Mustaqillik qoʻlga kiritilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasida xalqimizning sogʻligʻini mustahkamlash, yetuk va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonning barcha mintaqalarida tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor berilmoqda. Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqlarida aholining sifatli tibbiy xizmatga boʻlgan ehtiyojini qondirish zarurligini qayta-qayta qayd etdi. Jumladan, joriy yilda boʻlib oʻtgan sogʻliqni saqlash tizimining rahbar xodimlari bilan uchrashuvlarda davlat rahbari tomonidan tarmoqning holatiga tanqidiy baho berildi, bu aholi sogʻligʻini muhofaza qilish sohasida bir qancha muammolarni hal etish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Mamlakatni rivojlantirishning muhim ijtimoiy ustuvor vazifalari sifatida aholiga onkologik yordam berish sohasini takomillashtirish va modernizatsiya qilish sogʻliqni saqlash tizimini yanada isloh qilishning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
Maqsadli davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida respublikada sogʻliqni saqlash tizimining barcha darajalarini qamrab oluvchi, Respublika onkologiya ilmiy markazidan, 15 ta viloyat va shahar onkologiya dispanseridan, tumanlar va shaharlarning markaziy koʻp tarmoqli poliklinikalari huzuridagi 232 ta onkolog xonalaridan iborat boʻlgan onkologik yordam berishning yagona vertikal integratsiyalashtirilgan xizmati tashkil etildi. Onkologiya muassasalarini yuqori texnologik tibbiyot uskunalari bilan jihozlash va mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish hisobiga onkologik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy standartlari tibbiyot amaliyotiga joriy etildi.
Shu bilan birga, respublikada, butun jahonda boʻlgani singari, ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik oshishi va aholining uzoq umr koʻrishi bilan bogʻliq boʻlgan onkologik kasalliklar oʻsishi qayd etilmoqda. Tibbiyot fanini rivojlantirishning zamonaviy bosqichi saraton kasalliklarining oldini olish choralarini yanada takomillashtirishga va respublika aholisiga onkologik yordam berish sifatini jahon standartlari darajasigacha oshirishga yoʻnaltirilgan ustuvor vazifalar hal etilishini talab qiladi.
Ushbu maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori saraton kasalliklariga qarshi kurashning yangi bosqichini boshlab beradi, eng avvalo, aholining davolashning yuqori texnologik usullariga boʻlgan ehtiyojlarini qoplashga, onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning zamonaviy tizimini yaratishga yoʻnaltirilgan.
Qarorda asosiy maqsadi onkologik kasalliklar tufayli oʻlimni pasaytirish hisobiga aholi hayoti sifatini yaxshilash va umrni uzaytirish hisoblangan onkologiya xizmatini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilangan quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan:
aholini skrining tekshirishlarning samarali dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish yoʻli bilan onkologik kasalliklarni ilk bosqichlarda faol aniqlashning zamonaviy usullarini joriy etish;
aholining onkologik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning jahon standartlari darajasiga muvofiq boʻlgan zamonaviy yuqori texnologik usullaridan foydalanishini yaxshilash;
reabilitatsiya va palliativ yordamning zamonaviy tizimini, shuningdek, xospislar tashkil etish yoʻli bilan onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning hayoti sifatini yaxshilash;
onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolashning samarali usullarini ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar doirasini kengaytirish hamdamahalliy oʻsmaga qarshi zamonaviy preparatlar yaratish;
respublika onkologiya muassasalarini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, shuningdek, ularning binolari va xonalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va yangilarini qurish.
Qaror onkologik kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolash sohasida tibbiyot tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona metodik vertikali shakllantirilishini nazarda tutadi. Ushbu vazifalarni hal etish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish, shuningdek, mintaqaviy onkologiya dispanserlarini uning filiallariga aylantirish nazarda tutilgan. Quyidagilar yangidan tashkil etiladigan markaz va uning filiallari faoliyatining ustuvor vazifalari etib belgilangan:
aholining onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha xalqaro standartlar darajasida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordamga boʻlgan talabini qondirish;
onkologiya sohasida aholiga yuqori malakali davolash-profilaktika yordami koʻrsatgan holda onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish;
onkologiya sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan va zamonaviy onkologiyaning ilgʻor texnologiyalarini egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlari va ilmiy mutaxassislar tayyorlash;
onkologiya sohasida, shu jumladan, zamonaviy tibbiyot fanining ilgʻor yutuqlaridan foydalangan holda, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish.
