Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Tanlov savdolarini oʻtkazish mexanizmini yanada takomillashtirish, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarini yetkazib beruvchilarni aniqlashda raqobat muhitini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi” MChJ Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Davlat raqobat qoʻmitasi, boshqa vazirliklar, idoralar va moliyalashtiruvchi tijorat banklari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizom talablariga muvofiq bir oy muddatda:
qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan namunaviy tanlov hujjatlarini;
qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan namunaviy tanlov hujjatlarini ishlab chiqsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi” MChJ bilan birgalikda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan bir oy muddatda hududiy tanlov komissiyalarini tashkil etsinlar.
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi” MChJ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa vazirliklar, idoralar va tijorat banklari bilan birgalikda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan bir oy muddatda tanlov komissiyasi tashkil etsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 13-fevraldagi 37-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 2-son, 9-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 26-aprel,
243-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-apreldagi 243-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari, moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish ishtirokchilari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Agar xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy kreditorlar va grant beruvchilarning kreditlar (qarzlar) va grantlar berish shartlarida ushbu Nizomda nazarda tutilganlardan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, u holda xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy kreditorlar va grant beruvchilarning tegishli hujjatlarida belgilangan qoidalar qoʻllanadi.
2. Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun tovarlarni va ishlarni (xizmatlarni) xarid qilish faqat xarid predmeti tegishli hujjatlar (kredit shartnomasi, qarz bitimi, qurilishlarning manzilli roʻyxati va boshqalar) bilan tasdiqlangan moliyaviy resurslar bilan taʼminlangan taqdirdagina amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi” MChJ;
tanlov savdolari tashkilotchisi — buyurtmachi yoki buyurtmachi tomonidan tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha shartnoma asosida jalb etiladigan yuridik shaxs;
tanlov savdolari predmeti — qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun buyurtmachi tomonidan belgilanadigan xarid qilinadigan tovarlar va ishlar (xizmatlar) roʻyxati;
tovarlar (qurilish materiallari va asbob-uskunalar) — xom ashyo, buyumlar, konstruksiyalar, asbob-uskunalarga butlovchi buyumlar, qattiq, suyuq yoki gaz holatidagi predmetlar, energiyaning barcha turlari, shuningdek yetkazib beriladigan tovarlarga qoʻshimcha xizmatlar, agar ularning qiymati tovarning oʻz qiymatida ortiq boʻlmasa;
lot — tanlov savdolarining boʻlinmaydigan predmeti;
namunaviy tanlov hujjatlari — belgilangan tartibda tasdiqlanadigan hujjatlar, ularning tarkibiga quyidagilar kiradi: tanlov savdolariga taklifnoma, savdo qatnashchilariga qoʻyiladigan malaka talablari, tanlov takliflarini baholash mezonlari va ularni baholash shakllari, kontrakt shakllari, tovarlar va ishlar (xizmatlar) spetsifikatsiyasi namunalari;
tanlov hujjatlari — namunaviy tanlov hujjatlari asosida ishlab chiqilgan, tanlov savdolari predmetining texnik, moliyaviy, tijorat, tashkiliy va boshqa tavsiflari toʻgʻrisidagi, tanlov savdolarini tashkil etish shartlari va oʻtkazish tartib-qoidasi haqidagi boshlangʻich maʼlumotlardan iborat boʻlgan hujjatlar turkumi;
tanlov komissiyasi — ushbu Nizomga va tanlov hujjatlari talablariga muvofiq pudrat tashkilotlarini yoki tovarlar yetkazib beruvchilarni aniqlash funksiyalarini bajarish uchun tashkil etiladigan organ;
talabgor — taklif etilgan shartlar asosida tanlov savdolarida qatnashish toʻgʻrisidagi oʻz istagini bildirgan hamda uning ofertasi tanlov savdolari tashkilotchisi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgungacha tanlov hujjatlarini sotib olgan yuridik shaxs;
oferent — tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq tayyorlangan va tanlov savdolari tashkilotchisi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz ofertasini taqdim etgan talabgor;
oferta — talabgorning tanlov hujjatlarida belgilangan shartlarga muvofiq taqdim etilgan tanlov savdolari predmetiga nisbatan taklifi;
baholash guruhi — tushgan ofertalarni mufassal oʻrganish va taqqoslash uchun tanlov komissiyasi tuzadigan vaqtinchalik organ;
baholash mezonlari — ofertalarni baholash, talabgorlarni tanlab olish va tanlov savdolari gʻolibini tanlab olish uchun foydalaniladigan koʻrsatkichlar;
ofertaning taʼminlanishi toʻgʻrisidagi deklaratsiya — oferentning ofertadagi barcha talablar va shartlarga rioya etish yuzasidan soʻzsiz majburiyati;
avans kafolati — buyurtmachining talabi boʻyicha koʻrsatilgan muddat doirasida avans summasiga ekvivalent boʻlgan kafolat summasi doirasida pul summasini toʻlash toʻgʻrisida bankning soʻzsiz majburiyati;
kontraktning bajarilishi kafolati — kontrakt boʻyicha majburiyatlarning bajarilishiga nisbatan tanlov savdolari gʻolibiga berilgan bankning soʻzsiz kafolati;
kontrakt — buyurtmachi va tanlov savdolari gʻolibi oʻrtasida tuziladigan tovar yetkazib berish yoki pudrat shartnomasi.
