Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-iyuldagi 467-sonli “Yer qaʼri davlat fondi maʼlumotlarini yuritish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda respublika foydali qazilmalari konlarini tizimlashtirish, ular zaxiralarining davriy harakatini hisobga olish, shuningdek davlat organlarini tegishli maʼlumotlar bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarini hisobga olish va hisobot balanslarini tuzish boʻyicha Yoʻriqnoma tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 29-iyul,
206-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 206-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8 va 15-moddalari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini (keyingi oʻrinlarda davlat balansi deb yuritiladi) yuritish tartibini belgilab beradi.
2. Davlat balansi foydali qazilmalar zaxiralarining miqdori, sifati, foydali qazilmalar konlarining oʻrganilganlik va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirilganlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan foydali qazilmalar zaxiralarini hisobga olish boʻyicha yigʻma hujjatni oʻz ichiga oladi.
3. Davlat balansi sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan konlar kesimida, ularning maʼmuriy-hududiy joylashishini aks ettirgan holda foydali qazilmalar turlari boʻyicha har yili (har yili 1-yanvar holatiga koʻra) tuziladi.
4. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
foydali qazilmalarning balansdagi zaxiralari — joriy davrda foydalanish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlgan zaxiralar (kon zaxiralarini hisoblab chiqish uchun belgilangan konditsiyalarni qondiradi);
foydali qazilmalarning balansdan tashqari zaxiralari — balans zaxirasini oʻrganilganlik boʻyicha taqdim qilinadigan talablarga javob beradigan, biroq baholash vaqtida konchilik-texnikaviy, sifat, ekologik va boshqa sabablarga koʻra foydalanish mumkin boʻlmagan, shuningdek keyinchalik sanoat yoʻsinida oʻzlashtirish obyekti boʻlishi mumkin boʻlgan zaxiralar;
foydali qazilmalar zaxiralari toifalari (A, V, S1, S2) — konlarning oʻrganilganlik darajasi, xom ashyo sifati va foydali qazilmalarni qazib olishning konchilik-texnikaviy shart-sharoitlarga bogʻliq holda belgilanadigan zaxiralar toifasi;
yer qaʼridan foydalanuvchilar — muayyan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish uchun oʻzlariga berilgan huquqlariga muvofiq faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
II. Davlat balansini yuritishning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Davlat balansini yuritishning asosiy maqsadi respublika mineral-xom ashyo bazasining umumiy holati tavsifi, uni oʻrganilganlik va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirish darajasi, mineral xom ashyoni qazib chiqarish va qayta ishlash boʻyicha yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalari tashabbusi bilan chiqish, xom ashyo bazasini qayta toʻldirish uchun keyinchalik geologik jihatdan oʻrganish yoʻnalishlarini prognoz qilish hisoblanadi.
6. Quyidagilar Davlat balansini yuritishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
foydali qazilmalar zaxiralari holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, jumladan foydali qazilmalarning miqdori, sifati, ularning sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir turi boʻyicha oʻrganilganlik va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirish darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va turkumlashtirish;
respublika mintaqalari boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarining oʻzgarishini hisobga olgan holda konlar boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarining har yilgi harakatlarini tahlil qilish va hisobga olish;
davlat hokimiyati organlarini respublika va alohida mintaqalarning mineral-xom ashyo bazasining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash.
III. Hisobotni taqdim etish va davlat balansini yuritish tartibi
7. Foydali qazilmalar zaxiralarini hisobga olish konlar boʻyicha alohida, zarur hollarda ularning uchastkalari, alohida qatlamlar, gorizontlar, shaxta maydonlari, foydali qazilmalarning sanoat turi, ularni qazib olish usullari va zaxiralar toifasi boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan doimiy asosda yuritiladi.
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish va Davlat geologiya fondiga taqdim etish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi va Davlat geologiya fondiga taqdim etish pasporti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
8. Yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan har yili 1-fevralga qadar chegiriladigan zaxiralar (amalga oshirilgan qazib chiqarishlar va yoʻqotishlar) hajmi, qazib chiqarish jarayonida isbotlanmagan yoki qoʻshimcha ravishda koʻpaytirish hisobiga texnik chegaralarning oʻzgarishi, zaxiralarni hisobdan chiqarish, Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) qarorlari, shuningdek idoraviy komissiyalarning tezkor hisoblab chiqilgan zaxiralarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bayonnomalari asosida oʻtgan yil uchun foydali qazilmalar zaxiralarining hisobot balanslari (keyingi oʻrinlarda hisobot balanslari deb yuritiladi) tuziladi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
