1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.04.00 Ochiq va umumfoydalanishi mumkin boʻlgan axborot. Davlat axborot resurslari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ochiq maʼlumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda Internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 808-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mahalliy veb-resurslarni, raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar va xizmatlar ichki bozorini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat organlari va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi ochiq axborotdan foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligining jismoniy va yuridik shaxslarga mashinada oʻqiladigan formatdagi axborotdan koʻp marotaba, erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi Internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida Ochiq maʼlumotlar portalini ishga tushirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik bildirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalini shakllantirish va rivojlantirish uchun masʼul organ etib belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
ikki hafta muddatda Ochiq maʼlumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va ularni qayta ishlash reglamentini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy vebsaytlarida va Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida majburiy eʼlon qilinishi lozim boʻlgan ushbu organlarning Ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb ataladi) belgilangan tartibda koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborotkommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) kiritsin;
Roʻyxat respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan keyin ikki kun muddatda u Internet tarmogʻidagi Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portalida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida joylashtiriladigan axborotning oʻz vaqtida taqdim etilishi va ishonchliligi uchun shaxsan javob beradilar.
6. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari:
ikki hafta muddatda ochiq maʼlumotlar toʻplamlari Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida eʼlon qilinishi masalalari boʻyicha masʼul mansabdor shaxs tayinlanishini;
Respublika komissiyasi tomonidan Roʻyxat tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda oʻz rasmiy veb-saytlarida “Ochiq maʼlumotlar” boʻlimi tashkil etilishini va unda Roʻyxatga muvofiq ochiq maʼlumotlar toʻplamlari eʼlon qilinishini;
oʻz rasmiy veb-saytlarida va Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida eʼlon qilinadigan ochiq maʼlumotlar toʻplamlari oʻz vaqtida yangilanishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 7-avgust,
232-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-avgustdagi 232-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalining maqsad va vazifalarini, shuningdek “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Portal operatori, ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar va Portal foydalanuvchilari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali (Portal) — Internet tarmogʻidagi Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida faoliyat koʻrsatuvchi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiq maʼlumotlarini joylashtirish uchun moʻljallangan, ochiq maʼlumotlarni eʼlon qilishda va ulardan foydalanishda Portal operatori, ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar va foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni taʼminlovchi axborot resursi;
ochiq maʼlumotlar — koʻp marotaba, erkin va bepul foydalanish maqsadida mashinada oʻqiladigan formatda Internet tarmogʻida joylashtirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot;
mashinada oʻqiladigan format — maʼlumotlarni dasturiy qayta ishlashni taʼminlovchi, ushbu maʼlumotlarni taqdim etishning elektron formati;
ochiq maʼlumotlar toʻplami — ochiq maʼlumotlarning bir turdagi elementlari va ularni tavsiflovchi atributlar majmui;
ochiq maʼlumotlar toʻplamining pasporti — ochiq maʼlumotlar toʻplamini bir xil identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ushbu toʻplam toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majmui;
Portal operatori — Portaldan foydalanish boʻyicha faoliyatni, shu jumladan Portal maʼlumotlar bazalaridagi axborotni qayta ishlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchi (yetkazib beruvchi) — Portal operatoriga Portalda joylashtirish uchun ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini taqdim etuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari;
foydalanuvchilar — Portaldan foydalanib ochiq maʼlumotlardan foydalana oluvchi jismoniy va yuridik shaxslar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali ishini tashkil qilish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
II. Portalning maqsadi va vazifalari
4. Portal foydalanuvchilarga Internet tarmogʻidagi ochiq maʼlumotlardan foydalanishning yagona nuqtasini taqdim etish va joylashtirilgan ochiq maʼlumotlarning dolzarbligi masalalari boʻyicha foydalanuvchilarning ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar bilan teskari aloqasini taʼminlash, yangi ochiq maʼlumotlarni eʼlon qilish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish va ochiq maʼlumotlarni olishda foydalanuvchilar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, yetkazib beruvchi faoliyatining ochiq-oshkoraligini taʼminlash va Portalda joylashtiriladigan ochiq maʼlumotlar yordamida samarali iqtisodiy qarorlarni qabul qilish uchun foydalanuvchilarga shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil qilinmoqda.
