1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.03.00 Arxiv fondi. Arxivlar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.11.00 Adabiyot. Kutubxona ishi]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat xizmati. Arxiv ishi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bosh direktorining
buyrugʻi
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 7-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2806]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-noyabrdagi 320-son “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor oʻrinbosari D. KUCHAROVA
Toshkent sh.,
2016-yil 20-iyun,
44-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bosh direktorining 2016-yil 20-iyundagi 44-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-noyabrdagi 320-son “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni (bundan buyon matnda axborot deb yuritiladi) axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Axborot “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga asosan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tasdiqlanadigan oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborot roʻyxatiga (bundan buyon matnda axborot roʻyxati deb yuritiladi) muvofiq axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etiladi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi foydalanilishi cheklab qoʻyilgan axborot bundan mustasno.
2. Axborot axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga ulardan keyinchalik axborotdan foydalanuvchilar tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.
3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborotni axborot-kutubxona hamda arxiv muassasalariga taqdim etish uchun masʼul xodim tayinlanadi.
2-bob. Axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish
4. Kalendar yil tugagandan soʻng, oʻtgan yilga oid (1-yanvar — 31-dekabr holatiga) axborotlar aks ettirilgan hujjatlar jamlanib, ularning elektron nusxalari tayyorlanadi. Bunda:
matn, shu jumladan jadval, sxema va boshqa matnli maʼlumotlardan iborat boʻlgan hujjatlar — “PDF” shaklda;
ovozli yozuvlar — “WAV” yoki “MP3” shaklda;
video yozuvlar — “AVI” yoki “MP4” shaklda;
tasvirlar, shu jumladan fotosuratlar — “JPEG” shaklda tayyorlanadi.
5. Axborotlarning elektron nusxalari axborot roʻyxatiga mos ravishda nomlangan elektron jildlarga joylashtiriladi va CD yoki DVD disklarga (bundan buyon matnda disklar deb yuritiladi) yoziladi. Bunda disklarga axborot roʻyxatiga asosan tuzilgan va mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq elektron shaklda (“PDF”) rasmiylashtirilgan taqdim etilayotgan hujjatlar roʻyxati (bundan buyon matnda hujjatlar roʻyxati deb yuritiladi) ham yoziladi.
6. Axborotlar aks ettirilgan disklar har yili 31-yanvargacha:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari markaziy apparati tomonidan — Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga hamda Oʻzbekiston Milliy arxiviga;
hududiy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar yoki Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlariga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoki viloyatlardagi davlat arxivlariga yoxud Toshkent shahar markaziy davlat arxiviga kuzatuv xati orqali taqdim etiladi.
(6-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining 2021-yil 21-maydagi 185-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2806-1, 31.05.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2021-y., 10/21/2806-1/0510-son)
7. Axborot-kutubxona muassasasi (arxiv muassasasi) masʼul xodimi 5 ish kuni ichida taqdim etilgan disklarda aks ettirilgan axborotlarning hujjatlar roʻyxatiga muvofiqligi, shuningdek ushbu axborotlarning kompyuterda oʻqilishi imkoniyati birma-bir tekshirib chiqiladi.
8. Tekshirish natijasida disklardagi axborotlar hujjatlar roʻyxatiga muvofiq boʻlsa, shuningdek ushbu axborotlarning kompyuterda oʻqilishi imkoni mavjud boʻlsa, axborot-kutubxona muassasasi (arxiv muassasasi) masʼul xodimi hamda tegishli davlat hokimiyati organi (davlat boshqaruvi organi) masʼul xodimi tomonidan ikki nusxada mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuziladi.
Dalolatnoma topshiruvchi va qabul qilib oluvchi shaxslar tomonidan imzolanadi hamda tegishlicha axborot-kutubxona muassasasi (arxiv muassasasi) rahbari tomonidan tasdiqlanadi va tashkilotning muhri qoʻyiladi.
Dalolatnomaning bir nusxasi axborot-kutubxona muassasasida (arxiv muassasasida) qoladi, ikkinchi nusxasi esa, tegishli davlat hokimiyati organi (davlat boshqaruvi organi) masʼul xodimiga topshiriladi.