Hisobot balanslari:
qattiq foydali qazilmalar;
yer osti suvlari;
koʻmir va yonuvchi slanetslar;
neft, kondensat, yonuvchi gazlar (jumladan yoʻldosh komponentlar — etan, propan, butan, oltingugurt, geliy) boʻyicha alohida tuziladi.
9. Hisobot balanslariga quyidagilar aks ettiriladigan tushuntirish xati ilova qilinadi:
birinchi marta davlat balansiga kiritilayotgan konlar uchun — foydali qazilmalar zaxiralarining joylashgan joyi, miqdori, sifati, oʻrganilganlik va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirilishi darajasi, rudalarning texnologik xususiyatlari, konlarda qazib olishning konchilik-geologiya, konchilik-texnikaviy, gidrogeologik shart-sharoitlari, texnik-iqtisodiy baholashning asosiy koʻrsatkichlari, qidirib topilgan foydali qazilmalar zaxiralari bilan taʼminlanganligi;
davlat balansida hisobga olingan konlar uchun — konchilik-geologiya va texnik-iqtisodiy xususiyatining yangi maʼlumotlari, foydali qazilmalarning yangi aniqlangan qatlamlari, qazib chiqarilgan foydali qazilmalar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, mineral xom ashyodan majmuaviy foydalanish, geologiya-qidiruv ishlarining moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda foydali qazilmalar zaxiralarining koʻpaytirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek balansdan tashqari zaxiralarning oʻzgarishi (mavjud boʻlganda) va zaxiralarni hisobdan chiqarish sabablari.
10. Foydali qazilmani qazib chiqarish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda foydali qazilmani kamaytiradigan boʻsh jinslarini hisobga olmagan holda, agar ular balansdagi zaxiralariga kiritilmagan boʻlsa, yer qaʼridan olinadigan mineral xom ashyoning barcha miqdori hisobga olinishi kerak. Hisobot balansida qazib chiqarib kamaytirilgan va tovar rudalari miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilmaydi, biroq hisobot balansiga qoʻshiladigan tushuntirish xatida keltiriladi.
Qandaydir sabablarga koʻra, oʻtgan yillar uchun ilgari hisobga olinmagan foydali qazilmani qazib chiqarish hisobot yili uchun qazib chiqarish bilan birga koʻrsatiladi, biroq oʻtgan yilda qazib olingan xom ashyo izohda koʻrsatiladi.
Agar davlat balansida hisobga olingan kompleks rudalardagi yoʻldosh komponentlar yer qaʼridan asosiy foydali qazilma bilan birga qazib chiqarilsa, biroq keyingi texnologik qayta ishlashda yoʻqotilsa, izohda hisobdan chiqariladigan zaxiralar qazib olingan, lekin texnologik qayta ishlashda yoʻqotilganligini koʻrsatib oʻtish zarur.
11. Quyidagi holatlarda, agar:
foydali qazilmalarni qazib chiqarish balansdan tashqari zaxiralardan amalga oshirilsa va qazib chiqarilgan xom ashyo miqdori sanoatda foydalanilsa, unda qazib olingan xom ashyo miqdori qayta baholashdan oʻtgan sifatida hisobga olinadi hamda foydali qazilmalarning balansdan tashqari zaxiralari ushbu miqdorga kamaytiriladi;
balansdan tashqari foydali qazilmalar balansdagi foydali qazilmalar bilan birga qazib chiqarilsa, biroq sanoatda foydalanilmasa yoki konditsionli xom ashyo bilan birga kamaytiradigan jins sifatida qayta ishlab chiqarishga tushgan boʻlsa, foydali qazilmaning balansdan tashqari zaxiralari hisobot yilida qazib chiqarilgan sifatida hisobot balansida kamaytiriladi.
12. Hisobot balanslari shakllari Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (keyingi oʻrinlarda Kon-geologiya vazirligi deb yuritiladi) qaroriga koʻra, foydali qazilmalar turlari parametrlarining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi. Yer qaʼridan foydalanuvchilar oʻz hisobotlarini Kon-geologiya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar boʻyicha rasmiylashtirishi shart.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
13. Hisobot balansi yuridik shaxs — yer qaʼridan foydalanuvchi rahbari va bosh geologi (bosh muhandisi) tomonidan imzolanadi. Agar yer qaʼridan foydalanuvchi jismoniy shaxs hisoblansa, yagona shaxsning imzosiga ruxsat beriladi.
14. Qazib olinadigan konlar boʻyicha hisobot balanslari geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyasi mavjud boʻlganda, yer qaʼridan foydalanuvchilarning geologiya-marksheyderlik xizmatlari tomonidan tasdiqlanishi kerak hamda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb yuritiladi) bilan “Litsenziya” axborot tizimi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda YIDXP deb yuritiladi) orqali besh kun muddatda kelishiladi. Uglevodorodlar konlari va yer osti suvlari boʻyicha hisobot balanslarini yer qaʼridan foydalanuvchilarning tegishli funksiyalar yuklangan boshqa xizmatlari tomonidan tasdiqlashga ruxsat beriladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
Yer qaʼridan foydalanuvchilarda geodeziya va kartografiya faoliyatini boshlaganlik haqida xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma mavjud boʻlmaganda, hisobot balanslarini mazkur xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomaga ega jalb etilgan korxonalar tomonidan tasdiqlanishiga ruxsat beriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
15. Yer qaʼri uchastkalarini geologik oʻrganish va foydali qazilmalarni tajriba-sanoat yoʻsinida qazib chiqarish natijalari boʻyicha hisobotlar Davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (yoki qayta tasdiqlash) boʻyicha tegishli qarorlari nusxalari va idoraviy komissiyalarning tezkor hisoblab chiqilgan zaxiralarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bayonnomalari bilan birgalikda taqdim etiladi.
