|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2005
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FARG‘ONA VILOYATIDA SOG‘LIQNI SAQLASHNING BOSHLANG‘ICH BO‘G‘ININI ISLOH QILISH LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 28-sentabrdagi 217-sonli “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash muassasalarini moliyalashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida” 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-son Farmonini va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik qilish dasturini amalga oshirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1997-yil 2-oktabrdagi 462-son, “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki beradigan qarz doirasida sog‘liqni saqlashning boshlang‘ich bo‘g‘inini isloh qilish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 1-iyundagi 236-son qarorlarini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1999-yil 10-martdan boshlab Farg‘ona viloyatining Beshariq, Quva va Yozyovon tumanlarida qishloq vrachlik punktlarini, qishloq vrachlik ambulatoriyalari va feldsher-akusherlik punktlari komplekslarini (keyingi o‘rinlarda — birinchi tibbiy sanitariya yordami — BTSYO muassasalari deb ataladi) moliyalashtirishning yangi mexanizmini joriy qilish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilsin, bunda ularga sarflanadigan xarajatlar ularga biriktirilgan bir kishi hisobidan kelib chiqib, mablag‘ bilan ta’minlanishi nazarda tutilsin.
BTSYO muassasalariga yuridik shaxs maqomli xo‘jalik mustaqilligi berilsin.
2. Farg‘ona viloyati hokimligi ko‘rsatilgan tumanlarning BTSYO muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlashni 1999-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bersin. Viloyat sog‘liqni saqlash xarajatlari tarkibida eksperiment asosida ishlashga o‘tkaziladigan BTSYO muassasalari xarajatlari ulushi 1998-yil darajasida saqlab qolinsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, tibbiyot tarmog‘ini tarkibiy qayta tashkil etish, davolash-profilaktika ishlarining tejamliroq usullarini o‘zlashtirish va boshqa tadbirlar hisobiga viloyat sog‘liqni saqlash tizimida tejalgan mablag‘lar olib qo‘yilmaydi va birinchi navbatda eksperiment o‘tkaziladigan tumanlardagi BTSYO muassasalarini rivojlantirishga, shuningdek viloyat davolash muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
4. BTSYO muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlash to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. BTSYO muassasalarini bir kishi hisobidan kelib chiqib mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tkazish bo‘yicha eksperiment olib borishda AQSHning Xalqaro rivojlanish agentligining Farg‘ona viloyatining ko‘rsatilgan tumanlariga beg‘araz texnik yordam sifatida ajratilgan 800 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘laridan ham foydalanilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
BTSYO muassasalari uchun vrachlar va boshqaruv xodimlarini, shuningdek xarajatlarni bir kishi hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash sharoitlarida davolash va moliyaviy ishlarni tashkil etish bo‘yicha viloyat va tumanlar sog‘liqni saqlash tizimi rahbarlarini tayyorlashni ta’minlasin;
1999-yil 10-martgacha — BTSYO muassasalari uchun davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy-sanitariya xizmatlarining asosiy turlari paketini ishlab chiqsin;
1999-yil 1-iyulgacha — BTSYO muassasalari uchun tibbiy-sanitariya xizmatlarining sifatini va samaradorligini yaxshilash tizimini va mezonlarini ishlab chiqsin;
Farg‘ona viloyati BTSYO muassasalaridagi eksperiment natijalari bo‘yicha 1999-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sirdaryo va Navoiy viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ushbu viloyatlarning BTSYO muassasalarini bir kishi hisobidan kelib chiqib mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tkazish bo‘yicha eksperiment o‘tkazishni ko‘rib chiqsin va bu haqda qaror qabul qilsin;
eksperiment natijalarini umumlashtirsin va 1999-yil 15-dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda respublikaning boshqa boshlang‘ich tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida mablag‘ bilan ta’minlashning yangi mexanizmini joriy qilish yuzasidan takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 5-mart,
100-son
Boshlang‘ich tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini biriktirilgan har bir kishi hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash to‘g‘risida
VAQTINCHALIK NIZOM
UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizomda eksperiment o‘tkazishga kiritilgan Farg‘ona viloyatining Beshariq, Quva va Yozyovon tumanlari boshlang‘ich tibbiy-sanitariya yordami (BTSYO) muassasalarini moliyalashtirish shartlari va tartibi belgilanadi.
