Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionati toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2015-yil 18-fevraldagi PQ–2302-son qarorini bajarish yuzasidan hamda keksalarning hayot sifatini yanada yaxshilash, ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatishning yangi shakllari va usullarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionatlari oʻz faoliyatini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan litsenziyaga muvofiq amalga oshiradigan tibbiy-ijtimoiy tashkilotlar hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionatlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning namunaviy roʻyxatini oʻn kun muddatda tasdiqlasin;
tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida katta avlod kishilariga xizmat koʻrsatishning yangi shakllari va usullarini joriy etishda ularning rolini kuchaytirish boʻyicha keng tushuntirish ishlarini tashkil etsin;
tibbiy faoliyatni amalga oshirishda keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionatlari tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni taʼminlasin, oʻzlariga yuklangan funksiyalarni amalga oshirishda ularga har tomonlama koʻmaklashish chora-tadbirlarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan nodavlat pansionatlarini tashkil qilish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga “nol” sotib olish qiymati boʻyicha berish uchun boʻsh turgan nodavlat koʻchmas mulk obyektlari roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha tijorat asosida qulayligi oshirilgan nodavlat pansionatlarini tashkil qilishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-iyul,
186-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-iyuldagi 186-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionati toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2015-yil 18-fevraldagi PQ–2302-son qaroriga muvofiq hamda keksalarni sogʻlomlashtirish, ularning dam olishlarini va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish yoʻli bilan keksalarning hayot sifati yanada yaxshilanishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
2. Keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionati (keyingi oʻrinlarda pansionat deb ataladi) umumiy ravishda belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslarni sogʻlomlashtirish, tibbiy parvarish va reabilitatsiya qilish, shuningdek ularning pansionatda qulay sharoitda boʻlishi va dam olishi boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan nodavlat tibbiy-ijtimoiy tashkilot hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pansionatda koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati keksalarni sogʻlomlashtirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha nodavlat pansionati tomonidan koʻrsatiladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan xizmatlarning namunaviy roʻyxatiga muvofiq belgilanadi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
3. Pansionat Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tijorat tashkiloti sifatida tashkil etiladi va faoliyat koʻrsatadi, oʻzining ustaviga, mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida hisob raqamiga, oʻz nomi koʻrsatilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Pansionat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga hamda oʻz ustaviga amal qiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
II. Pansionatni va uning faoliyatini tashkil etish tartibi
5. Pansionat taʼsischining qaroriga koʻra tashkil etiladi va qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
6. Pansionat taʼsis hujjatlariga muvofiq oʻz faoliyatini amalga oshiradi va xizmatlar koʻrsatadi. Pansionat faoliyati belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan majburiy litsenziyalanadi.
7. Jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari pansionatning taʼsis etuvchilari boʻlishi mumkin.
8. Pansionatning tashkiliy tuzilmasi taʼsischi tomonidan mustaqil ravishda tasdiqlanadi.
9. Pansionat buxgalteriya va statistik hisob va hisobotlarni yuritadi, koʻrsatiladigan xizmatlarga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tariflarni belgilaydi.
III. Pansionat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
10. Quyidagilar Pansionat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
keksalar uchun pansionatda boʻlishning qulay maishiy sharoitlarini yaratish;
keksalarning sifatli tibbiy-ijtimoiy yordam olishiga koʻmaklashadigan sharoitlar yaratish;
keksalarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda madaniy-ommaviy hamda jismoniy tarbiya tadbirlari, ekskursiyalar tashkil etish, ijodkorlikni namoyon qilish uchun sharoitlar yaratish yoʻli bilan ularning dam olishini va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish;
pansionatda boʻluvchilarning yosh xususiyatlarini va ehtiyojlarini hisobga olgan holda sifatli ovqatlanishini tashkil etish;
zarurat boʻlganda dastlabki tibbiy yordam koʻrsatish va hamroh bilan birga yaqin atrofdagi tibbiyot muassasasiga yuborishni tashkil etish;
fizioterapiya, reabilitatsiya, psixologiya va sogʻliqni tiklash tadbirlarini qoʻllagan holda keksalarni jismoniy quvvatni tiklashga va psixologik holatni yaxshilashga yoʻnaltirilgan holda sogʻlomlashtirish.
IV. Pansionatni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar
11. Pansionatni tashkil etishda majburiy tartibda quyidagilar mavjud boʻlishi zarur:
bir yoki ikki nafar kishiga moʻljallangan, zarur shart-sharoitlarga, mebellarga, sanitariya tarmoqlariga, pansionat xodimini shoshilinch chaqirish tizimiga va shu kabilarga ega boʻlgan yotoqxonalar;
isitish, issiq va sovuq suv, kanalizatsiya, yoritish hamda shamollatishni taʼminlaydigan muhandislik kommunikatsiyalari;
keksalar va nogironlarning xavfsiz harakatlanishi uchun binoning tegishli qismlarida tutqichlar, panduslar, ikki va undan koʻp qavatli binolarda lift, boshqa yordamchi vositalar (yurish uchun moslama va aravachalar);
dam olish xonalari (kutubxona, hordiq chiqarish xonasi, sport zali, kichik kinozal, artterapiya oʻtkazish uchun ijodiy xonalar, psixolog xonasi);
sanitariya normalariga muvofiq jihozlangan oshxona;
keksalarning hayoti, sogʻligʻi va ularning buyumlari saqlanishi xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari;
obodonlashtirilgan atrof-muhit.
