Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 19-sentabrdagi OʻRQ-408-sonli “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Ushbu Qonun quruqlikda, suvda, atmosferada va tuproqda tabiiy erkinlik holatida yashaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha turadigan yovvoyi hayvonlarni, shuningdek ilmiy yoki tabiatni muhofaza qilish maqsadlarida yarim erkin sharoitda yoki sunʼiy yaratilgan yashash muhitida boqilayotgan hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining vazifasi
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining vazifasi hayvonot dunyosining yashash sharoitlarini taʼminlash, ularning xilma-xil turlarini hamda tabiiy galalari butligini va yashash muhitini saqlash maqsadida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, uni tiklash va takror yetishtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
3-modda. Hayvonot dunyosiga nisbatan mulkdorlik
Hayvonot dunyosi davlat mulki umummilliy boylik boʻlib, undan oqilona foydalanilishi lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
4-modda. Hayvonot dunyosi obyektlari
Hayvonot dunyosi obyektlari quyidagilardan iborat:
kelib chiqishi hayvonlarga mansub boʻlgan organizmlar sut emizuvchilar, parrandalar, sudralib yuruvchi hayvonlar, ham quruqlikda ham suvda yashovchi hayvonlar, baliqlar, umurtqasizlar va ularning populatsiyalari;
yovvoyi hayvonlardan tashkil topadigan tabiiy hayvon galalari yoki ularning har qanday toʻdalari;
yovvoyi hayvonlarning kamyob yoki yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan turlari;
yovvoyi hayvonlar yashash faoliyatining mahsulotlari.
5-modda. Fuqarolar va jamoat birlashmalarining hayvonot dunyosini hamda uning yashash muhitini muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Fuqarolar va jamoat birlashmalari:
hayvonot dunyosini va uning yashash muhitini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradilar;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari roʻyobga chiqarilishiga koʻmaklashadilar;
ekologiya sohasida jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazadilar;
jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi axborotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oladilar;
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi hamda “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlari.
hayvonot dunyosiga va uning yashash muhitiga yetkazilgan zararni qoplash masalasini qoʻyadilar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarni amalga oshiradilar.
6-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi
Oldingi tahrirga qarang.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
(6-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydaga 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
7-modda. Davlat ekologik ekspertizasi
Quyidagilar davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim:
barcha turdagi qurilishlar uchun maydon tanlash materiallari, amalga oshirilishi hayvonot olamining holatiga yoki uning yashash muhitiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan rejadan oldingi, loyihadan oldingi va loyiha hujjatlari;
ov qilinadigan va baliq ovlanadigan maydonlarni tashkil etish loyihalari;
hayvonlarni yangi iqlimga moslash va duragaylash ishlarining loyihalari;
hayvonot dunyosi va uning yashash muhiti uchun xavfli boʻlgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari.
Hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat ekologik ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 31-dekabrdagi 491-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisida nizom.
8-modda. Hayvonlarni davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish, hayvonot dunyosi davlat kadastri
Hayvonot dunyosining muhofaza qilinishini va undan oqilona foydalanilishini taʼminlash uchun hayvonlarning davlat tomonidan hisobga olinishi va ulardan foydalanish hajmlarining hisobga olinishi amalga oshiriladi, hayvon turlarining jugʻrofiy tarqalishi, ularning miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majmuini, ular yashaydigan muhitning tavsifini, hayvonlardan foydalanish tavsifini va boshqa zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan davlat kadastri yuritiladi.
Hayvonlarni davlat tomonidan hisobga olish va hayvonot dunyosi kadastrini yuritish davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar har yili oʻzlari foydalanayotgan hayvonot dunyosi obyektlarini hamda ularni muomaladan chiqarish hajmlarini hisobga olib borishlari va olingan maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga va davlat statistika organlariga taqdim etishlari shart.
Hayvonlarni davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish, hayvonot dunyosi davlat kadastrini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-sentabrdagi 343-sonli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi hayvonot dunyosining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlangan.
9-modda. Hayvonot dunyosi monitoringi
Hayvonot dunyosi obyektlarini va ularning yashash muhitini kuzatib borish, ularning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil etish atrof tabiiy muhit davlat monitoringi yagona tizimi boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan nazorat
Oldingi tahrirga qarang.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan davlat nazorati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan idoraviy ishlab chiqarish va jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonuni.