4. Tovarlar va ishlarni (xizmatlarni) xarid qilish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:
tejamkorlik — narxlar va sifatning maqbul nisbatlaridan kelib chiqib taqdim etilgan ofertalarning eng yaxshisini tanlash;
samaradorlik — xaridlar summasi bilan xaridlarni oʻtkazishga xarajatlar oʻrtasidagi maqbul nisbatni taʼminlash, xaridlarda harakatlarning bir-birini takrorlashini bartaraf etish, xaridlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
shaffoflik — xaridlarga talabgorlarni qoʻyish, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno, xaridlar oʻtkazilganligi toʻgʻrisida ommaviy eʼlon qilish, xaridlarni oʻtkazish shartlari, ularga qoʻyiladigan talablar va amalga oshirilgan xaridlarning natijalari toʻgʻrisida axborot taqdim etish;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
halol raqobat — talabgorlarning keng doirasi ishtirok etishi, xarid qatnashchilari oʻrtasida til biriktirish shartlarini istisno etish, narxlari asoslanmagan va sunʼiy ravishda pasaytirilgan gʻarazli takliflarga yoʻl qoʻymaslik (demping), shuningdek xaridlar qatnashchilarida manfaatlar nizosi namoyon boʻlishiga qarshi kurashish;
xolislik — kamsitmaydigan shart-sharoitlar, jamoatchilik tomonidan xaridlarni oʻtkazish tartib-qoidasiga ishonchni taʼminlash uchun talabgorlar va qatnashchilarga nisbatan adolat va xolislikni yaratish.
2-bob. Pudrat tashkilotlarini aniqlash boʻyicha tanlov savdolari
1-§. Tanlov savdolari qatnashchilari
5. Buyurtmachi, tanlov savdolari tashkilotchisi, hududiy tanlov komissiyasi va oferentlar tanlov savdolarining qatnashchilari hisoblanadi.
6. Qishloq joylarda “tayyor holda topshirish” shartlarida yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash boʻyicha hududiy tanlov komissiyalari (keyingi oʻrinlarda hududiy tanlov komissiyalari deb ataladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlarining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Hududiy tanlov komissiyasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari va viloyat hokimlarining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari (keyingi oʻrinlarda viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari deb ataladi) boshchilik qiladi.
7. Hududiy tanlov komissiyalari tarkibiga quyidagilarning:
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi” MChJ hududiy boʻlinmalari;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, viloyatlar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari;
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligining, Toshkent shahar va viloyatlar qurilish bosh boshqarmalari;
(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari;
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
davlat soliq xizmatining hududiy organlari;
moliyalashtiruvchi tijorat banklari;
“Qishloq qurilish loyiha” MChJ filiallari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning tegishli tumanlari hokimliklari vakillari kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tanlov savdolarining shaffofligini taʼminlash maqsadida hududiy tanlov komissiyalari majlislarida hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, Yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi va Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi vakillari kuzatuvchilar sifatida ishtirok etishi mumkin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
9. Hududiy tanlov komissiyasi toq sonli aʼzolardan iborat boʻlishi va, agar, komissiya aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi uning majlisida qatnashsa oʻz funksiyalarini amalga oshirishga huquqiy vakolatli hisoblanadi.
10. Hududiy tanlov komissiyasi tarkibida buyurtmachining vakillari soni uning umumiy sonining toʻrtdan bir qismidan ortiq boʻlmasligi kerak.
2-§. Hududiy tanlov komissiyasining asosiy funksiyalari
11. Quyidagilar hududiy tanlov komissiyasining asosiy funksiyalari hisoblanadi:
qishloq joylarda “tayyor holda topshirish” shartlarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash boʻyicha tanlov savdolarini oʻz vaqtida sifatli oʻtkazish ishlarini tizimli tashkil etish;
ish reglamentini, tanlov hujjatlarini va talabgorlarga qoʻyiladigan tanlov takliflarini baholash mezonlarini tasdiqlash;
tanlov hujjatlarida qayd etilgan tanlov savdolarida qatnashishga buyurtmanomani taʼminlash shaklini tasdiqlash;
ofertani qabul qilishning oxirgi kuni va vaqtini, konvertlarni ochish vaqtini va joyini belgilash;
oferentlarning malaka, texnik va tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlari tarkibini tasdiqlash;
oferta solingan konvertlarni ochish, konvertlarni ochish toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlash;
tanlov takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddatlarini tasdiqlash;
tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq ofertani oʻrganish, tahlil qilish va koʻrib chiqish;
tanlov savdolari gʻolibini aniqlash yoki boshqa qaror qabul qilish;
tanlov savdolarini oʻtkazish davomida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish, tartibga solish, ular boʻyicha tegishli xulosalar qabul qilish.
