Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida qonun hujjatlarini muhokama qilish uchun sharoit yaratish orqali ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2015-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga taʼsir etadigan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar tegishli loyiha va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiquvchilar — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida muhokama qilish va tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash uchun joylashtiriladi;
muhokama ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar tegishli loyiha va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiquvchilar — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan koʻrib chiqilishi shart.
2. Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
2015-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish va tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash boʻyicha maxsus boʻlim ishlashini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalidagi maxsus boʻlimni texnik jihatdan doimiy qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari va aholi oʻrtasida mazkur qarorning maqsadlari, mazmuni va amaliy ahamiyatini keng yoritish tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tavsiya etilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mazkur qarorning davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bajarilishi va sifati boʻyicha muvofiqlashtirishni hamda monitoring olib borishni, shuningdek zaruratga koʻra qonun hujjatlari taʼsirini baholash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 2-dekabr,
328-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 328-son qaroriga
ILOVA
Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida (keyingi oʻrinlarda Yagona portal deb ataladi) ularni muhokama qilish yoʻli bilan baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
jadval — normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish, muhokama qilish va kiritish (qabul qilish)ning barcha bosqichlarini amalga oshirishni hamda aniq muddatlarini nazarda tutadigan, ishlab chiquvchi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval;
normativ-huquqiy hujjat — Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning buyruqlari va qarorlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari;
normativ-huquqiy hujjatni muhokama qilish — tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni va boshqa zarur maʼlumotlarni Yagona portalga joylashtirish, shuningdek muhokama ishtirokchilarining taqdim etilgan takliflarni ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash uchun umumlashtirish va koʻrib chiqish;
ishlab chiquvchilar — tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqqan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari;
muhokama ishtirokchilari — Yagona portalda joylashtirilgan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat yuzasidan takliflar taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar.
3. Quyidagilar ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholashning maqsadlari hisoblanadi:
muammoni, uni tartibga solishning maqsadi va mavjud yechimini tahlil qilish orqali normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishda vujudga kelishi mumkin boʻlgan (vujudga kelgan) ijobiy va salbiy oqibatlarni aniqlash;
ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasida va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan yoki joriy etishga sharoit yaratadigan qoidalarni aniqlash;
tadbirkorlik subyektlarida asossiz xarajatlar paydo boʻlishiga olib keluvchi qoidalarni aniqlash.
4. Quyidagilarni:
a) tadbirkorlik subyektlariga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini tadbirkorlik subyektlarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilishni;
b) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qoʻshimcha talablar va shartlarni joriy etishni;
v) tadbirkorlik subyektlari tomonidan ancha xarajatlar qilishga olib kelishi mumkin boʻlgan talablar (shartlar)ni joriy etishni;
g) tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirishni;
d) tegishli sohadagi tadbirkorlik subyektlarining 30 va undan ortiq foizining huquq va qonuniy manfaatlariga taʼsir koʻrsatishni;
e) tadbirkorlik subyektlarining belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki qoʻshimcha majburiyatlar joriy qilishni;
j) tadbirkorlik subyektlari uchun yangi turdagi javobgarlik choralarini joriy qilishni;
