Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi KENGAShIning
Qarori
XALQ DEPUTATLARI VILOYaT, TUMAN, ShAHAR KENGAShI DEPUTATINING GUVOHNOMASI VA KOʻKRAK NIShONI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
1. “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatining guvohnomasi toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputati guvohnomasining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashi deputati guvohnomasining transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. “VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlansin (ilova qilinadi).
5. “VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” koʻkrak nishonining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Tashqi koʻrinishi “VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” koʻkrak nishoniga aynan oʻxshash boʻlgan koʻkrak nishonlari tayyorlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2000-yil 18-aprel,
52-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Kengashining
2000-yil 18-apreldagi 52-II-son
qarori bilan
TASDIQLANGAN
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatining guvohnomasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatining guvohnomasi tegishli xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlar bilan belgilab qoʻyilgan vakolatini tasdiqlovchi hujjatdir.
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatining guvohnomasi deputat tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin tegishli saylov komissiyasi raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan beriladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashi deputatiga guvohnoma bilan bir vaqtda davlat yoʻlovchilar transportining barcha turlarida tegishli hududda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bepul yurish huquqini beruvchi guvohnomaning ilova varaqasi ham beriladi.
3. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputati oʻziga berilgan guvohnomadan oʻz vakolat muddati davomida foydalanadi.
Tegishli xalq deputatlari Kengashining vakolat muddati tugaganidan keyin guvohnoma deputat etib saylangan shaxsda qoladi. Deputatning vakolati muddatidan ilgari toʻxtatilgan taqdirda guvohnoma tegishli viloyat, tuman, shahar hokimligiga qaytarilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Kengashining
2000-yil 18-apreldagi 52-II-son
qarori bilan
TASDIQLANGAN
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputati guvohnomasining
TAVSIFI
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatining guvohnomasi 90x60 millimetr kattalikdagi lidern qoplangan qattiq muqovali kitobcha koʻrinishiga ega.
Viloyat Kengashi deputati guvohnomasining muqovasi toʻq qizil rangli, tuman Kengashi deputati guvohnomasining muqovasi toʻq rangli, shahar Kengashi deputati guvohnomasining muqovasi toʻq yashil ranglidir.
Guvohnomaning old tomon soʻl qismining yuqorisiga — tillarang zarvaraqqa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri bosib tushirilgan, pastda gerbdan oʻngroq ikki satrda “XALQ DEPUTATLARI VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI” yozuvi bor.
Guvohnomaning ichki qismidagi matnlar ikki betga joylashtirilgan.
Guvohnomaning ichki soʻl tomoni yuqorisiga bir satrda “OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻzlari yozilgan, chap qismiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan, pastroqda esa besh satrda — chaqiriqni ifodalovchi raqam, “CHAQIRIQ”, “ChAQIRIQ” soʻzlari, shuningdek mazkur chaqiriqdagi xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari saylovi boʻlgan yil va vakolatlari tugaydigan yilni koʻrsatuvchi raqamlar joylashgan.
Guvohnoma soʻl tomoni oʻng qismining yuqorisiga “GUVOHNOMA” soʻzi yozilgan boʻlib, undan oʻngroqda guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi. Ushbu matnda pastroqda alohida deputatining familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uch satrda tegishli xalq deputatlari Kengashining nomi va “deputatidir” soʻzi yoziladi. Guvohnomaning ichki soʻl tomonidagi matnlar lotin harflarida yoziladi. “Chaqiriq” soʻzi kirillitsada takrorlanadi.
Guvohnoma ichki oʻng tomonining chap qismida deputatning 30x40 millimetr kattalikdagi fotosurati joylashadi. Fotosurat oʻng tomonining pastki burchagiga tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasining gerbli muhri bosiladi.
Guvohnoma oʻng tomonining yuqori qismida bir satrda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻzlari, pastroqda bir satrda “GUVOHNOMA” soʻzi yozilgan boʻlib, undan oʻngroqda guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi.
Ushbu matndan pastroqda alohida deputatining familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uch satrda tegishli xalq deputatlari Kengashining nomi va “deputatidir” soʻzi yoziladi.