11-modda. Hayvonot dunyosini va uning yashash muhitini muhofaza qilish hamda undan foydalanishga oid asosiy talablar
Hayvonot dunyosini va uning yashash muhitini muhofaza qilish hamda undan foydalanishga oid asosiy talablar quyidagilardan iborat:
hayvonlarning tur boʻyicha xilma-xilligini va ular galalarining butligini tabiiy erkinlik holatida saqlab qolish;
hayvonlarning yashash muhitini, urchish shart-sharoitlarini va koʻchib yurish yoʻllarini saqlab qolish;
hayvonot dunyosi obyektlaridan oqilona foydalanish, ularni tiklash va takror yetishtirish;
aholi sogʻligʻini saqlash hamda jismoniy va yuridik shaxslarga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida hayvonot dunyosi obyektlarining miqdorini tartibga solish.
12-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishga oid dasturlar hamda tadbirlarni kelishib olish
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar ishlab chiqadigan hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishga oid dasturlar hamda tadbirlarning loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kelishib olinadi.
13-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirish
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish, shu jumladan uni takror yetishtirishni iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirish hayvonot dunyosining muhofaza qilinishini va undan oqilona foydalanilishini, shuningdek uning yashash muhiti muhofaza qilinishini va uning holati yaxshilanishini taʼminlayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga soliq sohasida va boshqa imtiyozlar berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
II. HAYVONOT DUNYOSIDAN FOYDALANISh. FOYDALANISh TURLARI VA USULLARI
14-modda. Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar
Yuridik va jismoniy shaxslar hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar boʻlishlari mumkin.
Foydalanuvchilar hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish borasida oʻzlariga tegishli huquqni qonun hujjatlarida belgilangan shartlar va tartibda amalga oshiradilar.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi “Qimmatli va yoʻqolib ketayotgan oʻsimlik va hayvonot turlarini muhofaza qilishni kuchaytirish va ulardan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 95-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 15-dekabrdagi “Yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarni muhofaza qilishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 600-sonli qarori.
15-modda. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish
Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish umumiy va maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda bepul amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladigan ruxsatnomalar asosida haq evaziga amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 95-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va baliq ovlash qoidalari (roʻyxat № 337, 01.05.1997-y.)
16-modda. Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar:
hayvonot dunyosi obyektlaridan ularni berib qoʻyish shartlariga muvofiq foydalanish;
tutib olingan hayvonot dunyosi obyektlariga va ulardan olingan mahsulotga nisbatan mulkdorlik huquqiga egadirlar.
Ov qilish yoki baliq ovlash xoʻjaligini yurituvchi yuridik shaxslar:
yuridik shaxslarga hayvonot dunyosi obyektlaridan belgilangan normalar doirasida foydalanish uchun ruxsatnomalar berishga;
yuridik va jismoniy shaxslar hayvonot dunyosi obyektlaridan ov qilish maqsadida belgilangan normalar doirasida foydalanishi uchun ular bilan shartnomalar tuzishga;
 LexUZ sharhi
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi 350-sonli qarori bilan tasdiqlangan respublika baliqchilik xoʻjaligi tabiiy suv havzalarini biriktirib qoʻyish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan baliq ovlovchi korxona biriktirilgan suv havzasini subijaraga berishi taqiqlanadi.
ov va baliq mahsulotini qayta ishlash hamda hayvonot dunyosi obyektlaridan buyumlar ishlab chiqarishga;
hayvonot dunyosi obyektlaridan ishlab chiqarilgan mahsulot va buyumlardan foydalanish hamda ularni sotishga;
sunʼiy ravishda yetishtirilib, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan hayvon turlaridan foydalanishga haqlidirlar.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar:
hayvonot dunyosidan foydalanishning belgilangan normalari va muddatlariga rioya etishlari;
hayvonot dunyosining muhofaza qilinishini taʼminlashlari;
hayvonot dunyosidan tabiiy galalarining butligi buzilishiga yoʻl qoʻymaydigan va foydalanishga berib qoʻyilmagan hayvonlarning saqlab qolinishini taʼminlaydigan usullar bilan foydalanishlari;
hayvonlarning yashash muhiti buzilishiga yoʻl qoʻymasliklari;
hayvonlar miqdorini hamda ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olishlari;
hayvonot dunyosini tiklash va takror yetishtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishlari shart.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquq va majburiyatlarga ega boʻlishlari mumkin.