3-§. Oferentlarning malaka, texnik, tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlari
12. Hududiy tanlov komissiyalari oferentlarning texnik va tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlari tashkil etadilar.
13. Oferentlarning tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlarining tarkibi:
buyurtmachining (baholash guruhining rahbari);
Oldingi tahrirga qarang.
davlat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlari iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmalarining;
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligining, viloyatlar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalarining;
davlat soliq xizmati hududiy organlarining vakillaridan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar tegishli tumanlari hokimliklari vakillaridan shakllantiriladi.
14. Oferentlarning tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlari tarkibi:
buyurtmachining (baholash guruhining rahbari);
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
“Qishloq qurilish loyiha” MChJ filiallarining;
moliyalashtiruvchi tijorat banklarining;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning tegishli tumanlari hokimliklari vakillaridan shakllantiriladi.
15. Zarurat boʻlganda hududiy tanlov komissiyalari oferentlarning tanlov takliflarini baholash uchun ekspert va maslahat tashkilotlarining vakillarini jalb etishi mumkin.
16. Oferentlarning texnik va tijorat takliflarini baholash boʻyicha baholash guruhlarining huquqlari va vazifasi hududiy tanlov komissiyalarining ishlar reglamentida belgilanadi.
4-§. Tanlov savdolarini oʻtkazishga tayyorgarlik ishlari
17. Aniq uy-joy massivi (lot, qurilish uchastkasi) boʻyicha tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon joylashtirilgunga qadar uy-joylar massivining (keyingi oʻrinlarda massiv deb ataladi) tayyorligi belgilangan tartibda tugallangan boʻlishi kerak.
18. Massivning tayyorligi mezoni namunaviy tender hujjatlarida va hududiy tanlov komissiyalarining namunaviy ish reglamentida koʻrsatiladi.
19. Agar tanlov savdolari oʻtkazishga xarajatlar tanlov savdolari predmetining boshlangʻich qiymatiga nisbatan iqtisodiy jihatdan foydali boʻlmasa, bunday obyektlar buyurtmachining qarori bilan lotlarga boʻlingan holda bitta tanlov savdosiga birlashtirilishi mumkin.
20. Tanlov savollarini oʻtkazishga tayyorgarlik davomida tanlov savdolari tashkilotchisi buyurtmachining buyurtmanomalari boʻyicha hududiy tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda ommaviy axborot vositalarida tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisida eʼlon beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Eʼlon respublika va mahalliy gazetalardan birida eʼlon qilinadi, shuningdek buyurtmachining, tanlov savdolari tashkilotchisining, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining veb-saytida joylashtiriladi.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
21. Tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
buyurtmachining nomi, joylashgan joyi va elektron manzili;
tanlov savdolari predmetini moliyalashtirish manbalari;
tanlov savdolari predmetining tavsifi va u amalga oshiriladigan joy;
tanlov savdolari predmetini amalga oshirish muddati;
talabgorlarga qoʻyiladigan asosiy shartlar;
tanlov hujjatlarini sotib olish joyi va uning uchun toʻlov miqdori;
oferta taqdim etiladigan joy, taqdim etishning oxirgi kuni va vaqti;
ofertani ochish joyi, kuni va vaqti;
buyurtmachining boshqa talablari.
5-§. Tanlov hujjatlarining tarkibi, tuzilishi, ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi
22. Tanlov hujjatlari, qoidaga koʻra, uchta asosiy qismdan: ruxsat beruvchi, texnik va tijorat qismlaridan iborat boʻladi.
23. Tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismi quyidagilardan iborat boʻladi:
buyurtmachining tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyishi;
tanlov komissiyasi tarkibini tasdiqlovchi hujjat;
hududiy tanlov komissiyasining ish reglamenti va hududiy tanlov komissiyasining uni tasdiqlash boʻyicha majlisi protokoli.
ishchi loyiha va tanlov savdolari predmetining smeta qiymati boʻyicha davlat ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi;
ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonning matni.
Tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismiga kiradigan hujjatlar talabgorlarga berilmaydi.
