Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 21-apreldagi PQ-2915-son qarorini bajarish yuzasidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Analitik nazoratga ixtisoslashgan davlat inspeksiyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Analitik nazoratga ixtisoslashgan davlat inspeksiyasining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi” davlat muassasasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziriga, zarurat boʻlganda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Markaz faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
Markazni faoliyat yuritish uchun mos boʻlgan Toshkent shahar hududidagi binoga joylashtirish choralarini koʻrsin;
Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga Markaz binosini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilsin hamda zarur analitik laboratoriya asbob-uskunalari va priborlar, kompyuter texnikasi, mebel va boshqa anjomlar bilan jihozlasin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T.Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-iyun,
377-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-iyundagi 377-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazining
TUZILMASI
* Boʻlim pulli xizmatlardan tushadigan mablagʻlar hisobiga faoliyat koʻrsatadi, shtatidagi xodimlar soni ishlar hajmiga bogʻliq boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-iyundagi 377-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi” davlat muassasasi toʻgʻrisida
NIZOM
(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi” davlat muassasasining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarligini, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida analitik (laboratoriya) nazoratni taʼminlash boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
Markaz oʻz faoliyatida Ekologiya vazirligiga hisobot beradi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Ekologiya vazirligining qarorlari va buyruqlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
4. Markaz oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa organlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhr va blankalarga, shuningdek bankda hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublika atmosfera havosi, yer yuzasidagi suvlar, tuproq, hayvonot va oʻsimlik dunyosining ifloslanish manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, analitik nazorat natijalarini tizimlashtirish va umumlashtirish;
chiqindilarni koʻmish (joylashtirish)da ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilinishi, radiatsiya xavfsizligi taʼminlanishining analitik nazoratini tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologiya vazirligining hududiy boshqarmalariga tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablariga rioya etilishi yuzasidan inspeksiyaviy analitik nazorat, ifloslantirish manbalari monitoringi boʻyicha ishlarni amalga oshirishda rahbarlik qilish hamda tashkiliy-uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish;
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
oqova va tashlanmalar, chiqindilar, tabiiy muhit obyektlari ifloslanishi namunalarini olish hamda ularning fizik-kimyoviy analizlarini olib borishning ilgʻor usullarini oʻzlashtirish, takomillashtirish, zarur holatlarda, ishlab chiqish, qayta mukammal ishlash va joriy qilish;
atmosferaga moddalar tashlanmalari nazorati va arbitraj oʻlchovlari oʻtkazilishini, tabiiy muhit obyektlari ifloslanishi va chiqarib tashlanadigan oqova suvlar sifati analiz qilinishini taʼminlash.
7. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) respublika atmosfera havosi, yer usti suvlari, tuproq, hayvonot va oʻsimlik dunyosining ifloslanish manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, analitik nazorat natijalarini tizimlashtirish va umumlashtirish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha geoaxborot tizimlari texnologiyalari asosida analitik nazorat va ifloslantiruvchi manbalar monitoringining axborot-kartografik maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
Markazning axborot byulletenlari va boshqa rasmiy nashrlarini hamda tabiiy muhitning holati toʻgʻrisidagi materiallar va boshqa maʼlumotlar chop etilishini tashkillashtiradi va amalga oshiradi;
davlat monitoringi tizimida atrof muhit holatini kuzatishni amalga oshirish, atrof tabiiy muhitni ifloslantirish manbalari monitoringi va analitik nazorat natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga belgilangan tartibda taqdim etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish va harakat qilish davlat tizimi (FVDT)ning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlarini ekologik vaziyat, atmosfera havosiga zararli moddalarning tashlanishi, oqova suvlarning sifati, tuproqning va suv resurslarining ifloslanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan belgilangan tartibda taʼminlaydi;
atrof muhitning (havo, suv va tuproq) radionuklidlar va boshqa xavfli moddalar bilan ifloslanishi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplaydi, tahlil qiladi va umumlashtiradi, ularning Favqulodda vaziyatlar vazirligining Tang vaziyatlarni boshqarish markaziga va uning hududiy boshqarmalarining axborot-tahlil xizmatlariga (tezkor navbatchilar guruhlariga), shuningdek manfaatdor vazirliklar va idoralarga yetkazilishini amalga oshiradi;
“Oʻzbekiston Respublikasida tabiiy resurslardan foydalanish va atrof muhit holati toʻgʻrisida”gi milliy maʼruzaning atrof muhit va uning ifloslanish manbalari davlat monitoringi tizimi toʻgʻrisidagi qismi boʻyicha maʼlumotlarni tayyorlashda qatnashadi.
