Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining himoyaga muhtoj bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish boʻyicha Jamoatchilik kengashi hamda Ilmiy-metodik kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Vazirlar Mahkamasining “Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 7-sentabrdagi 419-son qaroriga muvofiq hamda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy siyosatni amalga oshirishdagi faoliyatini idoralararo muvofiqlashtirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining himoyaga muhtoj bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish boʻyicha Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining himoyaga muhtoj bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish boʻyicha Jamoatchilik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining Ilmiy-metodik kengashi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining Ilmiy-metodik kengashi tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I.Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 20-yanvar,
11-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 11-son qaroriga
1-ILOVA
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining himoyaga muhtoj bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish boʻyicha Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining himoyaga muhtoj bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish boʻyicha Jamoatchilik kengashi (keyingi oʻrinlarda Jamoatchilik kengashi deb ataladi) faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Jamoatchilik kengashi faoliyati himoyaga muhtoj bolalarni ijtimoiy himoyalashda idoralararo muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan, Oʻzbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy qilish hamda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi (keyingi oʻrinlarda RBIMM deb ataladi) faoliyati bilan bogʻliq vazifalarni samarali bajarish uchun RBIMM huzurida tashkil etilgan maslahat organi hisoblanadi.
Jamoatchilik kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
II. Jamoatchilik kengashining maqsadi va vazifalari
4. Jamoatchilik kengashining asosiy maqsadi bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimiga (vazirliklar, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlariga) koʻmaklashishdan iborat.
5. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha himoyaga muhtoj guruh bolalarini samarali ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;
himoyaga muhtoj guruhdagi bolalarni samarali ijtimoiy himoya qilish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini idoralararo muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi muassasalari va mutaxassislarining amaliy faoliyati asoslarini hamda mezonlarini ishlab chiqish;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi atamalar va asosiy tushunchalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va takomillashtirish;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazilishini tashkil etish;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Jamoatchilik kengashining huquq va majburiyatlari
6. Jamoatchilik kengashi oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida vazirliklar, idoralar va huquqni muhofaza qilish organlaridan zarur maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda soʻrash va olish;
kompleks dasturlarni hamda alohida ishlarni ishlab chiqish uchun olimlar va amaliyotchi mutaxassislarni, shu jumladan shartnoma asosida RBIMM mablagʻlari va moliyalashtirishning boshqa manbalari hisobiga belgilangan tartibda jalb etish;
vazirliklar, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan himoyaga muhtoj guruhdagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻilishlarda, konferensiyalar va seminarlarda ishtirok etish va Jamoatchilik kengashi manfaatlarini ifodalash;
oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha Jamoatchilik kengashi aʼzolari, olimlar, amaliyotchi mutaxassislar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat komissiyalarni, shuningdek faoliyatiga rahbarlik qilish Jamoatchilik kengashi aʼzosi zimmasiga yuklanadigan doimiy va vaqtinchalik ishchi guruhlarni tuzish.
7. Jamoatchilik kengashi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun amaldagi aniq natijalar samaradorligi tahlilini amalga oshirishi hamda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi faoliyatini (muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish yoʻli bilan) umumlashtirishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar boʻyicha takliflar kiritishi zarur:
himoyaga muhtoj guruhdagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish mexanizmini takomillashtirish;
bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi vazirliklar, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining idoralararo muvofiqlashtirilishini takomillashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
IV. Jamoatchilik kengashi ishlarini rejalashtirish
8. Jamoatchilik kengashining ishlari bolalarni ijtimoiy himoya qilishga doir davlat dasturlari hamda yillik rejalar asosida amalga oshiriladi.
9. Yillik ish rejasi belgilangan masalalarni hal qilishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar roʻyxatidan iborat boʻlib, unda bajarish uchun masʼullar hamda ularni bajarish muddatlari koʻrsatiladi.
