|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2010-yil 18-iyundagi 118-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 30-apreldagi PQ-2170-son qarori)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 30-apreldagi PQ-2170-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2010-yil 18-iyundagi 118-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh., ,
2014-yil 27-iyun,
172-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-iyundagi 172-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2010-yil 18-iyundagi 118-son qaroriga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 4-bandning uchinchi xatboshisiga quyidagi mazmundagi jumla qoʻshilsin:
“Bunda oʻzbek guruhlariga hujjat topshirgan abituriyent oʻz arizasiga asosan test sinovlarini oʻzbek tilida lotin yoki kirill alifbosida topshirish huquqiga ega”;
b) 6-bandda:
birinchi xatboshidagi “uygʻur tilini” soʻzlaridan keyin “(ingliz, nemis va fransuz tillari oʻqitilmagan holda)” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uygʻur tili bilan birgalikda ingliz, nemis va fransuz tillari ham oʻqitilgan holda (ushbu fanlar abituriyent diplomi ilovasida (attestatida) mavjud boʻlganda) abituriyent arizasiga asosan u chet tilini test shaklida yoki ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uygʻur tilidan koʻp balli baho tizimi boʻyicha imtihon topshiradi”;
ikkinchi-uchinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi-toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) 12-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “raqamini” soʻzidan keyin “va tanlangan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishini” soʻzlari qoʻshilsin;
g) 13-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan almashtirilsin:
“Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat komissiyasi va Davlat test markaziga oliy taʼlim muassasalari tomonidan 30-iyulgacha taqdim etiladi”;
d) 16-bandda:
toʻqqizinchi xatboshidagi “4. Matematika” soʻzlari “4. Matematika (informatika bilan)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oʻn sakkizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Matematika (informatika bilan)” fanidan test savollari “Matematika” fani boʻyicha birinchi 30 ta savol, “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha oxirgi 6 ta savoldan iborat boʻladi.”;
oʻn sakkizinchi — yigirma sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn toʻqqizinchi — yigirma toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
yigirma yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Test sinovlari oʻtkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan boʻlsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, test sinovi uchun ajratilgan vaqt tugaganidan keyin test materiallarini topshirishdan bosh tortsa, test materiallarini auditoriyadan tashqariga chiqarsa, abituriyent test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi va Davlat test markazi vakili yoki auditoriya rahbari va kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi;”;
quyidagi mazmundagi oʻttizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyent test sinovlari natijasi eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn besh kun davomida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellatsiya komissiyasiga yozma tartibda apellatsiya shikoyati berish huquqiga ega”;
e) Nizomga 2-ilovaning 6-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Test sinovlari topshirilmaydigan taʼlim yoʻnalishlarining kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi majlisining bayonnomasi va oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan belgilangan kvota doirasida davlat grantlari va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadilar”.
2. Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 10-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi qoʻshilsin:
“chop etilgan ilmiy maqola yoki tezislari (yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlari) nusxasi (mavjud boʻlgan holda);”
toʻrtinchi-beshinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi-oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 14-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“magistraturaga kiruvchilarning ilmiy va ilmiy-pedagogik ishlarga qobiliyati hamda qiziqishini aniqlash maqsadida tanlangan mutaxassislikka mos savollar asosida suhbatdan oʻtkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi);”;
uchinchi — yettinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
sakkizinchi xatboshidagi “300” raqami “350” raqami bilan almashtirilsin;
v) 16-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Suhbatdan oʻtkazish uchun tanlangan mutaxassislikka mos abituriyentning ilmiy va ilmiy-pedagogik ishlarga qobiliyati hamda qiziqishini aniqlashga qaratilgan savollar yetakchi mutaxassislar tomonidan tuziladi va bir oy oldin abituriyentlar eʼtibori uchun qabul komissiyasi axborot doskasida eʼlon qilinadi. Mazkur savollar asosida imtihon biletlari tuziladi va suhbat vaqtida abituriyent imtihon biletiga javoblarini komissiyaga yozma ravishda taqdim etib, savollarga ogʻzaki javob beradi. Suhbat davomida abituriyentning ilmiy maqola yoki tezislari (yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlari) koʻrib chiqilib, suhbat natijalarini baholashda inobatga olinadi”;
uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) 17-banddagi “10” raqami “15” raqami bilan almashtirilsin;
d) 25-band ikkinchi xatboshidagi “har bir” soʻzlari “mutaxassislik boʻyicha maxsus fandan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 27-son, 325-modda)