Xavfli oʻsmalarga barvaqt tashxis qoʻyishni yaxshilash va importning oʻrnini bosadigan mahalliy oʻsmaga qarshi preparatlarni yaratish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Saraton profilaktikasi va Eksperimental onkologiya markazlari tashkil etiladi.
Onkologik kasalliklarning oldini olish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi-metodik faoliyatni taʼminlash va skrining tekshirishlar oʻtkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yagona axborot bazasini shakllantirish, shuningdek, saraton epidemiologiyasi va xavfli oʻsmalar rivojlanishining molekulyar mexanizmi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, mahalliy oʻsmaga qarshi preparatlarni ishlab chiqish markazlarning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Rejalashtirilgan tadbirlar doirasida respublika onkologiya muassasalari saraton kasalliklarini endoskopik va radioterapevtik davolash boʻyicha eng yangi apparatlar komplekslari bilan jihozlanadi, shu jumladan, respublikaga “Da Vinchi” robotlashtirilgan jarrohlik kompleksi va gamma tigʻ singari noyob uskuna yetkazib beriladi.
Viloyat onkologiya muassasalari tuzilmasida palliativ yordam berish boʻyicha boʻlimlar, shuningdek, Toshkent, Fargʻona, Samarqand va Urganch shaharlarida toʻrtta mintaqalararo xospislar tashkil etilishi respublika fuqarolarining hayoti sifati yaxshilanishiga prinsipial jihatdan muhim yondashuv boʻladi.
Respublikaning barcha hududida koʻkrak bezi va bachadon boʻyni saratonini va Fargʻona viloyatida tajriba loyihasini amalga oshirish doirasida qiziloʻngach, meʼda va kolorektal saratonni aniqlashga yoʻnaltirilgan skrining tadqiqotlarini bosqichma-bosqich joriy etish yoʻli bilan onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt tashxis qoʻyish chora-tadbirlarini takomillashtirishga, xavfli oʻsmalarga barvaqt tashxis qoʻyishning molekulyar-biologik, genetik, endoskopik va nur usullarini onkologiya dispanserlari amaliyotiga joriy etishga muhim ahamiyat berilgan.
Onkologiya xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash sohasida ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish, shuningdek, ilmiy ishlanmalarning zamonaviy jahon tajribasini mahalliy amaliyotga joriy etish, vrachlarning xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishi maqsadida yetakchi onkologiya klinikalari bilan sheriklik munosabatlarini oʻrnatish yoʻli bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish qabul qilingan dasturning muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.
Umuman olganda, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga onkologik yordam berishni yanada rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirishga Oʻzbekiston Respublikasi budjeti mablagʻlaridan 32,5 milliard soʻm hamda xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari va grantlari hisobiga 144,1 million AQSH dollarini yoʻnaltirish nazarda tutilgan.
Mamlakat Prezidentining qarorida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi 100 ming aholiga onkologik kasalliklardan vafot etish koʻrsatkichini 38,7 foizdan 35 foizgacha pasaytirish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni oʻsmaga qarshi preparatlar bilan taʼminlashni 33 foizdan 90 foizgacha koʻpaytirish, aholining davolashning yuqori texnologik turlariga boʻlgan ehtiyojini qoplashni 70 foizgacha yetkazish imkonini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarorida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va yuksaltirishga hamda respublika aholisiga onkologiya yordami berish sifatini yaxshilashga kuchli turtki beradi. Bu Oʻzbekistonning koʻp millatli aholisi sogʻligʻi, fuqarolarning manfaatlari va aholi farovonligi hamma vaqt davlatning eʼtiborida ekanligidan dalolat beradi. Ushbu intilishlar mamlakatimiz Prezidenti tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb eʼlon qilingan 2017-yilda boshlanishi teran ramziy maʼnoga egadir.