b) chiqindilarni koʻmish (joylashtirish)da ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilinishi, radiatsiya xavfsizligi taʼminlanishining analitik nazoratini tashkil etish sohasida:
qattiq maishiy va sanoat chiqindilari yigʻilgan, xom ashyo chiqindixonalari va zaharli moddalarni koʻmish shoxobchalari joylashtirilgan hududlar tuprogʻi ifloslanishining analitik nazoratini amalga oshiradi;
antropogen manbalar, shuningdek ularning taʼsir etadigan zonasining atrofi va yaqinida radionuklidlar bilan ifloslanishi holatini analitik nazorat qilishni tashkil etadi va amalga oshiradi;
yuqori darajada xavfli obyektlar hamda intensiv sanoat va qishloq xoʻjaligi faoliyati yuritiladigan hududlarda ekologik vaziyat yuzasidan analitik nazoratni olib boradi;
radiatsiyaviy avariyalarni prognoz qilish, barvaqt aniqlash va harakat qilish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganadi, tahlil qiladi va amaliyotga joriy etadi;
atrof muhitning yuqori darajada ifloslanishi bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish ishlarini tashkil qilishda qatnashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) Ekologiya vazirligining hududiy boshqarmalariga tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablariga rioya etilishi yuzasidan inspeksiyaviy analitik nazorat, ifloslantirish manbalari monitoringi boʻyicha ishlarni amalga oshirishda rahbarlik qilish hamda tashkiliy-uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish sohasida:
(7-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
Oldingi tahrirga qarang.
atrof muhitning ifloslanish manbalari va yer usti ekotizimi monitoringi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmalarining Atrof-muhit monitoringi, iqlim oʻzgarishiga moslashish va gidrometeorologiya sohasini muvofiqlashtirish (tahliliy laboratoriyalar) boʻlimlariga, shu jumladan vazirlik va idoralarining ekologik xizmatlariga uslubiy rahbarlikni tashkil etadi va amalga oshiradi;
(7-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
atrof muhit obyektlari (atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari, tuproq va suv quyqalari)ni, shuningdek xoʻjalik faoliyatini olib borish jarayonida yuzaga keladigan antropogen manbalar (atmosferaga tashlamalar va suvga oqovalar tashlash manbalari va tuproq ifloslanishi)ning tarkibi va xossalari koʻrsatkichlari miqdorini aniqlashga qaratilgan oʻlchashlarni bajarish uslublari sohasida qoʻllaniladigan Oʻzbekiston Respublikasi davlat standartlari, davlatlararo standartlar va oʻlchashlarni bajarish uslublari hisobini yuritishni amalga oshiradi;
atrof muhitni muhofaza qilish sohasida standartlashtirish boʻyicha ishlar va oʻlchovlar (sinovlar) oʻtkazish yuzasidan tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;
atrof tabiiy muhit va ularni ifloslanish manbalari davlat monitoringi tizimi faoliyat yuritishida ishtirok etadi;
suv resurslarini ifloslantiruvchi manbalar, atmosfera havosiga zararli moddalarni tashlanishi, tuproqning ifloslanishi va tozalash inshootlarining ishlash samaradorligi monitoringini amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmalarining Atrof-muhit monitoringi, iqlim oʻzgarishiga moslashish va gidrometeorologiya sohasini muvofiqlashtirish (tahliliy laboratoriyalar) boʻlimlari hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ekoanalitik laboratoriyalari mutaxassislarini monitoring oʻtkazish, atrof muhit obyektlarini va ularning ifloslanish manbalarini analitik nazorat qilish masalalari boʻyicha tayyorlash va malakasini oshirishda ishtirok etadi;
(7-band “v” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
g) oqova va tashlanmalar, chiqindilar, tabiiy muhit obyektlari ifloslanishi namunalarini olish hamda ularning fizik-kimyoviy analizlarini olib borishning ilgʻor usullarini oʻzlashtirish, takomillashtirish, zarur holatlarda, ishlab chiqish, qayta mukammal ishlash va joriy qilish sohasida:
zamonaviy oʻlchov uslublarini oʻzlashtirish, oʻlchashlarni bajarish uslublari va ilgʻor uslubiyotlarini takomillashtirish hamda zarur holatlarda ularni ishlab chiqish, qayta ishlash va amaliyotga tatbiq etish ishlarini olib boradi;
roʻyxatga olish uchun taqdim etilayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining atrof muhitga taʼsirini baholash, ularni qoʻllashda tabiatni muhofaza qilish meʼyorlari va qoidalarini belgilash maqsadida ekologik baholashni amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologiya vazirligi tizimiga kiruvchi tegishli tarkibiy boʻlinmalar bilan birgalikda atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi texnik boshqaruv sohasidagi meʼyoriy hujjatlar fondini shakllantiradi va yuritadi;
(7-band “g” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
tabiatni muhofaza qilish faoliyatini metrologik taʼminlash talablariga muvofiq tahlillar, oʻlchovlar, test sinovlari natijalarining yagona va talab etiladigan aniqligini taʼminlash ishlarini amalga oshiradi;
