Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida
1-modda. Mazkur Qonunning maqsadi
Mazkur Qonunning maqsadi Oʻzbekiston xalqining madaniy merosini asrash, madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda olib chiqilishi va olib kirilishidan muhofaza qilish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan, ularning Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishining yagona tartibini belgilashdan, shuningdek xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Mazkur Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
madaniy boyliklar — moddiy dunyoning milliy, tarixiy, badiiy, ilmiy-maʼrifiy, maʼnaviy-axloqiy va boshqa madaniy ahamiyatga molik koʻchar ashyolari;
madaniy boyliklarning olib chiqilishi — madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ularni qaytarib olib kirish majburiyatisiz bojxona chegarasi orqali olib oʻtish;
madaniy boyliklarning olib kirilishi — madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ularni qaytarib olib chiqish majburiyatisiz bojxona chegarasi orqali olib oʻtish;
madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi — madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ularni shartlashib qoʻyilgan muddatda qaytarib olib kirish majburiyati bilan bojxona chegarasi orqali olib oʻtish;
madaniy boyliklarning vaqtincha olib kirilishi — madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ularni shartlashib qoʻyilgan muddatda qaytarib olib chiqish majburiyati bilan bojxona chegarasi orqali olib oʻtish.
4-modda. Mazkur Qonunning taʼsiri ostida boʻladigan madaniy boyliklar
Quyidagilar mazkur Qonunning taʼsiri ostida boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan yaratilgan madaniy boyliklar;
chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida yaratilgan madaniy boyliklar;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida topilgan madaniy boyliklar;
Oldingi tahrirga qarang.
muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida, arxivlarda, idoraviy arxivlarda, kino-, foto-, fonotekalarda, suratlar galereyalarida va boshqa saqlash joylarida toʻplangan madaniy boyliklar;
(4-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
qaysi davlatlarga mansub boʻlsa, oʻsha davlatlarning vakolatli organlari roziligi bilan arxeologik, etnologik va tabiiy-ilmiy ekspeditsiyalar tomonidan qoʻlga kiritilgan madaniy boyliklar;
ixtiyoriy ravishda ayirboshlashlar natijasida olingan madaniy boyliklar;
qaysi davlatlarga mansub boʻlsa, oʻsha davlatlarning vakolatli organlari roziligi bilan meros, hadya sifatida olingan yoki qonuniy qoʻlga kiritilgan madaniy boyliklar;
chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan madaniy boyliklar.
5-modda. Davlat organlarining madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solishni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi amalga oshiradi.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi OʻRQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi:
(5-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi OʻRQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tartibda madaniy boyliklar sirasiga kiruvchi ashyolarning toifasini aniqlaydi;
madaniy boyliklarning olib chiqilishi, vaqtincha olib chiqilishi mumkinligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan, shuningdek vaqtincha olib chiqilayotgan va vaqtincha olib kirilayotgan madaniy boyliklarni roʻyxatga oladi;
olib chiqiladi, vaqtincha olib chiqiladi deb eʼlon qilingan, shuningdek vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarib olib kelingan madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
madaniy boyliklarning olib chiqilishi va vaqtincha olib chiqilishi huquqini beruvchi sertifikatlar beradi;
(5-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
ushlab qolingan yoki musodara qilingan madaniy boyliklarni tegishli davlat organlaridan qabul qilib oladi, ularni ekspertizadan oʻtkazadi hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi 131-son qarori bilan tasdiqlangan Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi toʻgʻrisida nizom.
Madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazish hamda ularning olib chiqilishi va olib kirilishini nazorat qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazish hamda ularning olib chiqilishi va olib kirilishini nazorat qilish tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martda 131-son qarori bilan tasdiqlangan “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda nazarda tutilgan (III. Boʻlim) .
6-modda. Olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan madaniy boyliklarga boʻlgan mulk huquqi
Olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan madaniy boyliklarga davlat mulki huquqi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mulk huquqi yuzaga kelishiga quyidagilar asos boʻladi:
madaniy boyliklar davlat budjeti hisobiga yaratilganligi;
madaniy boyliklar yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz faoliyati hisobiga yaratilganligi;
madaniy boylik yaratilishi yoki qoʻlga kiritilishiga asos boʻlgan bitimlar;
meros olish.