10. Yillik ish rejasiga Jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan kiritiladigan takliflar Jamoatchilik kengashi masʼul kotibiga yuboriladi. Tushgan takliflar ishchi guruhlar majlislarida muhokama qilingandan keyin yillik ish rejasi navbatdagi rejalashtirish davridan oldingi oyda Jamoatchilik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
V. Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish
11. Jamoatchilik kengashi rais, rais oʻrinbosarlari, masʼul kotib va Jamoatchilik kengashi aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi. Ular Jamoatchilik kengashi ishlarida jamoatchilik asosida ishtirok etadilar. Jamoatchilik kengashi aʼzolarining nomzodlari tegishli vazirliklar, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tavsiya qilinadi.
12. RBIMM direktori Jamoatchilik kengashi raisi hisoblanadi.
Jamoatchilik kengashi raisining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibini belgilash hamda majlislarini chaqirish;
Jamoatchilik kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosi yuzasidan nazoratni tashkil etish;
Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishlarini ularga yuklangan vazifalarni bajarishlari boʻyicha muvofiqlashtirish;
Jamoatchilik kengashiga rahbarlik hamda uning faoliyatini nazorat qilish;
Jamoatchilik kengashining samarali faoliyatini taʼminlashga doir boshqa ishlarni amalga oshirish.
13. Jamoatchilik kengashining masʼul kotibi:
barcha zarur hujjatlarning navbatdagi Jamoatchilik kengashi majlisiga oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Jamoatchilik kengashi majlislari kun tartibiga qoʻyilgan masalalar boʻyicha oʻtkazilishini taʼminlaydi;
Jamoatchilik kengashi aʼzolarini va taklif qilinganlarni majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosi monitoringini olib boradi hamda uning natijalarini Jamoatchilik kengashi majlisida koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi;
Jamoatchilik kengashi majlislari bayonnomalarini rasmiylashtiradi hamda tasdiqlangan bayonnomalarni Jamoatchilik kengashi aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi;
Jamoatchilik kengashi ish reglamentiga muvofiq boshqa vazifalarni bajaradi.
14. Jamoatchilik kengashining ish tartibi yillik ish rejasiga hamda RBIMM direktori tomonidan tasdiqlanadigan Jamoatchilik kengashining ish reglamentiga muvofiq tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatiga taqdim etadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-avgustdagi 524-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 09/21/524/0802-son)
16. Jamoatchilik kengashi majlislari har yarim yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Zarur hollarda Jamoatchilik kengashining navbatdan tashqari majlislari oʻtkazilishi mumkin. Jamoatchilik kengashi majlisini rais boshqaradi. Rais boʻlmagan hollarda majlisni Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosarlari olib boradilar.
17. Jamoatchilik kengashi majlisi unda aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etganda vakolatli boʻladi.
Jamoatchilik kengashi qarorlari Jamoatchilik kengashining majlisda ishtirok etayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar soni teng boʻlgan hollarda Jamoatchilik kengashi majlisida raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
18. Jamoatchilik kengashiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun uning aʼzolaridan ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ularning faoliyati va tarkibi Jamoatchilik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
Jamoatchilik kengashi majlislarida ishtirok etish, shuningdek ishchi guruh tarkibida ishlash uchun vazirliklar, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlaridan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
VI. Jamoatchilik kengashi tomonidan qarorlarning qabul qilinishi va ularning ijrosini tashkil etish
19. Jamoatchilik kengashi qarorlari Jamoatchilik kengashi majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisi bayonnomasi uning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi, masʼul kotib tomonidan imzolanib, Jamoatchilik kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda bir hafta muddatda Jamoatchilik kengashi aʼzolariga va manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
Jamoatchilik kengashining har bir aʼzosi qabul qilinadigan qarorlar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini yozma ifodalash huquqiga ega.
20. Jamoatchilik kengashi raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida, Jamoatchilik kengashining alohida masalalar boʻyicha qarorlarini Jamoatchilik kengashi ishtirokchilari bilan soʻrovnoma oʻtkazish yoʻli orqali tasdiqlashi mumkin.
21. Jamoatchilik kengashi bayonnomasining asl nusxasi va unga ilova qilingan materiallar Jamoatchilik kengashi masʼul kotibida saqlanadi.
22. Jamoatchilik kengashi qabul qilingan qarorlarning bajarilishini oʻz majlislarida muntazam ravishda koʻrib chiqadi.
23. Jamoatchilik kengashi oʻziga yuklangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 11-son qaroriga
2-ILOVA
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining himoyaga muhtoj bolalarni ijtimoiy muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoringini olib borish boʻyicha Jamoatchilik kengashi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