17-modda. Hayvonot dunyosidan foydalanish turlari va usullari
Hayvonot dunyosidan foydalanish turlari quyidagilardan iborat:
ov qilish;
baliq ovlash;
hayvonot dunyosidan ilmiy, madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy va estetik maqsadlarda foydalanish;
hayvonlar faoliyatining foydali xususiyatlaridan foydalanish;
hayvonlardan ularning faoliyati mahsulotlarini olish maqsadida foydalanish.
Qonun hujjatlarida hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.
Hayvonot dunyosidan foydalanish hayvonot dunyosi obyektlarini ularning yashash muhitidan ajratib olib yoki ajratib olmasdan amalga oshirilishi mumkin.
18-modda. Ov qilish
Tabiiy erkinlik holatida yashaydigan yovvoyi hayvonlarni tutish maqsadida izlash, iziga tushish va quvlab borish, tutishga intilish yoki tutish (otish, tutib olish) ov qilish deb hisoblanadi.
Ov sanoat, havaskorlik va sport maqsadida olib borilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 95-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va baliq ovlash qoidalari (roʻyxat № 337, 01.05.1997-y.)
19-modda. Baliq ovlash
Baliq va umurtqasiz suv hayvonlarini tutish baliq ovlash deb hisoblanadi.
Baliq ovlash sanoat, havaskorlik va sport maqsadida olib borilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-apreldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi nizom va 2003-yil 13-avgustdagi 350-sonli qarori bilan tasdiqlangan Respublika baliqchilik xoʻjaligi tabiiy suv havzalarini biriktirib qoʻyish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va baliq ovlash qoidalari (roʻyxat № 337, 01.05.1997-y.).
20-modda. Ov qilish va baliq ovlashning man qilingan usullari
Ov qilish va baliq ovlashda umumxavfli qurollar va usullarni qoʻllash man etiladi.
Falokatga uchragan va oʻzi uchun notabiiy sharoitda turgan hayvonlarni ov qilish man etiladi.
21-modda. Hayvonot dunyosidan ilmiy, madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy va estetik maqsadlarda foydalanish
Hayvonot dunyosidan ilmiy, madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy va estetik maqsadlarda foydalanishga hayvonot dunyosi obyektlarini ularning yashash muhitidan ajratib olib va ajratib olmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
22-modda. Hayvonlarning xususiyatlaridan foydalanish
Hayvonlarning foydali xususiyatlaridan tuproq hosil qiluvchilardan, muhitning tabiiy sanitarlaridan, oʻsimliklarni changlatuvchilardan, shuningdek hayvonot dunyosi obyektlarining boshqa xususiyatlaridan foydalanish ularni yashash muhitidan ajratib olmasdan va ularga yoki ular yashaydigan muhitga zarar yetkazmasdan amalga oshiriladi.
23-modda. Hayvonlardan ularning mahsulotlarini olish maqsadida foydalanish
Hayvonlardan ularning mahsulotlarini olish maqsadida foydalanishga hayvonot dunyosi obyektlarini yashash muhitidan ajratib olmasdan va ularni nobud qilmasdan, shuningdek ular yashaydigan muhitni buzmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
24-modda. Hayvonot dunyosi obyektlarining miqdorini tartibga solish
Hayvonot dunyosi obyektlarining miqdorini tartibga solish kvotalar asosida amalga oshiriladi. Kvotalar Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan hisobga olish maʼlumotlari va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Hayvonlarning ayrim turlarini muhofaza qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan ana shu turdagi hayvonlardan foydalanishga yoki foydalanishning ayrim turlariga cheklashlar yoxud taqiqlashlar belgilanishi mumkin.
