Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq hamda favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi rahbari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 8-sentabr,
248-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi 248-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Pochta aloqasi toʻgʻrisida” hamda “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2012-yil 19-dekabrdagi 355-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2011-yil 24-avgustdagi 242-son qarorlariga muvofiq favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizom pochta va kuryerlik xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar sifatida qonunchilikka muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtgan pochta aloqasi operatorlari va provayderlariga hamda ushbu xizmatlardan foydalanuvchilarga tatbiq etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va muassasalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va davlat organlarini tugatish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
3. Favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatilishini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki alohida joylarida belgilangan qonuniy rejimga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
karantin zonasi — yuqumli kasalliklarning aniqlanishi oqibatida karantin rejimi oʻrnatilgan hudud;
favqulodda vaziyat zonasi — xavfli omillarning paydo boʻlishi yoki ular oqibatlarining boshqa tumanlardan tarqalishi natijasida favqulodda vaziyat yuzaga kelgan hudud yoki akvatoriya;
observatsiya — tibbiy va veterinariya kuzatuvini kuchaytirish hamda epidemiyaga qarshi, davolash-profilaktika va veterinariya-sanitariya tadbirlarini oʻtkazish bilan bir qatorda observatsiya zonasini hosil qiladigan karantin zonasiga tutash boʻlgan barcha maʼmuriy-hududiy tuzilmalarda odamlar yoki qishloq xoʻjaligi hayvonlarining koʻchib yurishi va harakatlanishining cheklanishini nazarda tutuvchi rejimli-cheklovchi tadbirlar;
evakuatsiya rayoni — favqulodda vaziyatlardan yoki harbiy harakatlardan zararlanish ehtimoli boʻlgan zonalardan tashqarida joylashgan hudud;
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining rahbar organlari (keyingi oʻrinlarda FVDT rahbar organlari deb ataladi) — vakolatiga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalalarini hal etish kiradigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar;
pochta aloqasi obyektlari ishlashining barqarorligi — pochta aloqasi obyektlarining favqulodda vaziyatlar sharoitlarida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va aholi ehtiyojini qondiruvchi hajmda va nomenklaturada pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish boʻyicha asosiy ishlarni bajarishga qodirligi, shuningdek buzilgan funksiyalarni eng qisqa muddatlarda tiklash imkoniyati;
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
favqulodda vaziyatni bartaraf etish shtabi — favqulodda vaziyatning xususiyatini baholash, uning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik va uni bartaraf etish, bevosita ofat yuz bergan hududda aholini, hududlar va atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlari rahbarining qarori bilan tashkil etiladigan organ.
II. Favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
5. Favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi operatorlari va provayderlari faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan pochta aloqasi sohasida maxsus vakolat berilgan organ — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan, favqulodda vaziyatni bartaraf etish shtabi bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Favqulodda vaziyatlarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi foydalanuvchilarga xizmatlar koʻrsatilishini, FVDT rahbar organlariga pochta aloqasi xizmatlarining ustuvor darajada koʻrsatilishini toʻxtatib qoʻyish yoki cheklash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
7. Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatilishini toʻxtatib qoʻyish va cheklash toʻgʻrisidagi qaror quyidagi holatlarda qabul qilinadi:
foydalanuvchilar va FVDT rahbar organlari ehtiyojlarini qondirish uchun pochta aloqasi operatorlari, provayderlarining pochta aloqasi vositalari yetishmaganda (cheklanganda);
favqulodda vaziyatlar tufayli pochta aloqasi obyektlarining barqaror ishlashidagi buzilishlar bilan ifodalanadigan pochta aloqasi tarmogʻi va vositalarining holati oʻzgarganda;
zararlanish joyi paydo boʻlganda va zararlangan hududda karantin va kuzatib turish rejimi oʻrnatilganda.
Foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatilishini toʻxtatib qoʻyish va cheklash toʻgʻrisidagi qaror favqulodda vaziyatni bartaraf etish shtabining asoslangan takliflari hamda favqulodda vaziyatlar zonasidagi pochta aloqasi tarmoqlari va vositalari holatini tahlil qilish asosida qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Qabul qilingan qaror Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining farmoyishi bilan rasmiylashtiriladi hamda telekommunikatsiya vositalari yordamida pochta aloqasi operatorlari va provayderlariga yetkaziladi hamda darhol bajariladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
9. Foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish cheklangan holatda boʻlganda nomenklaturani oʻzgartirish va foydalanuvchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar hajmlarini qisqartirish, xizmatlar koʻrsatish toʻxtatib qoʻyilganda esa — belgilangan huquqiy rejim bekor qilingungacha foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatishni toʻliq toʻxtatish nazarda tutiladi.
10. Foydalanuvchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar turlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi zarur axborot materiali pochta aloqasi obyektlari ichida, foydalanuvchilarga koʻrinarli va qulay joyda boʻlishi kerak.
Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatishning toʻliq toʻxtatilishi toʻgʻrisidagi axborot pochta aloqasi obyektiga kiriladigan joyga joylashtiriladi.
11. Pochta aloqasi operatorlari, provayderlari tomonidan favqulodda vaziyatlarda pochta aloqasi xizmatlarini tashkil etish sharoitlarini taʼminlash uchun tegishli xatti-harakatlar rejalari oldindan ishlab chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Pochta aloqasining koʻrsatilishi kerak boʻlgan xizmatlar nomenklaturasi va turlarini favqulodda vaziyatlar hududlarida va evakuatsiya rayonlaridagi ehtiyojlar, yuzaga kelgan vaziyat, pochta aloqasi operatorlari, provayderlaridagi kuchlar va vositalar mavjudligidan kelib chiqqan holda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishuvga koʻra favqulodda vaziyatni bartaraf etish shtabi belgilaydi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
13. Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda pochta aloqasi operatorlari amaldagi pochta yoʻnalishlariga oʻzgartirishlar kiritadilar yoki joy, yoʻl tarmogʻi va atrofdagi tabiiy muhit sharoitlarini hisobga olgan holda favqulodda vaziyat zonasida qoʻshimcha ravishda pochta yoʻnalishlari tashkil etadilar.
14. Karantin va kuzatib turish zonasi eʼlon qilingan joylarda respublikaning boshqa hududlariga yoʻllangan pochta, kuryerlik joʻnatmalari qabul qilinmaydi. Ayni vaqtda respublikaning boshqa hududlaridan karantin va kuzatib turish zonasiga yoʻllangan pochta, kuryerlik joʻnatmalari toʻsqinliksiz qabul qilinadi. Karantin va kuzatib turish zonalari chegaralarida pochta almashinuvi aholi xavfsizligi va atrofdagi tabiiy muhitni muhofaza qilishning zarur shartlari va choralariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Evakuatsiya hududlarida pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va favqulodda vaziyatni bartaraf etish shtabi bilan kelishuvga koʻra pochta aloqasi operatorlari tomonidan pochta aloqasining amaldagi obyektlari yiriklashtiriladi, shuningdek foydalanuvchilarga tegishli axborotni yetkazgan holda, evakuatsiya hududlariga kelgan pochta aloqasi xodimlari hisobiga vaqtinchalik, koʻchma pochta aloqasi boʻlimlari (qabul qiluvchi evakuatsiya punktlarida, davolash muassasalarida, evakuatsiya qilinganlarni joylashtirish chodirlaridan tashkil topgan lagerlarda) tashkil etiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
16. Evakuatsiya hududlaridagi pochta aloqasi obyektlarida pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlari oʻtkazmalarining qayta joʻnatilishini taʼminlovchi qayta joʻnatish xizmati tashkil etilishi kerak.
17. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari favqulodda vaziyat zonasidagi foydalanuvchilarni pochta, kuryerlik joʻnatmalarini, pul mablagʻlari oʻtkazmalarini evakuatsiya hududlaridagi ularning yangi joylashgan joyiga qayta joʻnatish toʻgʻrisidagi arizalarni rasmiylashtirish tartibi haqida xabardor qilishni taʼminlashi kerak.
18. Joʻnatish yoʻnalishi belgilanmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yoʻllangan pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalari quyidagi muddat davomida yetkazib beruvchi obyektlarda saqlanadi:
oddiy va buyurtma pochta joʻnatmalari — 5 sutka;
kuryerlik joʻnatmalari — 5 sutka;
qiymati eʼlon qilingan xatlar va banderollar, posilkalar — 10 sutka;
pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalari — 10 sutka.
Koʻrsatilgan muddatlardan keyin pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalari joʻnatuvchilarga qaytariladi.
19. Favqulodda vaziyatlar sharoitlarida pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini joʻnatish va yetkazib berish (topshirish) pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlari pochta oʻtkazmalarining tegishli turlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
20. Favqulodda vaziyatlar sharoitlarida foydalanuvchilarga koʻrsatiladigan pochta aloqasi xizmatlari uchun haq amaldagi tariflar boʻyicha toʻlanadi.
III. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
21. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari mazkur Nizom talablarini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javob berishadi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 237-moddasi va 24-bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi 163-son “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarori.
22. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta va kuryerlik joʻnatmalarining yoʻqolishi, buzilishi (shikastlanishi), topshirilmaganligi yoki ularni joʻnatish muddatlarining buzilganligi uchun, agar bunday holatlar yengib boʻlmaydigan kuch holatlari sababli yuz berganligi isbotlansa, javobgar boʻlmaydilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 37-son, 467-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)