5. Quyidagilar Portalning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yetkazib beruvchi faoliyatining ochiq-oshkoraligini oshirish;
ochiq maʼlumotlarni eʼlon qilishning yagona texnologik va metodologik prinsiplarini yoyish;
joylashtirilgan ochiq maʼlumotlardan koʻp marotaba, erkin va bepul foydalanishni taʼminlash;
foydalanuvchilarning yetkazib beruvchilar bilan oʻzaro hamkorligi samaradorligini oshirish;
yetkazib beruvchilar va ularning faoliyati toʻgʻrisida hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborotni olishda foydalanuvchilar uchun byurokratik toʻsiqlar va toʻgʻanoqlarni qisqartirish va bartaraf etish;
maʼlumotlar yangilanishi ustidan nazorat qilishning yagona texnologik platformasini, shuningdek maʼlumotlarni dolzarb holatda saqlab turish maqsadida ochiq maʼlumotlarni eʼlon qilish natijalari monitoringi olib borilishini tashkil qilish.
6. Portal operatori Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qarori bilan belgilanadi.
III. Portalda joylashtirish uchun taqdim etiladigan ochiq maʼlumotlar toʻplamlarining axborot tarkibi
7. Portalda quyidagi shakldagi birlamchi maʼlumotlar ochiq maʼlumotlar shaklida majburiy joylashtirilishi lozim:
foydalanuvchilar oʻrtasida yuqori darajada talab qilinadigan maʼlumotlar va axborot;
yetkazib beruvchi faoliyati toʻgʻrisida hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot;
yetkazib beruvchi faoliyatining asosiy sohalari boʻyicha statistik maʼlumotlar;
davlat axborot tizimlari va axborot resurslarida mavjud boʻlgan, oshkor etilishi qonun hujjatlari bilan cheklanmagan yetkazib beruvchining maʼlumotlari va axboroti;
yetkazib beruvchi tomonidan yaratilgan yoki oʻz vakolatlarini amalga oshirishda unga kelib tushgan hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot.
8. Internet tarmogʻida ochiq maʼlumotlar shaklida joylashtirilishi kerak boʻlgan axborot hamda ularni joylashtirish muddatlari va yangilash davriyligini aniqlash 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborotkommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Ochiq maʼlumotlar shaklida joylashtiriladigan axborot qoʻl yordamida hamda avtomatlashtirilgan rejimda taqdim etilishi mumkin.
10. Ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchi Portal operatori bilan kelishgan holda eʼlon qilinadigan axborotni yangilash tezkorligini, hajmi va tarkibini belgilaydi.
11. Portalda joylashtirish uchun taqdim etiladigan axborot dolzarb, ishonchli, yaxlit boʻlishi va davlat sirlarini yoki qonun bilan muhofazalanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olmasligi kerak.
12. Portalda joylashtiriladigan axborot davlat tilida taqdim etilishi kerak. Portal boshqa tillardagi teng ahamiyatli yoki qisqartirilgan versiyalarga ega boʻlishi mumkin.
IV. Ochiq maʼlumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash reglamenti
13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ochiq maʼlumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash reglamentini (keyingi oʻrinlarda Reglament deb ataladi) ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
14. Reglament quyidagilarni:
Portal operatorining asosiy vazifalarini;
ochiq maʼlumotlarni Portalda joylashtirish va Portalda joylashtirilgan ochiq maʼlumotlar bilan ishlash maqsadida Portal operatori, ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar va foydalanuvchilarning oʻzaro hamkorligi tartibini;
ochiq maʼlumotlarni Portalda joylashtirish tartibini;
ochiq maʼlumotlar toʻplamining formatlariga va ularni rasmiylashtirish qoidalariga, shuningdek ularga kiritiladigan axborotning tarkibiga qoʻyiladigan talablarni;
ochiq maʼlumotlar toʻplamlarining formatlariga va ularning pasportini rasmiylashtirish qoidalariga qoʻyiladigan talablarni;
ochiq maʼlumotlar toʻplamini va ochiq maʼlumotlar toʻplamining pasportini Internet tarmogʻida joylashtirish qoidalarini belgilaydi.
V. Portal operatorining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
15. Portal operatori:
Portalning funksional imkoniyatlariga oʻzgartishlar kiritish, bu haqda keyinchalik foydalanuvchini xabardor qilishga;
eʼlon qilinadigan axborot hajmi va mazmunini ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchi bilan kelishishga;
ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini shakllantirish maqsadida ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchi bilan kelishgan holda keyinchalik ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar tomonidan toʻldiriladigan shakllarni (jadvallarni) ishlab chiqish va tasdiqlashga haqlidir.
