Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Vazirlar Mahkamasining “2015 — 2020-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi aholisining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash Konsepsiyasini va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2015-yil 29-avgustdagi 251-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida davolanayotgan shaxslarning (bemorlarning) vrachlar koʻrsatmalariga hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq sifatli davolovchi ovqatlanishi tashkil etilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 5-fevral,
31-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-fevraldagi 31-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida (keyingi oʻrinlarda tibbiyot muassasalari deb ataladi) ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq toʻlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning talablari respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining oʻzini oʻzi toʻliq moliyalashtirish shartlarida faoliyat koʻrsatadigan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan shaxslarning (bemorlarning) imtiyozli toifasini davolash xarajatlari, shu jumladan ovqatlanish xarajatlari yoʻllanmalar (orderlar) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadigan tibbiyot muassasalariga, ularning boʻlimlariga tatbiq etilmaydi.
2. Tibbiyot muassasalaridagi ovqatlanish nonushta, tushlik, tushlikdan keyingi ovqat va kechki ovqatlanishdan iborat boʻladi.
3. Tibbiyot muassasalarida shaxslarga (bemorlarga) nonushtalar bepul beriladi, ularga qilinadigan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tibbiyot muassasalarida ovqatlanish uchun (nonushtalardan tashqari) haq toʻlash shaxsning (bemorning), uning qarindoshlarining yoki boshqa shaxslarning, tashkilotlarning, shu jumladan homiylarning va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tibbiyot muassasalarida homiylarning mablagʻlarini sarflash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi, agar tibbiyot muassasalari bilan homiylar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa.
5. Tibbiyot muassasalarida quyidagilar ovqatlanish uchun haq toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha kasalliklarga chalingan shaxslar (bemorlar);
b) ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha shaxslar (bemorlar) toifalari.
6. Bemorlarning shifoxonada boʻlish cheklangan muddatlarining tasdiqlangan standartlari boʻyicha reanimatsiya tadbirlari va intensiv terapiyani talab qiluvchi kasalliklari va holatlari barham topganda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish chogʻida davolanishni davom ettirishayotgan shaxslarning (bemorlarning) ovqatlanishi uchun haq toʻlashi ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. Tibbiyot muassasalari ovqat bloklarida yoki shartnoma shartlarida tibbiyot muassasalari buyurtmalariga koʻra ovqatlar tayyorlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar deb ataladi) tomonidan tayyorlangan ovqatlar qiymati boʻyicha ovqatlarga haq toʻlanadi.
Tibbiyot muassasalari bilan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda, ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning barcha xarajatlari hisobga olingan holda, ovqatlarni sotish qiymati nazarda tutiladi.
8. Taʼminotining asosiy manbai budjet mablagʻlari hisoblanadigan tibbiyot muassasalarida ularning ovqat bloklarida ovqatlarni tayyorlash bilan bogʻliq boshqa (qoʻshimcha) xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
Shuningdek, pulli asosda tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarida ularning ovqat bloklarida ovqatlar tayyorlash bilan bogʻliq boshqa (qoʻshimcha) xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda pulli asosda tibbiy yordam koʻrsatishdan tushadigan budjetdan tashqari tushumlar hisobiga qoplanadi.
II. Ovqatlanishni tashkil etish
9. Tibbiyot muassasalarida shaxslarning (bemorlarning) ovqatlanishi va mavjud ovqat bloklari bazasida, ular boʻlmagan taqdirda — ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan tashkilotlar belgilangan tartibda tibbiyot muassasalari tomonidan tender savdolari (tanlovlar) oʻtkazish yoʻli bilan ovqat tayyorlash uchun jalb etilishi mumkin.
10. Tibbiyot muassasalarida davolovchi ovqatlanish tashkil etilishi kerak. Davolovchi ovqatlanishni tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
11. Tibbiyot muassasalarida, ixtisoslashtirilgan tashkilotlarda ovqatlarni tayyorlash sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga toʻliq muvofiq boʻlishi kerak.
12. Shaxs (bemor) yozma ariza asosida tibbiyot muassasasi tomonidan tavsiya etilayotgan ovqatlanishni toʻliq yoki qisman rad etishi mumkin. Bu holda shaxs (bemor) tomonidan mustaqil ravishda tashkil etilgan ovqatlanish shifokorning parhez boʻyicha koʻrsatmasiga muvofiq boʻlishi kerak.
