Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-fevraldagi 73-sonli “Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qaroriga muvofiq, shuningdek Chet tilini bilish darajasini baholash va sertifikatlash milliy tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi malaka sertifikatining davlat namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 352-son qaroriga 1-ILOVA
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qaroriga muvofiq chet tillarni bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
2. Chet tilini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikatini (keyingi oʻrinlarda sertifikat deb ataladi) berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan toʻlov asosida amalga oshiriladi.
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish uchun talabgor tomonidan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
3. Sertifikat test sinovlari yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini toʻplagan shaxslarga 2 yil muddatga beriladi.
2-bob. Chet tilini bilish darajasini aniqlash
4. Chet tilini bilish darajasi test sinovi, yozma ish va ogʻzaki suhbat oʻtkazish yoʻli bilan aniqlanadi, u quyidagi boʻlimlardan iborat boʻladi:
a) “tinglab tushunish” boʻlimi — ogʻzaki nutqni qabul qilish koʻnikmalarini, eshitilgan matnlardagi asosiy fikr va detalni tushunish mahoratini tekshiradi;
b) “oʻqish” boʻlimi — oʻqilgan matnlardagi asosiy fikr va detalni tushunish mahoratini tekshiradi;
v) “leksik va grammatik kompetensiyalar” boʻlimi — grammatik tuzilishni va lugʻat zaxirasini farqlash hamda ulardan toʻgʻri foydalanish mahoratini tekshiradi;
g) “yozma ish” boʻlimi — tegishli darajadagi grammatik tuzilishdan va talabgorning lugʻat zaxirasidan foydalangan holda berilgan mavzular boʻyicha bir-biri bilan bogʻlangan matnlar tuzish mahoratini tekshiradi;
d) “gapirish” boʻlimi — tegishli darajadagi grammatik tuzilishdan va lugʻat zaxirasidan foydalangan holda, berilgan savollarga mos javob berish va oʻz nuqtai nazarini asoslash mahoratini tekshiradi.
5. Test sinovini oʻtkazish uchun topshiriqlar Oʻzbekiston Respublikasi uzluksiz taʼlim tizimining davlat taʼlim standartiga muvofiq har bir daraja (A2, A2+, B1, B1+, B2, C1) uchun Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqiladi.
6. Chet tilini bilish darajasini aniqlash yuzasidan talabgorlarni test sinoviga mustaqil tayyorlash uchun zarur materiallar Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
7. Test sinovini oʻtkazish tartibi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
3-bob. Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha test sinovini tashkil etish
8. Talabgor chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikatni olish maqsadida test sinovida qatnashishga roʻyxatdan oʻtish uchun Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti orqali onlayn yoki bevosita Davlat test markazi va uning viloyatlardagi hududiy boʻlinmalariga (ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha) ariza bilan murojaat qiladi.
9. Quyidagi maʼlumotlarning aniqligi uchun ariza beruvchi shaxsan javobgar hisoblanadi:
shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma) toʻgʻrisida maʼlumot;
3,5 x 4,5 sm oʻlchamli rangli, orqa foni oq rangdagi fotosurat;
chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati olish uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat nusxalari va 3,5 x 4,5 sm oʻlchamli fotosuratni Davlat test markaziga yoki Davlat test markazining hududiy boʻlinmalariga shaxsan olib kelib topshiradi.
Bunda Davlat test markazi xodimi tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida talabgorning elektron barmoq izi va fotosurati olinib roʻyxatdan oʻtadi.
10. Talabgorning tushgan arizasi Davlat test markazi tomonidan yetti ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi. Toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida talabgor roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda test sinoviga qoʻyiladigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi. Roʻyxatdan oʻtkazishda talabgorga test sinovidan oʻtish qoidalari toʻgʻrisidagi eslatma beriladi.
