Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.10.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 601-sonli “Aholiga ipoteka krediti va uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 22-noyabrdagi PQ-2660-son qarorini ijro etish yuzasidan, shuningdek koʻp kvartirali uylar qurish koʻlamlarini kengaytirish hisobiga respublika shaharlarida yashayotgan aholining turmush darajasi va sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-yanvar,
14-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-yanvardagi 14-son qaroriga
ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-noyabrdagi PQ-2660-son qarori bilan tasdiqlangan “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) doirasida shaharlarda koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun “Ipoteka-bank” ATIB tomonidan buyurtmachiga kreditlar berish tartibini, shuningdek koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni ustun darajada yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
bank — koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun buyurtmachilarga kreditlar berish, shuningdek koʻp kvartirali uylarni sotib olish uchun qarz oluvchilarga ipoteka kreditlarini rasmiylashtirish yoʻli bilan kvartiralarni sotish funksiyalari yuklangan holda “Ipoteka-bank” ATIB;
buyurtmachi — arzon koʻp kvartirali uylar massivlarini rekonstruksiya qilish va qurish, namunaviy loyihalar boʻyicha zarur loyiha-smeta hujjatlarini rasmiylashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan texnik nazoratni amalga oshirish, shuningdek mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi funksiyalari yuklangan holda “Oʻzshahar qurilish invest” MChJ respublika ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasi;
bosh pudratchi — kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) xarid qilish boʻyicha Idoralararo tender komissiyasi tomonidan, mazkur obyektlarni qurishda tajribaga va tegishli moddiy-texnika bazasiga ega boʻlgan pudrat tashkilotlari ishtirokida tender savdolari oʻtkazish yakunlari boʻyicha aniqlanadigan bosh pudrat tashkiloti;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
qurilishlarning manzilli roʻyxati — kapital qoʻyilmalarning ajratilgan limitlari doirasida har yili buyurtmachilar tomonidan tuziladigan obyektlar roʻyxatini, shuningdek kapital qoʻyilmalardan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha ishlar va xarajatlar hajmlarini oʻz ichiga oladigan moliyaviy hujjat;
koʻp kvartirali uyni rekonstruksiya qilish — koʻp kvartirali uyning arxitektura-rejalashtirish yechimlarini oʻzgartirish, qisman buzgan, maʼnan eskirgan konstruksiyalar va muhandislik asbob-uskunalarini almashtirgan holda qoʻshimcha ustiga qurish, yoniga qurish (imoratlar qurish);
maxsus maqsadli hisob raqamlari:
koʻp kvartirali uydagi kvartiralarni sotishdan tushadigan hamda qarzlarni va ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qaytarishga yoʻnaltiriladigan tushumlar hisobiga jamlanadigan maqsadli mablagʻlarni hisobga olish uchun buyurtmachiga ochiladigan 22626-hisob raqami;
buyurtmachidan tushadigan hamda sotib olinadigan asbob-uskuna va qurilish materiallari, bajarilgan ishlar uchun subpudrat tashkilotlariga, kredit ajratilayotgan obyekt qurilishida band boʻlgan ishlovchilarga ish haqi toʻlashga (shu jumladan jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni ushlab qolish, yagona ijtimoiy toʻlov), avtotransport xizmatlari, mexanizmlardan foydalanilgan holda koʻrsatiladigan xizmatlar uchun haq toʻlashga, shuningdek toʻgʻridan toʻgʻri ishlab chiqarish xarajatlariga (yoqilgʻi-moylash materiallari, tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv va shu kabilar) va koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlarga haq toʻlash uchun yoʻnaltiriladigan jamlanadigan maqsadli mablagʻlarni hisobga olish uchun pudratchiga ochiladigan 22626-hisob raqami;
(2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 889-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/889/3945-son)
hududiy komissiya — koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarga biriktirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya;
yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslar — respublika shaharlarida yashaydigan yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotganlar va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalari;