z) tadbirkorlik subyektlariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar va boshqa turdagi imtiyoz, kafolat va preferensiyalarni belgilashni, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga yangi huquqlar berishni nazarda tutuvchi ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari muhokama qilinishi va ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsiri baholanishi kerak.
5. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni baholash ular tartibga soladigan tegishli yoʻnalish va masalalarni yanada takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish va qisqartirish maqsadida:
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning ishlab chiquvchilari tashabbusi bilan;
tadbirkorlik subyektlari birlashmalarining takliflariga asosan;
davlat va boshqa vakolatli organlarning oʻz vakolati doirasiga kiritilgan tegishli yoʻnalish va masalalar yuzasidan takliflari, shuningdek ular tomonidan tartibga solinadigan masalalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining asoslantirilgan jamoaviy murojaati;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlari asosida amalga oshirilishi mumkin.
6. Quyidagi:
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida qabul qilinadigan;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan;
amaldagi qonunchilik qoidalarini yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirish boʻyicha;
mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan mezonlarga javob bermaydigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsiri baholanmaydi.
7. Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash maqsadida muhokama qilish jarayoni boʻyicha tashabbus bilan chiqish, shuningdek muhokama ishtirokchilarining takliflarini umumlashtirish va koʻrib chiqish tegishli ishlab chiquvchilar tomonidan oʻzlari tasdiqlagan jadval asosida:
ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha — mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha — mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq sxemalar boʻyicha amalga oshiriladi.
II. Normativ-huquqiy hujjatni muhokama qilish toʻgʻrisida xabarnoma
8. Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi uning manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishish jarayoni boshlanishidan oldin — majburiy tarzda, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat muhokamasi esa — u kuchga kirgandan soʻng kamida bir yildan keyin oʻtkaziladi.
9. Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni muhokama qilish uchun ishlab chiquvchi Yagona portalda muhokama oʻtkazish haqidagi xabarni, jadvalni, taʼsiri baholanayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni, shuningdek muhokama ishtirokchilari uchun soʻrovnomani joylashtiradi.
Muhokama ishtirokchilari uchun soʻrovnoma namunaviy shakllarda:
ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi uchun — mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat uchun — mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq joylashtiriladi.
10. Muhokama oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
a) ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari uchun:
loyihani qabul qilish zaruratining asosi;
loyihaning turi, nomi va rejalashtirilayotgan kuchga kirish muddati;
ishlab chiquvchi toʻgʻrisida maʼlumot;
ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi boʻyicha takliflarni qabul qilish muddati, bunda ushbu muddat xabarnoma Yagona portalda joylashtirilgan kundan boshlab 15 kundan kam boʻlishi mumkin emas;
b) qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat uchun:
normativ-huquqiy hujjatni baholash orqali hal qilinishi yoki oʻrganib chiqilishi kerak boʻlgan muammo (masala)ning tavsifi;
ishlab chiquvchi toʻgʻrisida maʼlumot;
ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjat boʻyicha takliflarni qabul qilish muddati, bunda ushbu muddat xabarnoma Yagona portalda joylashtirilgan kundan boshlab 15 kundan kam boʻlishi mumkin emas.
Xabarnomaga, ishlab chiquvchining fikricha, normativ-huquqiy hujjat loyihasiga yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga oid boshqa maʼlumotlarga tegishli boʻlgan axborot ham kiritilishi mumkin.
III. Muhokamalarni oʻtkazish va takliflarni umumlashtirish
11. Muhokama qilinayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat boʻyicha takliflar muhokama ishtirokchilari tomonidan Yagona portalda mazkur Nizomning 9-bandiga muvofiq joylashtirilgan soʻrovnomalarni toʻldirish yoʻli bilan taqdim etiladi.
12. Muhokama ishtirokchilari soʻrovnomalarda koʻrsatilmagan masalalar boʻyicha ham oʻzlarining asoslantirilgan takliflarini ixtiyoriy shaklda bildirishlari mumkin.