24. Tanlov hujjatlarining texnik qismi quyidagilardan iborat boʻladi:
talabgorlarning tanlov savdolarida qatnashish uchun buyurtmanomasi shakli;
talabgorning malakasi hamda uning texnik va moliyaviy holatiga baho berishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar, takliflarni moliyaviy baholash va tanlov gʻolibini aniqlash mezonlari, tanlov savdolarining tartib-qoidasiga tegishli boʻlgan boshqa hujjatlardan iborat yoʻriqnoma;
xarajatlar smetasi va tovarlarning texnik spetsifikatsiyalari;
ofertani tayyorlash uchun talab etiladigan hujjatlar va shakllar roʻyxati.
25. Tanlov hujjatlarining tijorat qismi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ilova qilinadigan xatning shakli;
tanlov taklifini taʼminlash toʻgʻrisida kafolat shakli (deklaratsiyalar, bank kafolatlari yoki boʻnaklar tarzida);
oferent tanlov savdolarining gʻolibi deb eʼtirof etilgan taqdirda avans toʻlovi kafolati miqdori va kontraktni ijro etish kafolati;
talab etiladigan pudrat ishlari hajmlari boʻyicha koʻrsatkich;
tijorat taklifi;
kontraktning loyihasi.
26. Ofertani taqdim etish tartibi tanlov hujjatlarida belgilanadi. Taqdim etiladigan oferta tanlov hujjatlari va shartlari talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
27. Tanlov hujjatlariga, ofertani oʻrab-joylashga va markirovka qilishga, takliflarni texnik va moliyaviy baholash mezonlariga qoʻyiladigan shartlar va talablar hududiy tanlov komissiyalari tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Ofertani taqdim etish muddati tamom boʻlgunga qadar tanlov savdolari tashkilotchisi buyurtmachining yoki hududiy tanlov komissiyasining talabiga koʻra tanlov hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, bu toʻgʻrida tanlov hujjatlarini sotib olgan talabgorlarni darhol xabardor qilish, ofertaga tuzatish kiritish uchun yetarli boʻlgan vaqtda ofertaning taqdim etish muddatini uzaytirish huquqiga ega.
28. Tanlov hujjatlari ular uchun toʻlov toʻlangandan beriladi.
Toʻlov miqdori tanlov hujjatlari nusxalari koʻpaytirilishi va tarqatilishi qiymatidan kelib chiqib buyurtmachi va/yoki tanlov savdolari tashkilotchisi tomonidan belgilanadi.
6-§. Talabgorga qoʻyiladigan malaka talablari
29. Tanlov savdolarida qatnashish uchun talabgorga quyidagi malaka talablari qoʻyiladi:
tanlov savdolariga qoʻyilgan obyektlarga oʻxshash obyektlarda ish tajribasining mavjudligi;
oldin oʻz kuchi bilan bajarilgan ishlar hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
miqdori tanlov hujjatlarida aniqlanadigan asosiy va aylanma mablagʻlarning mavjudligi;
qurilishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik baza va mehnat resurslarining mavjudligi;
Oldingi tahrirga qarang.
(29-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
Texnik takliflarning barcha malaka talablari “muvofiq/muvofiq emas” prinsipiga asosan baholanadi.
30. Tanlov savdolarida qatnashish uchun talabgorlarga qoʻyiladigan malaka talablari boʻyicha mezonlar hududiy tanlov komissiyalarining ish reglamentida va namunaviy tanlov hujjatlarida keltiriladi.
31. Taʼsis hujjatlari, moliyaviy qatnashish, xolding shaklida va boshqa shakllarda ifodalangan bir-biriga bevosita tashkiliy-huquqiy yoki moliyaviy bogʻliqlikda boʻlgan qurilish tashkilotlarining tanlov savdolarida qatnashishi taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
32. Qayta tashkil etish (ajratib chiqarish, boʻlib yuborish), tugatish bosqichidagi yoki mol-mulki xatlangan toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonidagi talabgorlar tanlov savdolarida ishtirok etishga qoʻyilmaydi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
7-§. Ofertani taqdim etish
Oldingi tahrirga qarang.
33. Talabgorning imzosi bilan tasdiqlangan oferta tanlov savdolari tashkilotchisiga yelimlangan konvertda yuboriladi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
34. Ofertalarni taqdim etish muddati ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilgan kundan boshlab kamida 30 kunni tashkil etishi kerak.
35. Ofertani taqdim etish muddati tamom boʻlgandan keyin taqdim etilgan talabgorlarning ofertalari qabul qilinmaydi.
Ofertani taqdim etish sanasi tanlov savdolari tashkilotchisining, oferta pochta bildirishnomasi olinganligi toʻgʻrisidagi qaydi boʻyicha yoki tanlov savdolari tashkilotchisining oferentga berilgan oferta olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomasi sanasi boʻyicha (oferta chopar orqali yetkazilgan taqdirda) aniqlanadi.