koʻp kvartirali uylar — Dastur doirasida qoʻshimcha muhandislik va ijtimoiy infratuzilma bilan kompleks holda qurilgan shaharlardagi 5, 7 va 9 qavatli arzon koʻp kvartirali uylar;
hududiy komissiyaning protokol qarori — hududiy komissiyaning protokol shaklida rasmiylashtirilgan hamda bank tomonidan kvartirani sotish va ipoteka krediti ajratish uchun asos hisoblanadigan belgilangan tartibda qabul qilingan qarori;
qarz oluvchi — yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan, kredit shartnomasida belgilangan shartlarda koʻp kvartirali uydan kvartira olish uchun ipoteka krediti olgan, ipoteka kreditini qaytarish majburiyatini oʻz zimmasiga oladigan jismoniy shaxs;
birgalikda qarz oluvchi — qarz oluvchining eri (xotini), yaqin qarindoshlari, ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, bolalari) hamda ipoteka krediti va uning yuzasidan foizlar boʻyicha har oylik toʻlovlarda qatnashuvchi, shuningdek ipoteka krediti boʻyicha solidar javob beruvchi boshqa jismoniy shaxslar;
dastlabki badal — qarz oluvchining bankda ochilgan maqsadli jamgʻarma omonat hisob raqamiga qoʻyilgan sotib olinadigan kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi pul mablagʻlari;
qonun asosidagi ipoteka — ipoteka shartnomasi boʻyicha qarz oluvchining majburiyatlarini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan, qonun asosida ipoteka hosil boʻlishiga olib keladigan va qonun asosida ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos hisoblanadigan ipoteka turi;
toʻlov layoqati — umumiy daromadlarni tahlil qilishdan kelib chiqib aniqlanadigan qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish layoqati.
3. Koʻp kvartirali uyni qurish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida amalga oshiriladi. Koʻp kvartirali uy foydalanishga topshirilgandan keyin buyurtmachi belgilangan tartibda mulk huquqini rasmiylashtiradi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
4. Quyidagilar koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
bank tomonidan ajratiladigan kreditlar;
oʻzining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand xodimlari uchun koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishda ulush qoʻshib qatnashishga tayyorligini bildirgan nodavlat tashkilotlarining oʻz mablagʻlari;
xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlarning buyurtmachiga kredit ajratish uchun berilgan kreditlari, shu jumladan grantlari va investitsiyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun buyurtmachi bankning xizmat koʻrsatadigan filialida “talab qilib olinadigan” asosiy depozit hisob raqamiga ega boʻlishi kerak.
6. Buyurtmachining kreditlari boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash sifatida kvartiralar aholiga sotilguniga qadar koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni kelajakda sotishdan tushadigan mablagʻlar garovi qabul qilinadi.
Kreditni taʼminlash summasi berilgan kredit, u boʻyicha hisoblangan foizlar summasini toʻliq qoplashi kerak.
7. Pudratchilarga bank filiallarida buyurtmachi tomonidan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanish uchun maxsus maqsadli hisob raqamlari ochiladi.
8. Koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishda buyurtmachi tomonidan pul mablagʻlari uning ssuda hisob raqamlaridan pudratchilarning maxsus maqsadli hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
9. Buyurmtachilarning ssuda va maxsus maqsadli hisob raqamlari sudlar, huquqni muhofaza qilish, soliq organlari va boshqa organlarning qarorlari, shuningdek ularning kelib chiqishidan qatʼi nazar, boshqa talablar boʻyicha xatlab qoʻyilmaydi.
2-bob. Koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun moliyalashtirish va buyurtmachiga kredit ajratish tartibi
1-§. Buyurtmachiga kreditlarni rasmiylashtirish va berish tartibi
10. Ushbu Nizomga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda namunaviy loyiha boʻyicha kelishilgan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilingan holda “tayyor holda topshirish” shartlarida koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun bank qaytarish, toʻlash, taʼminlash, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlarida buyurtmachiga kreditlar beradi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun bank tomonidan buyurtmachiga ajratiladigan kredit miqdori “tayyor holda topshirish” shartlarida qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan koʻp kvartirali uy qiymatining 95 foizigacha miqdorda belgilanadi.
