Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida muhim ahamiyatga ega ekanini inobatga olib hamda yozuvchi tavalludining 100 yilligini keng nishonlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazining Abdulla Qahhor tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Abdulla Qahhor tavalludining 100 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yubiley tadbirlari rejasini ishlab chiqsin va uni amalga oshirishga kirishsin.
Jumladan:
Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi bilan birgalikda 2007-yilning sentyabr oyida “Abdulla Qahhor ijodining maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya, Oʻzbekiston milliy akademik drama teatrida adib tavalludiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy kecha oʻtkazish;
2007-yilning may oyigacha Abdulla Qahhor uy-muzeyining ekspozitsiyasini boyitish, muzeydagi mebellar va sanʼat asarlarini restavratsiya qilish, muzey binosi tomini kapital taʼmirlash bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston teatrlarida Abdulla Qahhor asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish choralarini koʻrsin.
3. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Badiiy akademiya va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda Abdulla Qahhorning haykalini yaratish va uni belgilangan tartibda oʻrnatish boʻyicha taklif kiritsin.
4. Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Xalq taʼlimi vazirliklari va Yozuvchilar uyushmasi hamkorlikda bir oy muddatda taʼlim muassasalarida Abdulla Qahhor hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy-badiiy tadbirlar, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish rejasini ishlab chiqsin.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Fanlar akademiyasi va Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda adibning 100 yilligiga bagʻishlab Abdulla Qahhorning bir jildlik saylanma asarlarini hamda Kibriyo Qahhorovaning “Chorak asr hamnafas” xotiralar kitobini qayta nashr etsin.
6. “Oʻzbekkino” milliy agentligi 2007-yilning iyun oyigacha Abdulla Qahhorning hayoti va ijodiga bagʻishlangan yangi hujjatli film yaratsin.
7. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi 2007-yilning iyul oyigacha Abdulla Qahhor siymosi tushirilgan va uning asarlari mavzusi asosida ishlangan pochta markalari hamda konvertlar turkumini chiqarsin.
8. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va ommaviy axborot vositalariga adib hayoti va ijodi toʻgʻrisida turkum koʻrsatuvlar hamda radioeshittirishlar tayyorlash, matbuotda maqolalar chop etish va yubiley tadbirlarini keng yoritish tavsiya etilsin.
9. Moliya vazirligi yubiley tadbirlarini moliyalashtirishni 2007-yil uchun tasdiqlangan budjet parametrlarida madaniyat sohasi uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirishni taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 8-yanvar,
PQ-556-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 1-son, 30-modda)