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari bo‘yicha vazirga, uning birinchi o‘rinbosari — vazirning birinchi o‘rinbosariga, uning o‘rinbosarlari esa — vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
17. Davlat geologiya qo‘mitasi raisi:
Davlat geologiya qo‘mitasi faoliyatiga rahbarlik qiladi va qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
o‘z o‘rinbosarlarining vakolatlarini belgilaydi, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparatining va idoraviy mansub tashkilotlarning mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilaydi;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparati va idoraviy mansub tashkilotlar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
zarurat bo‘lganda xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparati shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomni, Davlat geologiya qo‘mitasi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning ustavlarini tasdiqlaydi;
Davlat geologiya qo‘mitasiga idoraviy mansub tashkilotlarni qayta tashkil qilish yoki tugatish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparati va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qiladi, tarmoq xodimlarini belgilangan tartibda ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlar bilan mukofotlaydi, Davlat geologiya qo‘mitasi tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlari va davlat mukofotlari bilan mukofotlashga tavsiya qiladi;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparatining tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarining lavozim maoshlariga (tarif setkasi bo‘yicha) belgilangan tartibda shaxsiy ustamalar tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi va idoraviy mansub tashkilotlarda ustamalarni tayinlash tartibini belgilaydi;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarini, Davlat geologiya qo‘mitasi tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Davlat geologiya qo‘mitasi va idoraviy mansub tashkilotlarning mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etadi;
Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparatida va idoraviy mansub tashkilotlarda ijro intizomini mustahkamlashga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro qilish, elektron hujjat aylanishi tizimini keng joriy qilish va samarali foydalanish, yuridik va jismoniy shaxslardan tushuvchi murojaatlar bo‘yicha ularni ko‘rib chiqish natijalarini hisobga olgan holda ma’lumotlar bazasini shakllantirishga oid ishlarni nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini belgilangan tartibda imzolaydi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18. Davlat geologiya qo‘mitasida rais (hay’at raisi), uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, shuningdek Davlat geologiya qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda qo‘mita faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi hay’at tashkil qilinadi.
Hay’at a’zolarining soni va shaxsiy tarkibi Davlat geologiya qo‘mitasi raisi taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at:
ushbu Nizom bilan belgilangan Davlat geologiya qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish, yer qa’rini geologik o‘rganish va yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik munosabatlarini boshqarish, mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishni boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, konchilik munosabatlari sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish, foydali qazilmalar konlarini izlash va qidirish ishlari samaradorligi oshirilishini ta’minlovchi geologiya-qidiruv ishlarini, shuningdek prognozlashtirishning ilg‘or usullaridan foydalangan holda yer qa’ri to‘g‘risida geologik va boshqa axborotlarni chuqur ilmiy tahlil qilish asosida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning uzoq muddatli, o‘rtacha muddatli va yillik davlat dasturlarini shakllantirish;
Davlat geologiya qo‘mitasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga kadrlarni tanlash, tayinlash, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun ijro intizomini mustahkamlash, ular o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun Davlat geologiya qo‘mitasi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi.
Hay’at Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga tegishli bo‘lgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha hay’at yig‘ilishlariga boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlarning rahbarlari ham taklif qilinishlari mumkin.
Hay’at yig‘ilishida hay’at a’zolari tarkibining yarmidan ortig‘i ishtirok etgan taqdirda hay’at vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qaror oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari Davlat geologiya qo‘mitasining qarorlari va raisning buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Rais va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda rais mustaqil ravishda qaror qabul qiladi va yuzaga kelgan kelishmovchilik to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qiladi. Hay’at a’zolari ham o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘z fikrlarini ma’lum qilishlari mumkin.
Hay’atning faoliyat yuritish tartibi hay’at tomonidan tasdiqlanadigan uning reglamenti bilan belgilanadi.
19. Eng muhim yo‘nalishlarni, ish natijalarini va yer qa’rini geologik o‘rganish bilan bog‘liq boshqa masalalarni ko‘rib chiqish uchun Davlat geologiya qo‘mitasi huzurida ilmiy-texnik kengash tuziladi. Ilmiy-texnik kengash tarkibi va u to‘g‘risidagi nizom hay’at tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari
20. Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, ustamalar, qo‘shimcha haqlar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan iborat bo‘ladi.
22. Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlariga qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadigan va respublikaning tegishli tarmoq kasaba uyushmasi bilan kelishiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi xodimlariga uzluksiz ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun ustamalar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq har oyda uzluksiz ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun ustama to‘lanadi.
23. Uzluksiz ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun to‘lanadigan ustamalar faqat asosiy ish joyi bo‘yicha har oyda va xodimning lavozim maoshiga belgilangan razryad tarif stavkasiga nisbatan quyidagi foizlarda hisoblanadi:

Ish staji bo‘yicha guruh

Uzluksiz staj uchun ustama miqdori

3 yildan 5 yilgacha

20%

5 yildan 10 yilgacha

35%

10 yildan 15 yilgacha

50%

15 yil va undan ortiq

60%

24. Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarining uzluksiz ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun ustamalarni to‘lash (ishlab chiqarishda qatnashuvchi xodimlar) budjet mablag‘lari, “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJning ajratmalari hisobiga amalga oshiriladi.
Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlari toifalarining (ishlab chiqarishda qatnashuvchi xodimlar) ro‘yxati ushbu Nizomga ilovada keltirilgan.
25. Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etmaydigan Davlat geologiya qo‘mitasi (xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlar), shu jumladan uning markaziy apparati xodimlarining uzluksiz ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun ustamalarni to‘lash Davlat geologiya qo‘mitasi olgan foyda va idoraviy mansub tashkilotlarning ajratmalari hisobiga amalga oshiriladi.
26. Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarining uzluksiz ish staji (uzoq muddatli ishlaganlik) uchun ustamalarni to‘lashga mo‘ljallangan budjet mablag‘lari hamda “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJning ajratmalari Davlat geologiya qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha har yilgi dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan belgilanadi;
27. Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarining uzluksiz ish staji (uzoq muddatli ishlaganlik) uchun ustamalarni to‘lash yillik dasturlarda nazarda tutilgan kon burg‘ulash ishlarining fizik hajmlarini bajarish va foydali qazilmalar zaxiralari o‘sishi choraklik prognoz parametrlarining bajarilishiga ko‘ra har oyda amalga oshiriladi.
28. Davlat geologiya qo‘mitasi tizimi bo‘yicha geologiya-qidiruv, gidrogeologiya, ilmiy-tadqiqot ishlarini va mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishning har yilgi davlat dasturlari doirasidagi boshqa ishlarni bajaruvchi xodimlarga uzluksiz ish staji uchun ustamalarni to‘lashga doir sarf-xarajatlar ishlar tannarxiga kiradi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
29. Davlat geologiya qo‘mitasini qayta tashkil qilish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Davlat geologiya qo‘mitasining mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan xodimlari toifalari
RO‘YXATI
1. Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturlari doirasida tegishli loyihalar (yoki ularning bir qismi)ni amalga oshirayotgan idoraviy mansub tashkilotlar direktorlari va direktorlar o‘rinbosarlari.
2. Bosh geologlar, bosh geolog o‘rinbosarlari, barcha toifadagi geologlar, texnik-geologlar, geologiya mutaxassisligining barcha texniklari, gidrogeologlar, geodezistlar, geofiziklar, marksheyderlar, topograflar, paleontologlar, geokimyogarlar va barcha toifadagi kimyogarlar.
3. Partiyalar, bo‘limlar, shu’balar, otryadlar, uchastkalar va guruhlar boshliqlari.
4. Bosh muhandislar, bosh muhandislar o‘rinbosarlari, barcha toifadagi muhandislar, bosh texnologlar va barcha toifadagi texnologlar, bosh geofiziklar va barcha toifadagi geofiziklar, bosh marksheyderlar va barcha toifadagi marksheyderlar.
5. Bosh mutaxassislar va barcha toifadagi ilmiy xodimlar.
6. Iqtisodiyot va buxgalteriya xizmatlari mutaxassislari.
7. Burg‘ulash ustalari, burg‘ulash qurilmasi mashinistlari, mashinist yordamchilari.
8. Kon ishlari ustalari, shaxta boshliqlari, kon ishchilari, yer osti ishlari ishchilari va geologiya-qidiruv ishlarining boshqa xizmatchilari.
9. Geologiya-qidiruv ishlarida qatnashuvchi ishchilar va transport vositalari haydovchilari.
10. Geologiya-qidiruv ishlarida bevosita qatnashuvchi boshqa mutaxassislar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-iyuldagi 494-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari
ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 8-iyundagi 165-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-yil, 6-son, 46- modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2011-yil 24-avgustdagi PF-4354-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qarori)” 2011-yil 2-noyabrdagi 294-son qaroriga ilovaning 34-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 11-son, 85-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2013-yil 15-avgustdagi 225-son qarori) 2013-yil 8-oktabrdagi 276-son qaroriga ilovaning 11-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2013-yil, 10-son, 72-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-son Qonunining 6-moddasi)” 2016-yil 9-noyabrdagi 383-son qaroriga ilovaning 1-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-yil, 11-son, 101-modda).
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 28-son, 664-modda)