12. Kreditdan foydalanish muddati qurilish ishlarini yoki rekonstruksiya qilishni amalga oshirish muddatidan kelib chiqib, biroq ikki yildan ortiq boʻlmagan muddatga belgilanadi. Bunda qurilish muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga kreditni va u boʻyicha foizni qaytarishga imtiyozli davr beriladi.
13. Koʻp kvartirali uyni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun kredit boʻyicha buyurtmachiga foiz stavkasi miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida kredit shartnomasi bilan belgilanadi.
14. Kreditni olish uchun buyurtmachi tomonidan bankning xizmat koʻrsatuvchi filialiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
kreditning maqsadlari, taʼminlash, muddati va summasi koʻrsatilgan holda kredit olishga buyurtmanoma;
qurilishlarning tasdiqlangan manzilli roʻyxati, qurilishlarning titul roʻyxati hamda ishlab chiqarish va qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirish jadvallari;
koʻp kvartirali uy qurish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasiga yoki rekonstruksiya qilinayotgan obyektga boʻlgan huquqni tasdiqlaydigan hujjat;
(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan berilgan davlat ekspertizasining xulosasi nusxasi;
(14-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomaning nusxasi;
pudrat qurilish tashkilotining qurilish tavakkalchiliklari sugʻurta shartnomasi va sugʻurta polisi;
oxirgi hisobot sanasiga moliyaviy hisobotlar;
boshqa banklar oldidagi qarzdorlik va boshqa banklarda mablagʻlar borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;
qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan koʻp kvartirali uydagi qavatlar soni, har bir kvartiraning umumiy va turar joy maydoni hajmi, kvartira umumiy maydonining har 1 kv.m qiymati, shuningdek har bir kvartiraning qiymati koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
buyurtmachi bilan pudratchi oʻrtasida tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
davlat ekologik ekspertizasi xulosasining nusxasi.
15. Bank ushbu Nizomning 14-bandida sanab oʻtilgan, buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar toʻldirilishining muvofiqligini oʻrganadi va ajratiladigan kredit miqdorini ular asosida belgilaydi.
16. Bank, kredit buyurtmanomasini va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqib, buyurtmanomani qondirish yoki uni asosli rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Kredit buyurtmanomasini koʻrib chiqish muddati ushbu buyurtmanoma va mazkur Nizomning 14-bandida sanab oʻtilgan unga ilova qilingan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab uch bank kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
17. Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni kelgusida sotishdan tushgan barcha mablagʻlar koʻp kvartirali uylar foydalanishga topshirilgandan keyin akseptsiz tartibda dastlab kredit uchun foizni undirishga, soʻngra esa asosiy qarzni qaytarishga yoʻnaltiriladi. Ushbu shart kredit shartnomasida va garov shartnomasida hisobga olinishi kerak.
18. Koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun buyurtmachiga kredit berish har bir koʻp kvartirali uyning nomi va raqami koʻrsatilgan holda, buyurtmachining nomiga alohida ssuda hisob raqami ochish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
19. Buyurtmachiga kredit ajratish bosqichma-bosqich moliyalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bajarish jadvallari asosida quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
avans berish buyurtmachining ssuda hisob raqamidan toʻlov topshirigʻi asosida, pudrat shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda amalga oshiriladi;
buyurtmachi tomonidan bajarilgan ishlarning tasdiqlangan dalolatnomasi taqdim etilgandan keyin oldin berilgan avanslar mutanosib tarzda ushlab qolinishi hisobga olingan holda toʻlovning navbatdagi summasi ajratiladi.
20. Amalda bajarilgan ishlar (qilingan xarajatlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar — schyot-fakturalar buyurtmachi tomonidan bankka bir oyda ikki marta, har oyning 3 va 18-kunigacha taqdim etiladi.
21. Buyurtmachi maʼlumotnomalarda — schyot-fakturalarda koʻrsatilgan amalda bajarilgan ishlar hajmlarining amalda bajarilgan ishlar (qilingan xarajatlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga va toʻlov topshiriqnomalariga qatʼiy muvofiqligi uchun javob beradi.
22. Buyurtmachini taʼminlashga xarajatlar ssuda hisob raqamidan uning “talab qilib olinadigan” asosiy depozit hisob raqamiga amalga oshiriladi.
