Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.01.1997
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
MONOPOLISTIK FAOLIYATNI ChEKLASh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 27-dekabrdagi “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun tadbirkorlikni rivojlantirish va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadlarida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatlashuvi-bahslashuviga yo‘l bermaydigan, cheklab qo‘yadigan yoki uni yo‘q qilinadigan qo‘shimcha foyda olish maqsadidagi harakati yoki harakatsizligini anglatuvchi monopolistik faoliyatning oldini olish va payini qirqishning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qonunni qo‘llanish sohasi
1. Ushbu Qonun respublika va mahalliy tovarlar bozoridagi faoliyatda qatnashayotgan mulkchilikning shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari, ayrim mansabdor shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarga tatbiq etiladi.
2. Yuridik va jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasining hududidan tashqarida sodir etayotgan xatti-harakatlar yoki tuzayotgan bitimlar respublika bozorida rakobatning cheklanishiga olib kelayotgan yoki boshqa salbiy oqibatlarga sabab bo‘layotgan hollarda ham ushbu Qonun qo‘llaniladi.
3. Qonun:
energetika tarmog‘i korxonalari;
mudofaa ahamiyatiga molik mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar;
magistral temir yo‘llar;
quvur o‘tkazish transporti;
umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan aloqa tizimlari faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
Qonun, shuningdek ixtirolar, sanoat namunalari, tovar belgilari va mualliflik huquqlarini huquqiy jihatdan himoya qilish me’yorlarini tartibga soluvchi munosabatlarga ham tatbiq etilmaydi. Bu huquqlar ularning egalari tomonidan raqobatni cheklash maqsadida qasddan qo‘llanilayotgan hollar bundan mustasnodir.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida monopoliyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish tartibi Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunlari bilan belgilab beriladi.
II. MONOPOLISTIK FAOLIYATNI VA G‘IRROM RAQOBATNI ChEKLASh VA TAQIQLASh
2-modda. Bozordagi ustunlik mavqeini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik
1. Ustun mavqe deganda xo‘jalik yurituvchi subyektning muayyan tovar bozoridagi ulushi monopoliyaga qarshi faoliyatini amalga oshirishga vakolatli idora belgilab qo‘ygan eng yuqori me’yor chegarasidan oshib ketgan va bu hol unga mustaqil ravishda yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda ish ko‘rib, tovarlarning oldi-sotdisiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlarning bozorga kirishini qiyinlashtirib qo‘yish va shu tariqa iste’molchilar va jamiyatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazish imkonini beradigan hukmron mavqei tushuniladi.
2. Bozorda ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni quyidagi xatti-harakatlarni qilishi taqiqlanadi:
bozorda taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida tovarlarni ishlab chiqarishni kamaytirish yoxud to‘xtatib qo‘yish, shuningdek ularni muomaladan olib qo‘yish;
mo‘may foyda olish maqsadida haddan tashqari baland narx belgilash va uni sun’iy ravishda shunday ushlab turish, narxlarni asossiz ravishda pasaytirish davlat tomonidan boshqarib turiladigan narx-navoni boshqa yo‘sindagi buzishlar;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan noteng ahvolga solib qo‘yadigan shartlarni tiqishtirish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishiga o‘zgacha to‘sqinlik qilish.
3-modda. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida qonunga xilof bitimlar tuzilishini (kelishib qilinadigan harakatlarni) taqiqlash
1. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida:
kimoshdi savdolarida, birjalarda va boshqa savdolarda narxlarni oshirish, saqlab turish yoki pasaytirish;
bozorlarni hududiy prinsip bo‘yicha, oldi-sotdi hajmi bo‘yicha, sotilajak tovarlarning turlari bo‘yicha, sotuvchilar yoki xaridorlar (buyurtmachilar) doirasi bo‘yicha yoxud ularni monopoliya qilib olish maqsadida boshqa belgilar bo‘yicha taqsimlab olish;
sotuvchi yoki xaridor (buyurtmachi) sifatida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklash yoki ularni bozordan siqib chiqarish;
muayyan sotuvchilar yoki xaridorlar (buyurtmachilar) bilan shartnomalar tuzishdan bosh tortish maqsadida til biriktirish;
raqobatni jiddiy tarzda cheklaydigan yoki cheklashi mumkin bo‘lgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish yo‘li bilan raqobatni cheklashga qaratilgan bitimlar tuzish (kelishib harakat qilish) taqiqlanadi hamda haqiqiy emas deb topiladi.