Alimova V.S.‎

—‎

RBIMM direktori, Jamoatchilik kengashi raisi ‎

Xolbekov A.J.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari, Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari ‎

Axunova M.A.‎

—‎‎

“Sen yolg'iz emassan” Respublika bolalar jamoatchilik fondi oʻquv markazi direktori, Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari ‎

Narbayeva T.K.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi‎

Axmedov A.A.‎

—‎‎

Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi ‎

Yunusova A.T.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati (kelishuv asosida)‎

lavozimiga koʻra

—‎‎

Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi

Rizayev F.X.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari ‎

Salimov U.Z.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori ‎

lavozimiga koʻra‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining oʻrinbosari ‎

Toʻychiyeva A.N.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari‎

Xalilov F.K.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining oʻrinbosari ‎

lavozimiga koʻra

—‎‎

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining oʻrinbosari‎

Shoraxmetov Sh.Sh.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish Bosh boshqarmasi boshligʻi ‎

Yakubova D.Sh.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Notariat, advokatura va FXDYo organlari boshqarmasi boshligʻi ‎

Xalikov I.M.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar ‎profilaktikasi boʻlimlari faoliyatini tashkil etish boʻlimi boshligʻi ‎

Davletov R.K.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish
‎hamda sud tizimi mustaqilligini taʼminlash boʻyicha tadqiqot markazi direktori vazifasini bajaruvchi ‎

Abidova G.M.‎

—‎‎

“SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi milliy direktori ‎

Murodova Sh.O.‎

—‎‎

“Oʻzbekkino” milliy agentligining Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi direktori ‎

Bakayeva F.X.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha milliy markazining inson huquqlari boʻyicha tahlil va tadqiqot boʻlimi mudiri ‎

Musurmonova O.M.‎

—‎‎

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri ‎

Begmatov A.S.‎

—‎‎

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining “Fuqarolik jamiyati ‎asoslari” kafedrasi professori ‎

Nazarova E.N.‎

—‎‎

RBIMMning Jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari‎

Xrulnova G.V.‎

—‎‎

RBIMMning Ota-onalari qarovisiz qolgan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari‎

Bozorov A.A.‎

—‎‎

RBIMMning Bolalarning huquqiy muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari ‎

Tojiyeva S.X.‎

—‎‎

RBIMMning Ijtimoiy ishlar boʻlimi rahbari ‎

Toirova M.A.‎

—‎‎

RBIMMning Alohida iqtidorli bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari ‎

Karimova I.Sh.‎

—‎‎

RBIMM Axborot-konsalting xizmati rahbari ‎

Isroilova N.A.‎

—‎‎

RBIMMning Ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi ‎rahbari, Jamoatchilik kengashi masʼul kotibi ‎