23. Buyurtmachiga amalda bajarilgan ishlar hajmlariga muvofiq boʻlmagan, shuningdek loyiha-smeta hujjatlarida koʻrsatilmagan ishlar hajmiga hujjatlarning toʻlov uchun taqdim etilishi taqiqlanadi.
24. Shaharlarda koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun buyurtmachini moliyalashtirish va unga kredit ajratish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-§. Kreditni va unga hisoblangan foizlarni qaytarish tartibi
25. Koʻp kvartirali uyni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun buyurtmachiga berilgan kreditlarni va unga hisoblangan foizlarni qaytarish buyurtmachi tomonidan bank filiallarida maxsus maqsadli hisob raqamlari ochish yoʻli bilan kvartiralarni sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi. Bunda tushgan pul mablagʻlari birinchi navbatda kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni qaytarishga, soʻngra esa kredit boʻyicha asosiy qarzni qaytarishga yoʻnaltiriladi.
26. Buyurtmachi koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni sotishdan tushadigan mablagʻlarni jamlash uchun har bir obyektga alohida uning uchun maxsus maqsadli hisob raqami ochish toʻgʻrisida bank filialiga arizani taqdim etadi.
27. Bank buyurtmachining arizasi asosida har bir obyekt boʻyicha alohida belgilangan tartibda maxsus maqsadli hisob raqami ochadi.
28. Koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun buyurtmachiga berilgan kreditlar boʻyicha foizlarni oʻtkazish har kuni amalga oshiriladi va bankning krediti hisobiga qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan koʻp kvartirali uylarning kvartiralarini sotishdan tushayotgan mablagʻlar hisobiga kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda undiriladi.
29. Buyurtmachilarga kreditlar berish uchun bankda ochiladigan AT “Xalq banki”ning depozit hisob raqami boʻyicha foizlarni oʻtkazish bankning krediti hisobiga qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan koʻp kvartirali uylarning kvartiralarini sotishdan tushayotgan mablagʻlar hisobiga koʻp kvartirali uy foydalanishga topshirilgandan keyin haq toʻlangan holda har kuni amalga oshiriladi.
30. Koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish davrida aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun buyurtmachiga va pudratchiga berilgan kreditlar va hisoblangan foizlar buyurtmachiga va pudratchiga ochilgan maxsus maqsadli hisob raqamlaridan toʻlanadi.
31. Koʻp kvartirali uy qiymatining 5 foizi miqdoridagi summa bir qismining kafolat muddati (hokimning koʻp kvartirali uyni foydalanishga topshirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin 12 oy) tamom boʻlgunga qadar 22626 — “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” moliyalashtirishning maxsus depozit hisob raqamida saqlanadi.
3-§. Kreditlardan maqsadli foydalanilishi va ularning oʻz vaqtida qaytarilishi monitoringini olib borish tartibi
32. Monitoring davomida berilgan kreditdan boshqa maqsadlarda foydalanilganligi aniqlangan taqdirda, bank boshqa maqsadlarda foydalanilgan kreditlarni va hisoblangan penyalarni kredit shartnomasiga muvofiq muddatidan oldin undirish chora-tadbirlarini koʻradi.
33. Kreditlardan boshqa maqsadlarda foydalangan buyurtmachiga nisbatan bank tomonidan qoʻllaniladigan javobgarlik choralari kredit shartnomasida belgilanishi kerak.
34. Asosiy qarz va u boʻyicha hisoblangan foizlar kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarilmaganda bank kreditni qaytarishni taʼminlash choralari koʻrilishini talab qiladi.