13. Tibbiyot muassasasi ovqatlanishga muhtoj boʻlgan shaxslarning (bemorlarning) har kungi soni hisobini yuritadi, ushbu hisob asosida ovqatlanishning har qaysi turi (nonushta, tushlik, tushlikdan keyingi ovqat, kechki ovqat) uchun alohida har kunlik buyurtmanoma tuziladi. Buyurtmanoma hisobga olinadigan hujjat hisoblanadi va keyingi hisoblashlar va oʻzaro hisob-kitoblar uchun, shuningdek tibbiyot muassasalarining hisobotlarini tuzish uchun asos hisoblanadi.
14. Ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan shartnoma shartlarida ovqatlanish tashkil etilgan taqdirda tibbiyot muassasasi taomnoma va buyuriladigan taomlar miqdori yuzasidan har haftalik buyurtmanoma taqdim etadi. Buyuriladigan ovqatlar miqdorini aniqlash shartnoma shartlariga muvofiq har kuni amalga oshirilishi mumkin.
III. Ovqatlanish uchun haq toʻlash tartibi
15. Ovqatlanish uchun haq toʻlashga mablagʻlarni qabul qilish uchun tibbiyot muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi boʻlinmalarida alohida hisob raqamlari ochadilar, ularga ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan manbalardan mablagʻlar tushadi.
16. Ovqatlanish uchun haq toʻlash tibbiyot muassasalarining kassalariga bevosita naqd pul bilan yoki naqdsiz hisob-kitoblar boʻyicha yoxud tibbiyot muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi boʻlinmalaridagi alohida hisob raqamiga taqdim etilgan schyotlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Har qaysi toʻlovdan keyin bevosita tibbiyot muassasalarining kassalariga naqd pul bilan yoki naqdsiz hisob-kitoblar boʻyicha ovqat uchun haq toʻlagan shaxslarga (bemorlarga) haqiqatda amalga oshirilgan toʻlov miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar beriladi.
17. Shaxs (bemor) shifoxonaga yotqizilayotganda uning tomonidan ovqatlanish uchun haq toʻlash tibbiyot muassasasiga joylashtirilgungacha uning shifoxonada boʻlishining butun muddati uchun toʻliq yoki qisman amalga oshiriladi, lekin u hisoblangan summaning 50 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
Shaxs (bemor) shifoxonaga yotqizilayotganda u ovqatlanish uchun oʻzi toʻlagan haqni tasdiqlovchi hujjatni yoxud tibbiyot muassasasi tomonidan beriladigan ovqatni rad etishi toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi kerak.
18. Butun sutka davomidagi ovqatlanishning qiymati tibbiyot muassasasi buxgalteriyasi tomonidan, vrachning parhez ovqat boʻyicha koʻrsatmasini hisobga olgan holda, xarajatlar kalkulyatsiyasi asosida hisoblab chiqiladi va belgilangan tartibda tibbiyot muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Butun sutka davomidagi ovqatlanish qiymati toʻgʻrisidagi axborot stendlardagi yoki tibbiyot muassasasining maʼmuriy binosidagi boshqa texnik vositalarda koʻrinarli joyga joylashtiriladi.
19. Dastavval tibbiyot muassasasida pul toʻlab ovqatlanishni rad etgan shaxs (bemor), shifoxonada boʻlishining rejalashtirilayotgan davri uchun oldindan haq toʻlagan holda, ovqatlanishga istalgan vaqtda buyurtma berishi mumkin.
20. Ovqatlanish uchun oldindan qisman haq toʻlangan taqdirda ovqatlanish uchun toʻliq hisob-kitob shaxs (bemor) shifoxonadan chiqqungacha uning tomonidan amalga oshiriladi.
21. Ovqatlanish uchun toʻlangan haqning foydalanilmagan mablagʻlari toʻlovchiga qaytariladi.
22. Tibbiyot muassasalarida ovqatlanish uchun haq toʻlanmagan, haq toʻliq miqdorda toʻlanmagan barcha holatlarda shaxs (bemor) shifoxonadan chiqqandan keyin ovqatlanish uchun haqiqiy xarajatlar summasi shaxslarning (bemorlarning) qarzlarini toʻlash hisobiga xarajatlarni qoplash choralarini koʻrish yoʻli bilan qoplanadi.