Aholi sogʻligʻini saqlash, qishloq xoʻjalik mollari va boshqa uy hayvonlari kasalliklarga chalinishining oldini olish, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazilishining oldini olish, hayvonot dunyosining turlari boʻyicha xilma-xilligini saqlab turish maqsadida yovvoyi hayvonlar ayrim turlarining miqdorini tartibga solish tadbirlari oʻtkaziladi.
Ayrim turdagi hayvonlar miqdorini tartibga solish tadbirlarning boshqa turlariga zarar yetkazilishini istisno etadigan va ularning yashash muhiti saqlanib qolishini taʼminlaydigan usullar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalarini hisobga olib hamda yer, suv va oʻrmon zaxiralarini muhofaza qilishni amalga oshiradigan tegishli davlat organlari bilan kelishgan holda amalga oshirilishi lozim.
Miqdori tartibga solinishi lozim boʻlgan hayvon turlari va ularning miqdorini tartibga solish tadbirlarini oʻtkazish qonun hujjatlarida belgilanadi.
25-modda. Ov qilish va baliq ovlash xoʻjaligini yuritish
Ov qilish va baliq ovlash xoʻjaligini yuritish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan:
ov qilinadigan va baliq ovlanadigan yer-suv maydonlari loyihalarining davlat ekologiya ekspertizasi;
hayvonlar miqdorini hamda ov qilinadigan va baliq ovlanadigan maydonlar holatini hisobga olish materiallari;
hayvonot dunyosidan foydalanish huquqini beradigan kvotalar va ruxsatnomalar, hayvonot dunyosi obyektlarini va ular yashaydigan muhitni muhofaza qilish, ulardan foydalanish, ularni takror yetishtirish tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Ov toʻgʻrisidagi hamda ov qilish va baliq ovlash xoʻjaliklarini yuritish toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-apreldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi nizom.
26-modda. Hayvonlarni boshqa joyga koʻchirish, iqlimga moslash va chatishtirish
Yovvoyi hayvonlarni yangi yashash joylariga koʻchirishga, fauna uchun yangi boʻlgan yovvoyi hayvon turlarini iqlimga moslashga, shuningdek yovvoyi hayvonlarni chatishtirish tadbirlarini oʻtkazishga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining ruxsatnomasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot va xoʻjalik maqsadlarida yoʻl qoʻyiladi. Yovvoyi hayvonlarni oʻzboshimchalik bilan boshqa joyga koʻchirish, iqlimga moslash va chatishtirish man etiladi.
27-modda. Hayvonot dunyosidan foydalanish huquqini bekor qilish
Hayvonot dunyosidan foydalanish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
foydalanish zarurati qolmaganda yoki undan voz kechilganda;
foydalanishning belgilangan muddati oʻtganda;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganda;
hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish maqsadida ularni foydalanishdan ajratib olish zarurati tugʻilganda;
foydalanish huquqi berilgan yuridik shaxs tugatilganda.
Qonun hujjatlarida hayvonot dunyosidan foydalanish huquqini bekor qilish uchun boshqa asoslar ham nazarda tutilishi mumkin.
Hayvonot dunyosidan foydalanish huquqi ruxsatnomalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish yoʻli bilan tugatiladi.
28-modda. Zoologiya kolleksiyalari yaratish va ularni toʻldirib borish
Yuridik shaxslar tomonidan zoologiya kolleksiyalari yaratish va ularni toʻldirib borish maqsadida hayvonlarni ular yashaydigan muhitdan ajratib olish yoʻli bilan hayvonot dunyosidan foydalanish belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Zoologiya kolleksiyalarini yaratish, ularni toʻldirib borish, asrash, ulardan foydalanish va ularni hisobga olish tartibi, zoologiya kolleksiyalari bilan savdo qilish qoidalari, shuningdek zoologiya kolleksiyalari obyektlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga joʻnatish va olib chiqish qoidalari qonun hujjatlarida belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 15-dekabrdagi 600-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan, zaharlilarini) koʻpaytirish va ulardan mahsulot olish maqsadida tutqunlikda saqlash tartibi.
29-modda. Zoologiya kolleksiyalarining davlat hisobini olib borish
Ilmiy, madaniy-maʼrifiy, oʻquv-tarbiyaviy yoki estetik qimmatga ega boʻlgan zoologiya kolleksiyalarining davlat hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida olib borilishi lozim.