35. Agar kreditni oʻz vaqtida undirish yuzasidan koʻrilgan choralar zarur natijani bermasa hamda kreditni buyurtmachi tomonidan oʻz vaqtida yoki toʻliq boʻlmagan hajmda qaytarilishi xavfi yuzaga kelsa, berilgan kredit va u boʻyicha hisoblangan foizlar qonunchilikda belgilangan tartibda muddatidan oldin undirib olinadi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarni aniqlash tartibi
36. Koʻp kvartirali uydagi kvartiralarni yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va fuqarolarning boshqa toifalariga sotishda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarni aniqlash ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
37. Kvartiralarni jismoniy shaxslarga, ustun darajada yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va respublika shaharlarida yashaydigan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga biriktirish protokol qarorini rasmiylashtirish yoʻli bilan namunaviy tarkibi ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan hududiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
38. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarni biriktirish hududiy komissiya tomonidan quyidagi mezonlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi:
a) oʻz uy-joyining yoʻqligi va ijara (arenda), bepul foydalanish shartlarida turar joyda yoki eskirgan uylarda yashash;
b) bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;
v) koʻp bolali oila;
g) ona (ota)ning toʻliq boʻlmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi;
d) ariza beruvchining oila aʼzolari orasida surunkali kasallikning ogʻir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj boʻlgan shaxslarning mavjudligi;
e) oila tarkibida birinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxs mavjudligi;
(38-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
j) turar joy maydonining qonunchilikda nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.
(38-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
z) tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida tahsil olayotgan doktorantlar.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-oktabrdagi 839-sonli qaroriga asosan “z” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2017-y., 09/17/839/0131-son)
39. Koʻp kvartirali uylardan kvartira sotib olish uchun turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs hududiy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ariza;
b) qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar;
v) uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxsning ushbu Nizomning 38-bandi talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar.
Taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligi va ishonchliligi uchun uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs javob beradi.
40. Hujjatlar hududiy komissiya tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, uning nusxasi hujjatlar qabul qilingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxsga tilxat bilan topshiriladi.
Arizalar uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida kvartira berilishiga arizalarning alohida jurnalida roʻyxatdan oʻtkazilgan holda elektron reyestrga kiritiladi.
Arizalar jurnalga izchil ravishda, ular olinganligiga qarab kiritiladi.
Arizani uni dastlab jurnalda roʻyxatdan oʻtkazmasdan koʻrib chiqish taqiqlanadi. Hududiy komissiya arizalarni ular tushishiga qarab va jurnalda roʻyxatdan oʻtkazish navbatiga koʻra koʻrib chiqishi shart.
Hududiy komissiya uy-joy sharoitlarini yaxshilashga berilgan arizalarni haftada kamida bir marta koʻrib chiqadi.
Koʻp kvartirali uydagi kvartiralarni sotishda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarni tanlash hududiy komissiya tomonidan shaffoflik prinsipi boʻyicha amalga oshiriladi.
41. Hududiy komissiya ushbu Nizomning 39-bandiga muvofiq uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishda jismoniy shaxsning toʻlovga layoqatini (jismoniy shaxsning, uning oila aʼzolarining va birgalikda qarz oluvchi boshqa jismoniy shaxslarning daromadlari manbalarini), shuningdek uning ushbu Nizomning 38-bandi talablariga muvofiqligini oʻrganadi va tekshiradi.
Oʻrganish natijalari boʻyicha hududiy komissiya tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxsga koʻp kvartirali uydagi kvartirani biriktirish yoxud rad etishning aniq va asoslangan sabablari koʻrsatilgan holda rad etish toʻgʻrisida protokol qarorini qabul qiladi.
42. Hududiy komissiyaning protokol qarorida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxsning toʻlovga layoqati, shuningdek unga biriktirilgan kvartiraning rekvizitlari (koʻp kvartirali uyning manzili, raqami, kvartiraning raqami va xonalar soni) aks ettirilishi kerak.
43. Ushbu Nizomning 38-bandida keltirilgan asoslar mavjud boʻlmagan hollarda, shuningdek agar taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 39-bandi talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda kvartirani biriktirish rad etilishi mumkin.
44. Ushbu Nizomning 43-bandida koʻrsatilmagan boshqa asoslar boʻyicha kvartirani biriktirishning rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
45. Kvartirani biriktirish rad etilishi toʻgʻrisida protokol qarori qabul qilingan taqdirda hududiy komissiyaning kotibi ikki ish kuni mobaynida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxsga rad etishning aniq sabablari va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan yozma bildirishnomani yuboradi (topshiradi), shuningdek hududiy komissiya protokol qarorining nusxasini bankning tegishli filialiga yuboradi.