23. Naqd pul mablagʻlarini tibbiyot muassasalari kassasiga qabul qilib olish va topshirish yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini yuritish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Oziq-ovqat mahsulotlariga xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek unga rioya etilishi taʼminlanishi yuzasidan nazorat va javobgarlik
24. Ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq ovqatlanish uchun haq toʻlashdan ozod qilingan shaxslarning (bemorlarning) ovqatlanishini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari tibbiyot muassasalarining tegishli moliya yili uchun xarajatlarining tasdiqlanadigan smetalari doirasida, rejalashtirilayotgan koykalar fondi va oziq-ovqat mahsulotlari uchun haqiqiy narxlardan kelib chiqqan holda ajratiladi.
25. Tibbiyot muassasasida shaxslar (bemorlar)ning ovqatlanishini tashkil etish tartibi yuzasidan:
tibbiyot muassasalarining ovqat bloklaridan foydalanilganda — tibbiyot muassasasining rahbari;
ixtisoslashtirilgan tashkilot jalb etilgan taqdirda — tibbiyot muassasasining rahbari va tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilot rahbari javob beradilar.
26. Ovqatlanish uchun toʻlangan haqni qabul qilishda yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini yuritish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Shaxslarni (bemorlarni) davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanish toʻlovidan ozod qiluvchi kasalliklar
ROʻYXATI
1. OIV kasalligini yuqtirganlar (OITS).
2. Onkologik kasalliklar.
3. Ruhiy kasalliklar.
4. Yuqumli kasalliklar.
5. Giyohvandlik kasalliklari.
6. Endokrinologik kasalliklar.
7. Nurlanish kasalligiga chalingan bemorlar.
8. Moxov kasalligi.
9. Sifilis.
10. Sil kasalligi.
11. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish chogʻida bemorlarning shifoxonada boʻlishi cheklangan muddatlarining tasdiqlangan standartlari boʻyicha reanimatsiya tadbirlarini va intensiv terapiyani talab etuvchi kasalliklar va holatlar.
12. Darajasidan qatʼi nazar, kamqonlik kasalligiga chalingan homilador ayollar va tuqqan ayollar.
Izoh: ushbu roʻyxat tibbiy yordam pulli asosda koʻrsatiladigan tibbiyot muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari (oʻz mablagʻlari) hisobiga moliyalashtirish shartlarida faoliyat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalariga, ularning boʻlimlariga yoki palatalariga tatbiq etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tibbiyot muassasalarida ovqatlanish toʻlovidan ozod qilinadigan shaxslar (bemorlar) toifalari
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.
1. I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar).
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-sentabrdagi 585-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2024-y., 09/24/585/0731-son)
3. 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
4. Chernobil AESidagi halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashish natijasida nogironligi boʻlgan shaxslar.
(1 — 4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
5. 1941 — 1945-yillardagi urush yillari mehnat fronti qatnashchilari.
6. Baynalmilalchi jangchilar.
7. Gʻirt yetimlar.
8. Vakolatli organlarda hisobda turuvchi yolgʻiz pensionerlar.
9. 18 yoshgacha boʻlgan bolalar, shuningdek oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilari.
10. Chaqiriq komissiyalari xulosalariga koʻra mudofaa ishlari boʻlimlarining yoʻllanmalari boʻyicha 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan chaqiriq yoshidagilar.
11. “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” (“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”) koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar.
12. 1 yoshgacha bolasi boʻlgan emizikli onalar.
Izoh: ushbu roʻyxat tibbiy yordam pulli asosda koʻrsatiladigan tibbiyot muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari (oʻz mablagʻlari) hisobiga moliyalashtirish shartlarida faoliyat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalariga, ularning boʻlimlariga yoki palatalariga tatbiq etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar).
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-fevraldagi 31-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Davolash-profilaktika muassasalarini mablagʻ bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1997-yil 2-dekabrdagi 532-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-dekabrdagi 532-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2000-yil 5-sentabrdagi 344-son qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PF-4161-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1252-son qarorlari)” 2010-yil 24-martdagi 52-son qaroriga 1-ilovaning 15-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 3-son, 12-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 22-iyuldagi 204-son qaroriga 4-ilovaning 2 va 4-bandlari (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 7-son, 46-modda).
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” (“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”) koʻkrak nishoni toʻgʻrisida” 2014-yil 23-iyuldagi 202-son qarorining 4-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 30-son, 374-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 6-son, 54-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son; 20.09.2024-y., 09/24/585/0731-son)