16. Portal operatori:
Portalning uzluksiz ishlashini, shu jumladan axborot xavfsizligi sohasidagi talablarga muvofiq ochiq maʼlumotlarning Portalda saqlanishi va himoyalanishini taʼminlashga;
ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar tomonidan shakllantirilgan ochiq maʼlumotlar toʻplamlari Portalda mashinada oʻqiladigan formatda, ochiq maʼlumotlardan takror foydalanishga toʻsqinlik qiladigan cheklovlarsiz joylashtirilishini taʼminlashga;
Portalda joylashtirilgan ochiq maʼlumotlar foydalanuvchilari uchun doimiy ravishda foydalanish imkoniyatini taʼminlashga;
ochiq maʼlumotlar toʻplamlarining pasportlarini tuzish, rasmiylashtirish va Portalda eʼlon qilishga;
Portalning dasturiy-texnik vositalari yordamida tushgan foydalanuvchilarning axborot xabarlarini tegishli ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilariga, xabarlar foydalanuvchidan olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay qayta ishlash va koʻrib chiqish uchun yuborishga;
Portalda eʼlon qilingan ochiq maʼlumotlar toʻplamlari dolzarbligining doimiy monitoringini olib borishga;
Portaldagi talab kuchli boʻlgan ochiq maʼlumotlar toʻplamlari statistikasining eʼlon qilinishini taʼminlashga;
Portaldagi ochiq maʼlumotlar toʻplamini yangilash muddati kechiktirilgan taqdirda ochiq maʼlumotlar yetkazib beruvchini xabardor qilishga majburdir.
17. Portal operatori foydalanuvchilar tomonidan ochiq maʼlumotlardan foydalanish oqibatlari uchun, shu jumladan Portalda joylashtirilgan ochiq maʼlumotlardan foydalanish natijasida yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar uchun javob bermaydi.
VI. Ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchining huquq va majburiyatlari
18. Ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchi:
ushbu Nizomga, Reglamentga hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlar va Portalda majburiy eʼlon qilinishi kerak boʻlgan ochiq maʼlumotlari toʻplamlarining roʻyxatiga muvofiq Portal operatori tomonidan ishlab chiqilgan jadvallar (shakllar)ni toʻldirish yoʻli bilan ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini shakllantirishga;
ochiq maʼlumotlarni Portalda joylashtirishning texnik masalalari boʻyicha Portal operatoriga murojaat etishga;
Portal operatori bilan kelishgan holda Portalda ochiq maʼlumotlarning qoʻshimcha toʻplamlarini eʼlon qilishga haqlidir.
19. Ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchi:
Portalda ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini eʼlon qilish masalalari boʻyicha masʼul mansabdor shaxs tayinlanishini va uning aloqa qilinadigan maʼlumotlari Portalda eʼlon qilinishini taʼminlashga;
ochiq maʼlumotlarning dolzarbligini baholash orqali, shu jumladan foydalanuvchilarning axborot xabarlarini qayta ishlash natijalari boʻyicha Portalda joylashtiriladigan ochiq maʼlumotlarning toʻliqligi, ishonchliligi va dolzarbligini taʼminlashga;
ochiq maʼlumotlarning davriy ravishda yangilanishini taʼminlashga;
ochiq maʼlumotlarning qonun hujjatlariga muvofiqligini taʼminlashga;
Portalning dasturiy-texnik vositalaridan foydalangan holda yuboriladigan foydalanuvchilarning axborot xabarlarini 15 kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrash talab etilsa — 1 oy muddatgacha koʻrib chiqish va javob berishga;
Reglamentda belgilangan majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarishga;
Portalda joylashtirish uchun ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini Portal operatoriga yuborishga, avval taqdim etilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda — bu haqda Portal operatorini 3 ish kuni mobaynida xabardor qilishga majburdir.