Bunday kolleksiyalarning egalari boʻlmish yuridik va jismoniy shaxslar hayvonot dunyosi obyektlari kolleksiyalarini asrash, hisobga olish va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etishlari shart.
III. HAYVONOT DUNYOSINI MUHOFAZA QILISh
30-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlari
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish:
hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish va ularni takror yetishtirish qoidalari va normalarini belgilash;
hayvonot dunyosidan foydalanishda cheklashlar va taqiqlar belgilash;
hayvonot dunyosidan oʻzboshimchalik bilan foydalanishning va undan foydalanish borasida belgilangan tartibni boshqacha buzishlarning oldini olish;
hayvonlarning yashash muhiti, ularning urchishi shart-sharoitlari va koʻchib yurish yoʻllari muhofaza qilinishini tashkil etish;
xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish, transport vositalardan foydalanish paytida hayvonlar nobud boʻlishining oldini olish;
Oldingi tahrirga qarang.
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish;
(30-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini tutqunlikda urchitish;
hayvonlar kasallikka chalinganda, ularning tabiiy ofatlar va boshqa sabablar oqibatida nobud boʻlishi xavfi tugʻilganda ularga yordam berish;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlarini asoslashga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish boʻyicha boshqa tadbirlarni oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
31-modda. Hayvonot dunyosining holatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan faoliyatga qoʻyiladigan talablar
Hayvonot dunyosining holatiga, yashash muhitiga, hayvonlarning urchish shart-sharoitlari va koʻchib yurish yoʻllariga taʼsir koʻrsatadigan faoliyat hayvonot dunyosi muhofaza qilinishini taʼminlaydigan talablarga rioya etgan holda amalga oshirilishi lozim.
32-modda. Tabiat obyektlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini cheklab qoʻyish
Oldingi tahrirga qarang.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish manfaatlarini koʻzlab yerdan, oʻrmonlardan, suvdan foydalanuvchilarning, suv isteʼmolchilarining va yer ostidan foydalanuvchilarning huquqlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklab qoʻyilishi hamda ularning zimmasiga tegishli majburiyatlar yuklanishi mumkin.
(32-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT 2009-y., 52-son, 555-modda)
 LexUZ sharhi
Toʻliq maʼlumot uchun qaralsin: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 29-moddasi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 34-moddasi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Qonunning 40-moddasi va “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi.
33-modda. Xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatni amalga oshirish paytida yovvoyi hayvonlar kasallikka chalinishining va nobud boʻlishining oldini olish
Yuridik va jismoniy shaxslar har qanday turdagi xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatni amalga oshirish paytida yovvoyi hayvonlar kasallikka chalinishi va nobud boʻlishining oldini olish choralarini koʻrishlari shart.
Davlat veterinariya xizmati organi va davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organi hayvonot dunyosi obyektlarining kasalliklari paydo boʻlishi va tarqalishi ustidan tekshiruv va nazoratni amalga oshiradilar, hayvonot dunyosi obyektlari kasallikka chalinishining barcha aniqlangan hollarini roʻyxatga oladilar va kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishining oldini olish hamda ularni tugatish yuzasidan zarur choralar koʻradilar.
Oʻsimliklarni yoqish, hayvonot dunyosi obyektlari va ular yashaydigan muhit uchun xavfli boʻlgan materiallar, xomashyo va ishlab chiqarish chiqindilarini yovvoyi hayvonlar kasalliklarga chalinishi va nobud boʻlishining oldi olinishini kafolatlaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirmasdan saqlash va qoʻllash man etiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, ularning oʻsishini tezlashtirish omillarini, mineral oʻgʻitlarni va xoʻjalik faoliyatida foydalaniladigan boshqa preparatlarni qoʻllanish paytida qonun yashash muhitini muhofaza qilish talablari hisobga olinishi zarur. Ayrim hududlarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sanitariya tegralari belgilanib, ularda oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, ularning oʻsishini tezlashtirish omillarini, mineral oʻgʻitlarni va boshqa preparatlarni qoʻllanish taqiqlanadi.