Deputatning fotosurati tagiga: “Viloyat (tuman, shahar) saylov komissiyasi raisi” degan matn yoziladi, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi raisining imzosi, ismi va otasining ismi bosh harflari, familiyasi qoʻyiladi.
Guvohnomaning oʻng tomonidagi matn kirillitsada yoziladi.
Guvohnomaning ichki tomonlari och moviy rangdagi oq silliq qogʻozdan tayyorlangan. Gerb tasviri, guvohnomadagi matnlar va raqamlar qora rangda beriladi. Guvohnoma tartib raqami deputat saylangan saylov okrugi tartib raqamiga muvofiq boʻlishi kerak.
Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashi deputatiga tegishli hududda bepul yurish huquqini beruvchi guvohnomaning ilova varaqasi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Kengashining
2000-yil 18-apreldagi 52-II-son
qarori bilan
TASDIQLANGAN
Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashi deputati guvohnomasi ilova varaqasining
TAVSIFI
Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashi deputati guvohnomasining transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasi 75x55 millimetr kattalikdagi plyonka bilan qoplangan oq silliq qogʻozdan tayyorlanadi.
Ilova varaqasi yuqori qismida chap tomonda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va “VILOYAT (TUMAN) KENGAShI DEPUTATI” matni, uning ostida guvohnomaning tartib raqami koʻrsatilgan holda “GUVOHNOMAGA” degan soʻz bor. Pastda quyidagi mazmundagi matn boʻladi:
“Viloyat (tuman) Kengashining deputati tegishli viloyat (tuman) hududida davlat passajir transportining barcha turlarida (taksi, boshqa transport turlarining buyurtma yoʻnalishlari, shuningdek shahar yoʻlovchi transporti bundan mustasno) tekin yurish huquqidan foydalanadi”.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Kengashining
2000-yil 18-apreldagi 52-II-son
qarori bilan
TASDIQLANGAN
“VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1. “VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” koʻkrak nishoni xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatiga tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin tegishli saylov komissiyasi raisi yoki oʻrinbosari tomonidan beriladi.
2. Koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
3. Deputatning vakolat muddati tugaganda yoki uning vakolati muddatidan ilgari toʻxtatilganda koʻkrak nishonini taqib yurish huquqi toʻxtatiladi.
Tegishli xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining vakolat muddati tugaganidan keyin koʻkrak nishoni deputat etib saylangan shaxsda qoladi. Deputatning vakolati muddatidan ilgari toʻxtatilgan taqdirda koʻkrak nishoni tegishli viloyat, tuman, shahar hokimligiga qaytarilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Kengashining
2000-yil 18-apreldagi 52-II-son
qarori bilan
TASDIQLANGAN
“VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“VILOYAT (TUMAN, ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻiga oʻxshatib ishlanadi.
Deputat koʻkrak nishonining asosi maxsus qotishmadan tayyorlanadi, nishonning sirt tomoni moviy, oq va yashil rangdagi emal bilan qoplangan. Oq yoʻl moviy va yashil yoʻllardan qizil rang emal qoplangan hoshiya bilan ajralib turadi. Nishondagi tasvirlar, yozuv, nishon qirralari hamda orqa tomoni zarhal qilib ishlangan.
Nishon chap tomonining yuqori burchagida moviy fonda yarim oy va uning oʻng tomonida oʻn ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan. Yarim oy vertikal joylashtirilgan. Yulduz vertikal va gorizontal boʻyicha quyidagi tartibda joylashtirilgan: yuqori qatorda — uchta yulduz, oʻrta qatorda — toʻrtta yulduz, quyi qatorda — beshta yulduz.
Nishonning oq yoʻlida “VILOYAT (TUMAN, ShAHAR)” soʻzlari, yashil yoʻlda — ikki satrda “KENGAShI DEPUTATI” soʻzlari yozilgan.
Nishon toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
“VILOYAT KENGAShI DEPUTATI” va “ShAHAR KENGAShI DEPUTATI” (Toshkent shahar va viloyat markazlari hisoblanuvchi shaharlar xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari uchun) nishonining kattaligi 29x22 millimetr, “TUMAN (ShAHAR) KENGAShI DEPUTATI” nishonining kattaligi 24x18 millimetr.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 4-son, 128-modda)