VII. Foydalanuvchining huquq va majburiyatlari
20. Foydalanuvchi:
Portaldan foydalangan holda ochiq maʼlumotlarni olishga;
ochiq maʼlumotlarni qayta tiklash, ulardan nusxa olish, eʼlon qilish va uzatishga;
ochiq maʼlumotlardan erkin, muddatsiz, bepul va foydalanish hududini cheklamasdan foydalanishga (shu jumladan takroran);
ochiq maʼlumotlarni tarqatish va qaytadan guruhlashga;
ochiq maʼlumotlarni moslashtirish, oʻzgartirish, bir shakldan boshqa shaklga aylantirish va/yoki ular toʻplamlaridan axborotni chiqarib olishga;
ochiq maʼlumotlardan tijorat maqsadlarida, shu jumladan turli xildagi dasturiy mahsulotlar va ilovalarni yaratish uchun foydalanishga;
Portal operatoriga Portalning dasturiy-texnik vositalaridan foydalangan holda uning faoliyat koʻrsatish masalalari boʻyicha va yetkazib beruvchilarga Portalda joylashtirilgan ochiq maʼlumotlar toʻplamlari yuzasidan axborot xabarlarini yuborishga haqlidir.
21. Ochiq maʼlumotlardan foydalanganda Foydalanuvchi:
ochiq maʼlumotlardan faqat qonun hujjatlariga zid kelmaydigan maqsadlarda foydalanishga;
ochiq maʼlumotlardan foydalanishda axborot manbaiga havolani saqlashga majburdir.
VIII. Javobgarlik
22. Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida joylashtiriladigan axborotning oʻz vaqtida taqdim etilishi va ishonchliligi uchun ochiq maʼlumotlarni yetkazib beruvchilarning rahbarlari shaxsan javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali ishini tashkil etish
SXEMASI
Bosqichlar
Harakatlar
Subyektlar
Muddatlar
1-bosqich
Ochiq maʼlumotlarni qayta ishlash reglamentini ishlab chiqish, tasdiqlash va davlat organlariga yuborish.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
ikki hafta muddatda
2-bosqich
Portalda ochiq maʼlumotlar toʻplamini eʼlon qilish masalalari boʻyicha masʼul mansabdor shaxsni tayinlash.
Davlat organlari
ikki hafta muddatda
3-bosqich
Oʻz vakolatini amalga oshirishda yaratiladigan va olinadigan ommabop axborotning inventarizatsiyasini oʻtkazish.
Davlat organlari
20 kun muddatda
4-bosqich
Internet tarmogʻida joylashtirilishi majburiy boʻlgan Ochiq maʼlumotlar toʻplamlarining roʻyxati loyihasiga kiritish uchun Vazirlikka takliflar kiritish.
Davlat organlari
25 kun muddatda
5-bosqich
Rasmiy veb-saytlarda va Portalda eʼlon qilinishi majburiy boʻlgan Ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatining loyihasini Respublika komissiyasiga kiritish.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi,
davlat organlari
bir oy muddatda
6-bosqich
Ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini yangilashning aniq muddatlarini va davriyligini belgilagan holda Roʻyxatni tasdiqlash.
Respublika komissiyasi
ikki hafta muddatda
7-bosqich
Oʻz rasmiy veb-saytlarida “Ochiq maʼlumotlar” boʻlimini yaratish va unda tasdiqlangan Roʻyxatga muvofiq ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini eʼlon qilish.
Ochiq maʼlumotlar toʻplamlari eʼlon qilinishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari
Roʻyxat Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng bir oy muddatda
8-bosqich
Portalda ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini eʼlon qilish va yangilash.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, ochiq maʼlumotlar toʻplamlari eʼlon qilinishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari
Roʻyxat tasdiqlanganidan keyin belgilanadigan muddatlarda
Oldin taqdim etilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda Portal operatoriga ishlab chiqilgan ochiq maʼlumotlar toʻplami bilan birgalikda xabarnoma joʻnatish.
Ochiq maʼlumotlar toʻplamlari eʼlon qilinishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari
oʻzgargan kundan boshlab uch kun muddatda
Portaldagi ochiq maʼlumotlar toʻplamini yangilash muddati kechiktirilgan taqdirda davlat organini xabardor qilish.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
kechiktirilgan kundan boshlab bir ish kuni davomida
9-bosqich
Foydalanuvchilarning Portaldagi dasturiy-texnik vositalardan foydalangan holda joʻnatiladigan axborot xabarlarini koʻrib chiqish.
Ochiq maʼlumotlar toʻplamlari eʼlon qilinishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari
qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda
10-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida eʼlon qilinadigan ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini monitoringini olib borish.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
har chorakda
11-bosqich
Roʻyxatga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha, shu jumladan eʼlon qilinadigan ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini yangilash va dolzarb holatda saqlash masalasi boʻyicha takliflar kiritish.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
bir yilda kamida bir marta
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 32-son, 428-modda)