atrof muhitni muhofaza qilish sohasida oʻlchovlarni bajarishda qoʻllaniladigan ifloslantiruvchi moddalarning oʻlchovlarini bajarishning amaldagi shahodatlangan va vaqtincha ruxsat berilgan uslublarini ishlab chiqishni va nashr etishni amalga oshiradi, shuningdek uslubiy markaz haqida maʼlumotlar majmuini tashkil etishni taʼminlash maqsadida butun jahon maʼlumotlar Internet tarmogʻidagi oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirishni va doimiy ravishda yangilashni taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologiya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini olib boruvchi korxonalarning ekoanalitik laboratoriyalari faoliyatini belgilangan tartibda nazorat qilib boradi;
(7-band “g” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
kimyoviy tahlillarni bajarishda talab etiladigan ishonchlilik, aniqlik va yagonalikni taʼminlash maqsadida laboratoriyalararo taqqoslama sinovlar va boshqa tashqi nazorat shakllarini olib borishda ishtirok etadi va ularni tashkil etadi;
tashlamalar, oqovalar va tuproq ifloslanishi boʻyicha namunalar olish va ularning fizik-kimyoviy tahlillarini oʻtkazishning ilgʻor uslublarini qoʻllash yuzasidan xorijiy davlatlarning tajribasini oʻrganish, tahlil qilish va amaliyotga tatbiq etish ishlarini amalga oshiradi;
ilmiy va oʻquv, shu jumladan chet el tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi hamda atrof muhit obyektlarini ifloslantiruvchi moddalar bilan ifloslantiruvchi manbalardan oqovalar va tashlamalar tashlanishining analitik nazorati masalalari boʻyicha xalqaro ilmiy forum va konferensiyalarni tashkil etish va oʻtkazishda qatnashadi;
d) atmosferaga moddalar tashlanmalari nazorati va arbitraj oʻlchovlari oʻtkazilishini, tabiiy muhit obyektlari ifloslanishi va chiqarib tashlanadigan oqova suvlar sifati analiz qilinishini taʼminlash sohasida:
bahsli holatlar va kelishmovchiliklar kelib chiqqan vaziyatlarda shahodatlash doirasiga mos ravishda nazorat obyektlarida namunalar olish va ularni dastlabki qayta ishlashni bajaradi, olingan namunalarning zarur miqdoriy, kimyoviy tahlilini va vizual kuzatishlarini oʻtkazadi;
avariya holatlarida ifloslantiruvchi moddalarning oqovalari va tashlamalarini chiqarishda hamda (zaharli va xavfli) chiqindilarni joylashtirishda nazorat tahlillarini amalga oshiradi;
atrof muhitni muhofaza qilish sohasida quyidagilarning analitik (laboratoriya) nazoratini amalga oshiradi:
turgʻun manbalardan atmosfera havosiga tashlanadigan zaharli moddalar;
korxonalarning koʻchma manbalari tomonidan atmosfera havosiga tashlanadigan zaharli moddalar;
suv obyektlariga tashlanadigan oqova suvlar;
oqova suvlar tashlaydigan manbalar joylashgan hududlardagi yer usti suvlari;
yerlar (jumladan tuproq)ni ifloslantiruvchi manbalar joylashgan yoki potensial ifloslantiruvchilari boʻlgan hududlarning analitik (laboratoriya) nazoratini olib boradi;
qonunchilikka muvofiq atrof muhit obyektlarida ifloslantiruvchi moddalarning oqovalari va tashlamalarini chiqarishning fizik-kimyoviy tahlillarini oʻtkazish masalalari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
Markaz qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi
8. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Markaz vakolatiga kiradigan statistik maʼlumotlarni, hisobotlarni, analitik materiallarni, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni davlat va xoʻjalik boshqaruv organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan va boshqa davlat korxonalaridan soʻrash va bepul olish;
tuproqni ifloslantiruvchi manbalar, oqova va yer usti suvlari, tashlama manbalari monitoringini yuritish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarning obyektlariga qonunchilikda belgilangan tartibda kirib borish;
yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida akkreditatsiya doirasiga muvofiq fizik-kimyoviy tahlillar oʻtkazish, analitik ishlarning bajarilish tartibini belgilovchi oʻlchashlarni bajarish uslublari va meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha xizmatlarni hamda oʻz vakolatlari doirasida boshqa xizmatlar turlarini koʻrsatish;
Markaz tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar (ishlar) uchun toʻlov miqdorini qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlash;
oʻz vakolati doirasida konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar oʻtkazish hamda boshqa tashkilotlar oʻtkazadigan shunga oʻxshash tadbirlarda ishtirok etish;
oʻz xodimlarining ijtimoiy himoyasi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Markaz qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Markaz:
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlar va akkreditatsiya doirasiga muvofiq fizik-kimyoviy tahlillar oʻtkazishdan, analitik ishlarning bajarilish tartibini belgilovchi oʻlchashlarni bajarish uslublari va meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqishdan tushadigan toʻlovlar va Markaz ixtiyoridagi boshqa mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi.
