Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan hakamlik muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlari normalarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda iqtisodiy sudlar “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) va boshqa qonun hujjatlariga amal qilishlari lozim.
Iqtisodiy sudlarga tushuntirilsinki, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlar IPKda nazarda tutilgan umumiy qoidalar asosida IPKning 28 va 29-boblarida belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda koʻrib chiqiladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. Sudlarning eʼtibori hakamlik bitimi yuridik va jismoniy shaxslarning nizoni hakamlik sudiga hal qilish uchun topshirish haqidagi yozma kelishuvi hisoblanishiga va bunday bitim mavjud boʻlgan taqdirdagina nizo hakamlik sudining hal qiluviga topshirilishi mumkinligiga qaratilsin. Hakamlik bitimi shartnomaning tarkibiy qismi boʻlgan shartnoma sharti yoki alohida bitim tarzida rasmiylashtirilishi mumkin.
Qonun 13-moddasining birinchi qismiga koʻra hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoxud ayrim nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida koʻrsatilishi lozim.
Shu bois, agar hakamlik bitimida taraflar oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida koʻrsatilgan boʻlsa, hakamlik kelishuvini haqiqiy emasligi haqidagi nizo ham hakamlik sudida koʻrib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan maʼlum bir nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida koʻrsatilgan boʻlib, ularda hakamlik bitimi ustidan nizolashish masalasi koʻrsatilgan boʻlmasa, hakamlik kelishuvini haqiqiy emasligi haqidagi nizo iqtisodiy sudda koʻrilishi lozim.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
3. Sudlar Qonun 5-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hakamlik sudlarini tashkil etishlari, shuningdek hakamlik bitimi taraflari boʻlishi mumkin emasligini nazarda tutishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarning eʼtibori, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda ularning tarkibiy tuzulmalari ham hakamlik bitimi taraflari boʻlishi mumkin emasligiga qaratilsin;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar nizo koʻrsatilgan organlar tomonidan tashkil qilingan hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan va/yoki davlat hokimiyati hamda boshqaruv organi hakamlik bitimi tarafi boʻlsa, hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 3-bandiga mos holda iqtisodiy sud tomonidan bekor qilinadi, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish haqidagi arizani qanoatlantirish esa IPK 231-moddasi birinchi qismining 3-bandiga mos holda rad etiladi.
(3-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. IPKning 29-moddasiga koʻra fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan hamda iqtisodiy sudga taalluqli boʻlgan nizo taraflarning kelishuviga binoan iqtisodiy sud qaror chiqargunga qadar hakamlik sudiga koʻrish uchun topshirilishi mumkin.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bunda taraflarning kelishuvi deganda Qonunning 12-moddasida nazarda tutilgan hakamlik bitimi tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar taraflarning nizoni hakamlik sudiga koʻrish uchun topshirish toʻgʻrisidagi kelishuvi mavjud boʻlib, hakamlik sudiga murojaat qilish imkoniyati yoʻqolmagan boʻlsa va agar ishning iqtisodiy sudida koʻrilishiga qarshi boʻlgan javobgar birinchi arizasidan kechiktirmay nizoni mazmunan hal etishni hakamlik sudiga topshirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilsa, iqtisodiy sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldiradi.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bunda “birinchi ariza” deganda javobgarning hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar nizo mohiyati boʻyicha bayon qilgan yozma yoki ogʻzaki fikrini tushunish lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
5. IPKning 28 va 29-boblari hamda Qonunning 7 va 8-boblariga muvofiq sudga hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan faqat hakamlik muhokamasi taraflari, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ariza bilan esa hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha taraf murojaat qiladi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, hakamlik sudi ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan boʻlsa, ushbu shaxslar bunday hal qiluv qarori ustidan IPK 223-moddasining ikkinchi qismiga asosan hal qiluv qarorini bekor qilish haqida iqtisodiy sudga ariza berishlari mumkin.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida hakamlik sudi hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar uchun IPK 223-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan muddat ularga hal qiluv qarori qabul qilinganligi maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran hisoblanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
5.1. Sudlarga tushuntirilsinki, nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlarni hakamlik sudi foydasiga undirish talabi IPKning 29-bobida belgilangan qoidalar asosida koʻrib chiqilmaydi.
