|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.12.1992
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON NEFT VA GAZ SANOATI DAVLAT KONSERNI “O‘ZBEKNEFTGAZ”NI TAShKIL QILISh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 23-dekabrdagi PF-518-son “O‘zbekiston neft va gaz sanoati davlat konsernini “O‘zbekneftgaz” neft va gaz sanoati Milliy korporatsiyasiga aylantirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
O‘zbekistonning neft va gaz konlarini har tomonlama va samarali o‘zlashtirish, respublika xalq xo‘jaligi va aholisini gaz, gaz kondensati, neft hamda ularni qayta ishlash mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, neft va gaz sanoatini boshqarish tuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. “Sredazgazprom”, “O‘zbekneft”, “Fergananefteorgsintez” ishlab chiqarish birlashmalarining, “Sredazneftegazstroy” ishlab chiqarish qurilish-montaj birlashmasining “O‘zbekiston Respublikasi korxonalari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston neft va gaz sanoati davlat konserni “O‘zbekneftgaz”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “O‘zbekneftgaz” davlat konserni faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
respublika hududiga neft, gaz va gaz kondensatini izlash, qazib chiqarish, qayta ishlash va tashishni, gaz, neft hamda neft va gazni qayta ishlash sanoati inshootlari qurilishini amalga oshiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
neft va gaz konlaridan samarali foydalanishni, respublikada neft, gaz hamda neft va gazni qayta ishlash sanoati yanada rivojlanishini, neft va gaz zaxiralari ko‘payishini ta’minlash;
konsern tizimida yagona texnikaviy siyosatni o‘tkazish, korxonalarni kengaytirishda, qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirishda, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va o‘zlashtirishda ko‘maklashish;
neft, gaz hamda gaz kondensatini izlash, qazib chiqarish, qayta ishlash va tashish sohasidagi ilmiy-tadqiqot, qidiruv va loyiha-konstruktorlik ishlarini tashkil qilish;
neft va gaz konlarini izlash hamda ulardan foydalanish borasidagi ishlarni o‘tkazish chog‘ida yer osti va boshqa tabiiy boyliklarni muhofaza qilish talablariga rioya etish;
moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlashda, ijtimoiy muammolarni hal qilishda neft, gaz hamda neft va gazni qayta ishlash sanoati korxonalari va tashkilotlarining tijorat aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashish;
konsern tarkibiga kirgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarni malakali xodimlar bilan mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil qilish;
ochiq gaz va neft favvoralari yuzaga kelishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
konsern tarkibiga kirgan korxonalar va tashkilotlarning huquqlarini himoya qilish, davlat boshqaruvi idoralarida va chet ellarda ularning umumiy manfaatlarini ifoda etish.
3. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddat ichida O‘zbekiston neft va gaz sanoati davlat konsernining faoliyatini tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-may,
PF-393-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 7-son, 264-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 76-modda)