Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.09.2018
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida davlat bojxona xizmati organlarining elektron tarzda oldindan xabardor qilinishini joriy etish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 762-sonli “O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona tartibotlarini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalarini bojxonada rasmiylashtirishni yanada takomillashtirish va rasmiylashtirish vaqtini qisqartirish, shuningdek ular to‘g‘risidagi axborotlarning ishonchliligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tashuvchilarga, bojxona brokyerlariga yoki boshqa manfaatdor shaxslarga (keyingi o‘rinlarda manfaatdor shaxslar deb ataladi) 2015-yil 1-dekabrdan boshlab avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilishni amalga oshirish huquqi berilsin.
2. Quyidagilar:
avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilish tartibotlarini amalga oshirish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
manfaatdor shaxslar avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni (keyingi o‘rinlarda elektron tarzda oldindan beriladigan axborotlarni deb ataladi) davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi o‘rinlarda avtomatlashtirilgan axborotlar tizimi deb ataladi) jahon Internet axborot tarmog‘i vositasida avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalari (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkazilgungacha yoki o‘tkazilish vaqtida jo‘natishlari mumkin;
elektron tarzda oldindan berilgan axborotlar tovar bilan birga yuboriladigan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda manfaatdor shaxslar elektron tarzda oldindan beriladigan axborotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkazish vaqtida jo‘natishlari mumkin;
elektron tarzda oldindan beriladigan axborotlarning mavjudligi avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalariga nisbatan bojxona nazorati shakllarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilishda hisobga olinadi;
avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan tranzit shartlarida) tovarlar va transport vositalarini o‘tkazishda davlat bojxona xizmati organlari elektron tarzda oldindan berilgan axborotlarni ularning tovar bilan birga yuboriladigan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiqligi yuzasidan tekshiradilar;
elektron tarzda oldindan berilgan axborotlar mavjud bo‘lganda va ular tovar bilan birga jo‘natiladigan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiq bo‘lganda bojxona nazorati va rasmiylashtirish tovar bilan birga jo‘natiladigan hujjatlar davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etilgan vaqtdan boshlab bir soat mobaynida amalga oshiriladi;
manfaatdor shaxslar tomonidan elektron tarzda oldindan beriladigan axborotlar taqdim etilmaganda yoki ular tovar bilan birga yuboriladigan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiq bo‘lmaganda davlat bojxona xizmati organlari zarur ma’lumotlarni avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkazish vaqtida avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishni mustaqil ravishda amalga oshiradilar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
avtomatlashtirilgan axborot tizimini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va joriy etsin;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda ushbu qaror qoidalarini keng yoritish va tushuntirishni tashkil etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalarni va konsullik muassasalarini ushbu qarorning qoidalari to‘g‘risida xabardor qilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 30-oktabr,
307-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-oktabrdagi 307-son qaroriga
1-ILOVA
Avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan
ma’lumotlar ro‘yxati
1. Tovarlar tashilayotgan avtotransport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (davlat raqami, ro‘yxatdan o‘tkazgan mamlakat).
2. Tashuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (nomi va manzili).
3. Tovar tashish uchun qabul qilingan joy (mamlakat) hamda yetkazib berish mo‘ljallangan joy (mamlakat) to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
4. Tovar jo‘natilgan mamlakat hamda tovar yetkazib beriladigan mamlakatning nomi.
5. Tovarni jo‘natuvchi hamda oluvchining nomi va manzili.
6. Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning nomi va kodi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, kamida oltita belgi darajasida.
7. Yuk joylarining soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
8. Tovarlarning brutto og‘irligi (kilogramm), shuningdek o‘lchovlarning qo‘shimcha o‘lchov birliklari soni (ushbu ma’lumotlar mavjud bo‘lganda), tovarning ko‘rsatilgan har bir kodi bo‘yicha fakturadagi qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
9. Konteynerning identifikatsiya tartib raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
10. Tovar bilan birga yuboriladigan hujjatlarga muvofiq tovarlarni yetkazib berish punkti to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
11. Tovarlarning O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga yetib kelish vaqti (taxminan) va joyi to‘g‘risidagi axborot.
12. Yuklar MDP kitobchalari qo‘llangan holda tashilgan taqdirda MDP kitobchalarini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Jeneva shahri, 1975-yil 14-noyabr) muvofiq MDP (CARNET TIR) kitobchasining tartib raqami.
Izoh. Manfaatdor shaxslar davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimiga avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan tranzit shartlarida) o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlarni jo‘natishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-oktabrdagi 307-son qaroriga
2-ILOVA
Davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilish tartibotlarini amalga oshirish
SXEMASI
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 44-son, 561-modda)