Shuningdek, agar keyinchalik qazib olishda isbotlanmaganligi, texnik chegaralarning oʻzgarganligi va boshqa sabablar bilan bogʻliq holda foydali qazilmalar zaxiralari konlar boʻyicha qayta hisoblab chiqilgan boʻlsa, hisobotlar Davlat komissiyasining tegishli qarorlari nusxalari bilan birgalikda taqdim etiladi.
16. Hisobot balanslari har yili 5-fevraldan kechikmasdan Kon-geologiya vazirligi tizimida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi Davlat geologiya fondiga yuborish:
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
noruda foydali qazilmalar boʻyicha — Inspeksiyaning hududiy boʻlinmalari;
rudali foydali qazilmalar va uglevodorodlar boʻyicha Inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
17. Davlat geologiya fondi 15-aprelgacha boʻlgan muddatda taqdim etilgan hisobot balanslarini umumlashtiradi, foydali qazilmalar turlari boʻyicha davlat balansini tayyorlaydi va uni oʻrganib chiqish uchun Kon-geologiya vazirligiga taqdim etadi.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
Neft, kondensat va tabiiy gaz boʻyicha davlat balansini umumlashtirish va tayyorlash “Oʻzbekneftgaz” MXKning vakolatli korxonasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
18. Kon-geologiya vazirligi 1-maygacha boʻlgan muddatda davlat balansini oʻrganishni yakunlaydi va uni nashr qilishga ruxsat beradi. Davlat balansi tarqatiladigan davlat organlari va korxonalar roʻyxati Kon-geologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat balansini Kon-geologiya vazirligi bilan kelishmasdan koʻpaytirish va tarqatish taqiqlanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
19. Davlat balansini yuritish ushbu Nizomga 3-ilovaga asosan sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
20. Hisobot balanslarini tayyorlash, ularni Davlat geologiya fondiga qabul qilishgacha foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (qayta tasdiqlash, hisobdan chiqarish) boʻyicha tegishli hisobotlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq ishlar yer qaʼridan foydalanuvchilar mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat geologiya fondining davlat balanslarini yuritish bilan bogʻliq ishlari Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishiladigan har yilgi mineral-xom ashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish dasturlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
IV. Davlat balansida aks ettiriladigan maʼlumotlarga talablar
21. Davlat balansida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
yer qaʼridan foydalanuvchining nomi, foydali qazilmalar zaxiralarini qabul qilish — berish boʻyicha Idoralararo komissiya dalolatnomasining tartib raqami va sanasi;
foydali qazilmalar konlari joylashgan joyi;
foydali qazilmalar konlarining oʻrganilganlik va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirish darajasi;
foydali qazilmalarning sifati;
foydali qazilmalar zaxiralarining konlar, alohida uchastkalar, qatlamlar, gorizontlar va boshqalar kesimidagi hajmi;
konlardan foydalanishda foydali qazilmalarni har yilgi qazib chiqarish (qazib chiqarishda yoʻqotishni hisobga olgan holda) hajmi;
foydali qazilmalar zaxiralarining geologik oʻrganish, qayta baholash va hisobdan chiqarish natijasida turli sabablarga (qazib olishda isbotlanmagan, chegaralari oʻzgarganda va boshqalarda) koʻra oʻzgargan hajmi;
Davlat komissiyasining konni davlat balansida hisobga olish uchun asos hisoblangan foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash boʻyicha tegishli qarori;
qazib chiqaruvchi korxonalarning qidirib topilgan foydali qazilmalar bilan taʼminlanganligi (qazib olinadigan konlar boʻyicha).
22. Davlat balansida foydali qazilmalar zaxiralarini hisobga olish:
balansdagi va balansdan tashqari;
zaxiralar toifalari boʻyicha;
rudalarning texnologik turlari boʻyicha;
foydali qazilmalarni qazib chiqarishning konchilik-texnik shart-sharoitlari boʻyicha;
foydali qazilmalar konlarini oʻrganilganlik va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirish darajasi boʻyicha (qidirilayotgan, sanoat yoʻsinida oʻzlashtirishga tayyorlangan, qazib olinadigan, konservatsiya qilingan) boʻlingan holda aks ettiriladi.
23. Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan foydali yoʻldosh komponentlar zaxiralari ularni boyitish jarayonida chiqarib olish va keyinchalik qayta ishlashdan qatʼi nazar, hisobga olinishi kerak.
24. Davlat balansida foydali qazilmalar zaxiralari oʻlchov birligi ularning har bir turi boʻyicha bir xil qoʻllaniladi.
V. Yakuniy qoidalar
25. Hisobot balanslari taqdim etadigan yer qaʼridan foydalanuvchilar va foydali qazilmalar zaxiralari harakati hajmini tasdiqlovchi korxonalar taqdim etiladigan maʼlumotlarning ishonchliligi yuzasidan javob beradi.
26. Foydali qazilmalar zaxiralari va ular tarkibidagi komponentlar holati va ularning harakatini hisobga olish yuzasidan nazorat qilish inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-fevraldagi 111-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2019-y., 09/19/111/2596-son)
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish va Davlat geologiya fondiga taqdim etish
SXEMASI

