|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.12.1998
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON NEFT VA GAZ SANOATI DAVLAT KONSERNINI NEFT VA GAZ SANOATI (“O‘ZBEKNEFTGAZ”) MILLIY KORPORATSIYASIGA AYLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 11-dekabrdagi PF-2154-son “O‘zbekneftgaz neft va gaz sanoati Milliy korporatsiyasini “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasiga aylantirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida respublika neft, gaz va neftni qayta ishlash sanoati tarmoqlarining samarali ishlashini va yanada rivojlanishini ta’minlash, tarkibiy bo‘linmalarning tashabbusi va mustaqilligini kengaytirish hamda iste’molchilarni neft, neft mahsulotlari va gaz bilan puxta ta’minlash maqsadida:
1. “O‘zbekneftgaz” O‘zbekiston neft va gaz sanoati davlat konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning konsernni Neft va gaz sanoati milliy korporatsiyasiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi:
neft, gaz va neft mahsulotlarini qidirib topish, qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish, neft va gaz sanoati inshootlarini qurish bilan shug‘ullanuvchi davlat, davlat-aksionerlik, ijara, jamoa, qo‘shma birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarni, shuningdek tarmoqni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa tarmoqlar korxonalari va tashkilotlarini hamda xorijiy yuridik shaxslarni ixtiyoriy asosda birlashtiruvchi xo‘jalik uyushmasidir;
yuridik shaxs bo‘lib, o‘z faoliyatini respublikaning amaldagi qonunlari va korporatsiyaning ta’sis yig‘ilishida tasdiqlangan Nizom asosida tashkil etadi.
3. Quyidagilar “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qilib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi bilan birgalikda neft, neftni qayta ishlash va gaz sanoatini rivojlantirishning strategiyasi va ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, tabiiy resurslardan va vujudga keltirilgan ishlab chiqarish imkoniyatidan samarali foydalanish;
respublika hududida neft, gaz, gaz kondensati va neft mahsulotlarini qidirib topishga, ularning zaxiralarini ko‘paytirishga, ularni qazib olish, ishlab chiqarish va sotishga, neft, gaz va neftni qayta ishlash sanoati inshootlarini, neft, gaz va mahsulot quvurlari tarmog‘ini qurishga oid turkum ishlarni amalga oshirish;
neft, neftni qayta ishlash va gaz sanoatida xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro foydali tashqi iqtisodiy, savdo va ilmiy texnikaviy aloqalarni rivojlantirish hamda chet el sarmoyalarini jalb etish yo‘nalishlarini belgilash;
neft va gaz konlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, xalq xo‘jaligini va respublika aholisini neft, gaz va neftni qayta ishlash mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, shuningdek davlatlararo va hukumatlararo bitimlar asosida ana shu mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga yetkazib berish;
neft, gaz va neft mahsulotlari ichki va jahon bozoridagi vaziyatni o‘rganish, respublikaning yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash sohasidagi siyosatni ishlab chiqishga oid takliflar kiritish;
korporatsiyaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning kooperatsiya va tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish hamda mustahkamlashda ko‘maklashish;
tarmoqda yagona texnikaviy siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish, neft, gaz, neft mahsulotlarini qidirib topish, qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish sohasida boshqa mamlakatlardan mutaxassislarni konkurs asosida jalb etish yo‘li bilan ilmiy tadqiqot, qidiruv va loyiha-konstruktorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish;
korxonalarni kengaytirish, rekonstruksiyalash va texnika bilan qayta jihozlashda, tarmoqda ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda yordam berish;
neft va gaz konlarini qidirib topish va ulardan foydalanishga doir ishlarni amalga oshirish chog‘ida yer osti boyliklari va boshqa tabiiy boyliklar to‘g‘risidagi qonunlarning talablariga rioya etilishini ta’minlash.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekneftgaz” neft va gaz sanoati milliy korporatsiyasining faoliyatini tashkil etishga doir qarorni qabul qilsin.
5. “O‘zbekiston neft va gaz sanoati davlat konsernini tashkil etish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 3-maydagi PF-393-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 23-dekabr,
PF-518-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 76-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 12-son, 228-modda)