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs kvartirani biriktirish rad etilishi sabablarini bartaraf etib va hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat, kvartirani biriktirish rad etilishi toʻgʻrisida yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab besh ish kunidan kam boʻlishi mumkin emas.
46. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan berilgan ariza rad etilishi toʻgʻrisidagi yozma bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin koʻrib chiqilmaydi.
47. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan va kvartirani biriktirish rad etilgan hamda arizasi ushbu Nizomning 46-bandi asosida koʻrib chiqilmagan jismoniy shaxs keyingi yilda koʻp kvartirali uylardagi kvartirani biriktirish toʻgʻrisida takroriy ariza berishga haqlidir.
48. Hududiy komissiya har yili:
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarning joriy yil Dasturi doirasida qurilayotgan koʻp kvartirali uylardagi barcha kvartiralarni biriktirishni 1-fevralgacha boʻlgan muddatda tugallaydi;
boʻlajak yilda quriladigan koʻp kvartirali uydagi barcha kvartiralarga potensial qarz oluvchilarning toʻliq roʻyxati bilan birgalikda hududiy komissiyaning protokol qarorini 1-aprelgacha bankka taqdim etadi.
49. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs dastlabki badal mablagʻlarini unga kvartira biriktirilgandan keyin 60 kalendar kundan kechikmay 20406-son alohida jamgʻarma depozit hisob raqamiga toʻlaydi.
50. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan koʻrsatib oʻtilgan muddatlarda kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal toʻlanmagan taqdirda hududiy komissiyaning kvartirani ushbu jismoniy shaxsga biriktirish haqidagi protokol qarori oʻz kuchini yoʻqotadi. Bunda ushbu jismoniy shaxs keyingi yilda hududiy komissiyaga kvartirani biriktirish boʻyicha arizani takroran berishga haqlidir.
4-bob. Kvartiralarni uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarga sotish tartibi
1-§. Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni sotishni rasmiylashtirish
51. Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni sotish huquqi buyurtmachi tomonidan bankka beriladi.
52. Buyurtmachi koʻp kvartirali uy foydalanishga topshirilgandan keyin barpo etilgan uyga kadastr hujjatlarini rasmiylashtiradi va bankka topshiriq shartnomasi va bosh ishonchnoma asosida kvartiralarni sotish huquqini beradi. Bunda buyurtmachi bankni oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun barcha zarur hujjatlar, shu jumladan kommunal toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bilan taʼminlaydi.
53. Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar jismoniy shaxsning dastlabki badali mablagʻlari va ipoteka krediti hisobiga yoki koʻp kvartirali uydagi kvartiralarni sotib olishga yuridik shaxs — ish beruvchidan olingan mablagʻlar hisobiga hududiy komissiyaning protokol qarori asosida kvartiralar ularga biriktirilgan jismoniy shaxslarga sotiladi.
54. Kvartiralarni sotish koʻp kvartirali uyni qurish yoki rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish boʻyicha xarajatlar hisobga olingan va ularni sotish boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilgan holda har bir kvartiraning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar asosida buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan narxlar boʻyicha amalga oshiriladi.
55. Kvartiraning oldi-sotdi shartnomasi bank bilan qarz oluvchi oʻrtasida rasmiylashtiriladi hamda belgilangan tartibda notarial tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
56. Kvartiraning notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasida bankning kreditlaridan foydalanib kvartirani sotish shartlari, shuningdek kvartira qarz oluvchining kvartiraga mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bankning garovida turishi kerak.
Kvartiralar jismoniy shaxsning toʻliq oʻz mablagʻlari hisobiga yoki yuridik shaxs — ish beruvchining mablagʻlari hisobiga sotib olinganda kvartiraga mulk huquqi notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
57. Koʻp qavatli uydagi kvartiraga qarz oluvchining mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi qonun asosida ayni bir vaqtda ipotekaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini rasmiylashtiradi.
(57-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
58. Qonun asosida ipotekaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi alohida ariza berilmasdan va roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimi toʻlanmasdan amalga oshiriladi.