Oldingi tahrirga qarang.
Ayni paytda intellektual mulk obyekti ham boʻlgan madaniy boyliklarga mulk huquqi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining II boʻlimi.
7-modda. Mulkdorning madaniy boyliklarning olib chiqilishiga boʻlgan huquqi
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarning oʻz mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan olib chiqilishi qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan beriladigan olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat asosida amalga oshiriladi.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi OʻRQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martda 131-son qarori bilan tasdiqlangan “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
Muallif oʻzi yaratgan, oʻz mulki boʻlgan madaniy boyliklarni olib chiqishga haqli.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin boʻlmagan madaniy boyliklar
Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas:
ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar;
davlat tomonidan muhofaza roʻyxatlari va reyestrlariga kiritilgan madaniy boyliklar;
Oldingi tahrirga qarang.
muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va boshqa saqlash joylarida doimiy saqlanayotgan madaniy boyliklar.
(8-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 82-moddasi.
9-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi
Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:
koʻrgazmalar tashkil etish uchun;
qayta tiklash-taʼmirlash ishlarini va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun;
teatr, konsert va boshqa sanʼatkorlik faoliyati munosabati bilan;
Oʻzbekiston Respublikasining elchixonalari va vakolatxonalarini jihozlash uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
(9-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklar kreditni taʼminlash vositasi sifatida ishlatilishi yoki garov narsasi boʻlib xizmat qilishi mumkin emas.
10-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan beriladigan sertifikat asos boʻladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi OʻRQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi huquqini beruvchi sertifikatni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martda 131-son qarori bilan tasdiqlangan “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi toʻgʻrisidagi sertifikatni olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
(11-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va boshqa saqlash joylari tomonidan madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqish toʻgʻrisida sertifikat olish uchun ariza berilib, unga quyidagilar ilova qilinadi:
(11-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishining maqsadlari, muddatlari va shartlari toʻgʻrisida qabul qiluvchi tomon bilan tuzilgan shartnoma;
sugʻurta xavflarining barcha hollari taʼminlangan holda vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklar mulkiy sugʻurta shartnomasining sugʻurta polisi (guvohnoma, sertifikat, kvitansiya);
qabul qiluvchi tomon davlat organlarining vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklarning saqlanishi va oʻz vaqtida qaytarilishi xususidagi yozma kafolatlari.
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqa yuridik shaxslar tomonidan madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi toʻgʻrisidagi sertifikatni olish uchun arizaga ushbu moddaning birinchi qismi ikkinchi va uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinadi.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxslar tomonidan madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi toʻgʻrisidagi sertifikatni olish uchun arizaga ushbu moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinadi.
(11-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi toʻgʻrisidagi sertifikat berishni rad etish
(12-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi toʻgʻrisidagi sertifikat quyidagi hollarda berilmaydi, agar:
(12-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa;
vaqtincha olib chiqiladi deb eʼlon qilingan madaniy boyliklarning holati ularni saqlash sharoitlarini oʻzgartirish imkoniyatini bermasa;
vaqtincha olib chiqiladi deb eʼlon qilingan madaniy boyliklarning mulkdori aniqlanmagan boʻlsa;
madaniy boyliklar mulk huquqi toʻgʻrisidagi nizo mavzuyi boʻlsa;
madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqishga moʻljallanayotgan mamlakatda vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklarning saqlanishini taʼminlashga toʻsqinlik qiladigan tabiiy ofat sodir boʻlgan yoki boshqa holatlar yuzaga kelgan boʻlsa.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
13-modda. Vaqtincha olib chiqilgan madaniy boyliklarni muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasidan vaqtincha olib chiqilgan madaniy boyliklarni muhofaza qilish Oʻzbekiston Respublikasining tegishli mamlakatdagi diplomatiya vakolatxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
14-modda. Vaqtincha olib kirilgan madaniy boyliklar saqlanishining kafolatlari
Davlat Oʻzbekistonga vaqtincha olib kirilgan madaniy boyliklarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda saqlanishini kafolatlaydi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi 131-son qarori bilan tasdiqlangan Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
15-modda. Ashyolarning madaniy boyliklar niqobi ostida olib kirilishini taqiqlash
Konstitutsiyaviy tuzum va davlat mustaqilligiga putur yetkazishga, hududiy yaxlitlikni buzishga qaratilgan, urushni, terrorchilikni, zoʻravonlikni, diniy ekstremizmni, irqchilikni targʻib qiluvchi ashyolarning, shuningdek pornografik mazmundagi materiallarning madaniy boyliklar niqobi ostida olib kirilishi taqiqlanadi.