Izoh: jamoatchilik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-avgustdagi 524-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 09/21/524/0802-son)
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 11-son qaroriga
3-ILOVA
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining Ilmiy-metodik kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining Ilmiy-metodik kengashi (keyingi oʻrinlarda Ilmiy-metodik kengash deb ataladi) faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Ilmiy-metodik kengash ilmiy-metodik va oʻquv, koʻrgazmali qoʻllanmalar, dasturlarni muhokama qilish, shuningdek bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning moslashuvini taʼminlash, reabilitatsiyasini amalga oshirish sohasidagi ilgʻor milliy va xalqaro tajribani oʻrganish va ommalashtirishga doir tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida tuzilgan kollegial maslahat organi hisoblanadi.
Ilmiy-metodik kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Ilmiy-metodik kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining (keyingi oʻrinlarda RBIMM deb ataladi) Ustaviga va ushbu Nizomga amal qiladi.
4. RBIMM masʼul xodimlari Ilmiy-metodik kengash majlislarining yuqori saviyada va ushbu Nizomga muvofiq ravishda oʻtkazilishi yuzasidan javob beradilar.
II. Ilmiy-metodik kengashning vazifalari va huquqlari
5. Quyidagilar Ilmiy-metodik kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
nogiron, jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan, surunkali ogʻir kasal bolalar, shuningdek ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar qaramogʻisiz qolgan bolalar, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga mansub notinch oilalar farzandlari, alohida iqtidorli bolalar muammolariga taalluqli ilmiy-metodik, oʻquv va koʻrgazmali qoʻllanmalar, dasturlar va boshqa adabiyotlarni muhokama qilish, oʻz tavsiyalarini manfaatdor vazirliklar, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlariga taqdim etish;
zamonaviy ilmiy tadqiqotlar va bilimlarni milliy va xorijiy tajribani hisobga olgan holda huquqni qoʻllash, ijtimoiy, pedagogik, tibbiy-reabilitatsiya va profilaktika amaliyotiga tatbiq etish maqsadida RBIMM xodimlarining, boshqa tashkilotlar mutaxassislarining bolalarning oila davrasida, taʼlim olish sohasida, sogʻliqni saqlashda, mehnatga va kasbiy tayyorlashda, odil sudlov sohalarida ijtimoiy moslashuv muammolarini oʻrganishga doir fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlardagi ishtirokini taʼminlash;
turli ilmiy-metodik va oʻquv qoʻllanmalarini koʻrib chiqish va nashr etishga tavsiya qilish, RBIMM mutaxassislari tomonidan nashr etiladigan maʼlumotnoma materiallar va koʻrgazmali qoʻllanmalarni, seminarlar, treninglar dasturlarini va boshqa materiallarni, shuningdek himoyaga muhtoj guruhdagi bolalarning ijtimoiy himoyasi, moslashuvi va reabilitatsiyasiga oid ilgʻor milliy hamda xalqaro ish tajribasini oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha tavsiyalarni tasdiqlash;
bolalarning ijtimoiy himoyasi, moslashuvi va reabilitatsiyasi sohasida yangi shakllar, metodikalar, texnologiyalarni ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish va joriy etish yoʻli bilan RBIMM umumiy faoliyati samaradorligini oshirish hamda mutaxassislar ishlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini tashkil etish;
RBIMMda oʻtkaziladigan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari boʻyicha hisobotlarni va ularning yakunlariga muvofiq xulosalarni tayyorlash hamda har yilning dekabr oyida taqdim etish;
bolalarning ijtimoiy himoyasi, moslashuvi va reabilitatsiyasi sohasidagi yetuk mutaxassislarni Ilmiy-metodik kengash majlislarida ishtirok etishga, ekspertiza oʻtkazishga, shuningdek RBIMM tomonidan nashr etiladigan ilmiy-metodik va boshqa adabiyotlarni tahlil va tahrir qilishga jalb etish;
RBIMM hamkorlari (vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa tashkilotlar) tajribasini oʻrganish;
tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish samaradorligini oshirish ishlarini olib borish, shuningdek ilmiy-metodik, oʻquv va koʻrgazmali qoʻllanmalarni, metodik tavsiyalarni, seminarlar dasturlarini, psixologik treninglarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etish.
6. Ilmiy-metodik kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi huquqlarga ega:
mutaxassislarning mualliflik faoliyati, bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ishlarining holati haqidagi axborotlarni eshitish, shuningdek bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularni moslashtirish va reabilitatsiya qilishning tegishli masalalari boʻyicha tavsiyalar berish;
bolalarning ijtimoiy himoyasi sohasidagi nashrlar, materiallar va tadqiqot dasturlari boʻyicha ish olib borish maqsadida mualliflarning ijodiy guruhlarini shakllantirish;
maqsadli auditoriyalar, tegishli vazirliklar, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ishlab chiqilgan ilmiy-metodik, oʻquv va koʻrgazmali qoʻllanmalar, metodik tavsiyalar, seminar dasturlari va psixologik treninglar taqdimotini oʻtkazish va qoʻllashga tavsiya etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Ilmiy-metodik kengashga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida zarur axborotlarni vazirliklar, idoralar va huquqni muhofaza qilish organlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda soʻrash va olish;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ilmiy-metodik, oʻquv va koʻrgazmali qoʻllanmalarni ishlab chiqish maqsadida olimlar va amaliyotchi mutaxassislarni belgilangan tartibda, shu jumladan shartnoma asosida, RBIMM mablagʻlari va boshqa moliyalashtirish manbalari hisobiga jalb etish.
III. Ilmiy-metodik kengash ishlarini tashkil etish tartibi
7. Ilmiy-metodik kengashning yillik ish rejasi har yili dekabrda oʻtkaziladigan yillik umumiy majlisda koʻrib chiqiladi va Ilmiy-metodik kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Ilmiy-metodik kengash majlisi har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganda rejadan tashqari (ekstren) majlis chaqiriladi.
9. Ilmiy-metodik kengash majlisi unda Ilmiy-metodik kengash aʼzolarining uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi, uning qarorlari qatnashayotganlarning yarmidan ortigʻi ovozi bilan qabul qilinadi. Majlis bayonnomalari ilmiy kotib tomonidan rasmiylashtiriladi.
IV. Ilmiy-metodik kengash majlislarida muhokamalarni oʻtkazish tartibi
10. Muallif yoki mualliflar guruhi tomonidan tayyorlangan nashrlar, materiallar va tadqiqot dasturlari ilmiy kotibga belgilangan tartibda ikki nusxada, ariza va taqrizlar bilan birgalikda topshiriladi.
11. Ilmiy-metodik kengash majlisida qoʻlyozmalar va dasturlar muhokama qilingandan soʻng, muallif yoki mualliflar guruhiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga doir amaliy tavsiyalar beriladi.
12. Ilmiy-metodik kengash majlislari yillik ish rejasiga muvofiq oʻtkaziladi. Kun tartibidagi masalalar Ilmiy-metodik kengashning ilmiy kotibi tomonidan puxta ishlab chiqiladi.
13. Ilmiy kotib aʼzolar va mualliflarni Ilmiy-metodik kengash majlisi oʻtkaziladigan sana, joy va vaqt haqida majlisdan kamida bir hafta oldin xabardor qiladi. Majlisga mazkur soha mutaxassislari ham taklif etilishi mumkin. Ular (ovoz berishda ishtirok etmay) qoʻlyozmalar haqidagi oʻz fikr-mulohazalarini bildirishlari mumkin.
14. Ilmiy-metodik kengash majlisini rais, u boʻlmaganda rais oʻrinbosari oʻtkazadi.
15. Ilmiy-metodik kengash raisi (u boʻlmaganda esa — rais oʻrinbosari) yillik ish rejasini va kun tartibiga kiritiladigan masalalarni tayyorlash hamda qarorlar ijrosini taʼminlash uchun masʼul hisoblanadi.
16. Ilmiy-metodik kengash bayonnomasi 5 ish kuni muddatda kengash raisi (u boʻlmaganda esa — rais oʻrinbosari) tomonidan tasdiqlanadi, Ilmiy-metodik kengash aʼzolari tomonidan imzolanadi va ilmiy kotib tomonidan rasmiylashtiradi. Ilmiy-metodik kengash bayonnomasidan koʻchirmalar ilmiy kotib tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
