Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.02.2017
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o‘qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 25-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2408]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirining 2017-yil 27-yanvardagi 3-B-sonli “Kasb-hunarga o‘qitish markazlariga o‘qitishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2860 27.01.2017-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-sentabrdagi 270-son “Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyatini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 37-son, 431-modda) muvofiq buyuraman:
1. Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o‘qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari) ni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-noyabr,
74-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yil 29-noyabrdagi 74-son buyrug‘iga
ILOVA
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o‘qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-sentabrdagi 270-son “Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyatini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 37-son, 431-modda) muvofiq Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markaziga (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tanlangan yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha 1 yilgacha muddatga bepul o‘qitish va qayta tayyorlash (keyingi o‘rinlarda o‘qish deb yuritiladi) uchun o‘quvchilarni qabul qilish hamda kirish malaka imtihonlarini (testlari) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom Markaz tomonidan tashkil qilinadigan qisqa muddatli pulli kurslarga o‘qishga qabul qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Markazga unda o‘qish istagini bildirgan fuqarolar, jumladan kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinfini tamomlagan, tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida (keyingi o‘rinlarda Bandlikka ko‘maklashish markazi deb yuritiladi) qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan hamda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari tomonidan berilgan yo‘llanmasi mavjud bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘qishga qabul qilinadi.
2. Markaz o‘qishga qabulni tashkil qilish uchun o‘qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan oltmish kun oldin o‘zining qabul rejasini tuzadi va kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga kiritadi.
3. Qabul rejasining kelishuvi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga kelib tushgan kundan boshlab o‘n kun ichida Bandlikni tahlil qilish va mehnat bozorini tartibga solish boshqarmasi tomonidan ta’minlanadi.
4. Markazning o‘qishga qabul rejasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishilgan kundan boshlab uch kun ichida Markaz tomonidan ommaviy axborot vositalarida o‘qishning asosiy yo‘nalishlari va qabul uchun shartlar, talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati, Markaz manzili va murojaat uchun telefon raqamlari ko‘rsatilgan holda o‘qishga qabul to‘g‘risida e’lon beriladi.
II bob. O‘qishga qabul qilish ishini tashkil etish
5. Markazda o‘qish uchun qabul o‘qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan qirq besh kun oldin boshlanadi va o‘n besh kun davomida amalga oshiriladi.
6. Markazga o‘qishga kirish uchun qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar topshiriladi:
Markaz direktorining nomiga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
pasport nusxasi;
ma’lumotini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi (diplom yoki attestat);
Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan berilgan yo‘llanmaning asl nusxasi;
sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnoma;
35 x 45 mm o‘lchamdagi 6 dona fotosurat.
Pasport qabul komissiyasining mas’ul xodimiga fuqaro tomonidan shaxsan ko‘rsatiladi.
7. O‘qishga qabul qilingan fuqarolarning mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan hujjatlari hamda o‘qish davrida unga nisbatan qabul qilingan hujjatlar uch yilgacha Markazda saqlanadi va qonun hujjatlariga muvofiq Markaz tomonidan davlat arxivi organlariga topshiriladi.
8. Tegishli hujjatlarni topshirgan fuqarolarga hujjatlarning qabul qilib olinganligi to‘g‘risida tilxat beriladi.
9. Qabul uchun mas’ul shaxs tomonidan hujjatlarni qabul qilib olish vaqtida fuqaroning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanadi va bu haqda fuqaroning hujjatlari yig‘ma jildiga tegishli yozuv kiritib qo‘yiladi.
10. Markazda o‘qish istagini bildirgan fuqarolarning hujjatlari qabul komissiyasining ishchi guruhi tomonidan qabul qilinadi. Ishchi guruh Markaz direktorining buyrug‘i bilan Markaz xodimlaridan iborat tarkibda tuziladi.
III bob. Qabul komissiyasi ishini tashkil etish va kirish imtihonlarini o‘tkazish
11. Qabul komissiyasi quyidagi to‘qqiz kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi:
komissiya raisi — O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli tarkibiy bo‘linmasi rahbari;
komissiya raisi o‘rinbosari — Markaz direktori;
komissiya kotibi — Markaz direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari;
komissiya a’zolari — Toshkent shahar va Toshkent viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari va Markazning bo‘lim boshliqlari.
12. Quyidagilar qabul komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
o‘qish istagini bildirgan fuqarolarni ro‘yxatga oladi va ularning hujjatlarini qabul qilish ishini tashkillashtirish;
qabul rejasiga o‘qish istagini bildirgan fuqarolardan tushgan arizalarni inobatga olgan holda belgilangan qabul kvotasi (360 ta) doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
kirish imtihonlarini o‘tkazish jadvallari va test savollarini tasdiqlash;
kirish imtihonlarini o‘tkazish sanasini belgilash;
Markaz mutaxassislari, o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy savollarni imtihonlar boshlanishidan o‘n kun oldin Markazning e’lonlar taxtasiga joylashtirilishini ta’minlash;
kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning ro‘yxatini tasdiqlangan holda Markaz rahbariyatiga taqdim etish;
kirish imtihonlarining natijasidan norozi bo‘lgan fuqarolarga asoslantirilgan javoblar berilishini ta’minlash.
13. Kirish imtihonlari qabul komissiyasi va Markaz xodimlari tomonidan test o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Zarur bo‘lgan hollarda, kirish imtihonlarida Koreya Xalqaro Hamkorlik agentligining (KOICA) tegishli mutaxassislari o‘z xohishlariga ko‘ra ishtirok etishi mumkin.
14. Test savollari markazda o‘qish istagini bildirgan fuqaroning tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha umumiy bilim darajasini aniqlash va baholashga yo‘naltirilgan bo‘lib, matematika, geometriya, fizika va informatika bo‘yicha savollarni o‘z ichiga oladi.
15. Test savollari alohida raqamlangan hamda har bir savolga to‘rt xil javob varianti berilgan va shulardan biri to‘g‘ri javob hisoblangan ellikta savoldan iborat bo‘lgan savollar kitobida taqdim etiladi. Savollar kitobi test o‘tkazilishidan bir kun oldin ishchi guruh tomonidan tayyorlanadi. Savollar kitobini saqlash bo‘yicha mas’uliyat qabul komissiyasi kotibining zimmasiga yuklanadi.
16. Kirish imtihonlari Markaz binosida o‘qishga kiruvchilar uchun qulay sharoitda o‘tkaziladi. Imtihon vaqtida imtihon o‘tkazilayotgan xonada begona shaxslarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarga test savollarini yechish uchun 120 minut vaqt beriladi. Test savollariga berilgan javoblar Markaz o‘qituvchilari tomonidan tekshiriladi.
17. Har bir to‘g‘ri javob uchun ikki ball qo‘yiladi va ballar yuqoridan pastga qarab ketma-ketlikda joylashtiriladi. Tegishli yo‘nalish uchun belgilangan qabul kvotasi doirasida yuqori ball olgan fuqarolar imtihondan o‘tgan hisoblanadi.
IV bob. Kirish imtihoni natijalarini e’lon qilish
18. Imtihon natijalari u o‘tkazilgan kundan boshlab besh kun ichida Markazning e’lonlar taxtasiga osib qo‘yiladi va bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Markazning Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
19. Kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolar ro‘yxati qabul komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi va Markaz direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
20. O‘qishga qabul qilingan o‘quvchilarning ro‘yxati uch kun ichida Markaz tomonidan Bandlikka ko‘maklashish markazlariga yuboriladi. Kirish imtihonidan o‘ta olmagan shaxslar Markazda o‘qitishning navbatdagi bosqichida o‘qish uchun qayta ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
V bob. O‘quvchilarni yotoqxona bilan ta’minlash
21. Markazda o‘qish uchun qabul qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan o‘quvchilar belgilangan miqdor doirasida (100 o‘rin) Markaz tomonidan yotoqxona bilan ta’minlanadi.
22. O‘quvchilar yotoqxonaga Markazning Pedagogik kengashi qaroriga asosan joylashtiriladi.
VI bob. Yakuniy qoida
23. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan kelishilgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori J. ISMOILOV
2012-yil 28-noyabr
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o‘qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