2-§. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarga ipoteka kreditini rasmiylashtirish va berish tartibi
59. Koʻp kvartirali uydan kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlari uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarga koʻp kvartirali uy foydalanishga topshirilgandan keyin beriladi.
60. Ushbu Nizomga muvofiq ipoteka kreditlari bank tomonidan qaytarish, maqsadli foydalanish, toʻlash taʼminlanganlik va muddatlilik shartlarida koʻp kvartirali uydagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratiladi.
61. Bank tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori kredit resurslari manbaidan qatʼi nazar, (xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlarning grantlari, investitsiyalari bundan mustasno) koʻp kvartirali uydagi kvartiralar qiymatining koʻpi bilan 75 foizni tashkil etadi.
62. Koʻp kvartirali uydagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlari uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslarga 20 yil muddatga, shuningdek tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida tahsil olayotgan doktorantlar uchun 25 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi. Bunda oltinchi yildan boshlab foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kredit olish uchun jismoniy shaxs tomonidan ariza taqdim etilgan sanada amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqib belgilanadi va kredit shartnomasida qayd etiladi.
(62-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-oktabrdagi 839-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2017-y., 09/17/839/0131-son)
63. Ipoteka krediti hisobiga koʻp kvartirali uydagi kvartirani sotib olayotgan jismoniy shaxs turar joy foydalanishga topshirilgandan keyin bank filialiga ariza bilan birgalikda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchi)ning pasporti;
b) qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilar)ning moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar.
64. Quyidagilar qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar hisoblanadi:
doimiy ish joyiga ega boʻlgan fuqarolar uchun — belgilangan shakl boʻyicha ish beruvchi tomonidan berilgan oxirgi 12 oydagi daromadlar (12 oydan kam ishlangan taqdirda — ishlab berilgan davr uchun) toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
qonunchilikda taqiqlanmagan daromadlarning boshqa manbalariga ega boʻlgan fuqarolar uchun (shu jumladan dehqon-fermer xoʻjaliklari boshliqlari yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun) — ular yashaydigan joy boʻyicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oydagi daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning nusxalari.
(64-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
65. Ushbu Nizomning 63 va 64-bandlariga muvofiq ipoteka krediti olish uchun qarz oluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish bank tomonidan uch ish kuni mobaynida kredit siyosati talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
66. Qarz oluvchi tomonidan bankka taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 63 va 64-bandlari talablariga muvofiq boʻlmaganda bank ipoteka krediti berishni rad etish huquqiga ega.
67. Bank tomonidan ipoteka krediti berish rad etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda bank bunday qaror qabul qilingan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida bu haqda rad etishning asoslangan sabablarini koʻrsatib qarz oluvchiga yozma shaklda xabar qiladi.
68. Bank tomonidan ijobiy qaror qabul qilingandan keyin:
bank bir kun muddatda qabul qilingan qaror toʻgʻrisida ariza beruvchiga xabar beradi, qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) bilan kredit shartnomasi tuzadi va kvartira qiymati kelishilganligi haqida dalolatnoma tuzadi;
qarz oluvchi koʻp kvartirali uydagi sotib olingan kvartirani yoʻqotish, shikastlanish va nobud boʻlish xavfidan toʻliq qiymatda bank foydasiga sugʻurta qiladi;
koʻp kvartirali uydagi kvartiraning oldi-sotdi shartnomasi notarial rasmiylashtiriladi va bir vaqtning oʻzida mulk huquqi rasmiylashtirilgan va qonun asosida ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan holda uning Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi amalga oshiriladi;
(68-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
kvartirani garovga qoʻyish er (xotin)ning roziligi boʻlgan taqdirda notarial rasmiylashtiriladi.
69. Qarz oluvchi bankning filialiga shartnomalarni (oldi-sotdi shartnomasini va sugʻurta shartnomasini) taqdim etishi kerak.
70. Qarz oluvchining yozma topshirigʻi va kredit boʻlimining farmoyishi asosida dastlabki badal mablagʻlari va ipoteka krediti buyurtmachining maxsus maqsadli hisob raqamiga oʻtkaziladi.