Zarur hujjatlar talab darajasida rasmiylashtirilmaganda, Davlat test markazi bu toʻgʻrisida talabgorning roʻyxatdan oʻtish davrida koʻrsatgan elektron pochtasiga xabar yuboradi yoki telefon orqali talabgorni xabardor qiladi. Talabgor bir hafta mobaynida hujjatlarni toʻgʻri rasmiylashtirish va ularni Davlat test markaziga qayta taqdim etish huquqiga ega.
11. Davlat test markazi xodimlari tomonidan ariza beruvchilar toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligi taʼminlanadi. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy murojaat boʻlgan taqdirda ariza beruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
12. Test sinoviga qoʻyiladigan talabgorlar roʻyxati, uni oʻtkazish sanasi va joyi toʻgʻrisidagi axborot Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Test sinovini oʻtkazish sanasi u oʻtkaziladigan kundan kamida bir hafta oldin eʼlon qilinadi. Test sinovini oʻtkazish joyi va sanasi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
13. Test sinovi guruhlarning shakllantirilishiga qarab, talabgor roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab olti hafta ichida oʻtkaziladi.
Talabgorning test sinovida belgilangan oʻtirish joyi Davlat test markazi tomonidan qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlanadi.
14. Test sinovi blankalarda yoki kompyuterda, tegishli dasturiy taʼminotdan foydalangan holda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali masofadan oʻtkaziladi. Test sinovi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan imtihon komissiyasi aʼzolari va kuzatuvchilar ishtirokida oʻtkaziladi.
Test sinovi blankalarda oʻtkazilganda ikki bosqichdan iborat boʻladi. Bunda birinchi bosqich “tinglab tushunish”, “oʻqish”, “leksik va grammatik kompetensiyalar”, “yozma ish” boʻlimlaridan, ikkinchi bosqich “gapirish” boʻlimidan tashkil topadi.
Test tegishli dasturiy taʼminot asosida kompyuterda oʻtkazilganda barcha boʻlimlar qamrab olingan holda bir bosqichda amalga oshiriladi.
Test sinovi internet jahon axborot tarmogʻi orqali masofadan oʻtkazilganda, u Internet tarmogʻidan foydalanadigan davlat taʼlim muassasalarining axborot-resurs markazlarida boʻlib oʻtadi. Test sinovi Davlat test markazi xodimining rahbarligida va kuzatuvida oʻtkaziladi. Talabgorlar Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti orqali tizimda roʻyxatdan oʻtkaziladi va ular bajarish uchun test sinovi topshiriqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Talabgorlarning test sinovi topshiriqlariga javoblari avtomatik ravishda, onlayn rejimida Davlat test markazining maʼlumotlar bazasiga tekshirish uchun yuboriladi.
Test sinovi vaqtida har bir ish joyida bir nafar talabgor oʻtiradi. Test sinovini oʻtkazish jarayoni videotasvirga tushiriladi.
15. Test sinovini oʻtkazish uchun kuzatuvchilar jalb etilishi mumkin. Bunday hollarda ular bilan shartnoma tuziladi.
16. “Tinglab tushunish”, “oʻqish”, “leksik va grammatik kompetensiyalar”, “yozma ish” boʻlimlari boʻyicha bilimlar maxsus dasturlar yordamida kompyuterda tekshiriladi. “Yozma ish” va “gapirish” boʻlimlari boʻyicha bilimlar imtihon komissiyasi tomonidan tekshiriladi, natijalari rasmiylashtiriladi.
Imtihon komissiyasi tarkibi Davlat test markazi direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi, unga Davlat test markazi xodimlari va tajribali pedagoglar, malakali mutaxassislar kiritiladi.
17. Talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma) asosida barmoq izi tekshirilib test sinoviga qoʻyiladi.
18. Test sinovlarini oʻtkazish vaqti:
A2, A2+ darajasi uchun — “tinglab tushunish”, “oʻqish”, “leksik va grammatik kompetensiyalar”, “yozma ish” uchun — 150 daqiqa, “gapirish” uchun — 10 daqiqa;
B1, B1+ darajasi uchun — “tinglab tushunish”, “oʻqish”, “leksik va grammatik kompetensiyalar”, “yozma ish” uchun — 185 daqiqa, “gapirish” uchun — 15 daqiqa;
B2 darajasi uchun — “tinglab tushunish”, “oʻqish”, “leksik va grammatik kompetensiyalar”, “yozma ish” uchun — 200 daqiqa, “gapirish” uchun — 15 daqiqa;
C1 darajasi uchun — “tinglab tushunish”, “oʻqish”, “leksik va grammatik kompetensiyalar”, “yozma ish” uchun — 210 daqiqa, gapirish uchun 20 — daqiqani tashkil etadi.
