|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.03.2019
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-martdagi 218-sonli “Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2013-yil 30-apreldagi O‘RQ-352-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek xalqaro prinsiplar va standartlarga muvofiq auditorlik faoliyatini yanada takomillashtirish, auditorlik tekshirishlar rolini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 9-son, 62-modda) bilan tasdiqlangan Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 3-sentabr,
247-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-sentabrdagi 247-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 2-bandning beshinchi xatboshidagi va 261-bandning uchinchi xatboshidagi “ochiq” so‘zi chiqarib tashlansin.
2. 6-bandning birinchi xatboshidagi “to‘lov” so‘zi “litsenziyalovchi organga ariza taqdim etilgan” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. 8-bandning ikkinchi xatboshidagi “litsenziya bitimi loyihasi ilova qilingan holda” so‘zlari chiqarib tashlansin.
4. 22-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“22. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda ariza olingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida amalga oshiriladi”.
5. 25-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“25. Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar auditorlik tashkiloti o‘z faoliyatini ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi. Mazkur Nizom 21-bandining birinchi xatboshi talablari buzilgan holda auditorlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi”.
6. 26-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“26. Quyidagilar auditorlik faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
“Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga, auditorlik faoliyati standartlari, shuningdek boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
litsenziya olinayotganda va auditorlik faoliyati amalga oshirilayotganda mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda to‘liq shakllantirilgan ustav kapitaliga ega bo‘lish;
faqat auditorlik faoliyatini amalga oshirish;
auditorlik tashkiloti mas’uliyatini sug‘urta qilish polisiga ega bo‘lish;
auditor tomonidan auditorlik faoliyatini faqat bitta auditorlik tashkilotida amalga oshirish;
shtatda auditorlar sonining mazkur Nizomda nazarda tutilgan miqdorda bo‘lishi;
litsenziya turiga muvofiq shtatdagi auditorlarda xalqaro buxgalter sertifikatining bo‘lishi;
auditorlik tekshiruvi o‘tkazish chog‘ida olingan axborotning sir saqlanishini ta’minlash;
auditorlik xizmatlari ko‘rsatishda shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish;
auditorlik tashkiloti rahbari lavozimiga faqat ushbu auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi hisoblangan auditorni tayinlash;
auditorlik tashkiloti rahbarining uch yilda bir marotaba litsenziyalovchi organda attestatsiyadan o‘tishi;
auditorlik faoliyatini amalga oshirishda mustaqillikni ta’minlash;
auditorlik faoliyati standartlariga muvofiq auditorlik hisoboti tuzish va auditorlik xulosasi berish;
auditorlik tashkilotlarida ichki standartlarning mavjudligi;
o‘z pochta manzili o‘zgargani to‘g‘risida litsenziyalovchi organni 10 kun muddatda xabardor qilish;
auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir yilda bir marta, belgilangan shaklda litsenziyalovchi organga taqdim etish, shuningdek auditorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa axborotlarni litsenziyalovchi organ talabi bo‘yicha taqdim etish;
auditorlar ishlari sifatining nazoratini ta’minlash;
auditorlarning bir yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishini ta’minlash;
auditorlik tashkiloti rahbari almashganligi va (yoki) auditorlar tarkibi o‘zgarganligi to‘g‘risida litsenziyalovchi organni 5 kun muddatda xabardor qilish;
auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya qilish”.
7. 34-bandning yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“auditorlik faoliyatini amalga oshirishda auditorlik tashkiloti mas’uliyatini sug‘urta qilish polisining mavjud emasligi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 36-son, 455-modda)