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

Yer qaʼridan foydalanuvchilar

1. Geologik oʻrganish natijasida foydali qazilmalar zaxiralarini tezkor koʻpaytirish yuzasidan idoraviy komissiyalarning tezkor hisoblab chiqilgan zaxiralarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bayonnomalarini rasmiylashtiradi.

2. Geologik oʻrganish natijalari yuzasidan Davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (qayta tasdiqlash, hisobdan chiqarish) boʻyicha qarorini rasmiylashtiradi.

3. Foydali qazilmalarni qazib chiqarish natijasida chegirish (qazib chiqarish, yoʻqotish) va foydali qazilmalarning tezkor oʻzgartirilgan zaxiralarining hisobot balanslarini tayyorlaydi.

Har yili 1-fevralga qadar

Yer qaʼridan foydalanuvchilar

Hisobotlarni Davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (yoki qayta tasdiqlash) boʻyicha tegishli qarorlarining nusxalari va idoraviy komissiyalarning tezkor hisoblab chiqilgan zaxiralarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bayonnomalari bilan birgalikda “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali Davlat geologiya fondiga taqdim etadi.

Har yili 1-fevralga qadar

Foydali qazilmalarni qazib chiqarish natijasida chegirish (qazib chiqarish, yoʻqotish) va foydali qazilmalarning tezkor oʻzgartirilgan zaxiralarining hisobot balanslarini “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali kelishish uchun Inspeksiyaga taqdim etadi.

Inspeksiya

Foydali qazilmalarni qazib chiqarish natijasida chegirish (qazib chiqarish, yoʻqotish) va foydali qazilmalarning tezkor oʻzgartirilgan zaxiralarining hisobot balanslarini kelishadi va Davlat geologiya fondiga yuboradi. Hisobot balanslarining kelishilganligi haqida “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali yer qaʼridan foydalanuvchilarni xabardor qiladi.

5 kunda

Davlat geologiya fondi

Yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan hisobot balanslarini umumlashtiradi, foydali qazilmalar turlari boʻyicha davlat balansini tayyorlaydi va oʻrganib chiqish uchun Kon-geologiya vazirligiga taqdim etadi.

Har yili 15-aprelgacha

Kon-geologiya vazirligi

Davlat balansini oʻrganishni yakunlaydi va nashr qilishga ruxsat beradi.

Davlat balansi tarqatiladigan davlat organlari va korxonalar roʻyxatini tasdiqlaydi.

Har yili 1-maygacha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi va Davlat geologiya fondiga taqdim etish
PASPORTI

1.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning nomi:

Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi va Davlat geologiya fondiga taqdim etish.

2.

Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar):

Geologik oʻrganish natijasida foydali qazilmalar zaxiralarining hisobot balanslarini yuritish.

3.

Ariza beruvchilar toifasi:

Yuridik shaxs.

4.