17. Yozuvlarning toʻgʻriligi va koʻchirmalarning asliga mosligi boʻyicha Ilmiy-metodik kengash ilmiy kotibi masʼul hisoblanadi.
V. Ilmiy-metodik kengash aʼzolari
18. Ilmiy-metodik kengash tarkibiga respublikada va xorijda oʻzining ilmiy, metodik va amaliy ishlari bilan tanilgan olimlar, amaliyotchi mutaxassislar (pedagoglar, psixologlar, huquqshunoslar, shifokorlar, ijtimoiy soha xodimlari, sotsiologlar) kiradi. Ilmiy-metodik kengash aʼzolari jamoatchilik asosida faoliyat olib boradi.
19. Ilmiy-metodik kengash aʼzolari:
jalb etilgan mutaxassislar bilan birgalikda bolalarning ijtimoiy himoyasi, moslashuvi va reabilitatsiyasiga oid oʻquv-metodik, ilmiy va koʻrgazmali qoʻllanmalarning sifatini oshirish yuzasidan oʻz taklif va tavsiyalarini taqdim etadilar;
qoʻlyozmalarni muhokama qilishda faol ishtirok etadilar va ular boʻyicha xolisona va asoslangan xulosalar beradilar;
bolalarning ijtimoiy himoyasi, moslashuvi va reabilitatsiyasiga oid ilmiy ishlar (dissertatsiyalar, monografiyalar va ilmiy-tadqiqot ishlanmalari) boʻyicha xulosalarni tuzishda ishtirok etadilar;
ilgʻor ish tajribasini ommalashtirish maqsadida bolalarning ijtimoiy moslashuvi bilan shugʻullanadigan tashkilotlarga amaliy yordam koʻrsatadilar.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 11-son qaroriga
4-ILOVA
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining Ilmiy-metodik kengashi
TARKIBI
Alimova V.S.‎ —‎ RBIMM direktori, Ilmiy-metodik kengash raisi‎
lavozimiga koʻra‎ —‎‎ RBIMM direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, Ilmiy-metodik kengash raisining oʻrinbosari
Gʻoziyev E.Gʻ.‎ —‎‎ M.Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti “Psixologiya” kafedrasi professori,
‎Ilmiy-metodik kengash raisining oʻrinbosari ‎
Axmedova D.I.‎ —‎‎ Respublika Ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori ‎
Murodova Sh.O.‎ —‎‎ “Oʻzbekkino” milliy agentligining Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi direktori‎
Djamoldinova O.R. ‎ —‎‎ Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori ‎
Gʻaniyeva M.X.‎ —‎‎ M.Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining “Sotsiologiya” kafedrasi mudiri ‎
Musurmonova O.M.‎ —‎‎ Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri‎
Ismoilov I.I.‎ —‎‎ Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “Jinoyatlarning oldini olish” kafedrasi boshligʻi ‎
Nazarova D.N.‎ —‎‎ A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish markaziy institutining
‎“Maxsus taʼlim” kafedrasi mudiri‎
Ismoilov B.I.‎ —‎‎ Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining
‎“Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi professori ‎
Rahmonova V.S.‎ —‎‎ Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Maxsus taʼlim metodikasi” kafedrasi professori ‎
Moʻminova L.R.‎ —‎‎ Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Maxsus taʼlim” kafedrasi professori ‎
Karamyan M.X.‎ —‎‎ M.Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining “Psixologiya” kafedrasi dotsenti ‎
Nazarova E.N.‎ —‎‎ RBIMMning Jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari‎
Xrulnova G.V.‎ —‎‎ RBIMMning Ota-onalari qarovisiz qolgan bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari‎
Isroilova N.A.‎ —‎‎ RBIMMning Ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan bolalar muammolarini
‎oʻrganish boʻlimi rahbari‎
Tojiyeva S.X.‎ RBIMMning Ijtimoiy ishlar boʻlimi rahbari‎
Toirova M.A.‎ —‎‎ RBIMMning Alohida iqtidorli bolalar muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari‎
Karimova I.Sh.‎ —‎‎ RBIMMning Axborot-konsalting xizmati rahbari‎
Tuxvatulina E.A.‎ —‎‎ “Bola va Zamon” jurnali bosh muharriri‎
Bozorov A.A.‎ —‎‎ RBIMMning Bolalarning huquqiy muammolarini oʻrganish boʻlimi rahbari, Ilmiy-metodik kengash ilmiy kotibi ‎
Izoh: ilmiy-metodik kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 4-son, 48-modda; 2017-y., 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son, 25.08.2018-y., 09/18/680/1791-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 09/21/524/0802-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)