V. Pansionatga qabul qilish, joylashtirish va u erda yashash shart-sharoitlari
12. Keksalarni pansionatga qabul qilish pansionat maʼmuriyati va umumiy ravishda belgilangan pensiya yoshiga yetgan keksa shaxs oʻrtasida tuzilgan pansionatda xizmatlar koʻrsatish yuzasidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Shartnomada quyidagilar majburiy tartibda koʻrsatiladi:
pansionatda boʻlish davri;
pansionatda koʻrsatiladigan xizmatlari qiymati;
pansionatda koʻrsatiladigan asosiy xizmatlar, shuningdek u erdagi joylashish va ovqatlanish shart-sharoitlari;
shartnoma tomonlarining kelishuvi boʻyicha boshqa shart-sharoitlar.
Zarurat boʻlganda, shartnomada keksa shaxsni pansionatga va yashash joyiga transportda yetkazish shartlari koʻrsatilgan boʻlishi mumkin.
13. Pansionatga kelayotgan keksalar shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda qabul qilinadi va undan chiqariladi.
14. Keksa shaxs pansionatga joylashish uchun quyidagilarni taqdim etadi:
pasporti yoki uning oʻrnini bosadigan hujjat;
yashash joyidagi tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan sogʻligʻining holati toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma;
pansionatda boʻlish haqi toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya yoki tasdiqlangan toʻlov topshiriqnomasi — agar toʻlov yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa.
15. Quyidagilar pansionatga qabul qilmaslik uchun sabablar hisoblanadi:
sil kasalligi va kasallikning faol bosqichi;
teri va sochlarning yuqumli kasalliklari;
oʻtkir yuqumli kasalliklar;
xavfli va xavfsiz oʻsma kasalliklar va xavfli oʻsma jarayonining takrorlanishi;
ruhiy kasalliklar.
16. Pansionatga qabul qilingan kunda tibbiy koʻrik oʻtkaziladi, uning natijasi boʻyicha, shuningdek tibbiy maʼlumotnomada koʻrsatilgan tekshiruvlar boʻyicha asosiy sogʻlomlashtirish tadbirlari, shuningdek ovqatlanish ratsioni (parhez taomlar stoli) belgilanadi.
17. Pansionatda har bir keksa shaxsga tibbiy xodim biriktiriladi, u davolovchi shifokor koʻrsatmalariga muvofiq tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.
18. Pansionatga kelgan keksalar quyidagilar bilan taʼminlanadi:
zarur mebellar bilan jihozlangan, uzoq muddat dam olish uchun qulay sharoitlar yaratilgan bir yoki ikki oʻrinli xonalarga joylashtirish;
sifatli tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish;
gerontologik xususiyatlarni va mavjud kasalliklarni inobatga olib toʻrt yoki besh martalik ovqatlanish;
sogʻlomlashtirish tadbirlari, shuningdek reabilitatsiyaning zarur texnik vositalari;
madaniy-ommaviy tadbirlar oʻtkazish.
VI. Tomonlarning huquq va majburiyatlari
19. Pansionat quyidagi huquqlarga ega:
pansionatga kelganlarning yashashi va ularga xizmat koʻrsatish haqlarini mustaqil ravishda belgilash;
jismoniy va yuridik shaxslar bilan xizmat koʻrsatish shartnomalari tuzish, qonunchilikka muvofiq moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish;
keksalardan belgilangan tartibga va yashash qoidalariga rioya etishlarini talab qilish.
Pansionat tadbirkorlik faoliyati subyekti uchun qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻladi.
20. Pansionat quyidagilarga majbur:
sifatli sogʻlomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, pansionatda qulay dam olish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
keksalarning soʻrovlariga hurmat va eʼtibor bilan yondashish;
zarurat boʻlganda (tibbiy koʻrsatmalarga koʻra) keksa kishini tibbiy- statsionar muassasaga olib borishni taʼminlash;
xodimlarga nisbatan mehnat qonunchiligiga amal qilish.
21. Keksalar quyidagi huquqlarga ega:
pansionat maʼmuriyati va xodimlari tomonidan oʻzlariga nisbatan hurmat va eʼtibor bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
shartnomada koʻrsatilgan xizmatlarni, shu jumladan sogʻlomlashtirishni sifatli va toʻliq hajmda olish, qulay joylashish, ovqatlanish, madaniy-koʻngilochar va boshqa tadbirlarda qatnashish;
boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlganda, toʻlov sharti bilan pansionatda dam olish muddatini uzaytirish.
22. Keksalar quyidagilarga majbur:
pansionatning ichki tartib-qoidalariga, u erda boʻlishning belgilangan rejimiga rioya etish;
tibbiy xodimlarning koʻrsatmalariga amal qilish;
agar shartnomadagi muddat belgilangan tartibda uzaytirilmagan boʻlsa — shartnomaning amal qilish muddati tugagan kunda pansionatdan joʻnab ketish.
VII. Yakunlovchi qoidalar
23. Pansionatda sifatli va toʻlaqonli xizmatlar koʻrsatilishi yuzasidan masʼuliyat uning maʼmuriyatiga va boshqa mansabdor shaxslariga yuklanadi.
24. Pansionat faoliyatini nazorat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 27-son, 358-modda; 2017-y., 15-son, 249-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)