(5.1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Shu bois, nizoni hakamlik sudida hal qilishda taraflar tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan xarajatlarni toʻlash hakamlik sudi tomonidan kechiktirilgan taqdirda, hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs hakamlik muhokamasining tegishli tarafidan ushbu xarajatlarni undirishni soʻrab vakolatli sudga umumiy tartibda daʼvo arizasi bilan murojaat qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan joydagi iqtisodiy sudga, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ariza esa hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoki qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi yoxud, agar qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joy nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi.
Bunday toifadagi ishlar boʻyicha IPKning 38-moddasida belgilangan shartnoma boʻyicha sudlovga tegishlilik toʻgʻrisidagi qoida qoʻllanilmaydi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Sudlarga tushuntirilsinki, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlar alohida toifadagi ishlar hisoblanadi. Agar arizani qaytarish yoki qabul qilishni rad etish uchun asoslar mavjud boʻlmasa, sudlar arizani ish yuritishga qabul qilishlari, unga tegishli raqam berishlari hamda ishni sudda koʻrishga tayyorlash toʻgʻrisida ajrim chiqarishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik muhokamasi taraflari sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida sudning ajrimi orqali xabardor qilinadi. Ajrim topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboriladi yoki ushbu shaxslarga tilxat olib topshiriladi yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda xabardor qilinadi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qarori tahririda)
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Bunday holatda agar ish boʻyicha taqdim qilingan hujjatlar (dalillar) yetarli deb hisoblansa, sud ishni mavjud hujjatlar asosida koʻrib chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Iqtisodiy sudlar tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda IPKning 164-moddasida belgilangan muddatlar qoʻllaniladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizalar boʻyicha davlat boji “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ilovasida keltirilgan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga muvofiq undiriladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Bunda iqtisodiy sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, tadbirkorlik subyektlari — hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisida ariza berganda davlat boji toʻlovidan ozod etilgan. Bunday holatda davlat boji arizani koʻrib chiqish yakuni boʻyicha ariza qanoatlantirilganda qarzdordan, qanoatlantirish rad etilganda arizachidan undiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Sudlar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda iqtisodiy sud hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emasligiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10.1. Hakamlik sudining qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori asosida ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqishda iqtisodiy sud ushbu qarzdorlik oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan yoki tuzilmagan bitimlardan kelib chiqqanligini aniqlasa, IPK 231-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan ijro varaqasi berishni rad etishi lozim.
(10.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha IPKda hal qiluv qarori qabul qilish uchun nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha ajrim chiqaradi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ajrim ustidan IPKda belgilangan tartibda va muddatda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
12. IPK 223-moddasining birinchi qismi hamda Qonun 46-moddasining birinchi qismi mazmuniga koʻra hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining iqtisodiy sudiga taalluqli nizoga doir hal qiluv qarori ustidan ushbu qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida iqtisodiy sudiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, ariza belgilangan muddat oʻtganidan keyin taqdim etilgan boʻlsa, oʻtkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma asosida tiklanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar ariza belgilangan muddat oʻtganidan keyin taqdim etilgan boʻlib, muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma berilmagan yoki belgilangan muddatning oʻtkazilishi sabablari sud tomonidan uzrli deb topilmagan boʻlsa, arizani qabul qilish IPK 224-moddasining oltinchi qismiga muvofiq IPK 154-moddasining qoidalari boʻyicha rad etiladi.