2. Biri ustun mavqega ega bo‘lgan, ikkinchisi esa mahsulot yetkazib beruvchi yoki iste’molchi (buyurtmachi) bo‘lgan va bir-biri bilan raqobatlashmayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida tuzilgan bitimlar (kelishib harakat qilishlar), basharti bunday bitimlar pirovardida raqobatni jiddiy tarzda cheklab qo‘ysa, yoxud cheklab qo‘yishi mumkin bo‘lsa, bunday bitimlar (kelishib harakat qilishlar) haqiqiy emas deb topiladi.
3. Alohida hollardagina xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida aytib o‘tilgan xatti-harakatlari, basharti bu subyektlar o‘z xatti-harakatlari bozorning tovarlar bilan mo‘l-ko‘l bo‘lishiga, tovarlarning iste’mol xususiyatlari yaxshilanishiga yoki tashqi bozorda o‘zlarining raqobat layoqatlarining oshishiga yordam berishini isbotlab bersalar, to‘g‘ri deb topilishi mumkin.
4-modda. Raqobatni cheklaydigan tashkiliy qayta tuzilishlarni taqiqlash
1. Bozorda ustun mavqega ega bo‘lishini ta’minlaydigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etish, birlashtirish, qo‘shib olish; qayta tuzish, tugatish, ularning xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlarning (shu jumladan hamma turdagi xo‘jalik uyushmalarining) ustav jamg‘armasida ishtirok etishi taqiqlanadi.
2. Tovarlar (xizmatlar) bozorida monopolistik faoliyat olib borayotgan yoki raqobatning jiddiy ravishda cheklanishiga olib keluvchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar majburiy tartibda bo‘lib yuborilishi mumkin.
5-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining hamda ular mansabdor shaxslarining raqobatni cheklovchi xatti-harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik
1. Davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari, ularning mansabdor shaxslari xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mustaqilligini cheklovchi, ulardan ayrimlarining faoliyat olib borishini kamsituvchi yoki, aksincha ular uchun qulaylik tug‘diruvchi sharoit yaratib beruvchi huquqiy hujjatlar chiqarishga yoki harakatlar qilishga haqli emaslar, basharti bunday hujjatlar yoki harakatlar o‘z pirovardida raqobatning jiddiy ravishda cheklanishiga yoki xo‘jalik subyektlari yoxud jismoniy shaxslarning manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa.
Davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining quyidagi harakatlarni qilishi taqiqlanadi:
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning muayyan faoliyat turlarini amalga oshirishiga, ayrim tovar turlarini ishlab chiqarishga taqiq belgilash, qonunlarda ko‘zda tutilgan hollar bundan mustasno;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklash yoki ularni bozordan chetlatish;
xo‘jalik yurituvchi ayrim subyektlarga ularni bozorga xuddi shu xil tovar chiqarayotgan xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlarga nisbatan ustun mavqega qo‘yadigan soliq imtiyozi yoki o‘zga imtiyozlarni asossiz ravishda berish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarga shartnomalar tuzishda kimgadir ustunlik berish to‘g‘risida yoki muayyan xaridorlar (buyurtmachilar) doirasiga mollarni birinchi navbatda yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmat ko‘rsatish) to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;
faoliyatning muayyan sohasida xo‘jalik yurituvchi yangi subyektlar tashkil etishga asossiz to‘sqinlik qilish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar mustaqilligini cheklovchi qonunga xilof boshqa harakatlar sodir etish.