8-§. Takliflarni baholash va tanlov savdolari yakunlarini chiqarish
36. Ofertalarni berish muddati tamom boʻlgandan keyin hududiy tanlov komissiyasi tushgan va roʻyxatdan oʻtkazilgan ofertalarni oferentlarning vakillari ishtirokida ochadi, butligini tekshiradi, oferentlarning nomlarini eʼlon qiladi, tanlov hujjatlari talablariga muvofiq hujjatlarning taqdim etilgan turkumlari mazmunini tekshiradi.
Hududiy tanlov komissiyasi majlisining natijalari toʻgʻrisidagi axborot qatnashmagan oferentga yozma shaklda yetkaziladi.
Hududiy tanlov komissiyasining majlisi boshqa muddatga koʻchirilgan taqdirda, tanlov savdolari tashkilotchisi buyurtmachining yoki hududiy tanlov komissiyasining talabiga koʻra tanlov hujjatlarini sotib olgan talabgorlarga ofertani taqdim etish muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuboradi.
37. Ofertaning mazmunini uni hududiy tanlov komissiyasi majlisida koʻrib chiqish davomida oferentlarga tushuntirish berishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda ofertaning mazmunini oʻzgartiradigan, shu jumladan narxini yoki ijro etish muddatini oʻzgartiradigan tushuntirish berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Tanlov savdolarining gʻolibini aniqlash hududiy tanlov komissiyasining yopiq majlisida oʻtkaziladi.
Hududiy tanlov komissiyasi gʻoliblarni eng raqobatli narxlar, ishlarni (xizmatlarni) bajarish shartlari, toʻlov va tanlov hujjatlarida belgilangan boshqa mezonlar boʻyicha aniqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
39. Ofertalarni koʻrib chiqish, baholash va taqqoslash natijalari toʻgʻrisidagi axborot oshkor qilinmaydi, qonunchilik nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
40. Hududiy tanlov komissiyasining har bir majlisida protokol yuritiladi.
Qoidaga koʻra, bular tanlov savdolarini oʻtkazish tartib-qoidasi bilan bogʻliq konvertlarni ochish, tanlov savdolari gʻolibini aniqlash protokollari va boshqa protokollar.
41. Tanlov savdolari tashkilotchisi tanlov savdolari gʻolibiga kontraktlarni berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin besh kundan kech boʻlmagan muddatda yozma bildirishnoma yuboradi.
Tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish sxemasi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan.
42. Gʻolib bilan kontrakt tuzilgandan va ommaviy axborot vositalarida buyurtmachi tomonidan tanlov savdolari natijalari (predmet, gʻolib, shartnomaviy narx va investitsiya loyihasini amalga oshirish muddati) toʻgʻrisida eʼlon berilgandan keyin tanlov savdolari tugallangan deb hisoblanadi.
43. Oʻtkazilgan tanlov savdolari natijalari boʻyicha vakolatli organlar tomonidan hududiy tanlov komissiyalarining hisobotlarni (texnik, shuningdek oferentlarning tijorat takliflari asosida ishlab chiqilgan moliyaviy) taqdim etish tartibi hududiy tanlov komissiyalarining ish reglamentida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
44. Tanlov savdolari gʻolibi qonunchilikda belgilangan tartibda obyekt qurilishi sugʻurta qilinishini taʼminlaydi.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 20-dekabrdagi 532-sonli qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarni davlat mablagʻlari va Hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida nizom.
45. Quyidagi hollarda, agar:
birorta ham buyurtma tushmasa;
oferta tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmasa;
oferentlar tomonidan taklif etilgan narxlar tanlov savdolari predmetining budjet qiymatidan ancha ortiq boʻlsa, tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼlon qilinadi.
46. Tanlov savdolarini oʻtkazilmagan deb eʼlon qilish uning asosiy qatnashchilaridan birortasini mulkiy yoki boshqa javobgarlikka olib kelmaydi.
47. Agar tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilsa, takroriy tanlov savdolari oʻtkaziladi, bunda tanlov hujjatlari shartlarini qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
48. Tanlov savdolari gʻolibi shartnoma tuzishni rad etgan yoki kontrakt belgilangan muddatda ijro etilishi kafolati taqdim etilmagan taqdirda, buyurtmachi hududiy tanlov komissiyasi bilan birgalikda ikkinchi oʻrinni olgan ofirentni eʼtirof etishi yoxud takroriy tanlov savdolari oʻtkazilishini tayinlashi mumkin.