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Agar hakamlik sudi tomonidan ish boʻyicha qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilingan boʻlsa, oʻttiz kunlik muddat arizachi tomonidan qoʻshimcha hal qiluv qarori olingan kundan boshlab hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qarzdor joylashgan yerdagi yoki yashaydigan joydagi yoxud, agar qarzdor joylashgan yer yoki yashaydigan joy nomaʼlum boʻlib, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudning ish yurituvida hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ish mavjud boʻlsa, hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan joydagi iqtisodiy sudga hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida ariza kelib tushsa, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish IPK 101-moddasining 1-bandiga asosan toʻxtatib turilishi yoki ishni koʻrish IPK 230-moddasining oltinchi qismiga asosan qarzdorning iltimosnomasiga binoan keyinga qoldirilishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin manfaatdor shaxs tomonidan shu ish doirasida hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ariza IPKning 229-moddasi hamda Qonunning 51-moddasi talablariga rioya qilingan holda berilgan boʻlsa, u ish yuritishga qabul qilinadi va dastlabki ariza bilan birga koʻrib chiqiladi. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ariza IPKning 229-moddasi hamda Qonunning 51-moddasi talablari buzilgan holda berilgan boʻlsa, u IPKning 155-moddasiga mos holda qaytariladi.
Agar iqtisodiy sudning ish yurituvida IPK 223-moddasining ikkinchi qismi va 228-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya qilingan holda hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi alohida qoʻzgʻatilgan ishlar mavjud boʻlsa, bu ishlar IPK 158-moddasining ikkinchi qismiga asosan bitta ish yuritishga birlashtirilishi mumkin.
(12-bandning beshinchi — yettinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni IPKning 224-moddasi talablariga mos kelishi va unga ushbu moddada nazarda tutilgan hujjatlar, shu jumladan pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinishi lozim. Ushbu talablarga rioya qilinmagan taqdirda, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza IPKning 155-moddasiga mos holda qaytariladi. Arizaning qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin iqtisodiy sudga umumiy tartibda bunday ariza bilan qaytadan murojaat qilishga toʻsqinlik qilmaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Sudlarga tushuntirilsinki, manfaatdor shaxs tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ariza IPKning 29-bobi talablariga rioya etilgan holda umumiy tartibda berilganda, bunday arizani hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilayotganligi asos qilinib qabul qilishni rad etish yoki uni qaytarish mumkin emas.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlsa, bekor qilinadi. Bunda isbotlash majburiyati hal qiluv qaroridan norozi boʻlib ariza bergan tarafning zimmasiga yuklatiladi. Shu bilan birga, agar IPKning 226-moddasida koʻrsatilgan asoslar iqtisodiy sud tomonidan aniqlangan taqdirda ham, hakamlik sudining hal qiluv qarori bekor qilinadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
15.1. Sudlar hakamlik bitimini qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʻra haqiqiy emas deb hisoblash uchun uning bunday bitimlarga qoʻyilgan talablarga muvofiqligini tekshirishlari lozim. Xususan, uning yozma shaklda tuzilganligiga, shartnomaning tarkibiy qismi boʻlgan shartnoma sharti yoki alohida bitim tarzida rasmiylashtirilganligiga, hakamlik bitimi, agar u hakamlik bitimi taraflari tomonidan imzolangan hujjatda ifodalangan boʻlsa yoki bunday bitimni qayd etishni taʼminlovchi elektron yoxud boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda xatlar yoki xabarlar almashish yoʻli bilan tuzilgan boʻlsa, yozma shaklda tuzilgan hisoblanishiga eʼtibor qaratilishi zarur.
Hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoxud maʼlum bir nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida, shuningdek agar nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi koʻrsatilishi lozim. Ushbu talablarga rioya qilinmagan taqdirda, bitim Qonunning 12 va 13-moddalariga muvofiq haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Shuningdek, hakamlik bitimida hakamlik sudyalarining soni, hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy va til, hakamlik muhokamasining qoʻllaniladigan qoidalari, nizoni koʻrib chiqish muddati haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, Qonun 9-moddasining birinchi qismiga muvofiq hakamlik sudlari fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etadi. Shu bois, nizosiz huquqiy munosabat yuzasidan tuzilgan hakamlik bitimi oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim hisoblanadi va hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishga asos boʻladi.