19. Test sinovlari formati: “Tinglab tushunish”, “oʻqish”, “leksik va grammatik kompetensiyalar” boʻlimlarining har biri 30 ta savoldan iborat boʻladi;
“yozma ish” boʻlimi A2, A2+, B1, B1+, B2 darajalari uchun ikkita yozma topshiriqdan, C1 darajasi uchun uchta yozma topshiriqdan (darajaga bogʻliq holda birinchi topshiriq — 30 — 150 ta soʻzdan, ikkinchi topshiriq — 50 — 250 ta soʻzdan, uchinchi topshiriq — 80 — 100 ta soʻzdan);
“ogʻzaki suhbat” boʻlimi topshiriqlarning uchta turidan iborat boʻladi.
20. Test sinovi har bir boʻlimining eng yuqori bahosi 30 ballni va barcha boʻlimlar uchun maksimal baho 150 ballni tashkil etadi.
21. Test sinovi oʻtkazilayotgan auditoriyaga har qanday adabiyotni, telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirish qatʼiyan man etiladi. Test sinovi oʻtkazilayotgan vaqtda boshqa talabgorlar bilan muloqot qilishga, savollar kitobi varaqlarini yirtib olishga, savollar kitobini boshqa talabgorlarga berishga, test sinovini oʻtkazish jarayoniga xalaqit qilishga, test sinovlari tugagandan soʻng yozishda davom etishga, boshqa talabgorga hech qanday buyum uzatishga ruxsat etilmaydi. Ushbu talablarni buzgan talabgor auditoriyadan chiqarib yuboriladi va test sinovidan oʻtmagan deb hisoblanadi. Test sinovidan chiqarib yuborilgan talabgorlar toʻgʻrisida ushbu Nizomning 2-ilovasidagi shakl boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
22. Test sinovlari natijalari ular yakunlangan kundan boshlab uch haftadan kechikmay Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
23. Test sinovi yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning 60 foizidan kam (90 balldan kam) ball olgan talabgor daraja shartlarini bajarmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun, test sinovlari oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin, chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikatni olish uchun belgilangan tartibda ariza bilan murojaat qilib toʻlov toʻlagan taqdirda test sinovlariga qoʻyiladi.
4-bob. Toʻlov shartlari
24. Talabgor Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida onlayn ariza toʻldirgandan soʻng, uning elektron manziliga Davlat test markazi tomonidan elektron ariza va toʻlovni amalga oshirish uchun kvitansiya yuboriladi.
Toʻlov istalgan bank yoki amaldagi elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
25. Talabgor mazkur Nizomning 9-bandida nomlari keltirilgan hujjatlarni Davlat test markazi yoki Davlat test markazining hududiy boʻlinmalariga topshirganidan soʻng Davlat test markazi va talabgor oʻrtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
26. Agar ariza beruvchi turli sabablarga koʻra test sinovlarida ishtirok eta olmaydigan boʻlsa, Davlat test markaziga test sinovlari oʻtkaziladigan kundan 7 kun avval yozma murojaat etishi lozim. Bunda, talabgorning xohishiga koʻra navbatdagi test sinovlariga kiritiladi yoki toʻlangan yigʻim 100 foiz miqdorda talabgorga qaytariladi (toʻlov amaldagi elektron tizim orqali amalga oshirilganda, koʻrsatilgan xizmat uchun undirilgan yigʻimdan tashqari).