9-§. Qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻyicha tanlov savdolari
49. Pudrat tashkiloti tomonidan kontrakt shartlariga rioya etilmaganligi tufayli kontrakt muddatidan oldin bekor qilingan hollarda qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻyicha takroriy tanlov savdolari oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda buyurtmachining qaroriga koʻra bekor qilingan kontrakt boʻyicha tugallanmagan ishlar hajmini aniqlash maqsadida nazorat oʻlchovi oʻtkazadi.
50. Hajm va qiymat koʻrsatkichlari aniqlangandan, shuningdek davlat ekspertiza organlarining qoʻshimcha ijobiy xulosasi olingandan keyin buyurtmachi predmeti tugallanmagan ishlar hajmi hisoblangan tanlov savdolarini eʼlon qiladi.
51. Qurilishi tugallanmagan obyekt boʻyicha oʻtkazilgan tanlov savdolari yakunlari boʻyicha gʻolib bilan ishlarning tugallanmagan qismini bajarish yuzasidan kontrakt tuziladi.
3-bob. Qurilish materiallari va asbob-uskunalar yetkazib beruvchilarni aniqlash boʻyicha tanlov savdolari
Oldingi tahrirga qarang.
52. Tanlov savdolari 400 mln.soʻmga teng boʻlgan summadan ortiqqa bitta kontrakt boʻyicha uy-joylar qurish uchun bosh pudrat tashkilotlariga markazlashtirilgan tartibda buyurtmachi tomonidan yetkazib beriladigan qurilish materiallari va asbob-uskunalarni (keyingi oʻrinlarda tovarlar deb ataladi) xarid qilishda oʻtkaziladi.
(52-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)
Oldingi tahrirga qarang.
4 mln. soʻmdan 400 mln. soʻmga teng summaga bitta kontrakt boʻyicha tovarlarni xarid qilishda xaridlar eng yaxshi takliflarni tanlash asosida tanlov savdolari oʻtkazilmasdan buyurtmachi tomonidan tashkil etiladigan maxsus komissiyaning qarori bilan amalga oshiriladi.
(52-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)
1-§. Tanlov savdolari qatnashchilari, tanlov komissiyasi tarkibiga qoʻyiladigan talablar
53. Buyurtmachi (tanlov savdolari tashkilotchisi), tanlov komissiyasi va tovarlarni yetkazib beruvchilar (oferentlar) tanlov savdolari qatnashchilari hisoblanadi.
54. Tovarlarni yetkazib beruvchilarni aniqlash boʻyicha tanlov komissiyasi buyurtmachi (keyingi oʻrinlarda tanlov komissiyasi deb ataladi) tomonidan tashkil etiladi. Tanlov komissiyasiga buyurtmachi boshchilik qiladi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga:
buyurtmachining (tanlov komissiyasi raisi);
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining;
(54-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining;
(54-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
“Qishloq qurilish loyiha” MChJning;
xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining;
davlat soliq xizmati organlarining vakillari kiritiladi.
55. Buyurtmachining vakillari soni tanlov komissiyasi tarkibida 30 foizdan oshmasligi kerak. Tanlov komissiyasi toq sonli aʼzolardan iborat boʻlishi kerak.
Tanlov komissiyasi, agar uning majlisida komissiya aʼzolarining kamida 70 foizi ishtirok etsa, oʻz funksiyalarini amalga oshirishga huquqiy vakolatli boʻladi.
2-§. Tanlov komissiyasining asosiy funksiyalari
56. Quyidagilar tanlov komissiyasining asosiy funksiyalari hisoblanadi:
tovarlarni yetkazib beruvchilarni aniqlash boʻyicha tanlov savdolarini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish;
ish reglamentini, tanlov hujjatlarini va talabgorlarga qoʻyilgan tanlov takliflarini baholash mezonlarini tasdiqlash;
tanlov hujjatlarida qayd etilgan tanlov savdolarida ishtirok etishga buyurtmanomani taʼminlashning kafolati shakli va miqdorini tasdiqlash;
ofertani qabul qilishning oxirgi kuni va vaqtini, konvertlarni ochish vaqti va joyini belgilash;
oferentlarning malaka, texnik va tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlarining tarkibini tasdiqlash;
oferta solingan konvertlarni ochish, konvertlar ochilganligi toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlash;
tanlov takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddatlarini tasdiqlash;
tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq ofertalarni oʻrganish, tahlil qilish va koʻrib chiqish;
tanlov savdolari gʻolibini aniqlash yoki boshqa qaror qabul qilish;
tanlov savdolari oʻtkazish davomida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish, tartibga solish, ular boʻyicha tegishli xulosalar qabul qilish.
57. Tushgan ofertalarni ochish muddatlari, tartibi, ularni batafsil oʻrganish, baholash va qiyoslash, tanlov savdolari gʻolibini eʼlon qilish, shuningdek tanlov komissiyasining vazifalari, huquqlari va javobgarligi tanlov komissiyasining ish reglamentida belgilanadi.