(15.1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15.2. Sudlarga tushuntirilsinki, IPK 226-moddasi birinchi qismining 2-bandida koʻrsatilgan asos boʻyicha hal qiluv qarori bekor qilinganda iqtisodiy sud oʻzining ajrimida manfaatdor shaxs hakamlik bitimi bilan qamrab olinmagan masala boʻyicha vakolatli sudga murojaat qilishga haqli ekanligini koʻrsatishi mumkin.
(15.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15.3. IPK 226-moddasi birinchi qismining 3-bandida koʻrsatilgan asos boʻyicha hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishda hakamlik sudyasiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilganligi; hakamlik sudining tarkibi Qonunda koʻrsatilgan tartibda shakllantirilganligi; hakamlik sudyasi rad etilgan boʻlsa, rad etilgan ariza Qonunda koʻrsatilgan tartibda hal etilganligi; hakamlik muhokamasi qoidalari qonun hujjatlari asosida belgilanganligi tekshirilishi zarur.
(15.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15.4. IPK 226-moddasi birinchi qismining 4-bandida koʻrsatilgan asos boʻyicha hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi talab bildirilganda, sudlar hakamlik sudi nizoni Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan boshqa qonun hujjatlari asosida hal qilganligini tekshirishlari lozim. Agar nizo hakamlik sudi tomonidan chet davlat qonun hujjatlariga muvofiq hal qilingan boʻlsa, hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 4-bandiga asosan bekor qilinadi.
(15.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15.5. Hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 5-bandida koʻrsatilgan asos boʻyicha faqat hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan boʻlsa, oʻsha tarafning arizasi boʻyicha bekor qilinishi mumkin. Yaʼni, hakamlik sudining hal qiluv qarori foydasiga hal qilingan taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisida yoki hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga oʻz tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini isbotlovchi dalillar berilgan taqdirda ham hal qiluv qarori ushbu asos boʻyicha iqtisodiy sud tomonidan bekor qilinishi mumkin emas.
(15.5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15.6. Hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan nizo Qonunga muvofiq hakamlik sudi muhokamasi predmeti boʻla olmasligi iqtisodiy sudi tomonidan aniqlangan taqdirda, ushbu holat hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi arizada bayon etilgan yoki etilmaganligidan, shuningdek mazkur holatni isbotlovchi dalil taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki etilmaganligidan qatʼi nazar, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos boʻladi.
(15.6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy, oila va mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar, xususan, davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonunchilikka muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi; undirish soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjatini yoki boshqa hujjatni ijro etilishi mumkin emas deb topish toʻgʻrisidagi; davlat roʻyxatiga olishni rad etganlik yoki belgilangan muddatda davlat roʻyxatiga olishdan bosh tortganlik ustidan berilgan shikoyat; agar qonunda soʻzsiz (akseptsiz) tartibda jarima undirilishi nazarda tutilmagan boʻlsa nazorat qiluvchi organlar tomonidan tashkilotlar va fuqarolardan jarimalar undirish toʻgʻrisidagi; nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonunchilik talablarini buzgan holda soʻzsiz (akseptsiz) tartibda hisobdan chiqarilgan pul mablagʻlarini budjetdan qaytarish toʻgʻrisidagi nizolar; huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash; yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi; yer bilan bogʻliq, bino — inshootlarga egalik huquqini belgilash; mulk huquqini tan olish; budjet tizimi budjetlaridan pul undirish haqidagi nizolar hakamlik sudi muhokamasi predmeti boʻla olmaydi.
(15.6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
15.7. Qonun 13-moddasining ikkinchi qismiga koʻra hakamlik bitimida hakamlik sudyalarining soni, hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy va til, hakamlik muhokamasining qoʻllaniladigan qoidalari, nizoni koʻrib chiqish muddati haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudi tomonidan nizo koʻrib chiqilishida hakamlik sudyalarining soni yoki hakamlik muhokamasining qoʻllaniladigan qoidalari buzilgan holda hal qiluv qarori qabul qilingan boʻlsa, u IPK 226-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan bekor qilinadi.