34-modda. Hududni xoʻjalik maqsadlarida oʻzlashtirish paytida hayvonlarning yashash muhitini va ularning urchish sharoitlarini saqlash tadbirlari
Aholi punktlari, korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish hamda qurish, mavjud texnologiya jarayonlarini takomillashtirish va yangilarini joriy etish, botqoqlashgan va butazor hududlarni xoʻjalik oborotiga kiritish, yerlarni melioratsiyalash, oʻrmondan foydalanish, geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish, foydali qazilmalarni qazib olish, qishloq xoʻjalik mollarini oʻtlatish va haydab oʻtish joylarini aniqlash, sayyohlik yoʻnalishlarini ishlab chiqish va aholi ommaviy dam oladigan joylarni tashkil etish paytida hayvonlarning yashash muhitini hamda ularning urchish sharoitlarini saqlab qolish tadbirlari nazarda tutilishi va amalga oshirilishi, shuningdek yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti sifatida alohida qimmatga ega boʻlgan uchastkalarning daxlsizligi taʼminlanishi lozim.
35-modda. Yovvoyi hayvonlarning koʻchib oʻtish yoʻllarini, yashash va urchish joylarini saqlab qolish
Transport magistrallarini, elektr uzatish va aloqa liniyalarini, shuningdek gidrotexnika inshootlarini joylashtirish, loyihalash va qurish paytida yovvoyi hayvonlarning koʻchib oʻtish yoʻllari, yashash va urchish joylari saqlab qolinishini taʼminlaydigan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi lozim.
36-modda. Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini muhofaza qilish
Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvonot dunyosi turlari Qizil kitobga kiritiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-martdagi 109-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobi toʻgʻrisida”gi qarori.
Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarining nobud boʻlishi, miqdori kamayib ketishi yoki ularning yashash muhiti buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
37-modda. Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini saqlab qolish chora-tadbirlari
Oldingi tahrirga qarang.
Tabiiy sharoitlarda takror yetishtirish imkoniyati boʻlmagan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini saqlab qolish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi ana shu turdagi hayvonlarni urchitish uchun zarur shart-sharoit yaratish chora-tadbirlarini koʻrishlari shart.
(37-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 25-maydaga 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
38-modda. Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini tutish tartibi
Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarni maxsus yaratilgan sharoitda urchitish va keyinchalik tarqatish, shuningdek ilmiy-tadqiqot maqsadlari va boshqa maqsadlar uchun tutishga Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining taqdimnomasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi beradigan ruxsatnomalar asosida yoʻl qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi “Qimmatli va yoʻqolib ketayotgan oʻsimlik va hayvonot turlarini muhofaza qilishni kuchaytirish va ulardan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 15-dekabrdagi “Yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarni muhofaza qilishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 600-sonli qarori.
IV. YAKUNLOVChI QOIDALAR
39-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 60, 83, 90, 92—94 va 95-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 200 va 202-moddalari.
Yuridik va jismoniy shaxslar hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish tufayli yetkazilgan zararni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplashlari shart. Zararni qoplash aybdorlarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-apreldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi nizomning V-boʻlimi.
40-modda. Qonunga xilof ravishda tutilgan hayvonot dunyosi obyektlarini, ulardan olingan mahsulotni, hayvonlarni qonunga xilof ravishda tutish quroli va vositalarini olib qoʻyish
Qonunga xilof ravishda tutilgan hayvonot dunyosi obyektlari, ulardan olingan mahsulot, qonunga xilof ravishda tutish quroli va vositalari, shu jumladan transport vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib qoʻyilishi yoki musodara qilinishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 27, 90, 94 va 290-moddalari.
Qonunga xilof ravishda tutilgan hayvonlarni va ulardan olingan mahsulotni aybdor shaxslardan olib qoʻyish imkoni boʻlmagan taqdirda, ularning qiymati qonun hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlar va tartibda undiriladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-apreldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 15-dekabrdagi “Yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarni muhofaza qilishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 600-sonli qarori.
41-modda. Hayvonot dunyosidan foydalanish masalalariga doir nizolarni hal etish
Hayvonot dunyosidan foydalanish masalalariga doir yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-dekabr,
545-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 1-son, 14-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 555-modda; 2011-y., 1-2-son, 1-modda; 2014-y., 36-son, 452-modda)