3-§. Oferentlarning malaka, texnik va tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlari
58. Tanlov komissiyasi oʻz aʼzolari tarkiblarida oferentlarning texnik va tijorat takliflarini oʻrganish boʻyicha baholash guruhlarini tashkil etadi.
Zarurat boʻlganda tanlov komissiyasi oferentlarning tanlov takliflarini baholash uchun ekspert va maslahat tashkilotlarining vakillarini jalb etishi mumkin.
59. Baholash guruhlariga umumiy rahbarlik qilish, faoliyatini muvofiqlashtirishni buyurtmachi amalga oshiradi.
60. Oferentlarning (tovarlarni yetkazib beruvchilarning) texnik va tijorat takliflarini baholash boʻyicha baholash guruhlarining huquqlari va vazifalari tanlov komissiyasining ish reglamentida belgilanadi.
4-§. Talabgorlarga qoʻyiladigan malaka talablari
61. Tovarlarni yetkazib beruvchilarni aniqlash ommaviy axborot vositalarida eʼlon berish yoxud xarid qilinadigan tovarlarning tavsifi, spetsifikatsiyasi, miqdori, bajarish muddati va tovarni yetkazib berish punkti koʻrsatilgan holda talabgorlarga soʻrov yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
62. Tanlov savdolarida ishtirok etish uchun talabgorlarga qoʻyiladigan malaka talablari boʻyicha mezonlar namunaviy tanlov hujjatlarida koʻrsatiladi.
63. Taʼsis hujjatlari, moliyaviy qatnashish, xolding shaklida va boshqa shakllarda ifodalangan bir-biriga bevosita tashkiliy-huquqiy yoki moliyaviy bogʻliqlikda boʻlgan tovarlarni yetkazib beruvchilarning tanlov savdolarida ishtirok etishi taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
64. Qayta tashkil etish (ajratib chiqarish, qoʻshib yuborish), tugatish bosqichidagi yoki mol-mulki xatlangan toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonidagi talabgorlar tanlov savdolarida ishtirok etishga qoʻyilmaydi.
(64-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
5-§. Ofertalarni taqdim etish
65. Oferta shaklidagi tijorat taklifi buyurtmachiga tanlov hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq yelimlangan konvertda taqdim etiladi.
66. Ofertalarni taqdim etish muddati ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilgan kundan boshlab kamida 30 kunni tashkil etishi kerak.
67. Ofertani taqdim etish muddati tamom boʻlgandan keyin tushgan oferta koʻrib chiqilmaydi.
Ofertani taqdim etish sanasi buyurtmachining, oferta pochta bildirishnomasi olinganligi toʻgʻrisidagi qaydi boʻyicha yoki buyurtmachining oferentga berilgan oferta olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomasi sanasi boʻyicha (oferta chopar orqali yetkazilgan taqdirda) aniqlanadi.
68. Tanlov komissiyasining majlisi boshqa muddatga koʻchirilgan taqdirda, tanlov savdolari tashkilotchisi buyurtmachining yoki tanlov komissiyasining talabiga koʻra tanlov hujjatlarini sotib olgan talabgorlarga ofertalarni taqdim etish muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuboradi.
6-§. Takliflarni baholash va tanlov savdolari yakunlarini chiqarish
69. Ofertalarni berish muddati tamom boʻlgandan keyin tanlov komissiyasi tushgan va roʻyxatdan oʻtkazilgan ofertalarni oferentlarning vakillari ishtirokida ochadi, oferentlarning nomlarini, malaka maʼlumotlarini, taklif etilgan narxlarni va bajarish muddatlarini, shuningdek tovarlarni yetkazib beruvchilar tomonidan kiritilgan qoʻshimcha takliflarni oʻqiydi, tanlov hujjatlari talablariga muvofiq hujjatlarning taqdim etilgan turkumlari butligini va mazmunini tekshiradi.
70. Tijorat takliflarini tanlov komissiyasi majlisida koʻrib chiqish davomida uning mazmuni talabgorlar tomonidan tushuntirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
71. Tanlov komissiyasi majlisining natijalari toʻgʻrisidagi axborot qatnashmagan oferentga yozma shaklda yetkaziladi.
72. Hujjatlarning va ofertada taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun yetkazib beruvchilar javob beradi.
73. Tanlov komissiyasi ofertani koʻrib chiqish, baholash va taqqoslash yoʻli bilan eng raqobatli narxlar, ishlarni (xizmatlarni) bajarish shartlari, toʻlov va tanlov hujjatlarida belgilangan boshqa mezonlar boʻyicha yopiq majlislarda gʻolibni aniqlaydi.