13. Muhokama ishtirokchilari tomonidan muhokama predmetiga oid boʻlmagan, asoslantirilmagan va aniq ifodalanmagan, shuningdek xabarnomada koʻrsatilgan muddatdan soʻng taqdim qilingan takliflar ishlab chiquvchilar tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
14. Ishlab chiquvchilar muhokama ishtirokchilarining tushgan takliflarini umumlashtiradi va qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotni, agar rad etilgan boʻlsa — asoslantirilgan sababni Yagona portalda joylashtiradi.
15. Tushgan takliflar, ularning qabul qilinganidan yoki rad etilganidan qatʼi nazar, Yagona portalda joylashtirilgan holda qoldirilishi va cheklanmagan doirada, shu jumladan normativ-huquqiy hujjat loyihasining kelishuvini amalga oshirgan vazirliklar va idoralar uchun ham tanishib chiqish uchun ochiq boʻlishi kerak.
IV. Oʻtkazilgan muhokamalar natijalarini inobatga olish
16. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi boʻyicha muhokama ishtirokchilarining takliflarini inobatga olish ishlab chiquvchilar tomonidan loyihani qabul qilingan takliflarga muvofiq qayta ishlash orqali va jadvalda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Bunda loyihani qayta ishlash muddati muhokama tugaganidan soʻng 30 kundan oshmasligi kerak.
17. Ishlab chiquvchilar qayta ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini axborot tariqasida Yagona portalga takroran joylashtiradilar.
Bunda Yagona portalda takroran joylashtirilgan loyiha muhokama natijasida qayta ishlangan yoki loyihaga kiritilgan bandlarga, shuningdek ularni taqdim qilgan muhokama ishtirokchilari haqida tegishli axborotga havolalar bilan joylashtirilishi kerak.
18. Qayta ishlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi uni Yagona portalda qayta joylashtirish bilan bir vaqtda manfaatdor vazirliklarga va idoralarga belgilangan tartibda kelishish uchun yuboriladi.
19. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha muhokama ishtirokchilarining takliflarini inobatga olish tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shu jumladan muhokama qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha loyiha ishlab chiqish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish qabul qilingan takliflarga muvofiq va tasdiqlangan jadvalda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Bunda loyihani ishlab chiqish muddati muhokama tugaganidan soʻng 30 kundan oshmasligi kerak.
20. Ishlab chiqilgan loyiha muhokama oʻtkazish va ushbu Nizomda nazarda tutilgan boshqa tartibotlarni amalga oshirish uchun Yagona portalda joylashtiriladi.
21. Oʻtkazilgan muhokama va uning natijalari majburiy tarzda normativ-huquqiy hujjat loyihasiga tushuntirish xatida (idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar, mahalliy davlat organlari qarorlari tayyorlanganda — yuridik xizmat maʼlumotnomasida) aks ettirilishi kerak.
V. Yakunlovchi qoidalar
22. Kiritilishi, qabul qilinishi yoki kuchga kirishining aniq muddati belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilganda ushbu Nizomning 10, 16 va 19-bandlarida koʻrsatilgan muddatlar oʻzgartirilishi mumkin.
Bunda tasdiqlangan jadvallarda koʻrsatilgan muddatlar normativ-huquqiy hujjatlarning kiritilishi, qabul qilinishi yoki kuchga kirishining belgilangan aniq muddatiga muvofiq boʻlishi lozim.
23. Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat boʻyicha oʻtkazilgan muhokama materiallari, shu jumladan ular boʻyicha kelib tushgan takliflar, muhokama tugaganidan soʻng 3 yil mobaynida Yagona portalda saqlanishi va cheklanmagan doirada tanishib chiqish uchun ochiq boʻlishi kerak.
24. Ishlab chiquvchining rahbari ushbu Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning muhokama qilish uchun Yagona portalga joylashtirilishi, muhokama ishtirokchilardan kelib tushgan takliflarning koʻrib chiqilishi va ularning qabul qilingani yoki rad etilgani toʻgʻrisidagi axborotning joylashtirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisida nizomga
1-ILOVA
Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasini oʻtkazish
SXEMASI
Izoh: kiritilishi, qabul qilinishi yoki kuchga kirishining aniq muddatlari belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilganda koʻrsatilgan muddatlar oʻzgartirilishi mumkin.
Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisida nizomga
2-ILOVA
Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning muhokamasini oʻtkazish
SXEMASI
Izoh: kiritilishi, qabul qilinishi yoki kuchga kirishining aniq muddatlari belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilganda koʻrsatilgan muddatlar oʻzgartirilishi mumkin.
Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisida nizomga
3-ILOVA

Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat
‎loyihalari muhokamasi ishtirokchilari uchun
‎SOʻROVNOMA

‎‎‎‎Bogʻlanish uchun axborot:
‎ ‎
‎Tashkilotning nomi
‎‎(jismoniy shaxsning F.I.O.): ________________________________‎‎
Tashkilotning faoliyat sohasi:‎‎ ________________________________‎
Bogʻlaniladigan shaxsning F.I.O.:‎‎ ________________________________‎‎
Bogʻlanish telefoni raqami:‎‎ ________________________________‎‎
Elektron pochta manzili:‎‎ ________________________________‎‎
‎‎

‎‎1. Fikringizcha, taklif qilinayotgan loyiha qanday muammoni hal etishga qaratilgan? Ushbu muammo bugungi kunda ham dolzarbmi?
________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________


‎‎‎2. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi davlat aralashuvi zaruratini talab qiluvchi omillarni qanchalik toʻgʻri aniqlagan? Taklif etilayotgan tartibga solishning maqsadi tartibga solish orqali hal etilishi lozim boʻlgan muammo bilan qanchalik bogʻliq? Sizning fikringizcha, normativ-huquqiy tartibga solish uning oldiga qoʻyilgan maqsadlarga erishadimi?
‎________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________


‎3. Muammoni hal etishning tanlangan yoʻli maqbulmi (shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun foydasi va zarari nuqtai nazaridan)? Davlat tomonidan tartibga solishdan koʻzlangan maqsadga erishishning boshqacha varianti mavjudmi? Agar mavjud boʻlsa, ulardan, Sizningcha, yanada kam xarajatlisi va (yoki) samaralirogʻi bormi?
‎________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________‎‎


‎4. Sizningcha, taklif etilayotgan tartibga solish qaysi tadbirkorlik faoliyati subyektlariga daxldor (subyektlar turlari va sohalar boʻyicha, Sizning shahar yoki viloyatingizdagi, tumaningizdagi soni)?
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________

‎‎
‎5. Taklif etilayotgan tartibga solishni joriy qilish sohadagi raqobat muhitiga oʻz taʼsirini koʻrsatadimi, sohada kuchlar taqsimotining asossiz ravishda oʻzgarishiga olib keladimi? Agar oʻzgartirsa, qanday qilib? Imkoniyat darajasida miqdoriy koʻrsatkichlarni keltirib oʻti�g.
‎‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎‎‎6. Davlat tomonidan tartibga solish subyektlarining majburiyatlari, javobgarligi qanchalik toʻliq va aniq ifodalangan, shuningdek masʼul davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan maʼmuriy tartibotlar qanchalik tushunarli yozilgan, hokimiyat funksiyalari va vakolatlari qanchalik aniq va har xil, tushunilmaydigan tarzda yozilganligiga baho bering. Taklif etilayotgan normalar boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq emas yoki zid deb oʻylaysizmi? Agar shunday boʻlsa, bunday normalar va normativ-huquqiy hujjatlarni koʻrsatib oʻting.
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎‎7. Taklif etilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan yoki joriy etishga sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining asossiz xarajatlari yuzaga kelishiga olib keluvchi qoidalar bormi? Har bir koʻrsatilgan qoida boʻyicha asoslab bering.
‎‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________

‎‎
‎8. Sizningcha, mazkur normativ-huquqiy hujjat loyihasida belgilanayotgan talab va normalar ijrosini nazorat qilish bilan bogʻliq qanday muammo va qiyinchiliklar vujudga kelishi mumkin? Unda tadbirkorlik subyektlarini himoya qilish mexanizmi nazarda tutilganmi?
‎‎‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎‎‎9. Taklif etilayotgan tartibga solish kuchga kirishi uchun oʻtish davri talab qilinadimi (agar talab qilinsa, uning muddati qancha), yangi tartibga solish kiritilishida muddat boʻyicha qanday cheklovlarni inobatga olish lozim?
‎‎‎‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________