16-modda. Madaniy boyliklarning qonunga xilof ravishda olib kirilishi va qoʻlga kiritilishining oldini olish
Madaniy boyliklarga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan boʻlsa, ular keyinchalik qonuniy mulkdorlariga qaytarish maqsadida ushlab qolinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqa mamlakatlardan qonunga xilof ravishda olib chiqilgan, oʻgʻirlangan yoki qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan madaniy boyliklarni qoʻlga kiritishning oldini olish maqsadida muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va boshqa saqlash joylari ularning kelib chiqishi toʻgʻrisida zarur axborotga ega boʻlishi shart.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
17-modda. Madaniy boyliklarni realizatsiya qilish
Olib chiqilishi mumkin boʻlmagan madaniy boyliklarni realizatsiya qilish bu boyliklarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilishi mumkin emasligi toʻgʻrisida xaridor yozma ravishda ogohlantirilganidan keyingina amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarni kimoshdi savdosiga (auksionga) qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi. Madaniy boyliklarni realizatsiya qilishda ishtirok etuvchi yuridik shaxslar oʻz faoliyatini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligini xabardor qilgan holda amalga oshiradi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi OʻRQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
18-modda. Madaniy boyliklar tranziti va ularni pochta joʻnatmalarida yuborish
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tartibida olib oʻtishda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlariga madaniy boyliklar faqat tranzit tartibida olib oʻtish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida belgilanadigan shartlarda olib kirilayotganligidan dalolat beruvchi hujjat taqdim etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 118-moddasi.
Madaniy boyliklarni pochta joʻnatmalarida yuborish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(18-moddaning birinchi va ikkinchi qismlaridagi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish qoidalari” (roʻyxat raqami 2219, 18.04.2011-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Madaniy boyliklarni insofli egallovchining huquqlari
(19-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-311-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 51-son, 542-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqa mamlakatlardan qonunga xilof ravishda olib chiqilgan, boshqa davlatlarda oʻgʻirlangan yoki yoʻqolgan madaniy boyliklarni insofli egallovchi ularni qonuniy mulkdoriga qaytarishi lozim. Bunday hollarda insofli egallovchiga belgilangan tartibda kompensatsiya toʻlanadi.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-311-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 51-son, 542-modda)
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq qaytarilgan madaniy boyliklar bojxona toʻlovlari va boshqa yigʻimlardan ozod qilinadi. Talab qiluvchi taraf qaytarishga doir boshqa xarajatlarni koʻtaradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 229-moddasi.
20-modda. Madaniy boyliklarni qaytarish
Davlat qonunga xilof ravishda olib chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarilishi lozim boʻlgan madaniy boyliklarni talab qilib olish choralarini koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan uning mustaqilligi eʼlon qilingunga qadar qonunga xilof ravishda olib chiqilgan madaniy boyliklarni qaytarish toʻgʻrisidagi talablarga nisbatan daʼvo muddati tatbiq etilmaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 163-moddasi.
Qaytarilgan madaniy boyliklarning mulkdorlari ularni qaytarib olib kirishda bojxona toʻlovlari va maxsus yigʻimni toʻlashdan ozod qilinadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi 299-moddasi birinchi qismining beshinchi va oltinchi bandlari.
21-modda. Madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun maxsus yigʻim
Madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun maxsus yigʻim toʻlanadi.
Madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun maxsus yigʻimning miqdori va uni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun maxsus yigʻimning miqdori va uni toʻlash tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martda 131-son qarori bilan tasdiqlangan, Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomning VI boʻlimida belgilangan.
22-modda. Madaniy boyliklar uchun bojxona toʻlovlari
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniy boyliklarning olib kirilishi va olib chiqilishida qonunchilikda belgilangan tartibda bojxona toʻlovlari olinadi.
(22-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 55-son “Bojxona yigʻimlari stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 22716 va 22721-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori 4-bandining uchinchi xatboshisi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 29-avgust,
678-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 178-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 277-modda; 2011-y., 51-son, 542-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2014-y., 36-son, 452-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)