74. Gʻolibni eʼlon qilish oferentlar ishtirokida oʻtkaziladi, qatnashmagan oferentlar belgilangan tartibda xabardor qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
75. Ofertani koʻrib chiqish, baholash va taqqoslash natijalari toʻgʻrisidagi axborot oshkor qilinmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(75-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
76. Tanlov komissiyasining har bir majlisida protokol yuritiladi.
Qoidaga koʻra, bular konvertlarni ochish, tanlov savdolari gʻolibini aniqlash protokollari va tanlov savdolarini oʻtkazish tartib-qoidasi bilan bogʻliq boshqa protokollar.
77. Buyurtmachi kontraktlarni berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin besh kundan kech boʻlmagan muddatda tanlov savdolari gʻolibiga yozma bildirishnoma yuboradi.
Tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish sxemasi ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan.
78. Tanlov savdolari gʻoliblar va buyurtmachi bilan kontrakt tuzilgandan keyin tugallangan deb hisoblanadi.
79. Quyidagi hollarda, agar:
birorta ham buyurtma tushmasa;
oferta tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmasa;
oferentlar tomonidan taklif etilgan narxlar tanlov savdolari predmetining budjet qiymatidan ancha ortiq boʻlsa, tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼlon qilinadi.
80. Tanlov savdolarini oʻtkazilmagan deb eʼlon qilish uning asosiy qatnashchilaridan birortasini mulkiy yoki boshqa javobgarlikka olib kelmaydi.
81. Agar tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilsa, takroriy tanlov savdolari oʻtkaziladi, bunda tanlov hujjatlari shartlarini qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
82. Tanlov savdolari gʻolibi kontrakt tuzishni rad etgan yoki kontrakt belgilangan muddatda ijro etilishi kafolati taqdim etilmagan taqdirda, buyurtmachi tanlov komissiyasi bilan birgalikda ikkinchi oʻrinni olgan oferentni gʻolib deb eʼtirof etishi yoxud takroriy tanlov savdolari oʻtkazilishini tayinlashi mumkin.
83. Toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilgan holda xarid qilish quyidagi istisno hollarda amalga oshirilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori mavjud boʻlganda;
agar xarid qilinadigan tovar, ish (xizmat) yagona yetkazib beruvchi (pudratchi) tomonidan ishlab chiqarilsa (sotilsa);
qurilish materiallari va asbob-uskunalar birjalar orqali xarid qilinganda;
yetkazib beruvchilar yoʻqligi yoki iqtisodiy foyda yoʻqligi, qiymat oshib ketishi aniqlangan kontraktdan ularning manfaatdor emasligi sababli takroran oʻtkazilgan tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilishi natijasida.
4-bob. Kontrakt majburiyatlari bajarilishi monitoringi
84. Pudrat ishlari boʻyicha kontrakt majburiyatlari bajarilishi monitoringi buyurtmachining texnik nazorat va pudrat tashkilotlari boʻyicha vakili tomonidan taqdim etiladigan kontrakt shartlari bajarilishi toʻgʻrisidagi har oylik axborotni tahlil qilish yoʻli bilan buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
85. Tovarlarni yetkazib berish boʻyicha kontrakt majburiyatlari bajarilishi monitoringi buyurtmachining tegishli boʻlinmasi tomonidan taqdim etiladigan axborotni tahlil qilish yoʻli bilan buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
86. Monitoring natijalarini umumlashtirish buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
87. Buyurtmachi tovarlar va ishlarni (xizmatlarni) xarid qilish boʻyicha tanlov savdolariga tegishli barcha tegishli hujjatlar ichki tartib hujjatlari talablariga muvofiq tanlov savdolari tugallangandan keyin kamida uch yil mobaynida saqlanishini taʼminlashi shart.
5-bob. Arizalar, murojaatlar va shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
88. Tanlov savdolari tartib-qoidasidan kelib chiqadigan kelishmovchiliklar va nizolar, buyurtmachi, tanlov savdolari tashkilotchisi yoki tanlov savdolarining boshqa qatnashchilarining xatti-harakati (harakatsizligi) va qarorlari yuzasidan shikoyatlar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
(88-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Arizalar, murojaatlar va shikoyatlarni koʻrib chiqishning batafsil mexanizmi tanlov komissiyalari ishi reglamentlarida va namunaviy tanlov hujjatlarida keltirilgan boʻlishi kerak.
6-bob. Yakunlovchi qoida
89. Xorijiy kreditorlar va grant beruvchilarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida tanlov savdolarining ayrim bosqichlarini xorijiy kreditorlar va (yoki) grant beruvchilar bilan kelishish zarurligi nazarda tutilgan hollarda buyurtmachi bunday kelishuvlar amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlarida arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlarida arzon uy-joylar qurish uchun qurilish materiallari va asbob-uskunalar yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 17-son, 302-modda, 37-son, 996-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)