Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOSMIK TADQIQOTLARNI TASHKIL ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kosmik tadqiqotlarni tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida” 2002-yil 26-sentabrdagi PF-3135-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda astronomik va kosmik tadqiqotlarning yanada rivojlantirilishini, tadqiqotlar natijalarining respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga samarali joriy etilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
astronomiya, yerni, yer atrofidagi fazoni va uzoq kosmik obyektlarni o‘rganish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish;
kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar yutuqlarini respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga joriy etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish;
manfaatdor tashkilotlar va tuzilmalar bilan birgalikda samarali ekologik nazoratni, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlarning oldini olishni, kosmosdan yerni masofadan turib zondlash yo‘li bilan tabiiy resurslarni tadqiq etishni tashkil qilish;
astronomiya va kosmik tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda tijorat maqsadidagi kosmik faoliyatni rivojlantirish.
2. Kosmik tadqiqotlar markazi boshqaruv apparatining tuzilmasi va 12 kishidan iborat bo‘lgan (yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) shtatdagi xodimlarining cheklangan soni ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Kosmik tadqiqotlar markazi:
yuridik shaxs hisoblanadi;
uning faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash Markaz tarkibiga kiruvchi Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti, Chirchiqdagi “Kompozit” tajriba-eksperimental zavodi tomonidan ularning xo‘jalik faoliyatidan olishgan mablag‘laridan ajratmalar, shuningdek xalqaro jamg‘armalar va tashkilotlar grantlari, qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bir oy muddatda Kosmik tadqiqotlar markazi to‘g‘risidagi Nizomni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi balansidagi asosiy fondlar, mol-mulklar va moddiy boyliklarni Kosmik tadqiqotlar markaziga bersin.
Kosmik tadqiqotlar markazi Toshkent shahar, Borovskiy ko‘chasi, 2-uyga joylashtirilsin.
6. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi masalalari to‘g‘risida” 1993-yil 5-fevraldagi 59-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “2001-2002-yillarda xorijiy investorlarni jalb etgan holda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bo‘yicha kelgusidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2001-yil 9-martdagi 119-son qaroriga 3-ilovaning 14-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 27-sentabr,
334-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 27-sentabrdagi 334-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar markazi boshqaruv apparatining
TUZILMASI
Shtatdagi jami xodimlar soni 12 kishi
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 17-18-son, 141-modda)