2. Mansabdor shaxslarga (O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan ro‘yxatdagi mansabdor shaxslarga) quyidagilar taqiqlanadi:
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish;
korxonaning egasi yoki muassis bo‘lish;
davlat tasarrufida bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning boshqaruv idoralarida rahbarlik lavozimlarini egallash;
aksiyali jamiyatlarning, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning yoki boshqa xil shirkatlarning umumiy yig‘ilishi qarorlarini qabul qilishda mustaqil ravishda yoki vakil orqali o‘ziga tegishli aksiyalar, ulush qatnashuvdagi hissa vositasida ovoz berish.
6-modda. G‘irrom raqobatni taqiqlash
G‘irrom raqobatga, shu jumladan:
xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektning mol-mulki va tadbirkorlik nufuziga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar tarqatishga;
tovar belgisidan, tovarning firma nomidan yoki markasidan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, shuningdek xo‘jalik yurituvchi boshqa subyekt tovalarining shaklini, idishini, tashqi bezagini aynan ko‘chirib olishga;
ilmiy-texnikaviy, ishlab chiqarish, iqtisodiy, savdo va boshqa sohaga oid maxfiy axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish va uni oshkor qilishga;
tovarlarning xususiyati, ularni tayyorlash usuli va o‘rni, iste’mol xossalari va sifati xususida iste’molchilarni chalg‘itishga;
xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlarning bozorga kirishini cheklovchi xatti-harakatlar qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
III. MONOPOLISTIK FAOLIYATNI ChEKLASh VA G‘IRROM RAQOBATNI TAQIQLASh TABIRLARI
7-modda. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora
1. O‘zbekiston Respublikasida monopoliyaga qarshi davlat siyosatini yurgizish maqsadida monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tuziladi, uning asosiy vazifasi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tovar bozorida raqobatni rivojlantirish;
monopolistik faoliyatning, bozordagi ustun mavqeni suiiste’mol qilishlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslikka, monopolist korxonalar belgilaydigan narx-navolarni boshqarib borishga, g‘irrom raqobatning payini qirqishga qaratilgan choralar ko‘rish;
monopoliyaga qarshi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilib turish.
2. Monopoliyaga qarshi qonunlar buzilgan hollarda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora qonunbuzarliklarni to‘xtatish, dastlabki holatni tiklash to‘g‘risida, asossiz orttirilgan daromadni tegishli budjetga o‘tkazish to‘g‘risida, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni majburiy tartibda maydalab (bo‘lib) yuborish to‘g‘risida va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozordagi ustun maqeini bartaraf etish yoki pasaytirishga qaratilgan boshqa tadbirlar to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyektlar bajarishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar berishga, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, boshqaruv idoralariga va mansabdor shaxslarga jarima solishga haqlidir.
3. Tegishli hollarda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora materiallarni qonunda belgilab qo‘yilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun sud yoki hakamlik sudiga, prokuratura idoralariga yuboradi.
8-modda. Zararni qoplash
1. Monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgan xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘zining monopolistik faoliyati, bozordagi ustun mavqeini suiiste’mol qilishi yoki g‘irrom raqobati oqibatida yetkazilgan zararni sud yoki hakamlik sudining qaroriga binoan jabr ko‘rgan xo‘jalik yurituvchi subyektga to‘lashga majburdir.
2. Agar boshqaruv idorasining monopoliyaga qarshi qonunlarni buzib qabul qilgan hujjati tufayli xo‘jalik yurituvchi subyektga zarar yetkazilgan bo‘lsa, jabrlanuvchi tomon zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo bilan hakamlik sudiga murojaat etishga haqlidir.
9-modda. Monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlik uchun jarimalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli organ xo‘jalik yurituvchi subyektlarga:
a) qoidabuzarlikni to‘xtatish, dastlabki holatni tiklash, ushbu Qonunga zid shartnomalarni bekor qilish yoki o‘zgartirish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik yoki o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun:
boshqaruv organlariga va yuridik shaxs bo‘lmish xo‘jalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda;
jismoniy shaxs bo‘lmish xo‘jalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslariga — eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda;
b) monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli organga xabar bermaganlik yoki qasddan noto‘g‘ri ma’lumot berganlik uchun:
boshqaruv organlariga va yuridik shaxs bo‘lmish xo‘jalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 40 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda;
jismoniy shaxs bo‘lmish xo‘jalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslariga — eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga haqlidir.