‎‎
‎10. Sizningcha, ayrim guruh shaxslariga nisbatan tartibga solishni joriy etishda qanday istisnolarni qoʻllash maqsadga muvofiq? Tegishli asoslarni keltirib oʻting.
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎11. Vakolatli organ tomonidan aniqlashtirilishi zarur boʻlgan koʻrib chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining aniq qoida va normalariga oid maxsus savollar.
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________‎‎


‎12. Tartibga solish taʼsirini baholash doirasida, Sizning fikringizcha, inobatga olinishi maqsadga muvofiq boʻlgan boshqa taklif va eʼtirozlar.
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________‎‎

Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisida nizomga
4-ILOVA

Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning
‎ muhokamasi ishtirokchilarining
‎ SOʻROVNOMASI

‎‎‎‎Bogʻlanish uchun axborot:
‎ ‎
‎Tashkilotning nomi
‎‎(jismoniy shaxsning F.I.O.): ________________________________‎‎
Tashkilotning faoliyat sohasi:‎‎ ________________________________‎
Bogʻlaniladigan shaxsning F.I.O.:‎‎ ________________________________‎‎
Bogʻlanish telefoni raqami:‎‎ ________________________________‎‎
Elektron pochta manzili:‎‎ ________________________________‎‎
‎‎

1. Normativ-huquqiy hujjatning tartibga solish maqsadi ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan hal etilishi lozim boʻlgan muammo bilan qanchalik bogʻliq? Sizning fikringizcha, normativ-huquqiy tartibga solish uning oldiga qoʻyilgan maqsadlarga erishdimi?
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎2. Muammoni hal etishning tanlangan yoʻli maqbulmi (shu jumladan, umuman, jamiyat uchun foydasi va zarari nuqtai nazaridan)? Davlat tomonidan tartibga solishdan koʻzlangan maqsadga erishishning boshqacha varianti mavjudmi? Agar mavjud boʻlsa, ulardan, Sizningcha, yanada kam xarajatlisi va (yoki) samaralirogʻini belgilang? ‎
‎________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________


‎3. Tartibga solishni joriy etish sohadagi raqobat muhitiga oʻz taʼsirini koʻrsatdimi, sohada kuchlar taqsimotining asossiz ravishda oʻzgarishiga olib keldimi? Agar shunday boʻlsa, qanday qilib? Imkoniyat darajasida miqdoriy koʻrsatkichlarni keltirib oʻting.‎
‎________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________‎‎


‎4. Davlat tomonidan tartibga solish subyektlarining majburiyatlari, javobgarligi qanchalik toʻliq va aniq ifodalangan, shuningdek masʼul davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan maʼmuriy tartibotlar qanchalik tushunarli yozilgan, hokimiyat funksiyalari va vakolatlari qanchalik aniq va har xil, tushunilmaydigan tarzda yozilganligiga baho bering.‎
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎5. Normativ-huquqiy hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan yoki joriy etishga sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining asossiz xarajatlari yuzaga kelishiga olib keluvchi qoidalar bormi? Har bir koʻrsatilgan qoida boʻyicha asoslab bering.‎‎
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎6. Sizningcha, mazkur normativ-huquqiy hujjatda nazarda tutilgan talab va normalar ijrosini nazorat qilish bilan bogʻliq qanday muammo va qiyinchiliklar vujudga kelmoqda?‎
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎7. Sizningcha, ayrim guruh shaxslariga nisbatan tartibga solishni joriy etishda qanday istisnolarni qoʻllash maqsadga muvofiq? Tegishli asosni keltiring.‎‎
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________


‎8. Tartibga solish taʼsirini baholashda, Sizning fikringizcha, inobatga olinishi maqsadga muvofiq boʻlgan boshqa taklif va eʼtirozlar.‎‎‎
‎________________________________________________________________________ ‎________________________________________________________________________

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 49-son, 581-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda)