Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTR VA ISSIQLIK ENERGIYASI UCHUN HISOB-KITOB QILISH INTIZOMINI KUCHAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarida elektr va issiqlik energiyasi uchun hisob-kitob qilish bo‘yicha nomaqbul holat saqlanib qolmoqda. Energiya uchun to‘lov bo‘yicha qarzlarning ko‘payishi, hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlarini noto‘g‘ri aks ettirish, elektr va issiqlik energiyasi berish tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish hollariga yo‘l qo‘yilmoqda. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi rahbariyati tomonidan mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, to‘lov muddati o‘tgan qarzlari bo‘lgan iste’molchilarga energiya berilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mufassal chora-tadbirlar ko‘rilmayapti.
O‘zaro hisob-kitob qilishda to‘lov intizomini kuchaytirish, yetkazib berilayotgan elektr energiyasi uchun iste’molchilarning barcha toifalari tomonidan haqning so‘zsiz to‘lanishini ta’minlash, energetika kompleksi korxonalarini zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi rahbariyatiga elektr energiyasini uzatish vaqtida uning isrof bo‘lish darajasini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarining yetarli emasligi, yetkazib berilayotgan elektr va issiqlik energiyasi uchun iste’molchilar tomonidan o‘z vaqtida va to‘liq hisob-kitob qilinishi, ularni hisobga olish priborlaridan to‘g‘ri foydalanilishini ta’minlash yuzasidan talabchanlikning susaytirib yuborilganligi va zarur nazoratning yo‘qligi ko‘rsatib o‘tilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
elektr va issiqlik energiyasi o‘g‘irlanishi, hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlarining noto‘g‘ri aks ettirilishi, elektr va issiqlik energiyasi uzatish tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish, tomonidan ulab berish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-sentabrdagi 728-sonli qarori tahririda)
iste’molchilarda o‘rnatilgan elektr va issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari holatini tekshirishga va ko‘rsatkichlarini yozib olishga to‘sqinlik qilish hollari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan darajadagi javobgarlikka tortsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
aholidan tashqari, barcha toifalardagi iste’molchilar uchun energiya (quvvat) yetkazib berish “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va tegishli ravishda issiqlik ta’minoti tashkilotlari korxonalari tomonidan belgilangan muddatlarda va shartnoma shartlarida nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib beriladigan elektr va issiqlik energiyasi uchun majburiy ravishda oldindan haq (avans to‘lovi) to‘lagan holda hamda o‘z vaqtida yakuniy hisob-kitob qilgan holda amalga oshiriladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-sentabrdagi 728-sonli qarori tahririda)
iste’molchining hisob-kitob qilinadigan davri boshlangungacha haqni oldindan to‘lamagan yoki yakuniy hisob-kitobni o‘z vaqtida amalga oshirmagan energiya iste’molchilariga energiya berish to‘xtatiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
qarzi bo‘lgan elektr va issiqlik energiyasi iste’molchilarini uzib qo‘yish hamda ularni qaytadan ulash bo‘yicha xarajatlar iste’molchilarning o‘z hisobidan qoplanadi;
(3-bandning to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-apreldagi 66-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 108-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning beshinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-apreldagi 66-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 108-modda)
4. Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi bir oy muddatda:
iste’molchilarning moliyaviy ahvolini hisobga olgan holda, elektr va issiqlik energiyasi uchun 2003-yil 1-sentabrgacha vujudga kelgan qarzlarni;
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarining budjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha, yoqilg‘i va temir yo‘l tashuvlari uchun qarzlarini to‘lash jadvallarini tasdiqlasin va ularning bajarilishini qattiq nazoratga olsin.
5. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning elektr tarmoqlarida elektr energiyasi berishda energiya sarfi ko‘rsatkichlarini buzib ko‘rsatishdan himoya qilish va texnologik sarf hajmlarini aniqlash uchun iste’molchilarda (maishiy iste’molchilardan tashqari) o‘rnatilgan elektr va issiqlik energiyasini hisobga olish priborlaridan ko‘rsatkichlarni har oyda yozib olish, elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini buzuvchilarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini ko‘rish ta’minlansin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-sentabrdagi 728-sonli qarori tahririda)
6. “O‘zdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi va “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi:
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-sonli qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 9-son, 105-modda)
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda elektr energiyasini uzatishda uning magistral va taqsimlash tarmoqlarida isrof bo‘lishining yo‘l qo‘yiladigan cheklangan normativlarini tasdiqlasinlar;
quvvati 10 kilovattgacha bo‘lgan elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soddalashtirilgan talablar to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari K.N. To‘laganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 5-avgust,
341-son
Vazirlar Mahkamasining
2003-yil 5-avgustdagi
341-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 27-yanvardagi 32-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 3-4-son, 26-modda)
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Suv taqchilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga va Xorazm viloyatiga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 20-iyuldagi 279-son qarorining 8-bandi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Foydalanilayotgan elektr energiyasi uchun o‘zaro hisob-kitoblar tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 5-dekabrdagi 469-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 74-modda) 1-ilovaning 7-bandi va 8-bandining uchinchi xatboshi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2001-yilda respublika qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2001-yil 15-fevraldagi 79-son qarorining 4-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 15-16-son, 124-modda; 2004-y., 9-son, 105-modda; 2005-y., 3-4-son, 26-modda; 2010-y., 14-15-son, 108-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)