(9-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
2. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tomonidan solingan jarimani xo‘jalik yurituvchi subyekt, boshqaruv idorasi yoki mansabdor shaxs jarima solinganligi to‘g‘risidagi qarorni olgan paytdan boshlab 30 kun ichida to‘lashi kerak.
Jarimani belgilangan muddatda to‘lashdan bo‘yin tovlangan yoki jarima to‘liq miqdorda to‘lanmagan taqdirda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tegishli ariza bilan sudga yoki hakamlik sudiga murojaat qilishga xaqlidir.
Agar jarima solish to‘g‘risidagi qarorning darhol ijro etilishi korxonani sinishga olib kelishi mumkin bo‘lsa, u holda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora, sud yoki hakamlik sudi jarima solingan xo‘jalik yurituvchi subyektning arizasiga binoan unga jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini berishga haqlidir.
Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tomonidan solingan jarimalar tegishli budjetga to‘lanadi yoki shu budjet foydasiga undiriladi.
10-modda. Ushbu Qonunni buzganlik to‘g‘risidagi ishlarni qarab chiqish uchun asoslar
1. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora monopoliyaga qarshi qonunlarni buzish hollariga oid ishlarni o‘z materiallari asosida, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining, iste’molchilar jamiyatlari va uyushmalarining, boshqa jamoat tashkilotlari va ayrim shaxslarning arizalari, prokuratura, sud va hakamlik sudining materiallari asosida qarab chiqadi.
Arizalar monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idoraga yozma shaklda beriladi, ularga monopoliyaga qarshi qonunlarni buzish hollaridan shohidlik beruvchi hujjatlar ilova qilinadi.
Arizalar va hujjatlarning mazmuni oshkor qilinishi mumkin emas.
2. Sud yoki hakamlik sudi monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlik haqidagi ishlarni monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idoraning arizasi, prokuratura materiallari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va boshqaruv idoralarining murojaatlari asosida qarab chiqadi.
11-modda. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idoraning qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi
1. Boshqaruv idoralari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mansabdor shaxslar monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idoraning qarorlariga norozi bo‘lgan taqdirda bunday qarorlarning butunlay yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi haqidagi yoxud jarima solinganlik to‘g‘risidagi qarorlarni bekor qilish yoki o‘zgartirish haqidagi ariza bilan sudga yoki hakamlik sudiga murojaat qilishga haqlidirlar.
2. Arizalar hakamlik sudi tomonidan — boshqaruv idoralarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizalarni qarab chiqish uchun belgilangan tartibda, sud tomonidan esa — ma’muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda qarab chiqiladi.
3. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idoraning noqonuniy xatti-harakatlari natijasida yetkazilgan zararlar manfaatdor shaxslarning da’vosiga binoan qonunda belgilangan tartibda qoplanadi.
12-modda. Xo‘jalik yurituvchi subyektning asossiz ravishda orttirgan foydasini tortib olish
Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idoraning ko‘rsatmasi bajarilmagan taqdirda xo‘jalik yurituvchi subyektning bozordagi ustun mavqeni suiiste’mol qilish yoki g‘irrom raqobat natijasida olgan foydasi sudning yoki hakamlik sudining qarori bilan tegishli budjet foydasiga tortib olinadi.
13-modda. Monopoliyaga qarshi qonunlarga rioya etilishi ustidan jamoat nazorati
O‘z nizomlariga ko‘ra raqobatni rivojlantirishga va iste’molchilarning manfaatlarini monopolistik faoliyatdan himoya qilishga ko‘maklashish maqsadini ko‘zlovchi jamoat uyushmalari tegishli idoralar bilan hamkorlikda monopoliyaga qarshi qonunlarga rioya etilishi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirishga haqlidirlar.
Mazkur uyushmalar o‘z faoliyatlarida amaldagi qonunlarga rioya qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-iyul,
623-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 392-modda, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)