Talabgor test sinoviga kechikkan yoki uzrsiz sababga koʻra kelmagan hollarda, uning arizasiga binoan toʻlangan yigʻimning 50 foiz miqdori qaytariladi.
27. Test sinovi qoidalarini buzganlik uchun auditoriyadan chiqarib yuborilgan taqdirda amalga oshirilgan toʻlov talabgorga qaytarilmaydi.
28. Uzrli sababga koʻra test sinovlarida qatnasha olmagan talabgor test sinovlari tugagan kundan boshlab besh ish kunida ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni Davlat test markaziga bevosita yoki elektron tarzda taqdim etishi lozim.
Talabgor kechikkan taqdirda test sinoviga qoʻyilmaydi. Agar talabgor test sinoviga uzrli sababga koʻra (tegishli hujjat bilan tasdiqlanganda) kelmaganda, uning arizasi asosida unga navbatdagi test sinovidan (gapirish koʻnikmasi uchun boshqa vaqtda) oʻtishga ruxsat etiladi. Test sinovini boshqa vaqtga koʻchirish toʻgʻrisidagi qaror Davlat test markazi tomonidan qabul qilinadi.
29. Test sinovi oʻtkazilishi jarayonida talabgorning faqat bitta chet tilidan test topshirishiga ruxsat etiladi.
5-bob. Apellatsiyalarni koʻrib chiqish tartibi
30. Test natijalaridan norozi boʻlgan talabgor Davlat test markaziga apellatsiya taqdim etish huquqiga ega. Apellatsiya test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida, ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
31. Apellatsiyani koʻrib chiqish uchun Davlat test markazi direktorining buyrugʻi bilan 5 — 7 nafar Davlat test markazi xodimlari va taʼlim tizimi pedagoglaridan iborat boʻlgan Apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellatsiya ikki hafta mobaynida koʻrib chiqiladi. Talabgor Apellatsiya komissiyasi qarori toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
Talabgor Apellatsiya komissiyasi qaroridan norozi boʻlganda, sudga murojaat qilish huquqiga ega.
32. Apellatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
test sinovi natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellatsiyaning qondirilishini rad etish;
test sinovlari natijalarini oʻzgartirish va apellatsiyani qondirish;
test natijalarini bekor qilish va takroriy test sinovi oʻtkazilishini tayinlash.
Agar talabgor tomonidan koʻrsatilgan dalillar tasdiqlanmasa, apellatsiyaning qondirilishini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Test sinovi natijalarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Nizom talablari buzilgan holda oʻtkazilgan taqdirda qabul qilinadi. Apellatsiya komissiyasining qarorlari ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Talabgorni takroriy test sinovidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Davlat test markazi test sinovini oʻtkazish sanasini belgilaydi va test sinovini takroran oʻtkazishda toʻlov undirilmaydi.
33. Takroriy apellatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish tartibi
34. Test sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorga test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida, Davlat test markazi buyrugʻi asosida sertifikat beriladi.
35. Sertifikat qatʼiy hisobot yuritiladigan hujjat hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Blankalar Davlat test markazi buyurtmasiga binoan, bosmaxona usulida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi. Davlat test markazi direktori sertifikatlar blankalarining hisobga olinishi, ularning saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan belgilangan tartibda shaxsan javobgar boʻladi.
36. Davlat test markazi sertifikatlar reyestrini yuritadi.
pasport maʼlumotlari (seriyasi va tartib raqami, pasportning kim tomonidan va qachon berilganligi) yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi maʼlumotlari (tartib raqami, guvohnomaning kim tomonidan va qachon berilganligi);
Davlat test markazining sertifikat berish toʻgʻrisidagi buyrugʻining sanasi va tartib raqami;
sertifikatning hisobga olish seriyasi va tartib raqami;
sertifikatning berilgan sanasi;
sertifikatning amal qilish muddati.
37. Sertifikat pasport koʻrsatilgan taqdirda, shaxsan talabgorga yoki talabgorning notarial tasdiqlangan ishonchnomasi asosida boshqa shaxsga beriladi.