Ruxsat etish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ:

Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi tasarrufidagi Davlat geologiya fondi.

5.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:

1. Geologik oʻrganish natijasida foydali qazilmalar zaxiralarini tezkor koʻpaytirish yuzasidan idoraviy komissiyalarning tezkor hisoblab chiqilgan zaxiralarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bayonnomasi.

2. Geologik oʻrganish natijalari yuzasidan Davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (qayta tasdiqlash, hisobdan chiqarish) toʻgʻrisidagi qarori.

3. Foydali qazilmalarni qazib chiqarish natijasida chegirish (qazib chiqarish, yoʻqotish) va foydali qazilmalarning tezkor oʻzgartirilgan zaxiralarining hisobot balanslari.

6.

Arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan yigʻim miqdori:

Yigʻim undirilmaydi

7.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi uchun undiriladigan yigʻim miqdori:

Yigʻim undirilmaydi

8.

Arizani koʻrib chiqish muddati:

5 ish kuni

9.

Ruxsat etishga oid talab va shartlar:

Hisobot balanslariga quyidagilar aks ettiriladigan tushuntirish xati ilova qilinadi:

birinchi marta davlat balansiga kiritilayotgan konlar uchun — foydali qazilmalar zaxiralarining joylashgan joyi, miqdori, sifati, oʻrganilganlik va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirilish darajasi, rudalarning texnologik xususiyatlari, konlarda qazib olishning konchilik-geologiya, konchilik-texnik, gidrogeologik shart-sharoitlari, texnik-iqtisodiy baholashning asosiy koʻrsatkichlari, qidirib topilgan foydali qazilmalar zaxiralari bilan taʼminlanganligi;

davlat balansida hisobga olingan konlar uchun — konchilik-geologiya va texnik-iqtisodiy xususiyatning yangi maʼlumotlari, foydali qazilmalarning yangi aniqlangan qatlamlari, qazib chiqarilgan foydali qazilmalar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, mineral xom ashyodan kompleks foydalanish, geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda, foydali qazilmalar zaxiralarining koʻpaytirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, balansdan tashqari zaxiralarning oʻzgarishi (mavjud boʻlganda) va zaxiralarni hisobdan chiqarish sabablari.

Foydali qazilmani qazib chiqarish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda foydali qazilmani kamaytiradigan boʻsh jinslarni hisobga olmagan holda, agar ular balansdagi zaxiralarga kiritilmagan boʻlsa, yer qaʼridan olinadigan mineral xom ashyoning barcha miqdori hisobga olinadi. Hisobot balansida qazib chiqarib kamaytirilgan va tovar rudalari miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

Qandaydir sabablarga koʻra, oʻtgan yillar uchun ilgari hisobga olinmagan foydali qazilmani qazib chiqarish hisobot yili uchun qazib chiqarish bilan birga koʻrsatish, biroq oʻtgan yilda qazib olingan xom ashyoni izohda koʻrsatish.

Agar davlat balansida hisobga olingan kompleks rudalardagi yoʻldosh komponentlar yer qaʼridan asosiy foydali qazilma bilan birga qazib chiqarilsa, biroq keyingi texnologik qayta ishlashda yoʻqotilsa, izohda hisobdan chiqariladigan zaxiralar qazib olinganini, lekin texnologik qayta ishlashda yoʻqotilganligini koʻrsatish.

10.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishda kelishiladigan organlar:

Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi

11.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati:

Yer qaʼridan foydalanuvchilar har yili 1-fevralga qadar geologik oʻrganish natijasida foydali qazilmalar zaxiralarining hisobot balanslarini taqdim etadi.

12.

Izoh:

Quyidagilar Davlat balansini yuritishning asosiy vazifalari hisoblanadi:

foydali qazilmalar zaxiralari holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, jumladan foydali qazilmalarning miqdori, sifati, ularning sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir turi boʻyicha oʻrganilganligi va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirish darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va turkumlashtirish;

respublika hududlari boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarining oʻzgarishini hisobga olgan holda, konlar boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarining har yilgi harakatlarini tahlil qilish va hisobga olish;

davlat hokimiyati organlarini respublika va alohida hududlar mineral-xom ashyo bazasining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
3-ILOVA
Foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansini yuritish
SXEMASI
Izoh: neft, kondensat, yonuvchi gaz (jumladan yoʻldosh komponentlar) boʻyicha davlat balansini umumlashtirish va tayyorlash “Oʻzbekneftgaz” MXKning vakolatli korxonasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-fevraldagi 111-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2019-y., 09/19/111/2596-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 31-son, 383-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2019-y., 09/19/111/2596-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)