(15.7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasining tili toʻgʻrisidagi qoida buzilgan holda hal qiluv qarori qabul qilingan boʻlsa, ushbu hal qiluv qarori ham IPK 226-moddasi birinchi qismining 4-bandiga mos ravishda bekor qilinadi.
(15.7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
16. IPK 227-moddasining uchinchi qismiga koʻra, hakamlik sudi hal qiluv qarorining bekor qilinganligi hakamlik muhokamasi taraflarining, agar hakamlik sudiga murojaat etish imkoniyati yoʻqolmagan boʻlsa, hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yangidan murojaat etishiga yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Bunda sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, agar hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan bekor qilingan boʻlsa, hakamlik sudiga murojaat qilish uchun asos boʻlgan hujjat haqiqiy emas deb topilganligi sababli, hakamlik muhokamasi taraflari IPKda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli. Hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 2-bandiga (Qonun 47-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi) asosan hamda ushbu qarorning 3 va 15.6-bandlarida koʻrsatilgan asoslarga koʻra bekor qilingan boʻlsa ham, hakamlik muhokamasi taraflari IPKda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 3, 4, 5-bandlariga asosan bekor qilingan va hakamlik sudiga murojaat etish imkoniyati yoʻqotilmagan boʻlsa, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik sudiga yangidan murojaat etishga haqli.
Shu munosabat bilan, hakamlik sudining hal qiluv qarori IPK 226-moddasi birinchi qismining 3, 4 va 5-bandlariga asosan bekor qilinganidan keyin hakamlik muhokamasi taraflari mazkur nizo boʻyicha iqtisodiy sudga murojaat qilganda, daʼvo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi. Agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori u bekor qilingan paytda ijro etilgan boʻlsa, iqtisodiy sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrimida IPK 227-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlar va koʻrsatmalardan tashqari, Qonunning 54-moddasiga asosan hakamlik sudining toʻliq yoki qisman bekor qilingan hal qiluv qaroriga muvofiq javobgardan daʼvogarning foydasiga undirilgan narsalarning hammasi javobgarga qaytarib berilishi haqidagi masala hal qilinishi va ijro varaqasi berilishi lozim. Agar bu masala iqtisodiy sudning ajrimida hal etilmagan boʻlsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masala IPKning 344-moddasiga mos holda hal etiladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
18. Sudlarga tushuntirilsinki, hakamlik sudining hal qiluv qarori mazkur qarorda belgilangan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ijro etiladi. Agar qarorda ijro etish muddati belgilanmagan boʻlsa, u darhol ijro etilishi kerak.
“Hakamlik sudi hal qiluv qarorini darhol ijro etish” deganda tegishli taraf tomonidan hal qiluv qarorining toʻliq matni olinganidan soʻng unda nazarda tutilgan harakatlarning oqilona muddatda, yaʼni hal qiluv qarori zarariga qabul qilingan taraf tomonidan normal sharoitlarda qarorda koʻrsatilgan harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan muddatda bajarilishi tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugamasdan sudga murojaat etilganligi yoki hakamlik sudining hal qiluv qarori bekor qilinganligi yoxud uning ijrosi iqtisodiy sud yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan toʻxtatib turilganligi IPK 231-moddasi birinchi qismining 6-bandiga asosan ijro varaqasini berishni rad etish uchun asos boʻladi.
(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
19. IPK 229-moddasining oltinchi qismiga koʻra hamda Qonun 49-moddasi va 51-moddasi uchinchi qismining mazmunidan koʻrinishicha, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudi hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddatni oʻtkazib yuborish sabablari vakolatli sud tomonidan uzrli deb topilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin.