2. Eksperimentning maqsadi — qishloq aholisiga yanada malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi qishloq sog‘liqni saqlash tizimida boshlang‘ich tibbiy-sanitariya yordami bo‘g‘inini kuchaytirishdan iboratdir.
BOSHLANG‘ICH TIBBIY-SANITARIYA YORDAMI MUASSASALARINING XARAJATLARI SMETASINI SHAKLLLANTIRISH
3. Eksperiment shartlariga ko‘ra BTSYO muassasalari o‘rtacha biriktirilgan har bir kishi normativi bo‘yicha mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tkaziladi.
Viloyat bo‘yicha har bir kishi hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash normativi quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
JMN=SSB: Aholi x%XU,
bunda: JMN — jon boshiga mablag‘ bilan ta’minlash normativi, SSB — hisobot yilida viloyat sog‘liqni saqlash sohasining budjeti, Aholi – hisobot yilidagi viloyat aholisining soni, %XU — BTSYO muassasalari xarajatlarining tumanlar budjetidagi hisobot davri darajasidagi o‘rtacha ulushi.
4. Har bir BTSYO muassasasining budjeti viloyat bo‘yicha jon boshiga o‘rtacha normativning tegishli muassasaga biriktirilgan aholi soniga ko‘paytirilganiga teng (3-band).
5. BTSYO muassasalarining funksional xizmatlari kengayishiga qarab viloyat sog‘liqni saqlash tizimining ichki zaxiralari hisobiga bazaviy normativni oshirishga yo‘l qo‘yiladi.
6. Biriktiriladigan kishilar soni dastavval mavjud uchastkalar bo‘yicha belgilanadi. Eksperimentning keyingi bosqichlarida kishilarni erkin biriktirish mumkin. Eksperiment o‘tkaziladigan tumanlarning aholisi erkin biriktirish davrida ma’lum bir BTSYO muassasasini tanlaydi va keyingi yilda dastlabki yordam hamda maslahatlashishga, tashhis qo‘yishga va kasalxonada yotishga yo‘llanma olish uchun unda ro‘yxatdan o‘tadilar.
7. Biriktirilgan har bir kishi hisobidan belgilangan BTSYO muassasasining xarajatlar smetasi dastlabki davolash-profilaktika yordami ko‘rsatishning joriy xarajatlarini moliyalashtirishni ta’minlashga qaratilgandir. Kapital qo‘yilmalar har bir kishiga belgilangan xarajatlar doirasidan tashqari mablag‘ bilan ta’minlanadi.
8. BTSYO muassasalari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan mablag‘ bilan ta’minlanadi. BTSYO muassasalarini moliyalashtirish uchun mablag‘lar, tumanlar hokimlarining roziligi bilan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga kelib tushadi hamda aholi soniga, jinsi, balog‘at yoshi tarkibiga va aholining zichligiga muvofiq tumanlar bo‘yicha qayta taqsimlanadi.
9. Boshlang‘ich tibbiy-sanitariya yordamini mablag‘ bilan ta’minlash uchun xarajatlar smetasi belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
10. Boshlang‘ich tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini saqlash xarajatlarini mablag‘ bilan har oyda yillik budjetning 1/12 qismi miqdorida amalga oshiriladi. Har oylik mablag‘ ko‘chirish biriktirilgan aholining joriy sonini hisobga olgan holda o‘zgartiriladi. BTSYO muassasalari har oyda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasini vafot etganlar, ro‘yxatdan o‘chganlar va yangi biriktirilgan aholi sonini hisobga olib, xizmat ko‘rsatadigan xodimlar haqida xabardor qilib turadi.
11. Yil yakuni bo‘yicha tejalgan mablag‘lar BTSYO muassasasi ixtiyorida qoladi va muassasaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan kelishgan holda uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
BOSHQA QOIDALAR
12. Har bir kishi hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash mijozlarni yo‘naltirishning yagona tizimi majburiy ravishda joriy qilinishini va turli darajadagi tibbiyot muassasalari o‘rtasida o‘zaro shartnomaviy munosabatlar o‘rnatilishini taqozo etadi.
13. BTSYO muassasalari ishining sifatini nazorat qilish tumanlar hokimliklari bilan birgalikda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yuklatiladi. Sifat tibbiy yordamning hammaga barobarligi va o‘z vaqtida ko‘rsatilishi, uning zamonaviy klinik protokollarga va sanitariya-gigiyena standartlariga muvofiqligi, mijozlarning xizmat ko‘rsatish darajasi va davolanish natijalaridan qoniqqanligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanadi.