|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA PASPORT TIZIMI TO‘G‘RISIDAGI NIZOM”NI AMALGA KIRITISh HAQIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek jamoat tartibini va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini joriy etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1992-yil 13-noyabrda chiqargan 533-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari uchun pasportlarining blanklarini tayyorlash borasidagi tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Xorijiy shaxslarga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasida yashash uchun guvohnoma va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlansin (2-ilova).
4. “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom” amalga kiritilsin va 1995-yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga pasportlar berish, shuningdek bosqichma-bosqich almashtirish ta’minlansin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasportlarini almashtirish 2000-yilning 1-yanvarigacha nihoyasiga yetkazilsin.
Birinchi navbatda 16 yoshga to‘lgan, muddati o‘tib ketgan pasporti bo‘lgan, familiyasi, ismi-sharifini yoki millatini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan taqdirda, shuningdek pasportni yo‘qotgan va chet elga jo‘nab ketiladigan hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini berish ko‘zda tutilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida bo‘lgan pasportlarning amal qilishi ularni yangi nusxadagi pasportlarga almashtirishning butun davri mobaynida saqlab qolinsin.
6. “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom”ni amalga kiritish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Komissiya zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportlarini berish va almashtirish borasidagi barcha tezkor va joriy masalalarni hal qilish vazifasi yuklansin.
7. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-dekabr,
PF-1027-son
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-son Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 3-son, 65-modda)
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-son Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 3-son, 65-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 48-modda)