NAMUNA‎‎


‎‎Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazida ishsiz fuqarolarni o‘qitish uchun tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining
‎ YO‘LLANMASI


“___” _________ 20__ y. ‎‎ ___-son‎

Toshkent shahri‎



‎‎‎Ishsiz‎

‎‎Ishsiz fuqaro _________________________________________________________________‎
‎(familiyasi, ismi, otasining ismi

‎‎19___ yilda tug‘ilgan, turar joyi:‎
_______________ shahri (qishloq, ovul), ____________________ ko‘cha, ____ uy, ____ xonadon.
‎‎Pasport __________________________ tumani (shahri) IIB tomonidan ______ y.da berilgan.‎
‎‎Ma’lumoti: ________________________
‎‎“Ishsiz” deb belgilangan sana: “___” _________ 20__ y.
‎‎Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi boshlig‘i

_________________

‎‎M.O‘.

‎‎
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o‘qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
‎‎

‎‎Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori ________________ ga

‎‎
‎‎
‎‎______________________________
‎‎ ‎‎______________________________
‎‎‎ ‎‎______________________da yashovchi
‎‎ ‎‎‎‎______________________________
‎‎ ‎‎____________________________dan

‎‎ARIZA

Sizdan, meni Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazining

‎‎____________________________________________________________________
‎‎(mutaxassisligi) bo‘yicha 1 (bir) yilgacha muddatga kasb-hunarga o‘qishga qabul qilishingizni so‘rayman.
‎‎
‎‎“____” ____________ 20_____ yil ‎‎
‎‎__________________________

‎‎(imzo, F.I.O.)

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 52-son, 597-modda)