38. Yoʻqolgan, talabgorning aybi bilan maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilgan yoki yaroqsiz holga kelgan sertifikat oʻrniga talabgorning arizasiga koʻra dublikat beriladi.
Sertifikatni egasi malaka sertifikati yoʻqolganligi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi hamda Davlat test markaziga dublikat berish toʻgʻrisidagi ariza va dublikat berilganligi uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat bilan birga ommaviy axborot vositalaridagi eʼlonning tasdigʻini taqdim etadi (talabgorning aybi bilan notoʻgʻri kiritilgan maʼlumotlar uchun ariza berganlar bundan mustasno).
Sertifikatni dublikati malaka sertifikatining yangi blankasida “Dublikat” yozuvi majburiy koʻrsatilgan holda, aynan oldingi tartib raqami hamda ilgari belgilangan amal qilish muddati bilan beriladi.
Yaroqsiz holga kelgan sertifikat Davlat test markaziga qaytariladi.
Malaka sertifikatining dublikati berilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida toʻlov undiriladi.
(38-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son)
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
39. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
40. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar”.
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Test sinovidan chetlatish toʻgʻrisida DALOLATNOMA
________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________ maxsus kod ________________ javoblar varaqasi tartib raqami ___________________ u ______________________________________________________________________
(qoida buzilishi koʻrsatilsin)
_______________________________________________________________ _______________________________________________________________ _______________________________________________________________ sababli _______ soat ______daqiqada test sinovidan chetlatilganligini tasdiqlaymiz.
1. Auditoriya rahbari: ________________________________________ Imzo: ________
Blankaning roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami: 0000000
“““““““““““““““ (qirqish chizigʻi) ““““““““““““““
Apellatsiya toʻgʻrisidagi ariza qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi XAT-TASDIQNOMA
Talabgorning F.I.O.: ________________________ Talabgorning maxsus kodi:_______
Talabgorning imzosi:_________________
Shakl toʻldirilgan sana: _______________
Arizani qabul qilib oluvchi masʼul shaxsning F.I.O.: ___________________________
Imzo: _____________
(MOʻ)
Apellatsiya qabul qilingan sana: _________
Izoh: apellatsiya chet tilini bilish, uni egallab olish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq koʻrib chiqiladi. Apellatsiya natijalari boʻyicha xulosa yozma shaklda taqdim etiladi.
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZI APELLATSIYA KOMISSIYASINING XULOSASI
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 395-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2019-y., 09/19/395/3115-son)
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 352-son qaroriga 2-ILOVA
(tavsifi)
Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat A4 formatdagi oq qogʻozga ofset usulida bosiladi. Bunda beshta rangdan foydalaniladi: qora rang — matn uchun, yashil, koʻk, qizil ranglar — rasmlarni tasvirlash uchun, och jigarrang — fon uchun. Varaqning yuqori qismida 25 mm diametrda Davlat gerbi joylashtirilgan.
Varaqning qolgan qismiga davlat tilida lotin yozuvida “O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MANKAMASI NUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZI. CNET TILINI BILISN VA EGALLASN NAQIDA SERTIFIKAT”, ingliz tilida “REPUBLIC OF UZBEKISTAN STATE TESTING CENTER UNDER TNE CABINET OF MINISTERS. CERTIFICATE LEVEL OF FOREGIN LANGUAGE PROFICIENCY” soʻzlari bosiladi. Sertifikat olti raqamli tartib raqamiga egadir. Matn och jigarrang fonda guldor naqsh bilan bosiladi.
Sertifikat quyidagilardan foydalangan holda olti karra himoyaga ega:
bosishning ikki usuli — ofset va yuqori;
yorqin boʻyoqlar nur orqali nusxa koʻchirishni murakkablashtirish uchun;
guldor naqsh;
turli rangli naqshlar toʻrlaridan foydalanish yoʻllari bilan har xil ranglar hosil qilish;
maxsus qogʻoz:
almashib turadigan raqamlardan tartib raqami.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 2-son, 14-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2019-y., 09/19/395/3115-son, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son)