9. Disklardagi axborotlar hujjatlar roʻyxatiga muvofiq boʻlmaganda yoxud ushbu axborotlarning kompyuterda oʻqilishi imkoni mavjud boʻlmaganda, ular (agar axborotlar bir nechta diskka yozilgan boʻlsa, nomuvofiqlik va (yoki) kamchilik aniqlangan disklar) qabul qilinmaydi va tegishli axborot-kutubxona muassasasi (arxiv muassasasi) kuzatuv xati bilan ularni taqdim etgan tashkilotga qaytariladi. Bunda aniqlangan har bir nomuvofiqlik va (yoki) kamchilik kuzatuv xatida koʻrsatilishi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar berilishi shart.
10. Davlat hokimiyati organi (davlat boshqaruvi organi) tomonidan axborot-kutubxona muassasasi (arxiv muassasasi) kuzatuv xatida koʻrsatilgan nomuvofiqlik va (yoki) kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng, axborotlar yozilgan disk (disklar) belgilangan tartibda 10 kun ichida tegishli axborot-kutubxona muassasasiga (arxiv muassasasiga) qayta taqdim etilishi lozim.
3-bob. Yakuniy qoidalar
11. Masʼul xodimlar axborotlarning toʻgʻriligi hamda oʻz vaqtida topshirilishi va qabul qilib olinishi uchun javobgar hisoblanadi.
12. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2154-moddasi.
13. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan kelishilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. MIRZAXIDOV
2016-yil 16-iyun
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori A. XODJAYEV
2016-yil 16-iyun
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
__________________________________________________________________________ning _____________________ yilga oid faoliyati toʻgʻrisidagi
(tashkilotning nomi)
(yil)
taqdim etilayotgan hujjatlar ROʻYXATI
T/r
Hujjat turi va rekvizitlari
Hujjat matniga annotatsiya
CD yoki DVD diskda hujjat joylashgan jild
CD yoki DVD diskda hujjat nomlangan fayl
Hujjatning shakli (“PDF”, “WAV”, “MP3”, “AVI” “MP4” yoki “JPEG”)
Hujjatning hajmi
1
2
3
4
5
6
Izoh:
mazkur roʻyxatda hujjatlar axborot roʻyxatiga mos ravishdagi nomlarda va ketma-ketlikda keltiriladi;
1-ustunda — bir turdagi hujjatlar guruhlangan holda keltiriladi (masalan: buyruqlar, yigʻilish bayonlari, hisobotlar va hokazo);
6-ustunda — “PDF” shakldagi hujjat — varaqda, “WAV”, “MP3”, “AVI” va “MP4” shakldagi hujjatlar — soat, daqiqa, soniyada, “JPEG” shakldagi hujjat — hisob birligida (dona) koʻrsatiladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
TASDIQLAYMAN _____________________________________________ (qabul qiluvchi muassasa rahbari (lavozimi) _____________________________________________ (F.I.O.) ____________________ (imzo) ____________________ (sana)
M.Oʻ.
TOPSHIRISH-QABUL QILISH DALOLATNOMASI
____________________________________________________________________________________________ hujjatlarni topshirish-qabul qilish (sanasi)
___________________________________________________________________________________topshirdi, (topshiruvchi tashkilot nomi)
_________________________________________________________________________________________esa, (qabul qilib oluvchi muassasa nomi)
___________ yilga oid faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlari aks ettirilgan CD (DVD) diskni qabul qilib oldi. Unda quyidagi axborotlar (hujjatlar) aks ettirildi:
T/r
Davlat hokimiyati yoki boshqaruvi organining faoliyati toʻgʻrisidagi hujjat turi va rekvizitlari
Hujjat matniga annotatsiya
CD yoki DVD diskda hujjat joylashgan jild
CD yoki DVD diskda hujjat nomlangan fayl
Hujjatning shakli (“PDF”, “WAV”, “MP3”, “AVI” “MP4” yoki “JPEG”)
Hujjatning hajmi (“PDF” — varaqda, “WAV”, “MP3”, “AVI” va “MP4” — soat, daqiqa, soniyada, “JPEG” — hisob birligida (dona) koʻrsatiladi)
1
2
3
4
5
6
Jami qabul qilingan hujjatlar va hisob birligi soni ______________________________________________.
Qabul qilib oldi: _____________________________________________ (qabul qilib olgan shaxsning lavozimi va F.I.O.) (imzo) __________________ (sana)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 27-son, 333-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2021-y., 10/21/2806-1/0510-son, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)