4-bob. Markazning faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
10. Markazga belgilangan tartibda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan lovozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi.
Direktorning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar oʻrinbosari boʻladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Markazning xarajatlari smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlaydi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
12. Direktor:
Markaz faoliyatini umumiy boshqarishni amalga oshiradi;
Markaz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi va Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Markazda ijro intizomi holati boʻyicha bevosita rahbarlikni amalga oshiradi;
oʻz oʻrinbosari va Markazning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
Markaz boʻlimlari (xizmati) nizomini va Markaz xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Markaz xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
oʻz vakolati doirasida Markaz xodimlari tomonidan bajarish uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
belgilangan tartibda Hayʼat majlislarida, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan olib boriladigan oʻzi mutasaddi boʻlgan sohaga oid yigʻilishlarda qatnashadi.
(12-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
Direktor qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
13. Markaz direktori vaqtincha yoʻqligida uning vazifalarini oʻrinbosari bajaradi.
14. Markaz direktorining oʻrinbosari:
nazoratidagi boʻlimlarga bevosita rahbarlik qiladi va Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi hamda nazoratidagi boʻlimlarda ijro intizomi holati uchun shaxsan javob beradi;
oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha hujjatlar loyihasini va materiallarni oʻz vaqtida va sifatli tayyorlashni tashkil etadi, topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;
Markaz ish rejasida, shuningdek mutaxassislarning shaxsiy ish rejalarida nazarda tutilgan tadbirlarni talab qilinadigan davr mobaynida amalga oshirish va muvofiqlashtirishni taʼminlaydi hamda oʻrganilgan masalalarning tanqidiy tahlili asosida Markaz direktoriga muhokama uchun takliflar kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologiya vazirligi Hayʼat yigʻilishlarida muhokama qilishga biriktirilgan masalalar boʻyicha materiallar tayyorlash uchun boʻlim boshliqlari va mutaxassislar bilan majlislar oʻtkazadi;
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
Markaz direktori topshirigʻiga binoan chiquvchi xatlarni imzolaydi;
Markaz direktoriga tegishli mutaxassislar majburiyatlarini taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi.
Markaz direktoriga mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ularni mukofotlash va intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritadi;
Vazifalar taqsimotiga koʻra boshqa tegishli funksiyalarni ham amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Markaz xodimlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi davlat inspektorlari hisoblanadi va ular quyidagi huquqlarga ega:
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
qonun hujjatlarda belgilangan tartibda tasdiqlangan yagona namunadagi formali kiyim-bosh kiyish va farqlovchi belgilarga ega boʻlish;
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologiya vazirligi nomidan maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ishlarni koʻrib chiqish va jarimaga tortish tarzidagi maʼmuriy choralarni qoʻllash;
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)
atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilish masalalari boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini rejali va qisqa muddatli tekshiruvlarda ishtirok etish.
5-bob. Moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari
16. Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Markaz xodimlariga toʻlanadigan ish haqi qonunchilikda nazarda tutilgan lavozim oylik maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha va ustama haqlar, shuningdek ragʻbatlantiruvchi toʻlovlardan iborat boʻladi.
18. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda budjetdan ajratiladigan va budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga shakllantiriladigan mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi, budjet muassasalarini va tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari Markaz xodimlariga toʻlanadigan ish haqi va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish manbalari hisoblanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
19. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 –– 57-moddalari.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 24-son, 504-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/602/0756-son)