71. Kvartiralar jismoniy shaxsning shaxsiy mablagʻlari hisobiga yoki yuridik shaxs — ish beruvchining mablagʻlari hisobiga toʻliq sotib olinganda pul mablagʻlari notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi asosida buyurtmachining maxsus maqsadli hisob raqamiga oʻtkaziladi.
3-§. Ipoteka kreditini va u boʻyicha hisoblangan foizlarni qaytarish, kreditning monitoringini olib borish tartibi
72. Berilgan ipoteka kreditiga foizlar har kuni ipoteka krediti qoldigʻiga hisoblanadi va bir oyda bir marta undirib olinadi.
73. Asosiy qarzni qaytarish qarz oluvchi tomonidan imtiyozli davr tamom boʻlgandan keyin ipoteka kreditining butun muddati mobaynida amalga oshiriladi.
74. Ipoteka krediti boʻyicha asosiy qarzni qaytarish va u boʻyicha foizlar toʻlash tartibi kredit shartnomasida belgilanadi. Bunda hisoblangan foizlar va ipoteka krediti boʻyicha asosiy qarz kredit shartnomasiga ilova qilinadigan toʻlovlar jadvaliga muvofiq undiriladi.
75. Asosiy qarz va u boʻyicha hisoblangan foizlar kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda bankning masʼul xodimi qarz oluvchi bilan shaxsan uchrashib majburiyatlar bajarilmasligi sababini aniqlaydi va muddati oʻtkazib yuborilgan kreditni qaytarishni taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrishni talab qiladi.
76. Agar kreditni oʻz vaqtida undirish yuzasidan koʻrilgan choralar zarur natijalarni bermasa va kreditni oʻz vaqtida va toʻliq boʻlmagan hajmda qaytarish xavfi vujudga kelsa, bank berilgan ipoteka kreditini va u boʻyicha hisoblangan foizlarni muddatidan oldin undiradi. Ushbu shartlar kredit shartnomasida alohida qayd etilishi kerak.
77. Toʻlovlarni toʻlash muddatlari muntazam, yaʼni oʻn ikki oy mobaynida uch martadan koʻp buzilgan taqdirda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda bank undiruvni qoʻyilgan mol-mulkka qaratish huquqiga ega.
(77-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
78. Ipoteka krediti berilgandan keyin bir oy muddatda bank xodimi tomonidan kreditlardan maqsadli foydalanish boʻyicha dalolatnoma tuzilib monitoring amalga oshiriladi.
79. Bank ipoteka kreditidan foydalanishning butun davri mobaynida doimiy monitoring olib boradi. Monitoring olib borish jarayonida bank ipoteka kreditini va u boʻyicha foizlarni qaytarishga, qoʻyilgan mol-mulkdan zarur tarzda foydalanish va saqlash boʻyicha majburiyatlarga rioya qilinishi, ipoteka predmeti noqonuniy oʻzgaga berilishiga yoʻl qoʻyilmasligini nazorat qiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
80. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(80-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Shaharlarda koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish va buyurtmachiga kredit ajratish
SXEMASI
Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Koʻp kvartirali uydagi kvartiralarni yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va fuqarolarning boshqa toifalariga sotishda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj jismoniy shaxslarni aniqlash
SXEMASI
Koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni biriktirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha hududiy komissiyaning
namunaviy tarkibi
1. Komissiya raisi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahri tumanlari hokimlari.
2. Komissiya raisining oʻrinbosari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahri tumanlari hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Yoshlar ittifoqi Kengashlari raislari.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalarining boʻlim boshliqlari.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahri tumanlarining ichki ishlar boshqarmalari va boʻlimlari boshliqlari.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahri tumanlarining bandlikka koʻmaklashish markazlari boshliqlari.
7. Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari boshliqlari.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
8. “Nuroniy” Oʻzbekiston faxriylarining jamoat faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlimlari raislari.
9. “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy, tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlari.
10. “Ipoteka-bank” ATIB filiallarining rahbarlari.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 4-son, 53-modda, 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2017-y., 09/17/839/0131-son, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son, 22.10.2019-y., 09/19/889/3945-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)