Agar ariza belgilangan muddat oʻtganidan keyin taqdim etilgan boʻlib, muddatni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma berilmagan yoki sud tomonidan belgilangan muddatning oʻtkazilishi sabablari uzrli deb topilmagan boʻlsa, u IPK 229-moddasining sakkizinchi qismiga muvofiq ushbu Kodeksning 155-moddasi qoidalariga binoan qaytariladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ariza sudlovga tegishlilik qoidalari buzilgan holda berilganda, uning shakli va mazmuniga qoʻyilgan talablarga rioya etilmaganda yoki unga qonunda nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmaganda, u IPKning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan qaytariladi. Ishni koʻrish vaqtida arizaning sudlovga tegishlilik qoidalari buzilgan holda ish yuritishga qabul qilinganligi aniqlansa, ish IPKning 39-moddasiga asosan tegishli iqtisodiy sudga oʻtkaziladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
21. Iqtisodiy sudlar nazarda tutishlari lozimki, agar hakamlik sudida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan filial yoki vakolatxonaga nisbatan huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida nizo koʻrib chiqilgan boʻlib, bunday hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi iqtisodiy sudga ariza berilganda, IPKning 25-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda bunday arizani qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga muvofiq tugatiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, IPKning 311-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda esa, bunday ish materiallari taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha sudga oʻtkaziladi. Agar ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish va iqtisodiy sud ishini yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Iqtisodiy sudlar IPK 230 “Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi”, 231 “Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berishni rad etish asoslari”, 232 “Iqtisodiy sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ajrimi” — moddalarini amaliyotda qoʻllashda mazkur qarorning 2–4, 7–11, 15 va 16-bandlarida berilgan tushuntirishlarga asoslanishi lozim.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
23. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish jarayonida hakamlik sudining hal qiluv qarori qisman ijro etilganligi aniqlansa va ijro varaqasini berishni rad etish uchun asoslar mavjud boʻlmasa, ajrim hakamlik sudi hal qiluv qarorining ijro etilmagan qismi boʻyicha chiqariladi. Bunda hakamlik sudi hal qiluv qarorining qisman ijro etilganligini tasdiqlovchi dalillar sudga manfaatdor shaxs tomonidan taqdim etiladi.
24. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, hakamlik sudi hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.
Kelishuv bitimining shartlari hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan ixtiyoriy ravishda ijro etilishi lozim.
Kelishuv bitimi shartlarining ixtiyoriy ijro etilmaganligi manfaatdor tarafning arizasi boʻyicha vakolatli sud tomonidan ijro varaqasi berish uchun asos boʻladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish jarayonida kelishuv bitimini tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sudlarga tushuntirilsinki, hakamlik sudining hal qiluv qarorini ijro etish bosqichida tuzilgan kelishuv bitimi ijro hujjatini bergan sud tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Iqtisodiy sudning hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan ajrimi darhol ijro etiladi. Shu bois, ajrim asosida iqtisodiy sud ijro varaqasini beradi.
(25-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Undiruvchining elektron manzili mavjud boʻlgan taqdirda, sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklidagi ijro varaqasi axborot tizimi orqali yuborilishi mumkin.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 25-fevraldagi 292-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
26. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqilishi alohida toifadagi ish hisoblanmaydi. Ammo, bunday ariza iqtisodiy sudga taqdim etilganda, sud uni ish yuritishga qabul qilishi va ishga alohida raqam berishi lozim.
(26-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlarga tushuntirilsinki, hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash haqidagi ariza hakamlik muhokamasi tarafi tomonidan hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoki qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi yoxud agar qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joy nomaʼlum boʻlsa qarzdorning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi va IPKning 93–100-moddalarida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
(26-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudi tomonidan daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori qabul qilingan taqdirda, daʼvoni taʼminlash choralari hakamlik muhokamasi tarafining arizasiga binoan iqtisodiy sudi tomonidan IPK 99-moddasining beshinchi qismi va Qonun 32-moddasining oltinchi qismiga asosan sud majlisi oʻtkazilmasdan bekor qilinadi.
(26-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oliy xoʻjalik sudi raisi D. MIRZAKARIMOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya M. IZRAILBEKOVA
Toshkent sh.,
2012-yil 15-iyun,
238-son